Home / YANGILIKLAR / XALQNI ROZI QILISH–ENG ULUGʻVOR MAQSAD

XALQNI ROZI QILISH–ENG ULUGʻVOR MAQSAD

Bugun Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga chiqdi. Buni yangi Oʻzbekistonning tashqi va ichki siyosatidan tortib, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy hamda diniy-maʼrifiy sohalardagi tub islohotlar misolida ham yaqqol koʻrish mumkin.

Mamlakatimizda turli millat va konfessiyalar oʻrtasida oʻzaro hurmat, birdamlik va hamkorlik muhitini mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni qoʻllab-quvvatlash hamda tinchlik-totuvlikni taʼminlashga qaratilgan izchil, puxta oʻylangan siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Eʼtiborlisi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbus asosida 2018 yili BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.

Rezolyutsiya jahonda ekstremizm, terrorizm muammosi avj olib, turli din va eʼtiqod vakillariga nisbatan toqatsiz, murosasiz munosabatlar kuzatilayotgan bir vaqtda global tahdidlarga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida maʼrifat, taʼlim-tarbiya masalasini ilgari surgani bilan ahamiyatlidir.

Sohadagi islohotlar inson qadri uchun

Mazkur rezolyutsiyaning amaliy ifodasi mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarda yaqqol ifodasini topmoqda. Xususan, turli gʻarazli kuchlar taʼsirida diniy-ekstremizm faoliyatiga adashib kirib qolgan 16 mingdan ziyod inson huquqni muhofaza qilish organlari “qora roʻyxat”idan chiqarildi.

Bugungi kungacha oʻtkazilgan “Mehr” operatsiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afgʻonistonda ogʻir ahvolga tushib, chorasiz qolgan 500 dan ziyod ayol va bola Oʻzbekistonga olib kelindi.

Ular yangilanayotgan, inson erki va huquqlari qadrlanadigan yurtimizda yangi hayot boshladi.

Davlatimiz rahbari Navroʻz umumxalq bayrami arafasida xalqimizga xos ezgulik, bagʻrikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli boʻlish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Hujjatga muvofiq, Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan, jazo muddatini oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 75 fuqaro afv etilganini eʼtirof etish joiz.

Vijdon va din erkinligini taʼminlash Oʻzbekiston yuritayotgan siyosatning ustuvor yoʻnalishlaridandir. Shu bois, soʻnggi yillarda yurtimizda fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli demokratik islohotlar kechmoqda. Bu borada vijdon erkinligining huquqiy asoslarini mustahkamlash, qonunchilikni inson huquqlariga oid xalqaro andozalar asosida takomillashtirish ham islohotlarning eng dolzarb vazifalaridan, deb qaralmoqda.

Inson qadri ulugʻlanayotgan yurtimizda Prezidentimiz 2021 yil 5 iyulda imzolagan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi yangi qonun qabul qilingani jamiyatdagi juda koʻp masalalarni yechdi. Mazkur hujjat oʻzining xalqchilligi, jamiyatdagi barcha masalalarga eng haqqoniy va adolatli javob berishi bilan ahamiyatlidir.

Yangi tahrirdagi ushbu qonun AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa ilgʻor davlatlarning inson huquqlari boʻyicha markazlari hamda xalqaro tashkilotlari mutaxassislari taklif va tavsiyalarini oʻrgangan holda ishlab chiqildi. Yangi qonunning oldingisidan asosiy farqli jihatlari shundaki, unda fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlari kuchaytirildi, har bir inson haq-huquqini taʼminlashning yangi mexanizmlari joriy etildi, shuningdek, davlatning din ishlari boʻyicha siyosati takomillashtirildi.

Yana bir asosiy jihat — diniy taʼlim tizimidagi yangiliklar alohida muhim oʻrin tutadi. Islom dini rivoji yoʻlida beqiyos xizmat qilgan buyuk bobolarimizning diniy va ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va targʻib etish maqsadida Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Toshkentda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ochilgan. Shuningdek, uchta yirik oliy diniy taʼlim va 10 ta oʻrta maxsus islom bilim yurti faoliyat yuritmoqda.

Ayniqsa, oʻzining mahobati va Uchinchi Renessans davriga poydevor qoʻyilayotgan yurtimizda ilmiy salohiyati tufayli maʼrifat maskaniga aylanishi kutilayotgan Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi xususida alohida toʻxtalib oʻtish joiz. Zotan, xalqimizning boy diniy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va dunyoga targʻib etish, yosh avlodni milliy va umum-bashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos oʻrin tutadigan mazkur ilm-maʼrifat markazi hozirdanoq oʻz mahobati, amalga oshirayotgan maʼnaviy, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan butun dunyo havasini keltirmoqda.

Yurtimiz aholisining diniy-maʼrifiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda bir necha diniy oliy taʼlim muassasalarida “Qurʼoni karim va tajvid” oʻquv kurslari tashkil etilgani yanada ahamiyatlidir. Bu bilan aholining diniy bilimlarni egallashga ehtiyoji toʻlaqonli taʼminlanishiga erishilmoqda. Ayni paytda mazkur kurslarda aholining turli qatlamlari va turli yoshdagi yuzlab tinglovchilar tahsil olmoqda.

Davlatimiz rahbarining qatʼiyati, tashabbusi bilan Haj va Umra ziyorati qayta tiklandi. Pandemiya tufayli ushbu muqaddas diniy amallarni bajarish imkoniyati cheklangan edi. Biroq yurtimizda bu murakkab vaziyatni bartaraf etishdagi saʼy-harakatlar natijasida aholi dinimizning muqaddas amallarini bajarish imkoniga ega boʻldi.

Mazkur islohotlar koʻp millatli xalqimiz hayoti, farovon turmushi, yorqin istiqboli, farzandlar kamoloti va orzu-istaklari roʻyobida oʻz ifodasini topmoqda.

Islohotlar xalqaro maydonda keng eʼtirof etilmoqda

Toʻgʻri yoʻl doimo ezgulikka yetaklaydi. U bir oz mashaqqatli, sinovlarga boy boʻlishi tabiiy. Yurtimizdagi diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar nafaqat vatandoshlarimiz, balki xalqaro maydonda nufuzli insonlar tomonidan eʼtirof etilayotgani quvonarlidir. Jumladan, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Saudiya Arabistoni Podshohligining Toshkentdagi favqulodda va muxtor elchisi Yusuf al-Utaybiy bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muloqot davomida soʻnggi yillarda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, maʼnaviy merosini har tomonlama oʻrganish, eng muhimi, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish uchun xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va boshqa taʼlim muassasalari tashkil etilishi muhim qadam ekani alohida qayd etildi.

Doʻstona kayfiyatda oʻtgan suhbat davomida Yusuf al-Utaybiy soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi hamkorlik barcha sohalarda rivojlanib borayotganini taʼkidladi. U Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida diniy-maʼrifiy sohada kechayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. Taʼlim, fan, madaniyat yoʻnalishlarida hamkorlik aloqalari muntazam rivojlanib, ikki tomonlama sheriklik munosabatlari yanada mustahkamlanayotgani, Oʻzbekiston Saudiya Arabistoni uchun muhim hamkor ekani eʼtirof etildi.

Misrdagi qator oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot markazlari, jumladan, Taʼlim, fan va madaniyat boʻyicha islom tashkiloti — ICESCO bilan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi doʻstona munosabatlar oʻrnatgan.

2021 yil dekabr oyida Misr poytaxti Qohira shahrida 60 dan ziyod aʼzo davlat ishtirokida ICESCO ijroiya kengashining 42-sessiyasi hamda XIV bosh konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Mazkur anjumanda yurtimiz delegatsiyasi ham faol ishtirok etdi.

Tashrif davomida Al-Azhar majmuasi rahbari oʻrinbosari Abdurahmon Muhammad Duvayniy janoblari islom sivilizatsiyasi rivojida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Muin Nasafiy kabi oʻzbek allomalari hissasi alohida ekanini, Al-Azharda oʻqiydigan har bir talaba Abu Barakot Nasafiyning “Madorikut tanzil va haqoiqut taʼvil” asarini mutolaa qilishi, uni chuqur oʻrganishi talab etilishini bildirdi.

Shuningdek, konferensiya davomida ICESCO Bosh kotibi Salim Malik tashkilotga aʼzo davlatlarning ishlarini tahlil qilar ekan, eng tartibli aʼzo davlatlar qatorida Oʻzbekistonni eʼtirof etib, ICESCO Oʻzbekiston bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan mamnunligi, raqamli texnologiyalar, kosmik tadqiqotlar rivojida yurtimiz allomalari, xususan, Xorazmiyning beqiyos hissasi borligini alohida taʼkidladi.

“Bugungi raqamli texnologiyalar rivojida, ayniqsa, fazo ilmlari, kosmik tadqiqotlar taraqqiyoti uchun insoniyat, eng avvalo, Xorazmiyga taʼzim qilishi kerak. Zero, VIII-IX asrlarda yashagan qomusiy alloma Xorazmiyning ilm-fandagi kashfiyotlari va u kishi qoʻygan mustahkam poydevor bugungi kunga kelib muhtasham majmuaga aylandi”, deya qayd etdi Salim Malik.

Ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligi yoʻlida

Bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida roʻy berayotgan ijtimoiy-siyosiy boʻhronlar tufayli mafkuralar toʻqnashuvi keskin tus olmoqda. Bunday vaziyatda fikrga qarshi fikr, gʻoyaga qarshi gʻoya, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish har qachongidan koʻra, muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bois, joriy yil davomida yurtimiz boʻylab aholini qadimiy boy tariximizdan boxabar qilish, Vatanimizga muhabbat, yurtimizdagi islohotlarga daxldorlik tuygʻusini shakllantirish maqsadida soha mutaxassislari tomonidan “Jaholatga qarshi maʼrifat” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Mazkur tadbirlarda ishtirok etgan ekspertlar yurtdoshlarimizga hayotiy misollar, turli ibratli hikoyatlar orqali oʻz fikr-mulohazalarini yetkazmoqda. Uchrashuvlarda milliy oʻzligimiz, asriy qadriyatlarimizga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi xurujlar, diniy ekstremizm va terrorizm tahdidlaridan xabardor boʻlish kerakligi taʼkidlanayotir.

Islom dinining insonparvarlik, tinchlik va doʻstlik kabi olijanob maqsadlari hamda internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan gʻoyaviy xatarlar, globallashuv davrida turli mafkuraviy tahdidlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish masalalarida soʻz yuritilib, ushbu jarayonda jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish har qachongidan ham muhimligi qayd etilmoqda.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi barchamizni yanada birlashtirdi

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida shahar va qishloqlarimizda joriy yil 1 martdan eʼtiboran oʻtkazilayotgan “Yashil yillik” umummilliy tadbiri yurtimizda yashayotgan turli millat va diniy konfessiyalar vakillarini yagona maqsad atrofida birlashtirdi.

Ezgu maqsadning amaliy qadamlari oʻlaroq, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida 16 konfessiya vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgan uchrashuvda irqi, millati, diniy eʼtiqodga mansubligidan qatʼi nazar, barcha yurtdoshlarimizni “Yashil yillik” umummilliy tadbirida faol boʻlishga undovchi bayonot qabul qilindi.

Mamlakat boʻylab mazkur tadbir doirasida har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan koʻchatlar tanlanib, ularni yetishtirish uchun koʻchatxonalarni koʻpaytirish hamda aholiga kamida 10 million dona mevali va manzarali daraxt koʻchatini bepul tarqatish belgilandi. Quvonarlisi, xayrli tashabbusga xalqimiz chin dildan xayrixohligini koʻrsatmoqda. Ushbu tashabbusning amalga oshishida turli din va millat vakillari qoʻlni qoʻlga berib, yagona va ahil oila aʼzolaridek ishtirok etishi muhim.

Rus pravoslav cherkovining Toshkent va Oʻzbekiston yeparxiyasi rahbari Mitropolit Vikentiy mazkur bayonot haqida quyidagi fikrlarni bildirdi: “Shu yurtni obod qilish, uning yashilligiga hissa qoʻshish, tabiatni sof holda asrash, diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, har birimizning muqaddas burchimizdir. Ushbu ezgu maqsad yoʻlida barchani hamjihat boʻlishga va tashabbuskorlikka chaqiramiz. Taʼkidlash lozimki, har bir samoviy dinda tabiatga oqilona munosabat, uni asrab-avaylashga chaqiriq bot-bot takrorlanadi. Bu daʼvatga “labbay”, deb javob qilish bizning vazifamizdir”.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining “Yashil makon” umummilliy loyihasini qoʻllab-quvvatlash, ushbu xayrli tashabbus doirasida hududlarni obodonlashtirish, koʻchat va gullar ekishni targʻib etishga qaratilgan bayonoti qabul qilindi.

Bu kabi xayrli ishlarda har birimiz kamarbasta boʻlib, atrof-muhitni himoya qilish, yurtimizni pokiza saqlashga munosib hissa qoʻshishimiz zarur. Ayniqsa, dunyoda roʻy berayotgan iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq global muammolar, fojialar qarshisida insoniyatning ojiz qolayotgani, bizdan talab etiladigani neʼmatlarga shukr qilib, uni asrab-avaylashga turtki beradi.

Soʻnggi soʻz oʻrnida

Ommaviy didsizlikka targʻib, milliy zehniyat oʻtmaslashishiga yetaklovchi harakatlarga ragʻbatning goh yashirin, goh oshkora shaklda kuchayib borishi kuzatilayotgan global makonda milliy oʻzlikni anglash tuygʻusi tobora siyqalashib, tundlashayotgandek. Bu borada ulugʻ ajdodlarimiz faoliyati va merosidan faxr tuyishning oʻzigina kamlik qiladi. Negaki, oʻsha ilmiy merosning qadr-qimmatini anglamay, ular bilan shunchaki faxrlanish bilan uzoqqa borib boʻlmaydi.

Avvalo, imkon qadar mazkur maʼnaviy merosdan bahramand boʻlishimiz kerak. Bu yoʻlda sohaning bilimdonlari, ahli ilm — ustozlarning bilimi bizga asqatadi. Buyuk allomalar hayoti va ijodini oʻrganishga moʻljallangan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi kabi yirik ilm-fan loyihalari bunyod etilishi mana shu jihatlari bilan ham eʼtiborga molik. Ushbu markazlar ulugʻ allomalarimiz merosini oʻrganish, hayotga tatbiq etishda, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini qurishdek ulugʻ maqsadlar roʻyobi yoʻlida hal etuvchi ilmiy-amaliy maskan sifatida boʻy koʻrsatadi.

“Inson qadrini ulugʻlash” haqida soʻz borar ekan, bu boradagi amaliy saʼy-harakatlar millat, xalq manfaatlarini taʼminlashga, uning qaddini koʻtarishga xizmat qiladigan chora-tadbirlar bilan hamohanglikda, uygʻunlikda olib borilsa, maqsadga muvofiq. Qaddini rostlagan xalq ona Vatani qadrini yuksaklarga koʻtara oladi. Pirovardida, har bir yurtdoshimiz qadr topadi, xalqni rozi qilishdek ulugʻvor maqsad amalga oshadi.

Sodiq TOSHBOYEV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022 yil 1 aprel, 65(587)-son

Check Also

Tadqiqotini kutayotgan qoʻlyozmalar bisyor

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon …