Home / ALLOMALAR / BAHOUDDIN VALADNING HAYOTI, FALSAFIY TAʼLIMOTI VA ILMIY MЕROSI

BAHOUDDIN VALADNING HAYOTI, FALSAFIY TAʼLIMOTI VA ILMIY MЕROSI

Insoniyatning maʼnaviy qiyofasini yuksaltirish va axloqiy fazilatlarni rivojlantirishda falsafa fanining oʻrni beqiyosdir. Xususan, falsafiy tafakkur tarixi tizimida oʻziga xos oʻringa ega boʻlgan, durdona asarlari bilan diniy va dunyoviy ilmlar taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan Sharq allomalarining bebaho maʼnaviy merosini butun dunyo tan olib, yuksak eʼtirof etmoqda. Mamlakatimiz Prezidenti taʼkidlaganidek: “Islom olami jahon fani va sivilizatsiyasiga qoʻshgan beqiyos hissasi bilan faxrlanishga toʻla haqli. Xususan, Markaziy Osiyo hududi Sharq Renessansining yirik markazlaridan biri sifatida butun dunyoda maʼlum va mashhur boʻlgan” [6]. Ana shunday buyuk mutafakkirlarimizdan biri Sharqda Sultonul ulamo nomi bilan dong taratgan alloma Muhammad Bahouddin Valad ibn Xatibiydir.

Bahouddin Valad oʻz davrida tasavvuf taʼlimoti va shariat ilmining bilimdoni boʻlishi bilan birga, ilohiy maʼrifatni ham juda ulugʻlagan allomai zamon sifatida shuhrat qozongan. U asli Urganchdan boʻlib, sharoit taqozosi bilan Balxga kelib qoladi. Sultonul Ulamo islom ilohiyotshunosligi, Qurʼon tafsiri va hadislar sharhidan madrasada dars berar, uning “Maorif” kitobi juda mashhur edi [9: 135].

Allomaning toʻliq ismi Muhammad Bahouddin Valad ibn Husayn Xatibiy Balxiydir. Baho Valad deb ham atalgan [11: 52]. Ahmad Aflokiy oʻzining “Manoqibul orifin” asarida Bahouddin Valad quyidagi taxalluslar bilan ijod qilgani haqida maʼlumot beradi: Abu Bakr, Abdurahmon, Hammod, Mutaaxxar, Ahmad Xatib, Mavdud, Husayib, Mahmud Husayn Xatibiy, Bahouddin Valad, Sultonul ulamo, Sultonul orifiyn.

Alloma 546/1151 yilda dunyoga kelgan. Shajarasi xalifa Abu Bakr Siddiq (r.a.)ga borib taqaladi [8: 15]. Bahouddin Valadning bobosi Husayn Xatib, otasining ismi esa Husayn ibn Ahmad Alouddin Muhammad (Xatib Bukriy)dir. Ahmad Xatib “Mebsut” nomli asarning muallifi boʻlib, oʻz davrida Shamsul umm nomi bilan shuhrat qozongan [3: 73]. Aflokiyning maʼlumot berishicha, uning onasi Alouddin Muhammad Xorazmshohning qizi, Sulton xonadoni vakilasidir [11: 52-53]. Roziuddin Nishopuriyning yozishicha, onasi Muhammad Xorazmshoh Takeshning qizi Emitulloh xotun boʻlib, xalq uni Malikai jahon deb atagan. Oʻz davrining ziyoli ayollaridan boʻlgan. Alisher Navoiy “Nasoyimul muhabbat” asarida allomaning ota-onasi haqida bunday maʼlumotni keltiradi: “Amirul moʻminun Abubakr (r.a.) farzandlaridindur. Onasi Xuroson podshohi Alouddin Muhammad Xorazmshohning qizidur” [7: 165].

Bahouddin Valadning otasi Husayn ibn Ahmad ham oʻz davrining mashhur olimi boʻlgan. U atoqli siyosatchi va huquqshunos Radiaddin Nisaburiyning shogirdi boʻlib, uning qoʻlida tahsil olgan va bir qancha fiqhiy, sharʼiy masalalardagi daʼvo ishlarini olib borib, adolatparvarligi bilan xalq orasida yuksak martabaga ega zot hisoblangan. Bahouddin Valadning “Maorif” asarida Husayn Xatibiy ziyoli, diniy bilimlarni chuqur egallagan, soʻfiylik taʼlimotidan boxabar inson boʻlgani aytib oʻtilgan.

Bahouddin Valadga xatiblik qobiliyati ota-bobosidan meros boʻlib oʻtgan. Ajdodlari ota-bobolari Balx shahrining mashhur xatiblaridan boʻlib, uzoq yillar shu sohada faoliyat yuritgan. Uning nomi nafaqat Balx, balki Iroq, Xuroson, Bagʻdod va Movarounnahr kabi yirik shaharlarda ham maʼlum va mashhur boʻlgan. Alloma nihoyatda insonparvar shaxs boʻlgan. Xalq dardi bilan yashagan, xalq manfaatlarini oʻz manfaatidan ustun qoʻygan alloma doimo odamlar orasida boʻlishni afzal koʻrar, shuningdek, xalqning dardu tashvishlarini oʻz tashvishidek bilib, Sulton Muhammad Xorazmshohga muntazam ravishda yetkazib turgan.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Sultonul Ulamo 1218 yilda haj safarini ado etish bahonasida oilasi, shogirdlari, yaqinlari va 10 tuyaga ortilgan noyob kitoblari bilan Balxni tark etadi. Xorazm hukmdori Muhammad Xorazmshoh tazyiqlaridan bezor boʻlgan [4: 45] Bahouddin Valad oilasining Balxni tark etishiga quyidagilar sabab boʻlganligi manbalarda qayd etilgan:

Birinchidan, Bahouddin Valad va Faxriddin Roziy diniy masalalarda bir-biriga raqib edi, ularning fikri va qarashlaridagi ziddiyatlar katta boʻlgan. Xorazmshoh va uning ayonlari Faxriddin Roziyni qoʻllab-quvvatlaydi, natijada mamlakatda turli koʻngilsizliklar avj oladi. Bahouddin Valadning yaqin doʻsti Majididdin Bagʻdodiy saroy ayonlarining fitnasi tufayli fojeali qatl etiladi.

Ikkinchidan, Muhammad Xorazmshoh haddan tashqari kibrlanib, muqaddas aqida va anʼanalarni nazarga ilmay qoʻyadi. Xalifa Nosirga chopar yuborib, Bagʻdoddagi barcha masjidlarda oʻz nomiga xutba oʻqitishni buyuradi. Bu esa Muhammad Xorazmshoh tomonidan butun xalifalikni oʻz boshqaruviga oʻtkazish uchun qilingan oshkora harakat edi.

Uchinchidan, Chingizxon qoʻshinlari tobora Xorazmga yaqinlashib kelayotgan, xorazmshohlar davlatining sharqiy chegarasi boʻlgan Oʻtrorga yetib qolgan edi. Moʻgʻullar tomonidan elchi sifatida yuborilgan 450 nafar musulmon savdogari Muhammad Xorazmshoh farmoni bilan qatl etiladi. Bahouddin Valad bu ketma-ket koʻngilsizliklarning oqibatini va mamlakatda boshlanajak moʻgʻullar bilan urushni sezgan.

Balxning eng mashhur voizi va fiqhshunosi sifatida tanilgan Bahouddin Valad shu tariqa safarga yoʻl oladi. Oilasining moʻgʻullar istilosidan bir muddat oldin Balxni tark etgani haqida Sulton Valad [10: 251] va Annimare Shimmel [1: 10] oʻz asarlarida maʼlumot berib oʻtgan.

Bahouddin Valadning “Maorif” asari mutasavvifning tasavvufiy-irfoniy bilimlari va falsafiy qarashlarini oʻzida jamlagan nodir manba hisoblanib, kundalik shaklida forsiyda yozilgan. U allomaning yagona va mashhur asari boʻlib, nomlanishidanoq muallifning maʼrifat va ilmu irfonga ishtiyoq va hurmati sezilib turadi. Asarda tasavvufning maʼrifat, shariat, tariqat va haqiqat bosqichlari xususida soʻz yuritilib, ularning mohiyati turli rivoyatlar va misollar orqali tushuntiriladi.

Olmon sharqshunos olimasi Annimare Shimmel oʻz tadqiqotlarida asar haqida soʻz yuritib, unga “Ekssentrik hissiyotlar tasviri kundaligi”, deya taʼrif beradi. Jaloliddin Rumiyning oʻziga xos falsafiy tizimini, uslubini yaratishida bu asar asosiy gʻoyaviy manba vazifasini bajargan. Anri Korben bu asar haqida bunday deydi: ““Maorif” buyuk shayx Bahouddin Valadning tasavvufga oid keng qamrovli qarashlarining umumiy yigʻindisidir. Biz uning buyuk oʻgʻli va gʻoyaviy vorisi boʻlmish Rumiy taʼlimotini tushunmogʻimiz uchun dastlab “Maorif”ni mutolaa qilmogʻimiz darkor”.

Koulman Barks va Djon Moynning fikricha, bu asar dastlab ekzoterik bilimlar sohibi boʻlgan, shunday bilimlarga qiziqadigan tor doiradagi kishilar jamoasiga moʻljallangan. U koʻp nusxada koʻchirilib, tarqatilmagan. Faqat islom ilmlari va tasavvuf taʼlimotini tushunadigan tor doiradagi kishilargagina taqdim etilgan, xolos. Asarning dastlabki nusxasi XX asrda Tehronda sharqshunos olim Badiuzzamon Furuzanfar tomonidan topilgan. Olim uni tadqiq etish natijasida keyinchalik asarning XVI asrda turli shaxslar tomonidan toʻplangan va saqlangan 3 nusxasini topishga muvaffaq boʻladi. Ulardan biri Istanbul universiteti kutubxonasidan, biri Ayo Sofiya ibodatxonasidan va yana bir nusxasi Koʻnyo muzeyidan chiqadi. Koʻnyo muzeyidan topilgan nusxada xattotlar tomonidan XIV asrning 1-yarmida bu asardan nusxa koʻchirilgani bitilgan.

“Maorif” tadqiqoti va tahlili yuzasidan 1954 yilda dastlabki ilmiy maqola keng kitobxonlar ommasiga eʼlon qilindi. Dastlab u Badiuzzamon Furuzanfar tomonidan tarjima qilingan va ikki jildda nashr etilgan. 1964 yilda Furuzanfar nashri asosida ushbu kitobni A.J.Arberri ingliz tiliga tarjima qilgan va shu tariqa asar Gʻarb oʻquvchilari qoʻliga yetib borgan. Keyinchalik Franklin Lyus ham uni mustaqil tarjima qilgan. Eronlik yana bir islomshunos olim Hasan Lohutiy asarni oʻz ona tiliga tarjima qilgan. Shvetsariyalik sharqshunos olim Fris Mayer (1912-1998) esa nemis tiliga oʻgirilgan nusxani yaratgan. “Maorif” “Asl matndan tuzilgan Islom tamadduni yoʻnalishlari” kitobiga ham kiritilgan [12: 171].

Maʼlumki, falsafiy tadqiqotlarda muazzam Sharqning buyuk allomalaridan biri hisoblanmish Mavlono Jaloliddin Rumiyning ilmiy merosiga koʻp murojaat qilinadi. Uning bashariyat tamaddunidagi oʻrni, odamlarning maʼnaviy-axloqiy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmatini oshirishga qaratilgan gʻoyalari barcha zamonlarda hamma uchun birdek ahamiyatli boʻlib kelgan. Ammo allomadagi bunday yuksaklikning asosiy manbai – otasi Bahouddin Valadning ilmiy merosini oʻrganish boʻyicha hamon yetarlicha tadqiqot ishlari amalga oshirilmagani ajablanarlidir. Bu bugungi kunning dolzarb masalasi va vvazifasidir.

Allomaning ilmiy merosi yuzasidan tadqiq etilgan ishlar nihoyatda kam boʻlib, atigi quyidagilar amalga oshirilganini taʼkidlab oʻtish joiz. Afgʻonistonlik rumiyshunos M.Siroj “Mavlono Balxiy va uning padari. “Masnaviyi maʼnaviy”da “Maorif” tafsiri” asarini yozib, “Masnaviyi maʼnaviy”ning yaratilish tarixi va bunga Bahouddin Valadning “Maorif” kitobining taʼsirini yoritgan [5: 27]. Shuningdek, allomaning ilmiy merosini oʻrganish va falsafiy gʻoyalarini tadqiq etish yuzasidan turkiyalik olimlar A.Otash, A.Goʻlpinarli, N.Toʻpbosh va M.Oʻnder tomonidan ham salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Tojikistonlik faylasuflardan X.Ziyoyev, M.Dinorshoyev va M.Sultonov “Maorif” asari boʻyicha maqolalar eʼlon qilib, uning tarkibiga kiruvchi hikoyalardan bir nechtasini tojik tiliga tarjima qilgan holda oʻquvchilar eʼtiboriga havola etgan. Afsuski, bizga maʼlum tadqiqotlar roʻyxati shu bilan yakuniga yetdi. Falsafa tarixi sohasida Bahouddin Valadning soʻfiyona fikrlari va falsafiy qarashlari bilan jamoatchilikni toʻlaroq tanishtirish uchun amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar hali juda koʻp.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
1.Annemarie Schimmel. Ben Rûzgârim Sen Ateş, çev.:Senail Ötüken Yayinlari. –Istanbul, 2013.
2.Ahmet Eflâki. Arifen Menkebleri, (Çev.Tahsin Vazid) M.E.B. –Istanbul, 1986.
3.Bedîûzzaman Fürûzanfer, Mevlana Celâleddin, çev.:F.Nafiz Uzluk, MEB, –Istanbul,1997.
4.Doktor Muhammad Husayn Zarrinkub. Palla-palla to muloqoti Xudo. (Dar borayi zindagi, andisha va suluki Mavlono Jaloluddin Rumi). –Tehron, 1373.
5.Izbullayeva G. Jaloliddin Rumiy asarlarida yuksak maʼnaviyatli shaxs tarbiyasi. –T.:Fan, 2015.
6.Mirziyoyev Sh. Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar boʻyicha birinchi sammitida soʻzlagan nutqi.
7.Navoiy A. Nasoyim ul-muhabbat. Toʻla asarlar toʻplami.Oʻn tomlik, 10-tom. –T.:Gʻafur Gʻulom nashriyoti, 2011.
8.Risale-I Sipehsalar (Çev.Mithat Bahari)., –Istanbul, 1331.
9.Sattoriy H. Rumiy oʻtgan yoʻl. Jahon adabiyoti//2007. № 10.
10.Sultan Veled. Ibtidânâme, haz.:Abdulbâki Golpinarli, Inkilap Kitaberi. –Istanbul, 2014.
11.Fürûzanfer, Mevlana Celâleddin (Çev.Feridin Nafiz Uzluk). –Konya, 2005.
12.Xolmoʻminov J. Jaloliddin Rumiy va Gʻarb adabiyoti. Jahon adabiyoti//2010 y., № 8.
Vasila CHOʻLIYEVA
falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD),
Navoiy davlat pedagogika instituti
Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …