Home / YANGILIKLAR / Imom Buxoriy majuasida 9200 namozxonni sigʻdiradigan masjid quriladi

Imom Buxoriy majuasida 9200 namozxonni sigʻdiradigan masjid quriladi

Imom al-Buxoriy ziyoratgohi – Samarqand viloyatining Payariq tumanida joylashgan, XX asr oxiriga kelib madaniy va maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyatga ega boʻlgan yodgorlik majmuasi. Ushbu ziyoratgoh islom olamida eng mashhur va taniqli ziyoratgoh hisoblanadi. Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy dunyoga mashhur islomshunos olim va alloma boʻlib, 1997-1998 yillarda hijriy taqvim boʻyicha alloma tugʻilganiga 1225 yil toʻlishi munosabati bilan u abadiy makon topgan qadimiy qabristonda katta yodgorlik majmuasi barpo etilgan edi.

Enter Engineering matbuot xizmati bildirishicha, Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining joriy yil 11 fevralda Samarqand viloyatiga safari chogʻida Imom al-Buxoriy yodgorlik kompleksini toʻliq rekonstruksiya qilish va uning hududida obodonlashtirish boʻyicha ishlarning borishi bilan tanishdi.

Rekonstruksiya ishlari Enter Engineering kompaniyalari guruhi tomonidan bajarilmoqda. Loyiha buyurtmachisi Samarqand viloyati hokimligi qoshidagi injiniring kompaniyasi hisoblanadi.

Maqbarada rekonstruksiya ishlarida uning ayni kundagi koʻrinishi saqlab qolinadi.

Rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari 4,68 ga maydonda, qurilish ishlari 2.02 ga maydonda olib borilmoqda, bundan tashqari 0.35 ga maydonda yerosti galereyasi bunyod etiladi, 0.83 ga maydon ichki hovli sifatida obodonlashtiriladi.

Shuningdek, binolar atrofi va katta maydon 1.72 va 0.44 ga joy koʻkalamzorlashtiriladi. Qurilish ishlarining ayni kundagi bosqichida 442 nafar mutaxassis ishchilar band boʻlib, ulardan 65 nafari xorijlik mutaxassislar hisoblanadi. Jumladan, 53 ta maxsus texnika birligi, 3 ta minorali kranlar uzluksiz ishlamoqda. Qurilish ishlari bilan parallel ravishda loyihalashtirish ishlari ham davom etmoqda.

Toʻrt burchagida toʻrtta baland minorasi bor muazzam koʻrinishdagi masjid binosi bunyod etiladi. Unda bir paytning oʻzida 9200 nafar namozxon ibodat qilishi mumkin. Katta masjid binosidan tashqari maʼmuriyat bino, xizmat koʻrsatish korpusi binosi, ayollar va erkaklar uchun alohida tahoratxona, minoralar va ayvonlar barpo etiladi.

Yodgorlik majmuasida ziyoratchilar al-Buxoriy maqbarasini ziyorat qilib, bemalol ibodat qilishlari mumkin boʻladi, shuningdek bu yerda juma namozlari, Ramazon va Qurbon hayitidagi bayram namozlari jamoat ishtirokida oʻqiladi. Majmuada jismoniy imkoniyati cheklangan kishilarning harakatlanishi uchun barcha sharoitlar – zamonaviy liftlar, maxsus nishab yoʻlkalar va boshqa qulayliklar yaratilishi nazarda tutilgan.

Qurilish va obodonlashtirish boʻyicha ishlar davomida maqbara atrofida joylashgan suvi shifobaxsh buloq hamda qariyb besh asr oldin ekilgan chinorlarga ziyon yetkazmaslik choralari ham koʻrilgan.

Check Also

«TURK ABRUSI TARIXI»

22-may, 2024-yil soat 10:00 da Oʻtkazish joyi: Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi …