Home / MAQOLALAR / MUSULMONNING HIJRATI GUNOHLARNI TARK ETISHIDA…

MUSULMONNING HIJRATI GUNOHLARNI TARK ETISHIDA…

Bugungi kunga kelib adashgan oqimlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda insonlarni oʻz mamlakatini tark etish va qonli urushlar boʻlayotgan hududlardagi jangari guruhlarga qoʻshilishga daʼvat qilib, bu amalni “hijrat” ekanini daʼvo qilayotganini koʻrish mumkin. Ammo ming afsuslar boʻlsinki, bu soxta vaʼdalarga ergashib, moʻmay daromad yoki savob umidida oʻz oilasi va tinch-totuv hayotini tark etib, oʻzga yurtlarda xor boʻlayotgan yurtdoshlarimiz ham mavjud. Bunga sabab ularning aksari diniy tushunchalarning mohiyatini toʻliq anglamasligi yoki soxta daʼvolarga “ixlos” qilib, koʻr-koʻrona ergashishi hisoblanadi.

Islom – ilm-maʼrifat dini boʻlib, insonlarni gunoh boʻlmagan barcha narsalarning mohiyatini anglash va ilm bilan unga amal qilishga chaqiradi. Ayniqsa, diniy masalalarda oʻzbilarmonlik va shoshqaloqlikka yoʻl qoʻyilmaydi. Hijrat va unga tegishli masalalar ham shunday amallar qatoriga kiradi.

“Hijrat” soʻzi arab tilida “ajramoq”, “tark etmoq” maʼnolarini beradi. Hijratning sharʼiy maʼnosi esa – Alloh taoloning roziligi yoʻlida “Kufr diyori”ni tark etib “Islom diyori”ga koʻchishga aytiladi. Musulmonlarning avval Habashistonga, keyinchalik paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam rahnamoligida 622 yil Makkani tark etib, Madinaga borganliklari hijratga misol boʻladi. Ushbu hijratga Alloh taoloning buyrugʻi bilan birga ularning joni, eʼtiqodlari va mol-mulklariga nisbatan jismoniy va boshqa shakldagi tajovuz oʻta kuchayganligi sabab boʻlgan.

Demak, taʼrifdan maʼlum boʻlmoqdaki, shariatda katta savob vaʼda qilingan hijrat maqomiga yetishish uchun Alloh taoloning roziligi yoʻlida “Kufr diyori”dan “Islom diyori”ga koʻchish kerak ekan. Aks holda bu sharʼiy hijrat boʻlmaydi, farz yoki vojiblik kasb qilmaydi, balki oddiy bir manzildan boshqasiga yashash uchun koʻchish boʻlib qoladi.

Shu bois, hozirgi kunda musulmonlarning bir joydan boshqa hududga koʻchishlari dindagi vaʼda qilingan hijrat maqomida emas, balki yashash, oʻqish yoki ishlash uchun qilingan harakat sanaladi.

Ammo ulamolar musulmon inson hijrat maqomini topishi mumkin boʻlgan “gunohlarni tark etish” maʼnosidagi ikkinchi amal borligini va kim agar bu ishni amalga oshirsa, savob olishini taʼkidlanganlar. Bu haqida Paygʻambar Muhammad alayhissalom shunday deydilar: “Albatta, hijrat ikki xislatdir; gunohlardan chetlanish hamda Alloh va Rasuliga ajralib kelish…” (Imom Ahmad rivoyati). Boshqa hadisi shariflarda Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom shunday deganlar: “Hijrat qiluvchi – xato va gunohlardan uzoqlashgan kishidir” (Imom Ibn Moja rivoyati)

Imom Buxoriy rivoyat qilgan boshqa hadisda: “Rasululloh alayhissalom aytganlar: “Qoʻli va tili bilan oʻzgalarga ozor bermagan kishi musulmondir. Alloh taolo man etgan narsalardan qaytgan kishi Xudo yoʻlida hijrat qilgan kishidir”, deyiladi. Ulamolarni hadisni sharhlab, undagi “hijrat”dan murod “tark qilishdir”, deganlar.

Shuningdek, bu borada islom fiqhining “Namoz kitobi”da “Namozda imom boʻlishga kimlar haqliroq?” degan masalada mujtahid ulamolarning hukmi keltirilgan. Namozda imom boʻlishga kimlar haqliroq? degan savolga faqih Nosiruddin Samarqandiy “al-Fiqh an-nofeʼ” kitobida: “Musulmonlar orasida sunnatni yaxshi biladigani, agar ular barobar boʻlsa, Qurʼonni yaxshi biladigani, agar ular barobar boʻlsa, varaʼ (parhezkor) inson deb javob beradi. Bunga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Qavmga Allohning kitobi (Qurʼon)ni yaxshi biladigani imom boʻladi. Agar ular barobar boʻlsa, sunnatni yaxshi biladigani imom boʻladi. Agar ular barobar boʻlsa, avval hijrat qilgani imom boʻladi. Agar ular barobar boʻlsa, yoshi kattasi imom boʻladi”, degan hadisini keltiradi. 

Nosiruddin Samarqandiy mazkur hadisni sharhlab, “Allohning kitobi (Qurʼon)ni yaxshi biladigani”lar soʻzidan Qurʼon oyatlarining maʼnosini yaxshi bilganlar va uni tajvid qoidalari bilan qiroat qila oladiganlar tushunilsa, “avval hijrat qilgani” soʻzidan Madinaga hijrat qilganlarni nazarda tutilganini taʼkidlaydi. Ammo 630 yilda Makka shahri musulmonlar qoʻliga oʻtganidan soʻng Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “(Makka) fathidan keyin hijrat yoʻq” degan (Imom Buxoriy rivoyati). Shu bois uchinchi shart faqih ulamolar tomonidan hadisda zikr etilgan “avval hijrat qilganlar”dan “varaʼ (parhezkor) gunohlarni tark etgan inson”ga oʻzgartirilgan. Chunki boshqa hadisda: “Varaʼning eng oliysi gunohlardan hijrat qilgan (kishi)dir”, deyilgan. 

Demak, yuqoridagi hadis va ular asosida chiqarilgan hukmdan maʼlum boʻladiki, bugungi kunda musulmonlarga amal qilishi lozim boʻlgan eng afzal hijrat varaʼ (parhezkor), yaʼni gunoh-maʼsiyatlardan oʻzini saqlash va ularni tark etishdir. Shu bois islom ulamolari bir ovozdan agar inson oʻzidagi ayb va gunohlarni toʻgʻri anglagan holda ularni isloh qilib, yaxshi xulqlarga oʻzgartirsa, taqvodorlik maqomi bilan bir qatorda hijrat maqomiga ham ega boʻlishini taʼkidlaganlar. 

Bekzodbek MUXTAROV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi 
Malaka oshirish markazi kafedra mudiri,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
Manba: iiau.uz

Check Also

OʻZBEKISTONDAGI MILLIY MADANIY MARKAZLARNING  IJTIMOIY-SIYOSIY ASOSLARI

Milliy madaniy markazlar Oʻzbekistonda yashovchi turli millat va elat vakillarining milliy madaniy ehtiyojlarini qondirishga, urf-odat, …