Home / YANGILIKLAR / XUSHXABAR: Diniy idorada “Qurʼon tajvidini oʻrgatish” boʻlimi ochildi!

XUSHXABAR: Diniy idorada “Qurʼon tajvidini oʻrgatish” boʻlimi ochildi!

Allohga shukrki, yurtimiz aholisining diniy-maʼrifiy ehtiyojlarini qondirish yoʻlida bir qator xayrli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Mana shunday ishlarning uzviy davomi sifatida Qurʼoni karimga muxlis xalqimizning talab va istaklarini inobatga olgan holda Oʻzbekiston musulmonlari idorasida “Qurʼon tajvidini oʻrgatish” boʻlimi ochildi.

Ushbu boʻlim Oliy va oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalari, ilmiy maktablar, tadqiqot markazlari, Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasi markazi va Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida faoliyat yuritayotgan “Qurʼoni karim va tajvid” kurslarining faoliyatini muvofiqlashtirish, boshqarish va rivojlantirish kabi ishlar bilan shugʻullanadi.

Shuningdek, “Qurʼoni karim va tajvid” kurslari ustozlarini tayyorlash, mavjudlarini suhbatdan oʻtkazish, ularning mahoratlarini tizimli oshirib borish va Qurʼon taʼlimini oʻrgatishdagi eng ilgʻor uslublarni qoʻllashda amaliy koʻmak beradi.

Muhtaram Prezidentimizning “Qurʼonni eshitish, eshita olish yuksak maʼnaviyat, maʼrifat. Qurʼon hech qachon yomonlikka daʼvat qilmaydi. Agar Qurʼoni karimni eshita olsak, eshittira olsak, bu – muvaffaqiyat boʻladi. Elimizga nur keladi!”, degan edilar.

Mana shu yuksak eʼtirof sabab yurtimizda Qurʼoni karimni oʻrganish va oʻrgatish borasida juda keng koʻlamda ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, Qorilar musobaqalari oʻtkazilishi, Musʼhafi Sharif chop etilishi, Qurʼon va tajvid kurslari faoliyati kengayishi va qiroat ilmlari keng tadqiq etilishi, xususan, mazkur yangi boʻlim tashkil etilishi fikrimizni yanada qoʻllab-quvvatlaydi.

Darhaqiqat, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Qurʼoni karimni oʻrganish va oʻrgatish haqida Hazrati Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi shariflarida: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz Qurʼonni oʻrganganlaringiz va oʻrgatganlaringizdir”, deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Alloh taolo “Qurʼon tajvidini oʻrgatish” boʻlimi faoliyatini muvaffaqiyatli qilsin.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Check Also

«TURK ABRUSI TARIXI»

22-may, 2024-yil soat 10:00 da Oʻtkazish joyi: Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi …