Home / YANGILIKLAR / QARDOSHLIK MUSTAHKAMLANISHI UMMAT BIRDAMLIGIGA XIZMAT QILMOQDA

QARDOSHLIK MUSTAHKAMLANISHI UMMAT BIRDAMLIGIGA XIZMAT QILMOQDA

Allohga shukrki, tili, dini, anʼana va urf-odatlari bir-biriga oʻxshash oʻzbek va qozoq xalqlari tarixiy taraqqiyotning barcha yoʻnalishlarida oʻzaro hurmatda, qavmu qarindosh boʻlib, koʻp asrlar davomida tinch-totuv hayot kechirib kelmoqda. 

Ikki xalq azaldan bir zaminda yashab, bir daryodan suv ichadi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda: “Oʻzbek va qozoq bir-biriga yelkadosh boʻlib, ahl-inoq yashab kelgan ildizi bir xalqdir”.

Dinimizda qoʻni-qoʻshnichilik aloqalarini mustahkamlash, yaxshi munosabatda boʻlish targʻib qilinadi. Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohning huzurida doʻstlarning yaxshisi oʻz doʻstiga yaxshilik qilganidir. Allohning huzurida qoʻshnilarning yaxshisi oʻz qoʻshnisiga yaxshilik qilganidir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Alloh taolo: “Allohga ibodat qiling va unga hech narsani sherik qilmanglar! Ota-onalarga yaxshilik qilinglar! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qoʻshni-yu begona qoʻshni, yoningizdagi hamrohingiz, yoʻlovchi (musofir)ga va qoʻl ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qilinglar)!”, deb bayon etgan (“Niso” surasi, 36-oyat).

Demak, qoʻshniga yaxshilik qilish moʻmin-musulmon uchun burch. Keyingi yillarda ikki davlat rahbarlarining oqilona siyosati tufayli bunday yaqin qoʻshnichilik va oʻzaro ishonchga asoslangan munosabatlar tobora mustahkamlanib, aloqalar yangi bosqichga koʻtarildi.

Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi hamkorlik barcha sohalar qatori diniy jabhada ham izchil rivojlanib, xalqlarimiz oʻrtasidagi birodarlik muhiti yanada yaxshilanmoqda. 

Ikki mamlakat musulmonlari idoralari hamkorliklari tarixiy ildizlari 1943 yilda tashkil etilgan Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasidagi birgalikda olib borilgan faoliyatga borib taqaladi. 

Qozogʻistonda mustaqillik yillarida Islom dini maʼrifatini keng yoyish, moʻmin-musulmonlar ehtiyojini toʻla taʼminlash va masjid-madrasalarni obod etish hamda muborak dinimizni ravnaq toptirish yoʻlida juda katta ishlar amalga oshirildi. Xususan, Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi faoliyati rivojlanishida oʻz vaqtida rahbarlik qilgan Ratbek Hoji Nisanbayevich, Absattar Hoji Derbisali, Yerjan hoji Malgaziyevich Mayamerov, Serikbay hojы Satibaldi oʻgʻlы Oraz janoblari katta hissa qoʻshdilar. Hozirda esa bosh muftiy, Navroʻzbay hoji Tagʻanuli janoblari boshchiligida ulkan ishlar qilinmoqda.

Alloh taolo Qurʼoni karimda Oʻz diniga xizmat qiluvchilarni shunday ifoda etadi: “Ey, imon keltirganlar! Agar sizlar Allohga yordam bersangiz (dinining rivoji uchun harakat qilsangiz), U ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur” (“Muhammad” surasi, 7-oyat).

Taʼkidlash joizki, bugungi murakkab sharoitda din peshvolari va Islom ulamolarining hamjihatlikda ishlashlari har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Musulmon ulamolarining oʻzaro hamkorligi yuzaga kelayotgan muammolar va qarama-qarshiliklarni yechishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Shu maʼnoda qardosh xalqlar bilan oʻzaro aloqalarni mustahkamlash dinimiz rivojiga turtki beradi, insha Alloh. 2018 yilda Toshkent shahrida Oʻzbekiston hamda Qozogʻiston musulmonlari idorasi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha memorandum imzolangan edi. Unga koʻra, Fatvo masalasida, Ramazon oyining boshlanish kuni va ikki hayit bayramlarining birinchi kunini belgilashda doimiy hamkorlik olib borish belgilab qoʻyilgan. Bu borada oxirgi besh-olti yilda Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston ulamolari bilan Ramazon oyi, Iydul Fitr va Iydul Azhoning birinchi kuni, namoz vaqtlarini aniqlash hamda sharʼiy masalalarda fatvo ishlab chiqishdagi hamkorligimiz oʻzining ijobiy samarasini bermoqda.

Shuningdek, memorandumda ziyorat turizmi, diniy taʼlim va diniy tadqiqotlar olib borishda oʻzaro tajriba almashish, takliflar asosida xalqaro anjuman, seminar va davra suhbatlarida ishtirok etish qayd etilib, oʻtgan davr mobaynida ikki diniy idora oʻrtasida koʻp tadbirlar amalga oshirildi.

Xususan, oʻtgan 2021 yil va joriy yil davomida ham ikki diniy idora rahbariyatining bir necha bor turli mavzularda uchrashuvlar oʻtkazganlari ham qardosh xalqlarning bir-biriga boʻlgan hurmat va ishonchi yanada rivojlanib borayotganidan darak beradi. 2021 yilning noyabr oyida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyasi Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan “Mustaqil Qozogʻiston va Islom qadriyatlari” nomli xalqaro anjumanda ishtirok etib, qardosh xalqlar Islom dini qadriyatlariga katta hissa qoʻshganlarini alohida qayd etgan edilar.

Konferensiya doirasida Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasi kamtarona xizmatlarimizni yuqori baholab, yuksak medal bilan taqdirladi. Albatta, bunday eʼtirofdan koʻnglimiz togʻdek koʻtarildi. Bu ham ikki qardosh elning bir-biriga boʻlgan doʻstligi va yaqinligi belgisidir.

Mazkur tashrif davomida Qozogʻiston musulmonlari idorasi raisi, bosh muftiy Navroʻzbay hoji Tagʻanuli janoblari Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi hamkorlik diniy-maʼrifiy jabhada ham izchil rivojlanib, xalqlarimiz oʻrtasidagi birodarlikni yanada mustahkamlanib borayotgani, bu ikki Davlat rahbarlarining oqilona siyosati tufayli ekanini alohida taʼkidlab, kelgusida bir qator loyihalarni amalga oshirishni taklif qilgan edilar.

Bunday oʻzaro muloqotning uzviy davomi joriy yilning 15 aprel kuni Istambul shahrida oʻtkazilgan Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlarining I yigʻilishida ham davom etdi. Unda Qozogʻiston musulmonlari idorasi rahbariyati bir qator muhim takliflarni olgʻa surar ekan, Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan oʻrtaga tashlangan fikr-mulohazalar va takliflarni ham qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Bu ham qardoshlikning muhim jihatlaridandir. 

Shu yil 6 may kuni Turkiston viloyatida “Turkiy xalqlarning islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi. Ushbu nufuzli tadbirda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi ulamolari ishtirok etib, oʻz chiqishlarida qardosh xalqlarning oʻzaro aloqalarining mustahkamlanib borayotgani diniy soha rivojiga xizmat qilayotganini alohida taʼkidladilar.

2022 yil 6-10 iyun kunlari Misr Arab Respublikasi muftiysi, professor Shavqiy Ibrohim Allomning taklifiga binoan Misr Arab Respublikasining bosh vaziri Mustafo Madbuliy janoblari shafeligida oʻtkazilgan “Diniy ekstremizm. Intellektual asos va uni yengish strategiyasi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada 200 dan ziyod ishtirokchilari qatorida Oʻzbekiston va Qozogʻiston diniy idoralari rahbarlari munosib ishtirok etganlari musulmon olami ulamolarining olqishlariga sazovor boʻldi.

Shu yil 12 avgust juma kuni Nur-Sulton shahrida bunyod etilgan yirik masjidning ochilish marosimida Misr, Rossiya, Qirgʻiziston, Mongoliya kabi davlatlar diniy idora rahbarlari qatori kamina ham ishtirok etib, qoʻshni yurtda shunday goʻzal, oʻziga xos arxitekturaga ega masjid barpo etilganidan juda ham mamnun boʻldik. Darhaqiqat, masjidlar obodligi yurt obodligidir. Zero, masjidga ibodat qilish uchun kelgan kishilar Vatan tinchligi, xalq osoyishtaligini soʻrab, duo qilishadi.

Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
(“AYQЫN” nomli gazetaning 2022 yil 9 sentyabrdagi 134-soni va “MUNARA” gazetasining 2022 yil sentyabrdagi 134-soni)

Check Also

Markaz rahbari – Samarqanddagi yirik anjumanda

Bugun, 3-may kuni Samarqanddagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Turkiyadagi Egey universiteti …