Home / MAQOLALAR / USTOZ KIM?

USTOZ KIM?

Rivoyat qilinishicha, odamzodning koʻngliga uch narsa hech urmas, yaʼni inson 3 narsadan aslo bezor boʻlmas, doimo ardoqlar ekan. Birinchisi er uchun ayol, ayol uchun er. Chunki, ayol Odam Atoning qovurgʻasidan, yaʼni bir vujuddan yaralgan. Vujudda esa oshiqcha aʼzo yoʻq. Hech kim biron aʼzosidan voz kecholmagani kabi ayol jinsi erdan, er jinsi ayoldan ayri kecha olmas ekan. Ikkinchisi esa narsa – rizq-roʻzi, yashash omili boʻlgan non ekan. Mana necha ming-ming yillar oʻtsa ham Odam Ato va Momo Havo ilk bor taʼmini tatib koʻrgan bugʻdoy hamon ularning avlodlari nasibasi boʻlib xizmat qilib kelayotir. Dunyodagi ne bir shirinliklar, taomlar non oʻrnini bosolmasligi barchaga ayon. Bashariyat farzandi uchun uchinchi ulugʻ  narsa bu kitobdir. Zero, Qurʼondagi dastlabki oyat “Iqra!” (“Oʻqing!”) ekanligi, ulugʻ Paygʻambarimiz Muhammad Rasululloh sallallohu alayhi vasallam oʻqishni oʻrganib, Allohning soʻzlaridan xabardor boʻlib, ularni xalqqa yetkazgani, musulmonlar diliga singdirgani maʼlumdir.

Kitobning Muqaddasligi shundaki, odamlar u orqali fikran boyiydilar, aqlan oʻsadilar, maʼnan sogʻlom boʻladilar, axloqiy kamol topadilar. Shu boisdan ham Islom dinimiz sahifalaridan asosiy oʻrinni yorugʻ olamning gultoji  – Inson, uning rizq-roʻzi Non va aql-idroki mahsuli – Kitob odobnomasi va ibratnomasining oʻrin olishi bejiz emas.

Modomiki Islom dinining eng birinchi buyrugʻi «Oʻqing!» ekan,  demak Islom dini – eng avvalo maʼrifat dini ekan. “Maʼrifat” soʻzi arab tilidan tarjima qilinganda “kishilarning ong-bilimini, madaniyatini oshirishga qaratilgan taʼlim-tarbiya”“maorif” degan maʼnolarni anglatadi.

Islom dinining asosiy va Muqaddas Kitobi boʻlmish Qurʼoni Karimning yettidan bir qismi faqat ilm mavzusiga doir masalalardan iboratdir.

Alloh taboraka va taolo Oʻzining Kalomi majidi – Qurʼoni karimda va Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida ulugʻlab eʼzozlagan yetti toifa insonlarni har bir moʻmin-musulmon kishi qadrlab, hurmat qilishi lozim:

1) ota;
2 ) ona;
3) ustoz (manfaatli ilm yo kasb-xunar oʻrgatgan inson);
4) olim (faqat diniy yoʻnalishdagina emas, balki inson uchun manfaatli barcha sohalardagi olimlar. Chunki hamma sohalarning ham egasi – Alloh taoloning Oʻzidir);
5) Qurʼoni karimdan xabardor kishi;
6) moʻysafid odam;
7) adolatli rahbar.

Maʼlumki, bu dunyoning rivojlanishida, insoniyatning taraqqiyot etishida ustozning oʻrni beqiyos. Chunki, hammaga maʼlumki, insoniyatning eng birinchi Ustozi – bu ALLOH Taoloning oʻzidir. Bunga quyidagi oyat misoldir:

“Alloh Odamga barcha yaratilgan va yaratilajak narsalarga tegishli nomlarni oʻrgatdi. Soʻngra ularni farishtalarga birma-bir koʻrsatib dedi: “Agar eʼtirozingizda rostgoʻy boʻlsangiz, ana u narsalarni nomlari bilan Menga aytib beringiz!”  (Qurʼoni karim Baqara surasi 31 oyat),

Musulmonlarning insonlar ichida eng buyuk ustozi – PAYGʻAMBARIMIZ MUHAMMAD ALAYHISSALOMDIRLAR!

Har bir inson zoti uchun esa eng birinchi ustozi – uning OTA-ONASIDIR! Undan keyingisi esa xat qalamni oʻrgatgan, oq-qorani tanitgan ustozlardir.

Shuning uchun ham har bir aql-zakovatli, fahm-farosatli odam “Ustozlar va murabbiylar” bayram kunida ham eng birinchi boʻlib oʻzining doimiy peshqadamlari boʻlmish oʻz ota-onasidan boshlab, ustoz va murabbiylarini koʻngillarini shod qilib, bebaho, betakror va beqiyos duolaridan bahramand boʻlishga shoshiladi.  

Oʻzgalarga ilm oʻrgatish, maʼrifat ziyosini tarqatish, nihoyatda savobli amaldir. Bunday masʼuliyatli vazifaga mutasaddi boʻlgan insonlarning darajasi ham buyukdir. Darhaqiqat, kishida ilm oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmaydi. Albatta,  buning uchun ustoz zarurdir. Ilm va uni talab qilishning fazilati naqadar ulugʻ boʻlsa, ilm oʻrgatish, yaʼni ustozlik qilishining fazilati undan buyukdir.

Oʻqituvchi va murabbiylar ana shunday yetuk mutaxassis yoshlarni tarbiyalab voyaga yetkazadi. Dunyoda ming-minglab kasblar borki, ularning orasidagi buyuk kasblardan biri oʻqituvchilikdir. Qurʼoni Karim oyatlarida va Hadisi shariflarda ilmiga amal qiluvchi olimlar, ustozlarni hurmat, qilish, eʼzozlash haqida juda koʻp koʻrsatmalar berilgan. Alloh taolo Qurʼoni Karimda shunday marhamat qiladi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarning darajalarini yuqoriga koʻtarur. Albatta Alloh nima qilayotganlaringizdan xabardordur”. (“Mujodala” surasi (11- oyat.)

Ushbu oyati karima tafsirida Ibi Abbos (r.a) bunday deganlar: “Olimlarning darajasi ilmsiz insonlarning darajasidan 700 daraja yuqoridir. Har bir darajaning orasi 500 yillik masofaga tengdir”.

Yangi oʻquv yili ham boshlanib, farzandlarimiz ulugʻ va muqaddas, mashaqqatli va sersavob ish boʻlmish – ilm olishga kirishdilar. Biz, ota-onalar, farzandlarimizni ulgʻayishida, ilm olib, bilimli boʻlishlarida koʻp jihatlariga eʼtibor berishni muqaddas dinimiz amr-farmon qilib buyuradi.

Muqaddas Islom dinimiz hukmlari ham, jannatmakon yurtimiz buyuk va maʼrifatparvar, ulugʻvor va donishmand xalqining Qurʼoni Karim va hadisi shariflarga uygʻunlashib ketgan, hatto maqollari ham insonlarni ilm-fan taraqqiyotiga, ilmli kishilarni ulugʻlashga undaydi, ustozlarni hurmatlashga targʻib etadi. Ustozning maqomini mutafakkirlarning mutafakkiri Alisher Navoiy hazratlari quyidagicha tavsiflaganlar:

“Haq yoʻlinda kim sanga bir harf oʻrgatmish ranj ila,
      Aylamoq kerak oning haqqin yuz ming ganj ila”.

Yana bir shoir “Ustoz” haqida bunday qalam tebratadi:

Kunlardan bir kuni hazrat Navoiy
Sayr aylamakni qildi ixtiyor.
Mulozimlar ila chiqdilar yoʻlga
Va kichik bolaga keldilar duchor.
Oʻshanda Navoiy  otidan tushib,
Oʻsha yosh bolaga qilibdi taʼzim.
Mulozimlar hayron, ayonlari lol 
Bunday uchrashuvdan qolibdilar jim.
Bir ayon qoʻlini koʻksiga qoʻyib,
Soʻrabdi: «Hazratim. Bu qandayin hol?
Siz bolaga emas, balki u sizga qilib taʼzim,
Salom berishi dushvor!»
Navoiy debdiki, men koʻrgan bola
Ustozim  bolaning bobosi edi.
Olislarda qolib ketgan damlarning
Uzoqlardan kelgan sadosi edi…
Ustozim men uchun otadan ulugʻ,
Shuningchun bolaga qildim men taʼzim.
Ustozimdan qolgan nevarasiga
Salom bermasligim  gunohu azim!

Xalqimizda “Ustoz otadek ulugʻ!” va “Ustoz otangdan ulugʻ!” deb aytishlarida ham juda koʻp maʼnolar bor. Zero, bu ulugʻ hikmatlar elning necha ming elagidan oʻtib,  keyin muomalaga qoʻyilgan.

Iloho oʻzlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Alloh taolo Qurʼoni karimda buyurgan, Janob Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida tavsiya etgan, oʻtganlarimizni ruxlari shod boʻladigan, xalqimiz xursand, ota-onalarimiz rozi boʻladigan yoʻllardan yurishimizni nasib etsin!

Ibrohimjon INOMOV, 
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari
 Manba: muslim.uz

Check Also

MUQADDAS DINIMIZDA OʻTGANLARNI XOTIRLASH VA TIRIKLARNI QADRLASH HAQIDA

Islom dini insonlarni odob-axloq, yaxshilik va ezgulikka chorlaydi. Shu bois, unda oʻtganlarni xotirlash, ularning haqiga …