Home / YANGILIKLAR / RAMAZON QALBLAR UYGʻONISHI, YASHASHGA, YANGILANISHGA, EZGU AMALLAR QILISHGA ISHTIYOQ ORTISHI FURSATI

RAMAZON QALBLAR UYGʻONISHI, YASHASHGA, YANGILANISHGA, EZGU AMALLAR QILISHGA ISHTIYOQ ORTISHI FURSATI

MUBORAK OY

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Oʻlkamizga oylarning sultoni, Allohning muborak kitobi – Qurʼoni karim nozil boʻlgan oy mohi sharifi Ramazon tashrif buyurdi. Bu oy Qurʼon, taqvo, baraka, rahmat, magʻfirat, Allohga qurbat hosil qilish, jannatga erishish va doʻzaxdan ozod boʻlish oyidir. Shu bois, butun dunyo musulmonlari bu tabarruk oyni solih amallar va Alloh roziligi yoʻlidagi ibodatlar oyiga aylantiradi.

Tinchlik boʻlmasa, toʻy tatimaydi Ramazon oyi gunohlardan yuvilib, doʻzaxdan panoh boʻladigan oy. Haq taolo barchamizni mana shunday muborak oyga nasib etib turibdi. Rasulimiz alayhissalom marhamat qilib aytadilarki: “Ramazon oyi kirganda jannat eshiklari ochiladi, jahannamga qulf solinadi va shaytonlar kishanlanadi” (Imom Buxoriy). Shu bois, har yili yurtdoshlarimiz ushbu oyni koʻtarinki kayfiyat, oʻzgacha shukuh, alohida tayyorgarlik va katta xursandlik ila kutib oladi.

Allohga shukrki, masjidlarda moʻmin-musulmonlar bilan taroveh namozlarini ado etamiz, xatmi Qurʼon oʻqiymiz, yurtimizga qut-baraka yogʻilishini Haq taolodan soʻraymiz. Bu yil yurtimizdagi 1520 dan ortiq masjidda xatmi Qurʼon qilinadi, inshaalloh.

Mamlakatimizda buning uchun barcha sharoitlar yaratilgan, imkoniyatlar yetarli. Eng muhimi, ikki bebaho neʼmat hayotimizni, turmushimizni fayziyob qilib turibdi. Bular – yurtimiz tinchligi va xalqimiz salomatligi. Rasulimiz Muhammad (s.a.v) “Ikki neʼmat borki, koʻpchilik uning qadriga yetmaydi. Bular sihat-salomatlik va tinchlik-xotirjamlikdir”, dedilar.

Bugun dunyoning turli nuqtalarida muvozanat buzilgan: urush, turli ixtilof va janjallar minglab, millionlab odamlarning hayotiga xavf solib turibdi. Ochlik, sarson-sargardonlik tinkasini quritayotgan millatlar, elatlar borligini, afsuski, inkor eta olmaymiz. Dunyo sinovli kunlarda yashayotgan bir davrda Alloh tomonidan berilgan neʼmatlarni asrab-avaylash oliy burchimizdir. Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish roʻy beradi. Yurtimiz tinch, tan-u qalbimiz salomat boʻlsa, turmushimizda farovonlik, toʻkinlik aks etadi, ibodatlarimizni toʻla-toʻkis ado etamiz.

Tinchlik boʻlmasa, toʻy tatimaydi, deydi dono xalqimiz. Shukrki, mamlakatimizda tinchlik-xotirjamlik hukm surmoqda. Ramazon roʻzasini tutish, ibodatlarda sobit boʻlish uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.
Ramazon oyining ayni uygʻonish mavsumidagi tashrifi qalblarimizga iliqlik bagʻishlaydi. Koʻklam yomgʻirga serob boʻldi. Ona zamin obi rahmatga toʻyindi. Bu xalqimiz dasturxoniga toʻkinlik, hayotiga fayz kiritadi. Tabiatga hamohang roʻzador qalblar ham qayta uygʻonadi. Yashashga, yangilanishga, ezgu amallar qilishga ishtiyoqimiz ortadi.

Ramazon fazilati haqida Salmon (roziyallohu anhu) qilgan rivoyatda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “U avvali rahmat, oʻrtasi magʻfirat va oxiri doʻzaxdan ozod boʻlish fursati boʻlgan oydir”, deganlar.

Diniy-maʼrifiy islohotlar samarasi Kuni kecha Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Unda Ramazon oyida xalqimizga xos mehr-oqibat va shukronalik tuygʻularini yuksaltirish, ehtiyojmand kishilarni qoʻllab-quvvatlashga alohida urgʻu qaratilgani barcha moʻmin-musulmonlarni mamnun etdi.

Allohga shukrki, soʻnggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, yangidan ochilayotgan masjid-madrasalar, qayta chiroy ochayotgan qadamjolar moʻmin-musulmonlarni cheksiz mamnun etmoqda.

Yurtimiz boʻylab qad rostlagan, muhtasham qiyofa kasb etgan masjidlar soni 2100 dan oshdi. Soʻnggi 5 yilning oʻzida 70 ga yaqin yangi masjid ochildi, 200 dan ziyodi qayta bunyod etildi. Bunday ishlar jadal davom etmoqda.

Oxirgi yillarda 3 ta diniy taʼlim muassasasi – Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi va Surxondaryoda Imom Termiziy madrasasi taʼsis etildi, qabul kvotalari bir necha barobar oshirildi. Shuningdek, umra ziyorati boʻyicha ham katta natijalarga erishildi.

Pandemiya tufayli umra ziyoratiga ham bir qator cheklovlar oʻrnatilgan edi. Joriy yil boshida yana yoʻllar ochilib, navbatda turgan 23 ming yurtdoshimiz shu kungacha muborak safarni ado etdi. Yana bir oydan ziyod vaqt davomida 13 ming yurtdoshimiz Makka va Madina shaharlarini ziyorat qiladi.

Bir paytlar Saudiya Arabistonidagi mehmonxonalarga havas bilan boqardik. Qachonlardir xalqimiz ham mana shunday joylarda yashab, ibodat qilishi mumkinligi kimning xayoliga kelibdi deysiz?! Allohga shukr, bugungi islohotlar samarasi bilan yurtimizdan borgan ziyoratchilar besh yulduzli zamonaviy mehmonxonalarga joylashtirilmoqda. Madina va Makka shaharlarida ziyoratchilar uchun sharoitlarni hozirlash, Ikki Haram masjidiga yaqin mehmonxonalarni tanlash, zamonaviy transport va boshqa xizmatlar sifatini oshirish kabi ishlar amalga oshirildi. Yurtdoshlarimizning salomatligi tibbiyot mutaxassislarining doimiy eʼtiborida.

Bugun dinimiz taʼlimotlarini ilmiy oʻrganish va keng tarannum etishga har qachongidan keng eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilmoqda.

Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy, Toshkentda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, turli hududlarda Hadis, Kalom, Aqida, Tasavvuf, Fiqh ilmiy maktablari ish olib bormoqda.

Taʼkidlash joizki, barcha islohotlardan koʻzlangan maqsad – ona Vatanimizni yanada obod etish, xalqimiz farovonligini taʼminlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash va yoshlarni komil inson etib tarbiyalash. Muxtasar aytganda, barcha soha va yoʻnalishlardagi ishlar “Inson qadri uchun” gʻoyasini hayotga tatbiq etishni koʻzda tutadi.

Xayr-saxovat oyi Mohi Ramazonda ado etiladigan solih amallar evaziga moʻmin-musulmonlar juda katta ajr-savoblarga erishadi. Ramazon oyida Alloh taolo farz qilgan roʻza tutiladi, masjidlarda taroveh namozlari ado etiladi, xatmi Qurʼon oʻqiladi.

Ramazon – Qurʼon oyi. Alloh taoloning kalomi aynan shu oyda nozil boʻlgan. Haq taolo bunday deydi: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat manbai va toʻgʻri yoʻl hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qurʼon nozil qilingan oydir” (Baqara surasi, 185).

Tafsir kitoblarida kelishicha, Qurʼoni karim Ramazon oyining Qadr kechasida Lavhi mahfuzdan dunyo osmoniga tushirilgan. Soʻngra yigirma uch yil davomida voqea-hodisalar rivojiga muvofiq ravishda boʻlib-boʻlib Paygʻambarimizga indirilgan.

Ramazon – xayr-saxovat oyi. Paygʻambarimiz bu oyda boshqa oylarga qaraganda yanada saxiyroq boʻlib ketardilar.

Ramazon insonlarni oʻzaro mehr-oqibatli boʻlishga, keksalar va bemorlar, yaqinlar holidan xabar olishga, muhtojlarga xayr-saxovat qilishga chaqiradi. Shu orqali shaxsda mehribonlik, xokisorlik, bagʻrikenglik fazilatlarini tarbiyalaydi. Qurʼoni karimda bunday marhamat qilinadi: “…Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning oʻrnini toʻldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (“Saba” surasi, 39-oyat). Binobarin, karamli inson hech qachon ziyon koʻrmaydi, mol xayr-ehson qilish bilan kamaymaydi, balki savob koʻpayadi, Ramazon barakotidan islomiy shaxsiyat toʻkis boʻladi.

Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhumo) aytadilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) odamlarning eng saxovatlisi edilar. Ul zotning saxovatlari Ramazon oyida – har kecha Jabroil (alayhissalom) Ul zotga Qurʼonni taʼlim berish uchun huzurlariga tashrif buyuradigan paytlarda, ayniqsa, choʻqqisiga chiqardi. Darhaqiqat, Allohning Rasuli (sollallohu alayhi vasallam) odamlarga yaxshilik bilan muruvvat koʻrsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da uchqurroq edilar” (Imom Buxoriy).

Shuning uchun ham qadimdan musulmonlar Ramazon kirganda har galgidan saxovatliroq boʻlishga odatlangan. Davlatmand kishilar zakotlarini aynan Ramazonda ado etishi ham shundan. Bu oyning barakasidan har bir uy bahramand boʻlib, moʻminlar qalbiga xursandlik va shodlik kirsin uchun odamlar alohida Ramazonga xos xayr-u ehsoni bilan bir qatorda zakotini ham shu oyda chiqaradi.

Ramazon – ruh, qalb va tan salomatligini tiklash uchun bir imkoniyat Ramazon roʻzasi sharofati bilan ruh, qalb va tan nafsoniy havaslardan tiyiladi, tartibga keladi. Insoniyat diniy amallarda sobit turib, oʻzaro mehr-oqibatli boʻlishga, xayr-saxovat ulashishga, yaxshiliklar qilishga intiladi.

Ruh tarbiyasi. Ruh insonning hayotiy asosi, quvvat manbai. Shuning uchun inson oʻz umri davomida ruhiy tarbiyaga muntazam ehtiyoj sezadi. Ruhan sogʻlom va barkamol shaxsgina koʻzlagan manzillariga erisha oladi, kamolot kasb etadi. Ramazon oyida toat-ibodatni, zikr va istigʻforni har qachongidan ham kuchaytirish ruh va qalbni poklab, yuksaltiradi. Bu oydagi barcha xayrli amallar, roʻza va ibodatlar ruhiy komillikka xizmat qiladi.

Nafs tarbiyasi. Nafs dunyoviy neʼmatlardan bahramandlikka intilish boʻlib, uning salbiy jihatlari, oqibatlari serob. Shuning uchun nafs hamisha tarbiyaga muhtoj. Ramazon oyi nafsni tarbiyalashda nihoyatda muhim oʻrin tutadi. Binobarin, nafs tarbiyasi moʻminning birlamchi vazifasi sanaladi. Hamma rahmat va neʼmatlar nafsni jilovlash, unga hukmronlik qilish ortidangina yogʻiladi. Nafsga ergashish esa yomonliklarning poydevoridir. Tarbiya ilmining barcha ulamolari jamiki yaxshiliklarning asosi nafsni tarbiya qilish, yomonliklarning asosi esa unga tobe boʻlishda ekanini taʼkidlab keladi. Nafsiga ergashmay, uni tarbiyalagan kishi yutuqqa, muvaffaqiyatga yetishadi. Nafsga faqat gumroh, gʻofil kimsalargina ergashadi va ruhiy-maʼnaviy tubanlashib, halokatga yuz tutadi. Ulugʻ mutasavvuf Ahmad Yassaviy ham bejiz:

Nafsing seni oxir damda gado qilgʻay,
Din uyini gʻorat qilib, ado qilgʻay,
Oʻlar vaqtda imoningdan judo qilgʻay,
Oqil ersang nafsi baddin boʻlgin bezor, deya uqtirmaydi.

Inson tirik ekan, nafs uning doimiy hamrohi, ehtiyoji, talabi. Shu bois, nafs tarbiyasi kundalik zaruratdir. Kishi oʻz nafsi bilan har kuni, har kecha shugʻullanishi kerak. Ramazon oyi ham nafsni jilovlash, boʻysundirish uchun eng qulay fursat va imkoniyatdir. Roʻza tutgan inson doimo Alloh taoloning kuzatuvida ekanini his qiladi va oʻzi yolgʻiz qolganida ham roʻzasini ochishga jurʼat etmaydi.

Iroda tarbiyasi. Ramazon roʻzasi shaxsni irodali qilib tarbiyalaydi. Iroda quvvatidan nafsga boʻysunilmaydi, adolatsizlik qilinmaydi, Alloh roziligi yoʻlida ragʻbatlardan chetlashiladi. Tong otgandan quyosh botguniga qadar yemoq-ichmoq va nafsoniy havaslardan tiyiladigan kishi, zaiflashmaydigan irodali, azmi-qarori qatʼiy, qalbi pok va baquvvat insonga aylanadi. Chunki u hech kimning oldida zaiflashmaydi, barqaror rivojlanadi. Agar inson roʻza maktabi axloqlaridan boʻlgan shu oliymaqom xulqni shakllantira olsa, ikki dunyoda ham aziz va mukarramlardan boʻladi.

Sabr tarbiyasi. Sabr sohibini yuksaklarga koʻtaradigan, unga nusratni naqd qiladigan goʻzal xulqlardandir. Hadisi shariflarda kelishicha, Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Bilingki, nusrat sabr bilandir, kushoyish mashaqqat bilandir va albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir”, “Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir”, “Har bir sabr ortidan ajr-u mukofot bordir”, deya taʼlimot beradilar. Inson oʻz sabr-qanoati bilan dunyo mashaqqatlarini yengib oʻtishga qodir. Ramazon roʻzasida yengiltaklik va besabrlik tarbiyalanadi, ochlikda, gʻazab kelganda tiyilish orqali insonning sabri yanada mustahkamlanadi.

Xushfeʼllik, xushmuomalalik tarbiyasi. Xushfeʼllik, shirin muomala har qanday muammo-aziyatga goʻzal yechim beradi, qalblarni tutashtiradi, yaxshilikka undaydi. Shu bois, Ramazon oyi insoniyatni yanada xushfeʼl, xushmuomala, shirin soʻzli boʻlishga chaqiradi. Sahih hadisi sharifda bunday marhamat qilinadi: “Roʻza qalqondir. Biringiz roʻza tutsa janjallashmasin, baqir-chaqir, fisq-u fujur qilmasin.

Agar uni birortasi haqoratlasa, men roʻzadorman, desin”. Ha, insondagi qanchadan-qancha xunuk soʻz, haqorat qilish, tili oʻtkirligiga roʻza bir soʻz bilan qatʼiy javob qaytaradi.
Duolar qilaylik…

Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bir hadisi sharifida roʻzadorning sifatlari zikr etilib, roʻzadorning duosi maqbuldir, deyildi. Chunki inson Alloh taolo uchun nafsining orzularini tark etgani boisidan duosi ijobat boʻladi. Shuning uchun ham bu qutlugʻ oyda chin qalbdan, ich-ichdan, dunyo va oxirat saodatini astoydil soʻrab duolar qilishimiz kerak.

Ramazon oyining har kunida qabul boʻladigan bir duo bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib dedilar: “Albatta, Ramazonning har kunida barcha musulmonlar uchun qabul boʻladigan bir duo bor” (Imom Ahmad).

Biz Parvardigori olamning rahmat va magʻfirati joʻsh urib, Yer yuziga ilohiy nurlar yogʻiladigan oyda turibmiz. Ushbu oyni gʻanimat bilib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va rizqimiz toʻkinligini Alloh taolodan soʻraylik.

Ramazoni sharif har bir xonadonga, jonajon yurtimizga qut-baraka, sogʻliq-omonlik va baxt-u saodat hamda fayz-u futuh olib kelsin!

Barchamizga fazilatli Ramazon oyi muborak boʻlsin!

Nuriddin XOLIQNAZAROV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022-yil 2-aprel, 66-son

Check Also

Tadqiqotini kutayotgan qoʻlyozmalar bisyor

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon …