Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZ NASHRLARI KOʻRGAZMAGA KOʻRK BAGʻISHLADI

MARKAZ NASHRLARI KOʻRGAZMAGA KOʻRK BAGʻISHLADI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan Toshkent shahridagi Hazrati Imom majmuasi maydonida “Kitob – kamolot kaliti” mavzusida tashkil etilgan ilmiy-maʼrifiy kitoblar koʻrgazmasida jamoa tomonidan nashr etilgan adabiyotlar bilan ishtirok etmoqda.

Oʻzbekistonda ilk marotaba ochiq osmon ostida oʻtkazilayotgan koʻrgazmada yurtimizda faoliyat yuritayotgan koʻp sonli nashriyot va bosmaxonalar bilan birga markazning ham jami 16 nomdagi 100 ga yaqin ilmiy va diniy-maʼrifiy adabiyotlari namoyish etilmoqda.

Koʻrgazmaning diniy-maʼrifiy soha tashkilotlari noshirlik faoliyatiga oid qismida Markaz boʻlim boshligʻi T.Evadullayev Markaz nashrlarining taqdimotini oʻtkazdi. Notiq soʻzida yurtimizdan chiqqan buyuk ajdodlarimiz qoldirgan boy maʼnaviy merosning oʻsib kelayotgan avlod tarbiyasidagi munosib oʻrni nuqtai-nazaridan bu kabi tadbirlarning yuksak ahamiyatini eʼtirof etdi va Markaz tomonidan faoliyatning ilmiy-tadqiqot yoʻnalishida qilinayotgan ishlar xususida maʼlumot berdi.

Ramazon oyi munosabati bilan oʻtkazilayotgan maʼrifiy tadbirning birinchi kunida kitoblar taqdimotlaridan tashqari allomalar hayotiga oid badiiy sahna koʻrinishlari namoyish qilinib, taniqli insonlarning yoshlar bilan suhbatlari, xattotlik sanʼati boʻyicha mahorat darslari hamda sovrinli tanlovlar ham oʻtkazildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi koʻrgazmadagi faol ishtirok uchun tashkilotchilar tomonidan tashakkurnoma, kitoblar toʻplami  bilan taqdirlandi.

Koʻrgazmaning boshqa faol ishtirokchilari, nominatsiyalar hamda sovrinli tanlovlar gʻoliblari ham tashkilotchilarning sertifikat va esdalik sovgʻalari bilan mukofotlanishdi.

Koʻrgazma doirasidagi tadbirlar ikki kun davom etadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiytadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Daloilul xayrot” va uning Markaziy Osiyodagi qoʻlyozmalari”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …