Home / YANGILIKLAR / Mir Arab madrasasining tarixiy mavqei tiklandi

Mir Arab madrasasining tarixiy mavqei tiklandi

Davlatimiz rahbari Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasini borib koʻrdi.

Bu madrasa 500 yillik tarixga ega. Undan koʻplab olimlar, imomlar, muftiylar yetishib chiqqan. Lekin oʻtgan asrda uning maqomi oʻrta maxsus bilim yurti darajasiga tushib qolgan edi. Binosi ham zax tortgan, kitoblar yetishmasdi.

Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda bu yerga kelib, ahvolni koʻrgan, madrasaning tarixiy mavqeini tiklashni maqsad qilgan edi. Buning uchun Ark yaqinida yangi bino barpo etildi va yaqinda foydalanishga topshirildi.

Oliy madrasa 200 oʻringa moʻljallangan. Bu yerda Qurʼoni karim, hadis, fiqh va tasavvuf ilmlari, xorijiy tillar puxta oʻrgatiladi. Bugungi kunda jami 107 nafar talaba taʼlim olmoqda.

Oʻquv xonalari, kutubxona, faollar zali, talabalar yotoqxonasi va xizmat uyi, sportzal va basseynda barcha qulayliklar yaratilgan.

Davlatimiz rahbari madrasa talabalari bilan suhbatlashdi.

– Bunday uzoq tarixga ega taʼlim dargohlari juda kam, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bugun uning sharoitini yaxshilab, tarixiy adolatni tiklaganimiz xayrli ish boʻldi, deb oʻylayman. Demokratik islohotlarimiz natijasida diniy sohaga ham erkinlik epkini kirib keldi. Shu bilan birga, axborot makoni ham ochiq. Internetda ilmiy asosi boʻlmagan turli talqinlar ham bor. Lekin ularni tajribasiz yoshlar qayerdan biladi? Buni sizga oʻxshagan ilmli kishilar, imom-xatiblarimiz isbotlab, toʻgʻri tushuntirib berishi kerak.

Diniy taʼlim soatlari va sifatini isloh qilish, uni amaliyot bilan bogʻlash boʻyicha fikrlar bildirildi.

Shu bilan Prezidentning Buxoro viloyatiga tashrifi yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga joʻnab ketdi.

Manba: OʻzA

Check Also

Targʻibot tadbirlari Buxoro viloyatida oʻtdi

Avval xabar berganimizdek, ayni paytda joylarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etilmoqda. Oʻtayotgan …