Home / YANGILIKLAR / YAXSHILIK VA TINCHLIK YOʻLIDA BIRLASHIB, DADIL ODIMLAYOTGAN TUZILMA

YAXSHILIK VA TINCHLIK YOʻLIDA BIRLASHIB, DADIL ODIMLAYOTGAN TUZILMA

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Buyuk mutafakkir va aziz avliyolar hoki qoʻnim topgan, osori atiqalar fayz bagʻishlab turadigan Samarqand bugun yana dunyo nigohida. Sayyoramizning eng nufuzli tuzilmalaridan biri – Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga 2022 yil 15-16 sentyabr kunlari mezbonlik qilmoqda.

Milliy davlatchiligimiz tarixida muhim oʻrin tutadigan va bugun xalqaro muloqot maydoniga aylanib borayotgan Samarqandda ilk bor bunday yirik xalqaro tadbirning oʻtkazilayotgani, albatta, butun diyorimiz ahli uchun faxr va iftixordir. Unda 15 davlat yetakchisi, oʻndan ortiq xalqaro tashkilot vakillari, dunyoning koʻzga koʻringan ekspert va tahlilchilari, siyosatshunoslar mazkur sammitda ishtirok etishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbarining “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: oʻzaro bogʻliqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali maqolasi eʼlon qilindi. Jahon hamjamiyati tomonidan yuksak darajada eʼtirof etilayotgan ushbu maqolaga koʻplab xorijiy nashrlar munosabat bildirmoqda.

Xususan, Kuvaytning yetakchi “Al-Anba”, “Al-Nahor”, “Tayms Kuveyt” gazetalarida davlatimiz rahbarining fikrlariga oid ijobiy chiqishlar eʼlon qilindi. Maqolada qayd etilganidek, SHHT oʻz mohiyatiga koʻra, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yoʻlida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli boʻlgan jozibador makonga aylanishi lozim.

Aniq dalillarga asoslangan ushbu maqolada “Bunday murakkab sharoitda bir haqiqat aniq: hech bir mamlakat yolgʻiz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab oʻtish yoki bartaraf etishga qodir emas”, deb taʼkidlagan Davlatimiz Rahbari. Hamkorlikning yangicha ruhi va muloqotning oʻzgacha qiyofasi Tarixdan maʼlumki, hech bir davlat hamkorlarsiz tinchlik neʼmatini asrab-avaylashga toʻlaqonli erisha olmaydi. Xalqlar uchun xavf-xatar solayotgan bugungi davrda hamjihatlik yordamidagina tinch-osuda, farovon hayot kechirish mumkin. Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga xavf tugʻdirayotgan, har qaysi mamlakatga raxna soladigan tahdid va xatarlarga qarshi umumiy saʼy-harakat hamda imkoniyatlarni safarbar etish barcha uchun birdek muhimdir.

Shu maʼnoda, Oʻzbekistonning SHHTga raisligi davrida saʼy-harakatlarga erishilganini alohida taʼkidlash barobarida Samarqandda Tashkilot faoliyatining yangi bosqichi boshlanishiga, ishonchli hamkorlikning yangi amaliy koʻrinishlariga tamal toshi boʻlishiga ishonchimiz komil. SHHT sammiti oldidan matbuotda eʼlon qilingan maqolada azal-azaldan Samarqand insoniyatning tinch va farovon yashash, oʻz kuch va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish, baxtli hayot kechirish kabi mushtarak maqsadlari mujassam boʻlgani alohida qayd etildi. “Bu tabarruk zaminda yashaydigan har bir odam, yaxshi qoʻshni – bu Xudo insonga ato etgan baxtning bir boʻlagi ekanini, tinch-totuv qoʻshnichilik esa barakot manbai ekanini chuqur anglagan, deb yozadi Davlatimiz Rahbari.

Zero, hamkorlik, savdo, ijod, ilm-fan va sanʼat, insoniy gʻoyalar ustuvor boʻlgan joyda ezguliklar koʻpayadi, xalqlar farovon va oʻzaro ahil yashaydi. Bugun zamonaviy va jadal rivojlanayotgan infratuzilmalarga ega boʻlgan Samarqandning bunday noyob jihatlari uni mintaqaviy va global xatarlarni birgalikda muhokama qilish, bu borada zarur yechimlarni izlab topish uchun eng qulay va maqbul maydonga aylantirmoqda” Davlatimiz rahbari maqolasida dunyoning turli joylarida davom etayotgan qurolli mojarolar savdo-investitsiya oqimlarini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini taʼminlash borasida muammolar yanada keskinlashib borayotgani haqida dolzarb fikr bildirilgan. Bu kabi muammolarni hech bir davlatning yakka oʻzi hal etolmasligi, buning uchun birdamlikda oʻzaro kelishib, jipslashish kerakligi qayd etilgan. Chunki har qanday muammo va masalani birgalikda, jipslashib hal qilish lozim.

 Dunyoning koʻplab mamlakatlarida kuzatilgan pandemiya paytidagi holat ham hammaga maʼlum. Mamlakatlar yordam qoʻlini choʻzishi, ayniqsa, davlatlar bir-biriga insonparvarlik yordamlari ila aholini qoʻllab-quvvatlashlari yanada kattaroq kulfatlardan saqlashga omil boʻldi. Prezidentimizning mazkur maqolasini diqqat bilan oʻqib, davlatlararo hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga katta urgʻu qaratilganiga amin boʻldim. Darhaqiqat, Islom dinida ham ming yillardan beri qoida boʻlib kelayotgan yaxshilik va taqvo yoʻlida hamkorlik qilish, yomonlik va gunohda bir-biriga yordam bermaslik dinning asosiy gʻoyalaridan biri hisoblanadi.

 Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Ezgulik va taqvo (yoʻli)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yoʻli)da hamkorlik qilmangiz!..” (“Moida” surasi 2-oyat). Demakki, yaxshi va ezgu ishlarda oʻzaro hamkorlik qilish hamda gunoh va adovatga sabab boʻladigan ishlarda boshqalarga yordam bermasdan, balki ularni toʻgʻri yoʻlga boshlash – dinimiz talabidir. Hazrati Rasul alayhissalom bu haqda shunday deganlar: “Yaxshilikka yoʻllovchi kishi oʻsha yaxshilikni qiluvchi kabidir” (Imom Termiziy rivoyati). Islom nazdidagi hamkorlik insoniyatga faqat saodat keltirish yoʻlidagi hamkorlik tushuniladi. Agar insonlar shu hamkorlikni amalga oshirsalar, oʻzlari orzu qilayotgan taraqqiyot va baxt-saodatga erishadilar. Moʻmin-musulmonlar oʻzi yashab turgan jamiyatdagi barcha insonlarga naf keltirishga, ulardan zararni daf qilishga saʼy-harakat qiladi.

Ulugʻ sahoba Jobir raziyallohu anhu Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi, Ul zot: «Yaxshilik qilishning barchasi – sadaqadir. Bir kishining ulovga minishida yordam berishing yaxshilik — ehson. Bir kishiga tabassum ila yaxshi soʻz aytishing ham yaxshilik, odamlarga aziyat beradigan narsani yoʻldan olib tashlashing ham senga yaxshilik, ikki kishi oʻrtasida adolat bilan isloh qilishing yaxshilikdir. Moddiy yordamga muhtoj oilaga muruvvat qilishing ham sen uchun yaxshilikdir. Kishiga bu kabi yaxshiliklarni ado etgani uchun Alloh, unga qalb musaffoligini beradi, qolaversa, koʻp xayru savoblarga ega boʻladi”, deganlar.

Darhaqiqat, musulmon kishi jamiyat uchun faqat yaxshilikni ravo koʻrmogʻi, yomonliklardan tiyilmogʻi va boshqalarga aziyat berishdan uzoqda boʻlmogʻi kerak. Ayniqsa, musulmon kishi oʻziga sevimli boʻlgan narsani boshqa birodarlariga ham boʻlishini yaxshi koʻrishi, yaʼni ularga foyda keltirish va ulardan har qanday zararni daf qilishi lozimdir. Taʼkidlash joizki, inqiroz va boʻhronlar davrida mamlakatlar asosiy eʼtiborni hamjihatlikka qaratishlari lozim. Zero, bu dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqqiyotning eng muhim omili samarali hamkorlikdir.

Shanxay hamkorlik tashkiloti mana shunday keng qamrovli hamkorlikning yorqin namunasi sifatida dunyo maydoniga chiqdi. Tinchlikni targʻib qiluvchi, ayirmachilikdan saqlovchi Shanxay hamkorlik tashkilotining asosiy maqsadi aʼzo davlatlar oʻrtasida oʻzaro doʻstlik, ishonch va yaxshi qoʻshnichilik muhitini mustahkamlash hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, shuningdek, xavfsizlik, energetika, turizm, atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Oʻzbekiston mintaqada tinchlikni saqlash borasidagi tashabbuslarning doim oldingi safda boʻlib kelgan. Ayniqsa, bugungi zamonaviy dunyoda qoʻshni Afgʻon muammosi davlatimizning doimiy eʼtiborida.

Binobarin, mazkur maqolada ham muhtaram Prezidentimiz ushbu muammoga toʻxtalar ekan, “bugun SHHT doirasida shakllangan mana shunday ijobiy va muvaffaqiyatli tajribadan Afgʻonistonni rivojlantirish masalasida ham foydalanish oʻta muhim va dolzarbdir”, deya taʼkidladi. Aytish oʻrinliki, ushbu davlatda tinchlik oʻrnatish SHHTning barcha aʼzolari uchun dolzarb masaladir. Afgʻoniston bilan oʻzaro munosabatlar, jafokash afgʻon xalqiga har tomonlama yordam va koʻmak berishni kuchaytirish bilan bogʻliq barcha masalalar hamon dolzarb boʻlib turibdi. Alloh taoloning eng ulugʻ neʼmatlaridan biri bu – tinchlikdir.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sahobalar koʻproq nimani duo qilib soʻrashni savol qilishgan-da, Ul zot: “Alloh taolodan ofiyat (tinchlik, xotirjamlik)ni soʻranglar”, deb aytgan soʻzlari bu neʼmatlar nechogʻlik muhim ekaniga dalolat qiladi. Yana bir hadisi sharifda Rasuli Akram alayhissalom shunday deganlar: “Kim oilasi tinch, tani salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo toʻligʻicha berilibdi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Osoyishtalik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish roʻy beradi. Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Yaratgan Parvardigor Qurʼoni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targʻib qilishini, shaytoniy yoʻllarga ergashmaslik lozimligini taʼkidlab, shunday deydi: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara surasi, 208-oyat).

Hozirgi gʻoyat murakkab va tahlikali zamonda tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish, uni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash va mustahkamlash masalasi SHHT oldida doimo muhim vazifa boʻlib turibdi. Ushbu tashkilotning Samarqand sammiti tinch, erkin va farovon hayotni taʼminlash yoʻlida muhim bosqich boʻlib xizmat qiladi, insha Alloh. Taʼkidlash kerakki, mazkur sammitni oʻtkazish uchun Samarqandni tanlanishida ham oʻziga xos ramziy maʼno bor. Shubhasiz, koʻhna va hamisha navqiron Samarqand Shanxay hamkorlik tashkiloti ish faoliyati samaradorligini oshirish bilan yangi tarixga kiradi.

Prezidentimiz “Koʻp asrlar mobaynida bu shahar Yevropadan Xitoygacha boʻlgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bogʻlab, Shimol va Janubni, Sharq va Gʻarbni yagona chorrahada tutashtirgan” deganlarida ayni shu omillarni nazarda tutdi. Yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va ochiqlik muhitida mintaqaviy hamda global rivojlanishning dolzarb masalalari muhokamasini koʻzda tutadigan “Samarqand ruhi”da oʻzining yaqqol ifodasini topgan.

SHHT sammiti arafasida buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy nomi bilan bogʻliq meʼmoriy majmua ulugʻ zotning Islom olamida tutgan mavqei va salohiyatiga mos tarzda qaytadan bunyod etilmoqda. Davlatimiz rahbari ushbu nufuzli sammitga tayyorgarlik jarayonlarini koʻzdan kechirish chogʻida dastlab Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilishlari, Qurʼoni karim oyatlari tilovat qilinib, xayrli duolar qilinishi xalqimizning azaliy qadriyatlarining amaldagi yaqqol ifodasidir. Alloh taolo mana shunday savobi ulugʻ ishlar va ezgu duolar barakotidan mazkur nufuzli sammitni butun dunyo xalqlari uchun muvaffaqiyatli oʻtishini nasib etsin.

Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Manba: muslim.uz

Check Also

Markaz rahbari – Samarqanddagi yirik anjumanda

Bugun, 3-may kuni Samarqanddagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Turkiyadagi Egey universiteti …