Home / MAQOLALAR / KISHILARNI KOFIRGA CHIQARISH MASALASI

KISHILARNI KOFIRGA CHIQARISH MASALASI

Yaqin Sharqda “jihod”, “xalifalik” nomi ostida boʻlib oʻtgan va davom etayotgan voqelikka nazar tashlansa, musulmon farzandlari musulmon ogʻa-inilarini kufrda ayblab qatl qilmoqdalar, ayollarni esa asir olib qul bozor tashkil etib sotib yubormoqdalar. Bu kabi ishlar “kufr” tamgʻasi ostida amalga oshirilmoqda. Quyida ana shu jihatga eʼtibor qaratmoqchimiz. Zero, biz endi bayon qiladigan maʼlumotlar Islom olamida yetuk ulamolarning ishonchli dalillarga asoslangan soʻzlaridir. Hadisi shariflarda baʼzi bir ishlarni qilgan kishilar kofir boʻlishi haqida aytilgan.

عَنْ أَبِى ذَرٍّ سَمِعَ النَّبِيَّ صّلَّى اللهُ عَلّيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: “مَنْ ادَّعَى لِغَيْرِ أَبِيْهِ وَهُوَ يَعْلَم فَقَدْ كَفَرَ وَمَنْ ادَّعَى قَوْمًا لَيْسَ هُوَ مِنْهُم فَلْيَتَبَوَّأ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ وَمَنْ دَعَا رَجُلاً بِالْكُفْرِ أَوْ قَالَ عَدُوَّ اللهِ وَلَيْسَ كَذَلِكَ إِلَّا حَارَتْ عَلَيْهِ”.

Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: “Kim bilaturib oʻz otasidan boshqani “otam” deb daʼvo qilsa, kofir boʻladi. Kim oʻzi ulardan boʻlmagan qavmdanman, deb daʼvo qilsa, doʻzaxdagi joyiga tayyorlanayversin. Kim birovni kufrda ayblasa yoki “Allohning dushmani” desa va u unday boʻlmasa aytgani oʻziga qaytadi” deganlarini eshitgan.

Arab tilida “kufr” soʻzi eʼrobi (harakati)ning turlicha boʻlishiga koʻra bir necha maʼnoda qoʻllaniladi. Shulardan “neʼmatga nonkoʻrlik”, “undan tonish”, “berkitish” va “oʻrash” maʼnolarida qoʻllaniladi.

Ulamolarimiz shu maʼnoda kelgan koʻplab hadislardagi kufr”ni “imonning ziddi boʻlgan kufr” emas, balki “neʼmatga nonkoʻrlik, undan tonish, berkitish” maʼnosida ekanini aytib oʻtganlar. Zero, ahli qiblani gunohi sababli kufrda ayblanmaydi.

Xolid ibn Abdulloh Muhammad Muslihning “Sharh lamʼatu-l-eʼtiqod” kitobida quyidagi hadisi sharif keltiriladi:

قال أنس: قال النبي صلى الله عليه وسلم: “ثَلاَثٌ مِنْ أَصْلِ الْإِيْمَان: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ: لاَ إِلَهَ إِلاَّ الله، وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ، وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الْإِسْلاَمِ بِعَمَل”

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Uch narsa imonning aslidan: “Allohdan oʻzga iloh yoʻq” degan kimsa(ni kofirga chiqarish)dan tiyilmoq, kishini gunoh sababli kufrda ayblamaymiz va amali sababli Islomdan chiqarmaymiz”.

“Jomiʼ latoif at-tafsir” kitobida Ibn Umardan quyidagi rivoyat keltiriladi:

عن ابن عمر قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : «كُفُّوا عَنْ أَهْلِ لاَ إِلَهَ إِلاَّ الله لاَ تُكَفِّرُوهُم بِذَنْبٍ فَمَنْ أَكْفَرَ أَهْلَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ الله فَهُوَ إِلىَ الْكُفْرِ أَقْرَبُ».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Allohdan oʻzga iloh yoʻq” degan kimsa(ni kofirga chiqarish)lardan tiyilinglar. Ularni gunoh sababli kufrda ayblamanglar. Kimki “Allohdan oʻzga iloh yoʻq” degan kimsalarni kufrda ayblasa, bas, u kimsa kufrga yaqinroqdir”.

Kufr  ikki xil boʻladi. Biri haqiqiy va yana biri majoziy maʼnoda. Agar kishi, Alloh taoloni ochiq oshkora inkor etmasa yoki halolni harom yoxud haromni halol deb qasddan aytmasa, u kufrda ayblanmaydi.

Mashhur hanafiy olimi Ibn Nujaym (hijriy 926-970) aytadi: “Agar bu masalada kofir deyish uchun toʻqson toʻqqizta dalil boʻlsayu, kofir demaslik uchun birgina dalil boʻlsa, toʻqson toʻqqizini qoʻyib, oʻsha bir dalilni olish kerak”.

Ammo dinda haddidan oshib, gʻuluvga ketganlar bu masalada yuqoridagi soʻzning aksini qoʻllashmoqda. Ulamolar tomonidan Bagʻdodiyga yozilgan “Ochiq xat”da shunday jumlalar mavjud: “Internetda tarqatilgan lavhalarning birida “ISHID”ning Shokir Vuhayb degan vakili tinch aholidan ikki nafar qurolsiz kishini toʻxtatadi. Ular musulmon ekanligini aytishadi. Soʻng u baʼzi namozlarning necha rakaat ekanligini soʻraydi. Boyagi kishilar javobda xato qilishganda, ularni oʻldiradi. Bu mutlaqo harom ish va jinoyatdir”. Bu esa barcha islomiy mazhablar va ulamolarning tutgan yoʻliga ziddir. Bundan ular hattoki kimni, nima sababdan kufrda ayblash mumkin ekanini ham bilmaydigan johil kimsalar ekani ayon boʻlmoqda.

2005 yil 6 iyulda qabul qilingan “Islom haqiqati va uning zamonaviy jamiyatda tutgan oʻrni haqidagi Ummon Deklaratsiyasi”da bunday deyiladi:

“Ahli sunna val jamoaning toʻrt mazhabi: …hanafiy, molikiy, shofiʼiy, hanbaliy mazhablariga ergashuvchi har bir shaxs musulmondir. Uni kofir deyish, joniga qasd qilish, shaʼni va mol-mulkiga tajovuz qilish mumkin emas…”.

Yuqorida keltirilgan fikrlar asosida aytish mumkinki, hech kimga boshqa bir kishini “kofir”likda ayblash huquqi berilmagan. Chunki inson qalbida kechayotgan his-tuygʻularni Yaratgandan boshqa hech kim bilmaydi. Yaqin Sharqda paydo boʻlgan fitnachilar jamoasi “Hozir barcha islom diyorlarida amal qilayotgan qonunlar shaytonning hukmlaridir”, deya daʼvo qilishmoqda.

Ular faqat oʻzlari turgan joynigina “doru-l-imon” va “doru-l-hijrat”, deb atab, boshqa joylarni esa “kufr va murtadlik diyori”, deb nisbat berishmoqda.

Mazhabimizda moʻtabar sanalgan “Raddu-l-muxtor” kitobida shunday deyiladi: “Islom diyori faqat quyidagi uchta shart jamlangandagina kufr diyoriga aylanadi:

Birinchidan: Shirk ahlining hukmlari yuritilishi bilan, yaʼni mushriklarning hukmi oshkor yuritilib, musulmonlarning hech bir hukmi yuritilmaganidan keyin kufr mamlakati boʻladi;
Ikkinchidan: Islom diyori kufr mamlakatlariga qoʻshilib, birlashsa;
Uchinchidan: Mamlakatda birorta ham xavfsiz musulmon qolmasa”.

Mazkur uch shartning hammasi bir mamlakatda topilsa, u joy kufr diyoriga aylanadi. Agar ulardan biri yoki ikkitasi topilib, qolganlari topilmasa, Islom yurti boʻlib qolaveradi”.

Zamonamiz olimlaridan Abdulqodir Avda aytadi: “Doru-l-islom – islom arkonlari amalda boʻlgan yoki unda yashovchi musulmonlar islom arkonlarini bajarishlariga monelik boʻlmagan hududdir”.

Imom Alouddin Kosoniy: “Kufr diyorida namoz oʻqish, roʻza tutish kabi islom ahkomlariga amal qilinishi bilan u islom diyoriga aylanadi”, deb taʼkidlangan.

Islom olamida mashhur boʻlgan ulamo Muhammad Abu Zahro bunday deydi: “Baʼzi kishilar kabi shariat ahkomlari joriy qilinmaganini hisobga olgan holda, bu hudud “doru-l-islom”, boshqasi “doru-l-kufr” deb ayta olmaymiz. Hozir Magʻribdan to Mashriqqacha joylashgan davlatlarda shariat ahkomlari tatbiq qilinmasa ham, barchasi “doru-l-islom” hukmidadir. Chunki u joylarda yashayotgan musulmonlar omonlikda hayot kechirishyapti va ularning diniga hech qanday xavf yoʻqdir”.

Abu Hanifa rahimahulloh: “Musulmon kishini, bir gunohni qilgani bilan, oʻsha gunohni halol sanamasa, uni kofirga chiqarmaymiz”, deganlar.

Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu “Laa ilaha illalloh” degan bir odamni oʻldirib qoʻyadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan: “Laa ilaha illalloh”, desa ham oʻldirdingmi?” deb soʻraydilar. Usoma: “U qoʻrqqanidan, xavfsirab aytdi”, deydi. Shunda U zot sollallohu alayhi vasallam: “Sen uning qalbini yorib koʻrdingmi?” deb, qattiq tanbeh beradilar.

Yusuf Qarzoviy: “Kim Allohdan oʻzga iloh yoʻq va Muhammad alayhissalom Uning rasuli ekaniga qalbi bilan tasdiqlagan holda guvohlik bersa, u musulmondir. Unga hamma musulmonlarga qilinadigan muomala qilinishi kerak” degan.

3 Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Odoblar xaziynasi. – T.: Sharq, 2006.
4 Imom Ismoil ibn Hammod al-Javhariy. Moʻjamu-s-sihoh. – Bayrut. Doru-l-maʼrifa, 2007.
5 Abu Dovud rivoyati.
6 Tabaroniy rivoyati. Abdurrohman ibn Muhammad ibn Abdulhamid Qumash. Jomiʼ latoif at-tafsir. J. 1. – B. 155.
7 Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ochiq xat. – T.: Hilol nashr, 2015.
8 Alouddin Kosoniy. Badoeu-s-sanoi. J. 7. – Bayrut. Doru-l-kutub, 1982. – B. 130.
Olimxon Isaxon oʻgʻli,
Hadis ilmi maktabi rahbari

Check Also

MUQADDAS DINIMIZDA OʻTGANLARNI XOTIRLASH VA TIRIKLARNI QADRLASH HAQIDA

Islom dini insonlarni odob-axloq, yaxshilik va ezgulikka chorlaydi. Shu bois, unda oʻtganlarni xotirlash, ularning haqiga …