Home / YANGILIKLAR / DINIY-MAʼRIFIY ISLOHOTLARDA YANA BIR MUHIM QADAM

DINIY-MAʼRIFIY ISLOHOTLARDA YANA BIR MUHIM QADAM

Oʻzbekiston zamini asrlar davomida ilm-maʼrifat, zakovat va tafakkur markazi boʻlib kelgan. Ajdodlarimizning buyuk daholari yaratgan oʻlmas hamda bebaho asarlar hozirgacha dunyo sivilizatsiyasi rivojida munosib oʻrin egallab, ularning noyob nusxalari jahon kutubxonalarining eng qimmatli xazinasi sifatida saqlanmoqda.

Koʻp asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ajdodlarimizning bebaho merosini oʻrganish asnosida yoshlarni komil inson qilib tarbiyalash jamiyatda barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhitni taʼminlashning muhim shartlaridan biridir.

Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ezgu gʻoyalar dunyoning nufuzli siyosatchilari, davlat va jamoat arboblari tomonidan ham koʻtarinkilik bilan kutib olinmoqda. Xususan, BMTning In­son huquqlari boʻyicha Oliy komissari Zayd Husayn oʻz intervyusida bugungi notinch va tahlikali zamonda Oʻzbekistondagi mavjud dinlararo hamda millatlararo totuvlik, diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar turli davlatlar uchun oʻrnak boʻlishga loyiq ekanini qayd etgan boʻlsa, AYSЕSKO bosh direktori Salim Muhammad Abdulmalik: “Oʻzbekiston amalga oshirilayotgan bosqichma-bosqich islohotlar va pragmatik tashqi siyosat tufayli Markaziy Osiyoda va xalqaro maydonda taraqqiy etgan siyosiy hamda iqtisodiy markazlardan biriga aylanib bormoqda. AYSЕSKO va shaxsan men Oʻzbekistonning har tomonlama hamda chuqur oʻylangan bunday ichki va tashqi siyosatini yuksak qadrlab, toʻliq qoʻllab-quvvatlayman”, deya eʼtirof etdi.

Albatta, bu islohotlar bevosita davlatimiz rahbarining tashabbusi hamda doimiy eʼtibori samarasidir. Jahonda kechayotgan murakkab siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy boʻxronlar jarayonida bu eng toʻgʻri hamda samarali yoʻl ekani dunyoning boshqa koʻplab davlatlari uchun ibrat boʻlmoqda.

Shu maʼnoda, Prezidentimizning 2021 yil 16 iyuldagi “Oʻzbekistоn Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivili­zatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlarning izchil davomi boʻldi, desak, mubolagʻa qilmagan boʻlamiz.

Zero, uchinchi Renessansning ilmiy-maʼnaviy poydevorini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish borasidagi rolini yanada oshirish hamda buyuk allomalarning jahon tamadduniga qoʻshgan hissasini milliy va xalqaro miqyosda ommalashtirish eng dolzarb vazifalardan boʻlib turgan bugungi sharoitda xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini toʻliq yuzaga chiqarish, uni yangi yutuqlarga ilhomlantirish, bundan-da ulugʻ marralarni egallashga intilishlarini yanada ragʻbatlantirish hamda qoʻllab-quvvatlash zarur.

Ushbu qaror markaz faoliyatida yangi, yanada yuksak bosqichni boshlab berishiga hamda uning oldiga qoʻyilgan vazifalar koʻlami kengroq, teranroq hamda samaraliroq boʻlishida mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qilishiga shubha yoʻq.

Hujjatda markazning yangi maqomi asosiy uchta yoʻnalish orqali belgilab berilgan. Unga koʻra, ushbu muassasa “Uchinchi Renessans — yangi Oʻzbekiston” gʻoyasini keng targʻib qiluvchi, mamlakatimiz tarixining yangi yuksalish davridagi yutuqlarini ilmiy asosda oʻrganuvchi, uni keng jamoatchilikka yetkazib beruvchi, moddiy-madaniy meros namunalarini, islom dini bilan bogʻliq qadimiy va boy anʼanalarni targʻib qiluvchi ilmiy-maʼrifiy maskanga aylantirildi.

Aynan shu maqsadlar kelgusida amalga oshiriladigan ilmiy, maʼrifiy va madaniy ishlarda markaz jamoasi uchun ustuvor yoʻnalish vazifasini ham oʻtaydi.

Muxtasar aytganda, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, ushbu markaz shunday maskan boʻlishi kerakki, u yerga tashrif buyurgan har qanday ziyoratchi qaytib chiqayotganda oʻz tabiati, ruhiyati, dunyoqarashi va feʼl-atvorida Vatanimiz va xalqimizga, milliy qadriyatlarimiz va ulugʻ ajdodlarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosiga munosabatida yaqqol oʻzgarishni his qilishi lozim. Chunki bu markaz faqat islom sivilizatsiyasining shakllanishi va rivojlanishi, erishgan yutuqla­ri emas, balki umuman butun bashariyatning ming yilliklar davomida qoʻlga kiritgan nodir moddiy va maʼnaviy mulki, tadrijiy yoki surʼatli taraqqiyot bosqichlari haqida keng, aniq va boy tasavvur hosil qiladi.

Qarorda belgilangan yangi vazifalar ijrosini toʻlaqonli taʼminlash maqsadida “Yoʻl xaritasi”ning tasdiqlangani markazning haqiqiy harakatlar strategiyasi boʻldi. Unda markaz huzurida respublikamizda ziyorat turizmini rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarga uygʻun holda gid-tarjimonlar tayyorlash va ularning malakasini tizimli oshirib borish, shuningdek, xalqimizning islom manbalarini oʻrganishga boʻlgan intilishlarini hisobga olgan holda bu borada maxsus kurslar tashkil etish belgilandi. Bundan maqsad esa yurtimizdagi tarixiy va meʼmoriy obida hamda ziyoratgohlar tarixini yaxshi biladigan malakali gid-tarjimonlar tayyorlashdir. Islom dinining asosiy manbalarining bir nechta xorijiy tillarni biladigan yetuk mutaxassis kadrlar tomonidan xalqimizga yetkazilishi ham markaz qoshidagi kurslar zimmasiga yuklatildi.

Bunday muhim vazifalarni sifatli va samarali bajarishda moliyaviy koʻmak sifatida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini rivojlanti­rish jamgʻarmasi tashkil etildi. Mazkur jamgʻarma faoliyati ilmiy adabiyotlarni yaratish, chop etish, noyob asarlar va hujjatlarni xarid qilish orqali markaz kitob fondini kengaytirishga yoʻnaltiriladi. Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar ishlarini qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy, ilmiy, maʼnaviy va maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlari ijrosini taʼminlash, shuningdek, konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarni, jumladan, xorijiy mamlakatlarda oʻtkazish, markaz faoliyatida zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilishda jamgʻarma mablagʻlaridan foydalaniladi.

Oʻzbekistonda qadimdan shakllangan amaliy sanʼat turlari — qogʻoz ishlab chiqarish, muqovasozlik va xattotlik kabi sanʼatlarni tiklash borasida ham “Yoʻl xaritasi”da aniq vazifalar belgilab berilgan. Unga binoan markaz huzurida Samarqand qogʻozi, muqovasozlik va xattotlikning qadimiy anʼanalarini tiklash boʻyicha ustaxona-laboratoriya tashkil qilish va shu orqali yurtimizga tashrif buyuradigan xorijiy mehmonlarga xalqimizning bebaho sanʼat namunalarini namoyish etish hamda unutilib borayotgan hunarmandchilik sir-asrorlarini tiklashga zamin yaratish belgilandi.

Muxtasar aytganda, qaror Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tom maʼnoda tamaddun osoriatiqalaridan hikoya qiluvchi maskanga, umumbashariy va islomiy yutuqlarni ochib beruvchi bilim bulogʻiga, hamyurtlarimizni, ayniqsa, yoshlarimizni yot gʻoya va mafkuralardan himoya qiluvchi, toʻgʻri yoʻlga boshlovchi, ezgu gʻoyalar bilan ilhomlantiruvchi, buyuk ishlarga bel bogʻlashga ruhlantiruvchi maʼnaviy-maʼrifiy ziyo muassasasiga aylantiradi.

Shovosil ZIYODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori.
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2021-yil 28-iyul, 157-son

Check Also

Markaz rahbari – Samarqanddagi yirik anjumanda

Bugun, 3-may kuni Samarqanddagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Turkiyadagi Egey universiteti …