Home / MAQOLALAR / HANAFIYA AQIDASI MOTURIDIYA NOMI BILAN TANILDI

HANAFIYA AQIDASI MOTURIDIYA NOMI BILAN TANILDI

Imom Murtazo Zabidiy (1145-1205 h./1732-1790 m.) “Ithof as-sodat al-muttaqin” asarida naql qiladi [2/14]:

“Imom Abu Hanifa, Abu Yusuf, Muhammad, Zufar va Abu Hanifaning oʻgʻli Hammodlar oʻzlari ilmda peshvo boʻla turib, muxoliflar bilan kalom ilmi boʻyicha oʻzlariga yarasha munozara qilganlar. Shuningdek, Imom Abu Hanifa oʻz zamonida ushbu ummatning mutakallimi boʻlgan”.

Soʻngra imom Zabidiy imom Aʼzamning “al-Fiqh al-akbar”, “al-Fiqh al-absat”, “al-Olim val-mutaallim”, “Vasiyat”, “Usmon Battiyga maktub” kitoblari haqida soʻz yuritadi.

Yuqoridagilardan maʼlumki, ushbu kitoblar imomning oʻz taʼlifotlaridandir. Toʻgʻri, mazkur kitoblarda tilga olingan bu masalalarni imom oʻzining Hammod, Abu Yusuf, Abu Mutiʼ Hakam bin Abdulloh Balxiy va Abu Muqotil Hafs bin Muslim Samarqandiy kabi (Alloh rahmat qilsin) shogirdlariga imlo qilib bergan.

Shuningdek, ayrimlari ularni jamlagan va quyidagi bir guruh imomlar ulardan qabul qilib olgan: imomning nabirasi Ismoil bin Hammod, Muhammad bin Muqotil Roziy, Muhammad bin Samoat, Nasir bin Yahyo Balxiy, Shaddod bin Hakam va boshqalar, sanadi imom Abu Mansur Moturidiyga qadar yetib boradi”. Mana shu toʻliq hanafiylikdir!

Salafiylar faqat oʻzlarinigina ahli sunnaga mansub, deb daʼvo qilmoqdalar. Aslida, ming yildan beri butun ummat ahli sunnaning asl namoyondasi va eng haqli merosxoʻri, deb bilittifoq tan olib kelayotgan va hozirga qadar koʻp sonli ahli sunna ulamolari eʼtirof etib kelayotgan moturidiy va ashʼariylarni faqat kam sonli ayrim salafiylargina “bidʼatchi firqa, adashgan toifa”, deb tuhmat eʼlon qilmoqdalar, quyidagi fitnali, shubhali savollarni qoʻzgʻamoqdalar:

  1. Nega bitta ahli sunna deb emas, balki moturidiya va ashʼariya deb ikki xil nomlandi, oʻzaro farqlarni kelishib, bir boʻlib olishsa boʻlmaydimi?
  2. Agar moturidiya qarashlari Abu Hanifa qarashlariga muvofiq boʻlsa, nega fiqhda hanafiya deb, aqidada esa moturidiya deb nomlandi?

Ularning birinchi savoliga qarshi beshta savol bilan javob beramiz:

  • Nega toʻrt moʻtabar fiqhiy mazhab ahli sunna deb emas, balki hanafiya, molikiya, shofeʼiya, hanbaliya deb nomlangani umum eʼtirof etilgan?
  • Nega hozirda ayrim salafiy voizlar vahhobiya, baʼzilari esa salafiya asl ahli sunnaning mazhabi deya ikki xil atamoqdalar?
  • Nega ular tayanadigan Ibn Taymiya ham oʻzining “Majmuʼatul-fatovo” asarida toʻrt moʻtabar fiqhiy mazhabni ahli sunna deb, salafiya haqida hech narsa demagan?
  • Nega Ibn Taymiyani hanbaliy olimlar oldida tavba qilib, oʻzini “man ashʼariyman”, dedi, ahli sunna yoki salafiy man demadi?
  • Salafiya-vahhobiya atamalarining oʻzi keyin paydo boʻlgan, demak bu bidʼat daʼvodan boshqa nima?!

Ikkinchi savolga javob: ahli sunnaning sof aqidasini bayon qilgan imom Abu Hanifaning taʼlimotini imom Abu Mansur Moturidiy uning asos solgan uslubida davom ettirib, rivojlantirdi. Adashgan oqimlarning bidʼat qarashlariga raddiyalar berishda nafaqat Qurʼon va sunnatni naql qilish bilan kifoyalandi, balki aql, mantiq, kalom va falsafa usullarini ham qoʻllagan holda ahli sunnaning sof aqidasini bayon qilgan, shubhali savollarga aniq ilmiy javoblar berdi. Keyinchalik, shogirdlarining ham xizmatlari bilan bir butun yaxlit aqidaviy maktab sifatida shakllandi va ahli sunnaning moturidiya madrasasi deb nomlandi hamda u zot ahli sunnaning imomi deb tan olindi.

Tojiddin Subkiy (728-771 h./1328-1370 m.) taʼbiri bilan aytganda, hanafiylar, shofeʼiylar, molikiylar va hanbaliylarning fozillari aqidalarda bitta qoʻldir, ularning hammasi ahli sunna val jamoadir. Ular sunnat shayxi Abulhasan Ashʼariy va hidoyat imomi Abu Mansur Moturidiy yoʻli bilan Alloh taologa eʼtiqod qiladilar. Ular bu yoʻldan aslo ogʻishmaganlar. Hanafiy va shofeʼiylardan bir guruhi ushbu yoʻldan ogʻishib moʻtazilaga, hanbaliylardan bir guruhi esa mujassimaga ergashganlar. Molikiylarni esa Allohning oʻzi asragan, ularni ashʼariyadan boshqa aqidada koʻrmadik. Toʻrt mazhab ulamolari qabul qilib olgan va aqida deb rozi boʻlgan tahoviya aqidasi ashʼariya aqidasini oʻz ichiga qamrab olgan. Ummatning salafi – oʻtganlari ushbu aqidadadir. Tahoviyning aqidasi, Qushayriyning aqidasi va murshida deb atalgan aqida ahli sunna val-jamoa asoslarida mushtarakdir. (Tojiddin Subkiy. Muid an-niʼam va mubid an-niqam. – Bayrut: Muassasa al-kutub as-saqofiya, 1986. – B. 62).

Shuningdek, tarixda ayrim murjiʼa aqidasidagilar furuʼ-fiqhda oʻzlarini hanafiyaga nisbat berganlar. Shuning uchun ulardan farqli ravishda hanafiya-moturidiya iborasi qoʻllaniladi. Ayrim asarlarda ahli sunna aqidasiga nisbatan umumiy tarzda ashʼariya atamasi zikr qilinib, undan moturidiya ham nazarda tutilishi koʻpchilikka maʼlum.

Xoʻsh, imom Abu Hanifa kimlarga raddiya bergan? “al-Fiqh al-akbar” matnidagi mavzular, jumlalarning tuzilishi aynan bidʼatchi firqalarning daʼvolariga javob tarzda, undovli bayon qilinadi. Unda ayrim furuʼ-fiqhiy masalalar ham kiritilgani, ahli sunnaning boshqa adashgan firqalardan farqli masala boʻlganidandir. Xoʻsh, imom Abu Mansur Moturidiy-chi, aksar, xususan, “Kitob at-Tavhid” asarining bosh mavzusi boʻlgan raddiyalar kimlarga qaratilgan edi? Albatta, bidʼatchilarga. Ahli sunnaning sof aqidasini ularning qoʻzgʻagan shubhalaridan himoya qilish maqsadida oʻzlarining mantiqiy uslublarini ham qoʻllagan.

Afsuski, bugun bidʼatchi firqalar ahli sunna daʼvosi bilan asl ahli sunna boʻlgan ashʼariy va moturidiylarga tosh otmoqda. Kalom ilmidagi naql va aql uygʻunligi usulidan foydalanganligini ayb, deb qoralamoqdalar.

Bir misol, oʻquvchilarga boshlangʻich sinfda matematika fanidagi hisoblashning asosiy tamoyillari sodda shaklda oʻrgatiladi. Unga koʻra toq son ikkiga boʻlinmaydi (3:2), kichik sondan katta son ayrilmaydi (2-3). Yuqori sinflarda esa murakkablashib boradi. Unga koʻra esa, toq son ikkiga boʻlinadi, natija qoldiqli chiqadi, kichik sondan katta sonni ayirish mumkin, natija manfiy son chiqadi, va hokazo.

Xuddi shunday, ilk hijriy asrlarda musulmonlar aqidasi sodda va ravon anglatilgan, mutashobeh masalalarni qoʻzgʻaganlarning ixtiloflari tezda bostirilgan, bunday savollarni berish bidʼat deb baholangan yoki “uning maʼnosini Alloh biladi”, deb tafviz qilingan. Lekin vaqt oʻtishi bilan bunday savollarni koʻpchilik bera boshlagan va ularga javob bermaslikning umuman iloji boʻlmay qoldi. Mantiqiy savollarga mantiqiy javoblar berish maqsadida masalaga yaqin maʼno berib taʼvil qilishni taqozo etgan. Avvalgi uch asrdagi “salaf” ahlining uslubi asosan tafviz, keyingi “xalaf” ahlining uslubi esa koʻpincha taʼvil boʻldi. Bu qatʼiy taqsim emas, balki har ikkisida ham ikkala uslub uchraydi. Sahoba va tobeinlar tafsirlarida ham koʻplab taʼvillarni koʻrish mumkin. Bu alohida mavzu.

Yana bir misol, Qurʼonda bir mavzuda bir jumla kelgan boʻlsa, ushbu mavzuda bir nechta hadis keladi, keyingi oʻrinlarda uning tafsir va sharhlarida yanada koʻplab qavllar naql qilinadi. Xuddi shuningdek, aqida borasidagi masalalar dastlab qisqa matnlar bilan kifoyalangan boʻlsa, keyingi davr olimlari ularni sharhlash va yanada kengroq bayon qilish uchun koʻplab jild asarlar bitganlar.

Jahongir Tohirov

Check Also

RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM QOʻRQQAN FITNA

(Bir hadis sharhi) Fitnalar har doim boʻlib kelgan. Bunday ishlardan eng yomoni nohaqdan shirk va …