Home / MAQOLALAR / BOBUR ILMIY-MAʼNAVIY MЕROSINING BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

BOBUR ILMIY-MAʼNAVIY MЕROSINING BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

Zahiriddin Muhammad Bobur Oʻrta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va sheʼriyatida oʻziga xos oʻrin egallagan adib, shoir, olim boʻlish bilan birga, yirik davlat va siyosat arbobi, mohir sarkarda ham sanaladi. U keng dunyoqarashi va komil aql-zakovati bilan Hindistonda maʼrifatparvar davlat arbobi sifatida nom qozongan boʻlsa, “Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixnavislari qatoridan ham joy olgan. Uning nafis gʻazal va ruboiylari turkiy sheʼriyatning eng nodir durdonalaridan sanaladi. “Mubayyin”, “Harb ishi”, “Xatti Boburiy” asarlari va “Aruz” risolasi islom qonunshunosligi, harb sanʼati, nafis sanʼat, sheʼriyat va til nazariyasi sohalari rivojiga munosib hissa boʻlib qoʻshildi.

Javoharlaʼl Neru oʻzining “Hindistonning kashf etilishi” kitobida: “Bobur dilbar shaxs edi. Uygʻonish davrining ajoyib sultoni, kuchli, tadbirkor kishi boʻlib, sanʼatni, adabiyotni, goʻzallikni sevardi”, deb yozgan.

“Boburnoma” oʻzbek va umumturkiy adabiyotning mashhur qomusiy asarlaridandir. Unda Movarounnahr, Xuroson, Eron va Hindiston xalqlariga oid koʻplab maʼlumotlar jamlangan. Asar uch qismdan iborat boʻlib, birinchisi – XV asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoda roʻy bergan voqealarni; ikkinchisi – XV asr oxiri va XVI asrning birinchi yarmida Kobul ulusi, yaʼni Afgʻonistonda roʻy bergan hodisalarni; uchinchisi esa Shimoliy Hindiston xalqlarining XVI asrning birinchi choragidagi tarixiga doir lavhalarni oʻz ichiga oladi. “Boburnoma” – 1500 ga yaqin tarixiy shaxs hamda oʻsimlik va hayvonot olamiga doir yuzlab nodir maʼlumotlarni oʻzida mujassam etgan qomusiy asar boʻlib, 20 dan ortiq tilga tarjima qilingan.

Muxtasar aytganda, “Boburnoma” oʻquvchiga Markaziy Osiyo, Afgʻoniston va Hindiston xalqlari tarixi, oʻsha davrda boburiylar davlatining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayoti, tabiati va geografiyasi bilan tanishish imkonini beradi.

“Boburnoma”ning tarjima qilgan ingliz olimi Uilyam Erskin: “Osiyoda saxovati va mardligi, isteʼdodi, ilm-fanga, sanʼatga mehri va ular bilan muvaffaqiyatli shugʻullanishi jihatidan Boburga teng keladigan birorta podshoh topilmaydi”.

Boburning ulkan ijodkorligi shundaki, asarlarida shaxsiy kechinmalarini bayon etish barobarida yuksak gʻoyalar, umuminsoniy qadriyatlarni olgʻa suradi. Uning ijodida, xususan, sheʼriyatida ona yurtni chin dildan qoʻmsash, uning tuprogʻiga talpinish, musofirlik iztiroblaridan hasrat, yoru diyor sogʻinchi katta nafosat bilan badiiy talqin etiladi.

Zahiriddin Muhammad Bobur hayotida roʻy bergan keskinliklarning, ogʻir tushkunliklarning ruhiyatga taʼsiri, Vatan sogʻinchi, unga qaytish umidi sheʼrlarida mohirona tarzda aks etgan: 

Toleʼ yoʻqi jonimgʻa baloligʻ boʻldi,
Har ishniki ayladim, xatoligʻ boʻldi.
Oʻz yurtni qoʻyib, Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netayin, bu ne yuz qaroligʻ boʻldi?!
 

Shuningdek, Bobur oʻz sheʼrlarida har doim odamlarni yaxshilikka, adolatga, insonparvarlikka, yuksak insoniy tuygʻularni qadrlashga chaqiradi:

Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur.

Yaxshi kishi koʻrmagʻay yomonliq hargiz,
Har kimki, yomon boʻlsa, jazo topqusidur.
 

Boburning 1522 yilda oʻgʻli Humoyunga atab yozilgan “Mubayyin” nomli asari oʻsha davr soliq tizimiga doir sharʼiy qonun-qoidalar bayoniga bagʻishlangan. Mumtoz adabiyotshunoslik qoidalariga bagʻishlangan “Aruz risolasi”da esa 537 ta sheʼrni tahlil qilgan.

“Xatti Boburiy” deb atalgan risolasida arab alifbosi taʼlimi turkiy tillar, xususan, oʻzbek tili asosida birmuncha soddalashtirib berilgan. Shoir Qurʼoni karimni oʻzi ishlab chiqqan “Xatti Boburiy” alifbosida koʻchirtirgan.

Bobur sheʼriyatida koʻpchilik mutafakkirlar asarlariga xos boʻlgan jihat yaqqol namoyon etilgan – insonning axloqi va barkamolligi masalalariga katta eʼtibor qaratilgan. Shoir inson qadrini koʻtarib, unga ulkan hurmat bilan munosabatda boʻlishni yoqlaydi. Buning ziddi boʻlgan sifatlarni qoralaydi. Boburning fikricha, xudbinlik, izzattalablik, baxillik, manmanlik noqobil sifatlardir. Shoir ruboiylarida insonning maʼnaviy tarbiyasi haqida qimmatli maslahatlar beradi.

Bobur koʻz oʻngida yuz berayotgan voqea va hodisalarni ziyraklik bilan kuzatgan. Oʻzini qiynagan his-tuygʻularni chuqur tanqidiy tahlil qilib, ularni yaxshilik va adolat, haqiqat va goʻzallik tamoyillariga xizmat qilishga yoʻnaltira olgan.

Adabiyot, tarix, musiqa va sanʼatdan yaxshi xabardor boʻlgan Bobur doim olimu fozillar davrasida boʻlgan, ijod ahliga, kasbu hunar sohiblariga samimiy ehtirom koʻrsatib, homiylik (metsenatlik) qilgan. Shu sababdan boʻlsa kerak, ingliz tarixchisi Eduard Xolden unga “Bobur feʼli-saviyasiga koʻra Sezarga qaraganda suyukliroq boʻlishga arzigulikdir. Uning manglayiga yuksak fazilatli inson deb bitib qoʻyilgan”, deb taʼrif bergan. Mirzo Muhammad Haydar esa  “Tarixi Rashidiy” asarida bunday yozadi: “…U turli fazilatlar bilan bezangan va maqtovli xislatlarga ega boʻlgan bir podshoh edi. Barcha fazilatlari orasida shijoat va muruvvati ustunroq turardi. Turkiy sheʼrni Amir Alisherdan keyin hech kim Bobur yozgan darajada yozgan emas”.

Ijod va sanʼat odamlariga bunday mehrli munosabat bejiz emas edi, albatta. Boburning oʻzi tabiatan ijodkor boʻlgan. Navqironlik yillaridan umrining oxirigacha ijod bilan shugʻullangan. Hech bir sharoit va vaziyatda ijoddan toʻxtamagan, natijada avlodlarga har jihatdan takomilga yetkazilgan boy ilmiy va adabiy meros qoldirgan.

Bobur buyuk sarkarda boʻlibgina qolmay, oʻzining mashhur asarlari bilan keng fikrli tarixnavis, yetuk adib, lirik shoir va ijtimoiy masalalar yechimiga oʻzining ulkan hissasini qoʻshgan katta olim sifatida dunyo ilm-fani ravnaqi va maʼnaviy-maʼrifiy rivojida munosib oʻrin egallaydi.        

Jonibek JUMAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

Islomda qoʻshnichilik haqlari va odoblari

Xalqimiz qadimdan yuksak qadriyat va urf-odatlariga sodiq millatdir. Shu sababli bu tabarruk zaminda insonlar bir …