Home / MAQOLALAR / HADISLARNI TOʻGʻRI ANGLASH VA SHARHLASHDA ZARUR BOʻLGAN OMILLAR

HADISLARNI TOʻGʻRI ANGLASH VA SHARHLASHDA ZARUR BOʻLGAN OMILLAR

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim kimsalar tomonidan  hadislarning notoʻgʻri talqin qilinishi, Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning pok nomlariga va muhaddis allomalarimiz shaʼniga turli boʻhton soʻzlarning aytilishi, shuningdek omma orasida muhaddis ulamolarimizga nisbatan ishonchsizlik uygʻotishga urinishlarni koʻrmoqdamiz.

Hadislarni oʻzicha tarjima  qilib, ularni toʻgʻri yoki notoʻgʻriga ajratayotgan bunday kimsalar goʻyoki oʻzini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbatli koʻrsatib, u zotning shaʼni va obroʻsini himoya qilayotganini daʼvo qilmoqda. Aslida esa ular sunnat va hadisi sharifni inkor etuvchilar bilan  hamkorlik qilgan holda musulmon olamining ardoqli muhaddis olimlari Imom Buxoriy va boshqa atoqli allomalarning nomiga, ular orqali Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shaʼnlariga nisbatan turli boʻhton soʻzlarni tarqatmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad, ummatning buyuk allomalarini obroʻsizlantirish va ommani ularga boʻlgan ixlosini soʻndirib, eʼtiqodini parokanda qilishdir.

Bunday kimsalar hadis tarjimasini uni inkor qiluvchi shaxs  yordami bilan tayyorlaganining oʻziyoq ularning niyatlari gʻarazli ekanini bildiradi. Shuningdek, bu tarjimalariga izoh va fakt qoldirib, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan izoh talab qilishi ham ularning asl maqsadi nima ekanini koʻrsatadi. Hadisni inkor qiluvchilarning “Faqat Qurʼonga amal qilamiz,” degan daʼvosidan maqsad Qurʼonga amal qilish emas, aksincha musulmonlar qalbidan avval hadislarni tortib olish, keyin esa muqaddas kitobimiz Qurʼoni karimga xuruj qilishdir. Ular uchun oʻz maqsadini amalga oshirishning eng maqbul yoʻli, avval muhaddislarning nomini yomonga chiqarish, undan keyin Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oliy va maʼsum shaʼnlariga boʻhton yogʻdirishdir. Hadislarni notoʻgʻri talqin qilib, oʻzining noqis fikrlarini ijtimoiy tarmoq orqali musulmonlar ommasiga singdirishga urinayotganlar ham ana shunday kimsalar jumlasidandir.

Aslida hadislarni toʻgʻri tarjima qilish, toʻgʻri tushunish uchun bir qancha shart va omillar zarur. Birinchisi Alloh va Rasulini yaxshi koʻradigan ustoz hisoblanadi. Qurʼoni karim oyatlari va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislaridan nafratlanadigan kimsadan ilm oʻrgangan odamning bu haqda aytgan soʻzlari musulmonlar tomonidan eʼtiborga olinmaydi. Chunki bunday kimsalarning maqsadi islom dini mohiyatini  buzib talqin qilish va ommaga oʻsha tarzda yetkazishdir.

Hadislarni toʻgʻri tushunish va talqin etish uchun zarur boʻlgan asosiy shartlardan yana biri arab tilini, fasohat va balogʻat ilmini  yaxshi bilish sanaladi. Shu bilan birga hadis sharhlovchi hadis sanadidagi sahoba va roviylarning nasabi va ustozlarini yaxshi tanib olish zarur. Chunki, salaf ulamolarimiz “Sanad dindandir” degan.

Shuningdek, muhaddis allomalarimiz tomonidan aytilgan hadisga oid sharhlarni oʻrganish, hadisning rivoyat qilinish tarixi, uning aqidaviy va fiqhiy ahamiyatini anglab yetish zarur.   

Yuqoridagi talablar bilan bir qatorda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadislar, jumladan sahobalarning soʻzlarini tarjima qilish va sharhlash, ulardan hukm chiqarish uchun kishi “Mustalahul hadis” ilmini, yaʼni hadisning sahih yoki zaif, mansux yoki nosix, maʼmulun bih yoki gʻoyri maʼmulin bih ekanligini, xos yoki ommaga taalluqliligini  mukammal bilishi zarur. Hadis rivoyat qilib uni sharhlash uchun bu aytilganlardan tashqari, istiloh ilmida keltirilgan yana bir qancha shartlar borki, ularni faqat diniy soha olimlari va imomlarimiz tushunadilar. Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh: Mustalah ilmini bilmagan imomni minbardan urib tushiringlar, deganlar. Hozirgi vaqtda mustalah ilmini bilmagan imom xatibning oʻzi yoʻq, ammo bu ilmni bilmasdan hadislarni tarjima qilishga va sharhlashga urinadigan kimsalarning borligi odamni xavotirga soladi.

Kishining biror sohada oliy maʼlumotli boʻlishi uni duch kelgan sohaga aralashib, donishmandlik qilishiga ijozat bermaydi. Zero, unday xatti-harakatlar sodir etayotgan shaxs bu ishi bilan oʻzini sogʻlom aql egasi emasligini koʻrsatadi. Shuningdek, hech qanday diniy savodga ega boʻlmagan kishiga ham omma oldiga chiqib oyat va hadislarni tarjima va talqin qilishga ruxsat berilmaydi. Bu musulmonlar uchun juda ogʻir oqibatlarga olib keladi. Buni alloma ajdodlarimiz juda yaxshi anglaganlar.

Tarixdan maʼlumki,  musulmonlar islom diniga oid masala va hukmlarni duch kelgan kimsadan olib ketavermagan. Fatvo beradigan olimning ilmiy salohiyatini tekshirib aniqlab olgandan soʻnggina unga dinga oid masalalar haqida soʻzlashga ijozat berilgan. Hatto imom Buxoriydek zotlar ham bir joyga borib hadis aytishdan oldin oʻsha joydagi ulamolarning imtihonidan oʻtgan. Bunga uning Bogʻdodda, Nishopurda Buxoro va Samarqandda imtihon qilinishini misol sifatida keltirish mumkin. Mahalliy xalq va ulamolar Imom Buxoriyning kimligini yaxshi bilar, hatto u kelganda yoshu qari, erkagu ayol peshvoz chiqib, payondoz toʻshab kutib olgan. Ammo islom dinini turli fosid niyatli kimsalardan sof holda asrashga boʻlgan qatʼiy ehtiyotkorlik va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislariga boʻlgan muhabbat, hatto Imom Buxoriydek zotlarni oʻzi tugʻilib oʻsgan ona zaminida ham bu imtihondan istisno boʻlishiga yoʻl bermagan.

Hozirgi kunda yurtimiz aholisi dinga oid boʻlgan masala va hukmlar borasida imom xatiblarimiz va din arboblariga  murojaat qilishadi. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda diniy ilmlardan bexabar johil kimsalar oʻzining noqis aqli bilan oyat va hadislarni notoʻgʻri talqin qilishi uchrab turibdi.    Albatta, bu zamin odamlari ilm maʼrifati bilan dunyoni oʻziga qaratgan xalq hisoblanadi. Bu yurt aholisi hech qachon dori-darmonni baqqol yoki dehqon bozoridan, nonni ustaxonadan sotib olmaganidek, imon eʼtiqodiga, diniga taalluqli masalalarni betayin odamlardan, jurnalist yoki shoir,  yoki diniy ilmga ega boʻlmagan boshqa shaxslardan oʻrganmaydi.

Ammo ayrim kimsalar oʻzi bu sohada soʻzlashga noloyiq boʻlsa-da, dinimizga oid masalalar haqida soʻz yuritmoqda. Oʻzini diniy soha bilimdoni sifatida koʻrsatib, aytayotgan asossiz soʻzlariga fakt talab qilib bahs munozaraga chorlamoqda. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislarini johillik bilan notoʻgʻri talqin qilib, aybni Imom Buxoriy, Imom Muslimdek mashhur muhaddislarimizga agʻdarmoqchi boʻlmoqda. Aslida oltinu javharga loy tekkani bilan ular oʻz qadrini yoʻqotmaganidek, ularning islom dini ulamolari shaʼniga aytayotgan bu ahmoqona soʻzlari bilan buyuk muhaddislarimiz obroʻsi toʻkilib qolmaydi. Unday aqli fosid kimsalarning soʻzlari dinimizda eʼtiborga olinmaganidek, aqli raso kishilar ularning bu soʻzlariga aldanib qolmaydi.

Quyida hadisi sharifni notoʻgʻri talqin qiluvchi bunday kimsalarning fitnalarini ochib berish, ayrim hadislarning toʻgʻri tarjimasi va sharhlarini bayon qilish uchun “Sahihul Buxoriy” hadis toʻplamidan ayrim rivoyatlarning tarjimasi va ularning sharhlarini eʼtiboringizga havola qilmoqchimiz.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislarini Badriddin Ayniy rahimahullohning “Sahihul Buxoriy”ga yozgan “Umdatul Qoriy” sharh asari, Ibn Hajar Asqaloniyning “Fathul Boriy” va boshqa sharhlarga eʼtimod qilgan holda bunday kimsalarning notoʻgʻri talqinlariga birma-bir javob berishga harakat qilamiz.

Hadis notoʻgʻri tarjima qilinganini eʼtiborga olib,  soʻzimiz isboti uchun uni arabiy matni bilan keltirishni lozim topdik.

148 – حَدَّثَنَا إِبْرَاهِيمُ بْنُ الْمُنْذِرِ قَالَ: حَدَّثَنَا أَنَسُ  بْنُ عِيَاضٍ عَنْ عُبَيْدِ اللَّهِ عَنْ مُحَمَّدِ بْنِ يَحْيَى بْنِ حَبَّانَ عَنْ وَاسِعِ بْنِ حَبَّانَ عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عُمَرَ قَالَ: ارْتَقَيْتُ فَوْقَ ظَهْرِ بَيْتِ حَفْصَةَ لِبَعْضٍ حَاجَتِي فَرَأَيْتُ رَسُولَ اللَّهُ يَقْضِي حَاجَتَهُ مُسْتَدْبِرَ الْقِبْلَةِ

Bu hadis “Sahihul Buxoriy”ning Tahorat kitobi, “Hojat uchun uydan uzoqroq borish” bobida kelgan.

Hadisning toʻgʻri talqini:

Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilinadi: “Men Hafsa onamizning uyining tomiga oʻzimga kerak boʻlgan ayrim narsalar (ni olish) uchun chiqdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qiblaga orqa oʻgirib (Shom tomonga yuzlanib), hojat chiqarayotganlarini koʻrdim.”.

Birinchidan, ismi keltirilgan sahobiya Hafsa Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharasi, moʻminlar onasi boʻladi. Hadisda koʻrinib turganidek, tomga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam emas, oʻsha vaqtlarda yosh bola boʻlgan, Hafsa binti Umarning ukasi Abdulloh ibn Umar chiqqan va pastda atrofi yopiq joyda Paygʻambarimizning hojat chiqarish uchun oʻtirganlarini koʻrgan. Ijtimoiy tarmoqdagi mahmadona esa hadis matnini keltirib “Rasulullohdek pok inson birovning uyi ustiga chiqib, hojatini ravo qilishi mumkinmi?”, deb aytmoqda. Oʻzini savodli va oliy maʼlumotli ekanini daʼvo qiladigan bunday kimsalarni savodsizlikda ayblab boʻlmaydi, albatta. Shundan kelib chiqib, aytilgan bu tuhmat soʻzlar Paygʻambarimizga nisbatan nafratning bir koʻrinishi yoki muqaddas dinimizga nisbatan xurujning boshlanishidir. Alloh taolo Kalomi sharifida suyukli paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga qarata “Albatta, Sizni ayblovchilarning oʻzi barcha yaxshiliklardan mahrumdir”[1] deb marhamat qilgan.

Ikkinchidan, Abdulloh ibn Umar ushbu hadisni rivoyat qilishining sababi, rivoyatda fiqhiy foydalar mavjud boʻlib, u ham boʻlsa atrofi yopiq joyda qiblaga yuzlanib hojat chiqarish mumkinligidir. Ulamolarimizning ayrimlari shu hadisni dalil qilib, hojatxonalarda qiblaga orqa qilib yoki yuzlanib hojat chiqarishning zarari yoʻq, degan. Hanafiy ulamolar esa ushbu hadisni Abdulloh ibn Umar atrofi yopiq boʻlgani sababli Paygʻambarimizning faqat boshlarini koʻrganini, gavdalarini koʻrmaganini aytishib, u zotning boshi yonga oʻgirilib qiblaga teskari turgan, shunda gavdalari esa qiblaga yon holatda boʻladi, deb tafsir qilgan. Shu sababli qiblaga yuzlanib  yo orqa qilib hojat chiqarish mumkin emas, deyiladi. Albatta, bu masala biz ifoda qilmoqchi boʻlgan narsa emas. Bu yerda biz eʼtibor qaratadigan masala ayrimlarning hadisni notoʻgʻri talqin qilib, juda katta ayb topib olganday “Rasululloh tomga chiqib hojat chiqardi”, deb jar solib, Rasulullohga va Imom Buxoriyga tuhmat qilayotganidir.  Shu bilan birga, ular “Bu Buxoriyda turibdi” deb, soʻziga boshqalarni ishontirmoqchi boʻlmoqda.

Din dushmanlari tomonidan Nabiy sollalohu alayhi vasallamga, islom ulamolariga nisbatan bunday xurujlar har doim, hatto u zot hayotlik vaqtlarida ham, Imom Buxoriy yashagan zamonda ham sodir boʻlgan va bugun ham, ertaga bunday holatlar sodir boʻlib turadi. Biz musulmonlar ularning maqsadlaridan ogoh boʻlib, yolgʻon soʻzlari domiga ilinib qolishdan ehtiyot boʻlishimiz kerak. Muqaddas dinimizga oid masala va hukmlarni ijtimoiy tarmoqdagi oʻzimiz bilmagan va tanimagan kimsalardan emas, aksincha, yaxshi va yomon kunlarimizda biz bilan hamnafas boʻlib turgan imom-xatiblarimiz va diniy arboblarimizdan olishimiz eng toʻgʻri yoʻldir.

[1] Kavsar surasi, 3-oyat.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ISLOMDA TAVFIQ MASALASI (2-qism)

Tavfiqning tavsifi haqida soʻzimizni davom ettirar ekanmiz, gunoh va yomon ishlardan saqlanish ham Alloh tavfiq …