Home / YANGILIKLAR / Birlashgan millatlar tashkiloti va Oʻzbekiston

Birlashgan millatlar tashkiloti va Oʻzbekiston

(2 mart 1992 yildan beri bayrogʻimiz BMTda )

“Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta u sizlarga aniq dushmandir”.

(Baqara surasi 208-oyat)

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (ingliz. United Nations) BMT – Yer yuzida tinchlikni va xavfsizlikni taʼminlash, davlatlarning va millatlarning oʻzaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida 1945 yil 24 oktyabrda fashizm ustidan gʻalaba qozongan mustaqil davlatlarning ixtiyoriy birlashish asosida tuzilgan eng yirik xalqaro tashkilot.

BMT Ustavida koʻrsatilgandek, u xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning tenghuquqlili boʻlishi va oʻz taqdirini oʻzi belgilashi qoidasiga amal qilib, millatlar oʻrtasida doʻstlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni hal etishda xalqlar oʻrtasida hamkorlik boʻlishini taʼminlashni koʻzda tutib, shu umumiy maqsadlarga erishishda millatlar harakatini uygʻunlashtirib turadigan markazi hisoblanadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti:

tashkil topgan sana:  1945 yil 24 oktyabr.

asosiy maqsadi:  yer yuzidagi tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni taʼminlash boʻlib, davlatlarning oʻzaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.

qaysi davlatlar tomonidan barpo etilgan: BMTni barpo etish haqidagi qaror SSSR, AQSH, Angliya va Xitoy tashqi ishlar vazirlarining Moskvadagi Kengashida 1943 yilda,

tashkilot Ustavi qachon va qayerda qilingan: Ustavi esa San-Fransisko Konferensiyasida 1945 yilda qabul qilingan. BMT Ustaviga dastavval 51 davlat imzo chekkan boʻlsa, hozirga kelib bu koʻrsatkich 193 tani tashkil qilmoqda.

tuzilmasi
raxbar: Bosh kotib

raxbarlik muddati:  5 yil

BMTning Bosh Assambleyasida mazkur tashkilotga aʼzo boʻlgan barcha davlatlarning aʼzolari ishtirok etadilar. BMTning Xavfsizlik kengashiga 15 davlat aʼzodir. Shulardan 5 tasi – AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Xitoy – doimiy aʼzo davlatlardir. Kengashning qolgan 10 aʼzosi Bosh Assambleya tomonidan ikki yil muddatga saylanadilar.

Bosh Assambleya Kotibiyati quyidagi departament va boshqarmalarga boʻlinadi: Siyosiy masalalar va Xavfsizlik Kengashi ishlari departamenti, Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti, Vasiylik va oʻz-oʻzini boshqarmaydigan hududlar departamenti, Nazorat boshqarmasi, Xodimlar boshqarmasi, Bosh kotibning maʼmuriy idorasi, Ijtimoiy axborot boshqarmasi, Konferensiyalarga xizmat qilish boshqarmasi, Umumiy xizmat boshqarmasi, BMTning Jeneva boʻlimi.

BMT sessiyasi yilda bir marta chaqiriladi. Xavfsizlik Kengashining yoki BMT aʼzolari koʻpchiligining talabi bilan har qanday masala yuzasidan maxsus sessiyalar chaqirilishi mumkin.

BMTning rasmiy tillari — ingliz, fransuz, rus, ispan, xitoy va arab tillari.

Oʻzbekiston BMTda
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan soʻng koʻp oʻtmay – 1992 yilning 2 martida BMTga aʼzo boʻldi. Shu kuni BMT Bosh Assambleyasi binosi oldida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi koʻtarildi. 1993 yilning 24 avgustida BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi.

Kotibiyat
Kotibiyat Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi, Xavfsizlik Kengashi va boshqa tashkilotlari koʻrsatmalariga muvofiq tezkor va maʼmuriy ishlarni amalga oshiradi. Uni umumiy maʼmuriy rahbarlikni olib boradigan Bosh kotib boshqaradi. Nyu-York, Jeneva, Vena va Nayrobida Birlashgan Millatlar Tashkilotining boʻlimlari mavjud.

BMTning muhim sanalari

1945 yil 24 oktyabr – Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzildi: uning Nizomi Xavfsizlik Kengashining besh doimiy aʼzosi hamda uni imzolagan davlatlarning koʻpchiligi tomonidan ratifikatsiya qilindi va kuchga kirdi.
1947 yil 24 oktyabr – Bosh Assambleya oʻzining 168-sonli Rezolyutsiyasi bilan “Birlashgan Millatlar kuni”ni rasmiy ravishda eʼlon qildi.
1948 yil 10 dekabr – Bosh Assambleya Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasini qabul qildi.
1949 yil 24 oktyabr – Nyu-Yorkda BMT Markaziy muassasalari binosiga birinchi gʻisht qoʻyildi.
1965 yil – BMT Bolalar Fondi – UNICEF ga tinchlik uchun Nobel mukofoti berildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topishi bilan inson va shaxs huquqlarini himoya qilishni xalqaro huquqiy tartibga solishni zamonaviy bosqichiga asos yaratildi va BMT Ustavida taʼkidlanganidek: “Biz, Birlashgan millatlar xalqlari, insonning asosiy huquqlariga, inson shaxsining qadr qimmatiga, erkak va ayollarning teng huquqlariga va katta kichik millatlar huquqlarining tengligiga ishonchini qayta qaror toptirishga qatʼiy ahd qilib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu Ustavini qabul qilishga va Birlashgan Millatlar Tashkilotini taʼsis qilishga rozilik berdik!

Ayni mahalda Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo davlatlar “Barcha davlatlar oʻrtasida doʻstona munosabatlarni rivojlantirishni taʼminlash uchun zarur boʻlgan tinchlik adovat va farovonlikning muhim ahamiyati hisoblanadigan inson huquqlari va asosiy erkinliklarining hurmat qilinishi va ularning yalpi ahamiyatini tan olish” majburiyatini oʻz zimmalariga oldilar.

BMT Ustavi – barcha davlatlar rioya etilishi shart boʻlgan yagona xalqaro hujjatdir.

Bugungi kunda yer yuzida 270 dan ortiq mamlakat mavjud boʻlib, ulardan 193 tasi BMTga aʼzo boʻlgan.

Oʻzbekiston Respublikasi 1992 yilning 2 martida BMTga aʼzo boʻldiDunyodagi eng nufuzli tashkilot boʻlmish BMTning Bosh Assambleyasi binosi oldida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi shu kuni 2 mart 1992 yildan beri yuqoriga samoga koʻtarilgan. 1993 yilning 24 avgustida BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining va Birlashgan Millatlar Tashkilot taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkiloti (Nyu-York shahri) dagi doimiy vakili faoliyat yuritadilar.

Oʻzbekiston Respublikasi BMTning teng huquqli aʼzosi sifatida bu eng nufuzli xalqaro tashkilotning maqsad va qoidalariga qatʼiy amal qilib kelmoqda.

1948 yil 10 dekabrda Bosh Assambleyasi Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasini eʼlon qildi va qabul qildi. “Har bir odam uchun insonning umumiy huquqlari ilk bor oʻz ifodasini topgan ushbu hujjat bugungi kunda 360 dan ortiq tilda chop etilgan va jahondagi eng koʻp tarjima qilinadigan hujjat hisoblanadi. Bu uning universal xususiyatga ega ekanligi va keng tarqalishidan dalolatdir. Mazkur hujjat koʻplab yangi, mustaqil davlatlar konstitutsiyalari va yangi demokratiyalar uchun namuna boʻlib xizmat qilmoqda, ongimizda ezgulik va yovuzlik haqida fikr yuritish imkonini beradigan mezonga aylandi,” – deb tarifladi BMTning Bosh kotibi.

Ushbu deklaratsiya mustaqil Oʻzbekiston Respublikasi imzolagan eng birinchi xalqaro hujjatdir. 1991 yil 30 sentyabr. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb atalgan ikki boʻlimi mazkur deklaratsiya talablariga toʻla mos boʻlib, unda Oʻzbekiston Respublikasi barcha fuqarolari teng huquq va erkinliklarga ega boʻlishi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqesidan qatiy nazar, qonun oldida tengligi taʼminlangan. Respublikamizda inson huquqlariga oid yuzdan ortiq qonunlar qabul qilingan va ular xalqaro meʼyorlar va andozalarga muvofiqlashtirilgan.

BMT Bosh Assambleyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik muammolarini hal etish yoʻl-yoʻrigʻi dunyo miqyosidagi muammolar bilan birga qoʻshib ochib berildi. Hamda Oʻzbekistonning keng koʻlamli hamkorlikka oid hamma takliflarida uni BMT faoliyati va bu tashkilotning ixtisoslashgan muassasalari orqali amalga oshirish tamoyillari ilova qilindi.

Hammamizning xabarimiz bor, muhtaram Prezidentimiz oʻz nutqlarida muborak Islom dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini butun jahon jamoatchiligiga yetkazish oldimizda turgan muhim vazifa ekanini alohida qayd etdilar.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida jahonning eng yuqori minbaridan turib, mustaqil Oʻzbekiston tashqi siyosatining maʼnaviy yoʻnalishi insonparvarlik, insoniylik, oshkoralik, hurriyat, oʻz imkoniyatlariga tayanish va insoniyatning yagona oilasida oʻz taraqqiyot yoʻliga ega boʻlishligini taʼkidlab, bayon qildilar.

Shuningdek,  davlatimiz Rahbari aslida Islom dini ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarga rioya etishga daʼvat etishini alohida taʼkidlab oʻtdilar. Jumladan, muhtaram Prezidentimiz shunday dedilar: “Biz butun jahon jamoatchiligiga Islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamligining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etadi”.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti – tinchlikni va xalqaro xavfsizlikni qoʻllab quvvatlash, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan universal tashkilotdir.

BMT har bir insonni huquqlarini qoʻllab quvvatlash, kengaytirish va himoya qilish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan dunyodagi yagona tashkilot sifatida dunyoning “umumjahon parlamenti” sifatida kalendarning maʼlum bir kunini insoniyat uchun, xalq uchun, umumjamiyat uchun zarur boʻlgan masalalarga bagʻishlab qoʻygan.

“Dinlararo bagʻrikenglik haftasi”, “Saraton bilan kurashish xalqaro kuni”, “Xalqaro ijtimoiy adolat kuni”, “Xalqaro ona tili kuni” fevral oyida. Mart oyida “Kamsitishga nol kuni”, “Xalqaro yovvoyi tabiat”, “Xalqaro irqiy kamsitilishni bartaraf etish kuni”, “Irqchilik va irqiy kamsitilishlarga qarshi kurashayotgan xalqlar bilan birdamlik haftasi”, “Xalqaro sil kasalligiga qarshi kurashish kuni”, “Xalqaro inson huquqlari poymol boʻlishida haqiqatni oʻrnatish kuni”. Aprel oyida “xalqaro sport, tinchlik va taraqqiyot yoʻlida kuni”, “Yoʻl harakatlarida sodir etilgan hodisalarda halok oʻlganlarni xotiralash kuni”, iyun oyida “Xalqaro atrof muhitni muhofaza qilish kuni”, “Xalqaro qochoqlar kuni”, “Giyohvandlikka qarshi kurashish kuni”, “Xalqaro muruvvat kuni”, sentyabr oyida “Xalqaro tinchlik kuni” boʻlib deyarli 365 kun insonlarning turli muammolarini yengillashtirishda, baʼzi muammolarni yechilishida oʻz samarasini bermoqda.

BMT oʻz taraqqiyot dasturini amalga oshirishda dunyoning turli chekkalarida va yer yuzining barcha mintaqalarida BMTning koʻplab ixtisoslashgan tashkilotlari va muassasalari orqali ham tinchlikni saqlashda, insonlar hayotidagi muammolarni bartaraf etishda salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda. Zero Birlashgan Millatlar Tashkilotining XIX ta boblaridagi 111 ta moddalarining barchalari ham yer yuzida xalqlararo tinchlik va xavfsizlikni barpo etish bilan yoʻgʻirilgan.

BMT Ustavida taʼkidlangan xalqaro tinchlik va xavfsizlikni barpo etishda Oʻzbekiston Respublikasining hissasi beqiyos va betakror. Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi, muborak dinimiz kamoloti va masjidu madrasalarimiz obodligi uchun muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev rahnamoliklarida  hukumatimiz,  Diniy idoramiz rahbariyati tomonlaridan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar, tuman rahbarlarining boshchiliklarida istiqlolimiz sharofati bilan mehnatkash xalqimiz koʻp ishlarni amalga oshirdi va shu olijanob islohotlar hali hamon bajarilib kelinmoqda. Bunga dunyo tan bermoqda…

Ibrohimjon domla INOMOV
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi oʻrinbosari

Check Also

Tadqiqotini kutayotgan qoʻlyozmalar bisyor

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon …