Home / YANGILIKLAR / Daraxt ekib, bogʻ yaratib amallar daftarini bezaylik!

Daraxt ekib, bogʻ yaratib amallar daftarini bezaylik!

“YASHIL MAKON” UMUMMILLIY LOYIHASI

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Islom dini atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni asrab-avaylash va ekologik muammolarni bartaraf etishga daʼvat qiladi. Ayniqsa, dini mubinimizda ekin ekish savobli amalligi, qarovsiz yerlarni obod qilishga ulkan ajru mukofot berilishi vaʼda qilingan.

Bahor kelishi bilan koʻngillardan boshlangan obodlik xonadonlarimizga, koʻchayu xiyobonlarimizga, mahallalarimizga, qishlogʻu goʻshalarimizga, butun zaminimizga koʻchadi. Buning natijasida har bir kishi yerga nihol qadashga kirishadi. Bu esa tabiat bilan insoniyat hamohangligini ifoda etadi.

Soʻnggi yillarda jahonda kuzatilayotgan iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq global muammolar, afsuski, yurtimizni ham chetlab oʻtayotgani yoʻq. Roʻy berayotgan chang-toʻzonlar, shuningdek, yogʻingarchiliklarning keskin kamayib ketayotgani kabi tabiat injiqliklari bizga jiddiy ogohlik qoʻngʻirogʻi boʻlmoqda.

Shularni eʼtiborga olib, joriy yil 2 fevral kuni Prezidentimiz raisligida ekologik holatni yaxshilash va “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan edi.

Yigʻilishda qayd etilgan muhim masalalar ijrosini izchil taʼminlash maqsadida shu yil 1 mart kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining bayonoti qabul qilindi. Bayonotda “Yashil makon” umummilliy loyihasining hayotimizda tutgan oʻrni haqida soʻz yuritilib, dinimiz taʼlimoti asosida barcha yurtdoshlarimizni ushbu tadbirda faol ishtirok etishga chaqirish barobarida, qishloq-ovullarimiz, mahalla-koʻylarimizni obod qilish orqali yurtimizni bogʻu boʻstonga aylantirish nazarda tutildi.

Dinimiz tabiatni asrab-avaylashga, undan oqilona foydalanishga buyuradi. Nafas olib turgan jon, tirik organizm borki, unga aziyat yetkazishga hech kimning haqqi yoʻq. Qurʼoni karimda bunday marhamat qilingan: “Yerni yaroqli qilib qoʻygandan keyin unda buzgʻunchilik qilmangiz!” (Aʼrof surasi, 56-oyat).

Islom koʻchat oʻtqazishga, ekin-tikin ishlariga doimo targʻib qiladi. Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kim biror oʻlik yerni tiriltirsa, yaʼni obod etsa, unga shunda ajr bordir. Shuningdek, undan biror jonzot yegan narsada unga sadaqa (savobi) bordir”, dedilar (Imom Dorimiy rivoyati).

Boshqa bir hadisi sharifda esa, “Kim Allohga ishonib, savob umid qilgan holda qarovsiz yerni obod qilsa, unga yordam va baraka berish Allohga lozim boʻldi”, deyilgan (Imom Bayhaqiy va Imom Tabaroniy rivoyatlari). Hadisdagi “Allohga lozim boʻldi”, degan jumla mazkur bandaga Allohning fazl-karami boʻldi, deganidir.

Sahobalardan bir qanchasi ekin ekish bilan shugʻullangan. Abu Hurayra roziyallohu anhu sahobalar orasida zohidlardan boʻlsada, dehqonchilik qilar edi. Saʼd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu moʻl hosil olish uchun oʻz yeriga oʻgʻitlar bilan ishlov berar edi. Zero, Muhammad sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida “Yerda ekin-tikin qilib rizq-roʻzingizni talab qilingiz”, degan edilar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Boshqa bir hadisi sharifda esa “Albatta, farishtalar ekin yoki koʻchat ekuvchining haqqiga, modomiki, ekkan narsasi koʻkarib turarkan, istigʻfor aytib turishadi”, deyilgan.

Rivoyat qilinishicha, sahoba Xuzayma ibn Sobitning boʻsh yeri bor edi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu u kishining yonlariga kelib “Ey Xuzayma! Bu yeringizga koʻchat ekib qoʻying”, dedilar. Shunda sahoba “Men keksayib qoldim”, dedi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Yoʻq, unday demang, boʻsh turgan bu yeringizga, albatta, koʻchat eking”, deb oʻzlari birga oʻsha yerga koʻchat ekdi.

Odam alayhissalom jannatdan Yer yuziga tushirilganida Jabroil alayhissalom bugʻdoy olib kelib, yerga ekishga buyuradi. Odam alayhissalom bugʻdoyni yerga ekkan, sugʻorgan va hosilni yigʻishtirib olgan edi.

Otamiz Odam alayhissalomdan qolgan mana shu ezgu anʼana asrlar osha sayqallanib, alohida qadriyat sifatida shakllandi. Bugun esa bu yurtimizda umummilliy harakat – “Yashil makon” loyihasiga aylandi.

Ayni kunlarda ushbu tashabbus yurtimizdagi barcha masjid, madrasa va ziyoratgohlarda keng koʻlamda amalga oshirilib, din peshvolari tomonidan hududlarda yashil maydonlar barpo etilmoqda.

Soʻz isboti bilan goʻzal. Samarqand viloyati Payariq tumani Xoʻja Ismoil shaharchasida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 1500 tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt koʻchati oʻtqazildi. Shu anʼana yurtimizning har bir hududida keng koʻlamda davom etyapti.

Tabiat musaffoligini asrash, uni kelajak avlodga bekamu-koʻst yetkazish – hayotiy vazifa. Ayniqsa, yosh avlodda ona tabiatga hurmat, uning bebaho neʼmatlarini ardoqlash tuygʻusini oshirish orqali ekologik madaniyatni, tozalikka rioya qilish koʻnikmasini shakllantirishga erishamiz. Shu bois, ulamolar bayonotida uy-xonadonlarda, mahalla-goʻshalarda, masjid-madrasalarda koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlarini keng koʻlamda olib borish bugungi kundagi asosiy vazifa ekani yaqqol namoyon boʻlmoqda.

XXI asrda sanoatning jadal rivojlanishi, tabiiy boyliklardan oʻrinsiz foydalanish oqibatida ekologik muvozanat buzilib, dunyoda koʻplab iqlim muammolari yuzaga kelmoqda. BMT maʼlumotiga koʻra, iqlim oʻzgarishlari sabab hozir dunyoning 110 dan ortiq mamlakati choʻllanishu qurgʻoqchilikdan aziyat chekmoqda. Agar har yili jahonda 4,7 million gektar oʻrmon yoʻq boʻlib borayotganini inobatga olsak, kelgusida bu kabi muammolar yanada ortishi tabiiy.

Daraxtlar esa havoni filtrlovchi eng samarali vosita boʻlib, oʻrtacha kattalikdagi bir tup daraxt taxminan 20 kilogramm karbonad angidridni yutishi mumkin. Bu esa koʻpgina zamonaviy filtrlardan ham yaxshiroqdir.

Shuning uchun ham ota-bobolarimiz yerga, tabiatga oʻta ehtiyotkorona munosabatda boʻlib, doim uni asrab-avaylashga, “birni kessang, oʻnni ek”, deya bogʻu rogʻlar barpo etishga intilgan.

Shu aziz yurtning fuqarosi boʻlgan har bir moʻmin-musulmon kishi daraxt ekib, koʻchat oʻtqazib, oʻzi yashab turgan shaharu qishlogʻini, mahallasini obod qilishi shart. Bu bizga ikki karra yutuqdir. Avvalo, yurtimiz obod boʻladi, shaharu qishloqlarimiz qiyofasi koʻrkamlashadi. Ikkinchidan, bunday xayrli ishlarimizning savobi sadaqai joriya sifatida to qiyomatgacha amal daftarimizga toʻxtovsiz savob boʻlib yozilib turadi, Alloh nasib.

Muxtasar aytganda, bugun yurtimiz boʻylab amalga oshirilayotgan shunday xayrli ishlarga har bir inson kamarbasta boʻlishi farovon kelajagimiz kafolatidir. Yashil maydonlarni hosil qilish ishlarida faol boʻlib, xonadonlarimiz atrofiga, mahalla-koʻylarimizga, koʻchalarimizga bir tupdan koʻchat oʻtqazsak, butun mamlakatimiz bogʻu boʻstonga aylanadi.

Nuriddin XOLIQNAZAROV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022 yil 16 mart, 54-son

Check Also

Markaz rahbari – Samarqanddagi yirik anjumanda

Bugun, 3-may kuni Samarqanddagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Turkiyadagi Egey universiteti …