Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZ TADQIQOTCHISI BUYUK BRITANIYADA MALAKA OSHIRMOQDA

MARKAZ TADQIQOTCHISI BUYUK BRITANIYADA MALAKA OSHIRMOQDA

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ziyorat turizmini rivojlantirish ilmiy boʻlimi boshligʻi Barot Amonov Buyuk Britaniyadagi Oksford islom tadqiqotlari markazi (OIC)da malaka oshirishni boshladi.

Kecha u Markaz direktori Dr.Farhan Ahmad Nizami huzurida boʻlib, Oksford islom tadqiqotlari markazi kutubxonasiga Markaz tomonidan nashr etilgan kitoblar va esdalik sovgʻalarini hadya qildi. Muloqot chogʻida kitob va adabiyotlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish va qoʻlyozmalarni tadqiq qilish kabi ikki tomonlama ilmiy-amaliy hamkorlikka oid qator masalalar muhokama qilindi.

 Farhan Nizami yaqinda yurtimizga qilgan tashrifini yodga olib: “Oʻzbekistonda boʻlgan vaqtimda mamlakatingizda tashkil etilgan ilmiy markazlar bilan tanisha turib, faoliyati bevosita bu yurtdan yetishib chiqqan allomalar hayoti va merosini oʻrganishga qaratilgan mazkur tadqiqot muassasalari buyuk ajdodlariga munosib vorislar yetishtirib berishiga ishonch hosil qilganman”, dedi. Doktor F.Nizami shuningdek, Markazda mavjud qulayliklar haqida ham gapirib, joriy etilgan Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro stipendiyalar sovrindorligiga potensial nomzod boʻlgan xorijlik tadqiqotchilarga teng sharoitlar yaratilganini taʼkidladi hamda oʻzbekistonlik yosh olim ilmiy faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Oksford islom tadqiqot markazi fondida saqlanayotgan 40 mingdan ziyod adabiyot orasida oʻzbek tilidagi kitoblar ham mavjud. Bu esa Oksfordga tashrif buyuruvchilarga oʻzbek tilidagi adabiyotlar, qomus va kitob-albomlar bilan ham tanishish imkonini beradi.

Markazda ayni paytda turli davlatlardan kelgan 30 nafardan ziyod olim islom tarixi va islom ilmlariga oid tadqiqotlar olib bormoqda. Ularga Buyuk Britaniyaning mashhur kutubxonalari xizmatidan foydalanish, qoʻlyozmalar fondi bilan ishlash va muzeylar bilan tanishish imkoni ham berilgan.

Shuni alohida qayd etish lozimki, B.Amonov Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining maxsus ekspert komissiyasi tomonidan yosh olimlarning yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish yuzasidan oʻtkazilgan tanlovda gʻolib deb topilib, unga xorijda malaka oshirish imkoniyati taqdim etilgan.

 

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …