Home / MAQOLALAR / Hazrat Navoiy roʻza xususida…

Hazrat Navoiy roʻza xususida…

Hazrat Mir Alisher Navoiy islom arkonlaridan, diniy bilimlardan yetarlicha xabardor boʻlganlarini yaxshi bilamiz. Hazratning “Sirojul-muslimin” nomli asari aynan islom ruknlariga bagʻishlangan.

Kitobning bitilish sababida keltirilishicha, kunlarning birida bir samarqandlik rostgoʻy, bilimdon zot Hazrat Navoiyning huzuriga kelib, Xoja Ubaydulloh Ahrorning iltimosini yetkazadi. Xoja Ahror Hazrat Navoiydan islom dinidagi ruknlar, farz, sunnat va vojib amallar xususida sodda, hammaga tushunarli tilda nazmiy risola bitishni iltimos qilgan ekanlar.

Navoiyning oʻzlari ham ancha paytdan beri xuddi shu mavzuda asar bitishni rejalashtirgan ekan. Shu bois tez kun asar yozib bitkaziladi.
Biz qutlugʻ Ramazon oyida ushbu asardan olingan, roʻza haqidagi parchalarni eʼtiboringizga havola etamiz:

Erur toʻrtunchisi islomning savm,
Ki, oʻtgan kimsaga taqvo bila yavm.
Chu roʻza farz boʻldi yilda bir oy,
Aning ijrosida boʻl nafsfarmoy.
Ani bil subhdin to shom chogʻliq,
Taomu shurbu shahvatdin yirogʻliq

Taqvo bilan kun oʻtkazuvchi kimsa uchun Islomning toʻrtinchi rukni roʻzadir. Bir yilda bir oy roʻza tutish farzdir. Uni bajarish uchun inson oʻz nafsini qoʻlga olishi kerak boʻladi. Shuni bilki, tong otganidan to shom kirgunicha, yeyish, ichish va jinsiy yaqinlikdan uzoq boʻlish kerak.

Erur bu roʻzada niyat sanga farz,
Valekin necha avlo ayladim arz.
Navofilda vale niyatni qilmoq,
Sanga joizdurur tushtin burunroq.

Roʻzadan avval niyat qilish farzdir. Lekin imkon darajasida tushdan avvalroq niyat qilish maʼqul sanaladi.

Chibin yo pashshadek har jinsi hosil,
Emas boʻgʻzunggʻa kirsa roʻza botil.

Agar chivin yoki pashshadek narsalar tomoqqa kirsa roʻza buzilmaydi.

Tuzu sirka totorgʻa ahli idrok,
Tegursa, til uchun, ermas anga bok.

Aqli komil kishilar tuz yoki sirkani til uchi bilan tatib koʻrsalar buning ziyoni yoʻq.

Yana ulkim, hijomat qilsayu qasd,
Gʻam ermas, roʻzagʻa chun qilmamish qasd.

Yana hijoma qildirsa, yaʼni qon oldirsa bu ham roʻzaga ziyon yetkazmaydi.

Gar oʻtmak tifl uchun chaynar anosi,
Ravodur gar, yana yoʻqtur gʻizosi.
Vale bilmak keraktur oni makruh,
Kerak makruhdin xotirda anduh.

Shuningdek ona oʻz bolasiga non chaynab bersa, oʻzi yutib yubormasa, bu ham roʻzani sindirmaydi. Lekin bu makruh sanaladi. Imkon qadar makruh amallarga yoʻl bermagan yaxshiroqdir.

Unutib gar yesang, ichsang, emas gʻam,
Erur ul roʻza boqiy, ey mukarram.
Bilmasdan yeb-ichib qoʻysa, keyin roʻzani davom ettirib ketaversa, bunda ham roʻzaga zarar yetmaydi.
Shuningdek hazrat Navoiy roʻzaning kaforatiga ham alohida toʻxtalib oʻtganlar:

Gʻizo yeb roʻza ulkim, qilsa zoyil,
Va yo nafsi boʻlib shahvatgʻa moyil.
Kaforat oltmish miskinga itʼom,
Erur yo oltmish kun savmi nokom.

Agar qasdan kimdir taomlanib, shahvatini qondirib, roʻzani buzsa, (bir kun uchun) oltmish nafar miskinni toʻydirishi yoki oltmish kun roʻza tutishi kerak boʻladi.

Kim, ul kunlarning oʻlgʻay ittisoli,
Yoʻq ersa solim ermas roʻza holi.
Va yo bir bandaning koʻnglin qilib shod,
Anga Tengri yoʻlinda qilmoq ozod.

Shu tariqa roʻza tutilmay qolgan kunlarning oʻrnini toʻldirish mumkin. Aks holda roʻza mukammal boʻlmaydi. Yo boʻlmasa bir bandaning koʻnglini shod qilib, uni qullikdan qutqarish kerak boʻladi. Vallohu aʼlam!

Rustam JABBOROV,

Check Also

MUQADDAS DINIMIZDA OʻTGANLARNI XOTIRLASH VA TIRIKLARNI QADRLASH HAQIDA

Islom dini insonlarni odob-axloq, yaxshilik va ezgulikka chorlaydi. Shu bois, unda oʻtganlarni xotirlash, ularning haqiga …