Home / YANGILIKLAR / Saudiya Arabistonida Oʻzbekistonning sarmoyaviy va sayyohlik imkoniyatlari taqdim etildi

Saudiya Arabistonida Oʻzbekistonning sarmoyaviy va sayyohlik imkoniyatlari taqdim etildi

Jidda shahridagi Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi Saudiya Arabistonidagi “Masic Holding” investitsion kompaniyasida mamlakatimizning investitsiyaviy salohiyatiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Saudiyalik ishbilarmonlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda yozuvchilar qatnashgan ushbu tadbirda Bosh konsulxona tomonidan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar, iqtisodiyotni liberallashtirish va tashqi savdoni rivojlantirish yoʻlidagi islohotlar, xorijiy investorlar uchun mamlakatimizda yaratilgan qulayliklar, respublikadagi investitsion va turistik muhitning jozibadorligi, amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ijobiy natijalari hamda respublikadagi erkin iqtisodiy hududlar faoliyati haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga Oʻzbekistonda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, respublikada mehmonxona xoʻjaligini takomillashtirish doirasida xorijiy investorlarga yaratilayotgan sharoitlar va imtiyozlar haqida ham soʻzlab berildi.

Anjuman doirasida Saudiya Arabistonining Oʻzbekistondagi elchisi Yusuf al-Utaybiy ikki tomonlama munosabatlar haqida oʻz fikrlarini bayon qildi. Diplomatning taʼkidlashicha, Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falihning Oʻzbekistonga 2021 yil yanvar oyidagi tashrifidan soʻng oʻzaro hamkorlik munosabatlari rivoji yanada faollashdi.

Podshohlikning yirik kompaniyasi boʻlmish “Acwa Power” ham Oʻzbekiston hududlarida elektrostansiyalarni barpo etish uchun 2,4 milliard AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalar kiritmoqda. Shuningdek, ikki davlat kompaniyalari oʻrtasida farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi sohalarida ham hamkorlik oʻrnatilmoqda.  

Yusuf al-Utaybining soʻzlariga koʻra, islom olami rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk ulamolar, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mahmud Zamaxshariy kabi mutafakkir olimlar Oʻzbekiston zaminidan yetishib chiqqanini inobatga olib, ushbu ilmiy merosni oʻrganish yuzasidan ikki davlat oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik mustahkamlanib bormoqda.

Tadbir doirasida “Oʻzbekiston… Allomalar yurti: Imom Buxoriy vataniga sayohat” nomli arab tilidagi kitobning taqdimoti oʻtkazildi. Yigʻilganlarga ushbu kitob haqida batafsil maʼlumot berildi. Kitobda respublikamizdagi tarixiy qadamjolar, diniy-maʼrifiy maskanlar, tabiat manzaralari, oʻzbek xalqining urf-odatlari, milliy taomlari va mevalari haqida ham batafsil hikoya qilingani qayd etildi.

Shu oʻrinda, muallif Abdulaziz Qosim mazkur kitobning yozilish tarixi va uning mazmun-mohiyati, umuman olganda Oʻzbekistonning investitsion va turistik salohiyati haqida batafsil soʻzlab berdi.

Tadbir yakunida saudiyalik yirik tadbirkorlar va investorlar Oʻzbekistonda turli loyihalarni amalga oshirishga va sarmoyalar kiritishga chaqirildi.

Manba: Dunyo AA

Check Also

Qoʻlyozmalar – ilm manbai va bilim bulogʻi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Movarounnahr muhaddislari asarlarining Jazoirda saqlanayotgan qoʻlyozma nusxalari” mavzusida xalqaro davra …