Home / MAQOLALAR / MAZHABNI INKOR QILISH

MAZHABNI INKOR QILISH

Mazhab egalari – ular Abu Hanifa boʻladimi, Shofiʼiy boʻladimi, Molik yoki Ahmadmi, mazhablarini tuzishda va masalalarni ishlab chiqishda shariatga xilof qilgan emaslar. Har birlari toʻrtta asosiy manbaga – Qurʼon, hadis, ijmoʼ va qiyosga suyanganlar. Ularning oralaridagi ixtiloflar oyat va hadislarning maʼnolarini tushunishda yuz bergan, xolos. Ularning birortasi bu borada taassubga yoʻl qoʻymagan yoki qiyosni shariatga muqaddam ham qilmagan. Hidoyat imomlarining barchasi qiyosni ustun qoʻyishdan pokdirlar. Ulardan birortasi tarafga bu aybni nisbat qilish ayni yolgʻon va boʻhtondir.

Ayrim mutaassiblar hanafiylarni “asʼhob ar-raʼy” deyishlari eʼtibordan soqitdir. Bu yerda qiziq gap xayolga keladi: rayʼ soʻziga kirgan “alif-lom” artikli “ahdiy” boʻlib, daqiq rayʼni bildiradi. Yaʼni, haqiqatdan ham hanafiylar daqiq, nozik raʼy sohiblaridirlar!

Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy Shofiʼiy oʻzining “al-Majmaʼ al-muassas fi-l-moʻjam al-mufahras” asarida: “Hanafiy mazhabida bizning mazhabimizda uchramaydigan mustahkam asosga ega qoidalar mavjud”, deb iqror boʻlgan. Alloh taolo oʻz mazhabiga mustahkam bir zotning tilidan hanafiylikning goʻzalligini vasf qildirib qoʻydi. Lekin uni koʻpchilik tushunmay keladi.

Xullas, toʻrt mazhabning birortasi oyat va hadislar, ijmoʼ va qiyosga muxolif emas. Har bir masalaning asli mana shu toʻrt narsadan birortasidandir. Shoh Valiyulloh Dehlaviy “al-Insof fiy bayon sabab al-ixtilof” asarida yozadi:

“Ushbu qoidalarga koʻra fiqhning asosini qurdilar. Oʻzlaridan oldin birorta masala borasida soʻz yuritilmagan, ularning zamonlarida vujudga kelgan boʻlsa, bu borada marfuʼ-muttasil yoki mursal yoxud mavquf boʻlgan sahih yo hasan yoki eʼtiborga loyiq hadis topdilar. Ikki shayx (Abu Bakr Siddiq va Umar al-Foruq raziyallohu anhumo), boshqa xalifalar, shaharlarning qozilari va faqihlarining xabarlarini topganlar. Yoki oʻsha hadis va xabarlarning umumiyligidan, ishorasidan yoxud taqozosidan istinbot qildilar. Shu xilda Alloh ularga sunnatga amal qilishni oson ayladi”. Tamom.

Demak, yuqoridagilarda maʼlum boʻldiki, toʻrttala mazhabni inkor qiluvchi yoki uni yomon deb biluvchi agar toʻrt mazhab shariatga muvofiq boʻlganligi uchun shunday deb inkor qilsa yoki yomon sanasa, kofir boʻladi. Chunki, u dinni xor qilgan va inkor qilgan boʻladi.

Agar u toʻrt mazhabni shariatga va oyatu hadisga xilof degan eʼtiqodda boʻlsa, u xatokordir. Biz buning xato eʼtiqodda ekanini yuqorida zikr qildik.

Tushunish lozimki, agar mujtahid imomlar masalalarni tahqiq qilib, istinbot qilib, tartibga solmaganlarida edi, tamomi olam zulmatda va gumrohlikda qolgan boʻlardi. Shariatning hukmlariga birov toʻla xabardor boʻla olmasdi. Chunki, shariat hukmlaridan koʻpchiligi dalillarning zohiridan istinbot qilinmaydi. Demak, mazhablarni yomon deb bilish ehsonga noshukrlikdir

M.Axatxanov
Alixon jome masjidi imom xatibi

Check Also

Islomda qoʻshnichilik haqlari va odoblari

Xalqimiz qadimdan yuksak qadriyat va urf-odatlariga sodiq millatdir. Shu sababli bu tabarruk zaminda insonlar bir …