Home / YANGILIKLAR / QURBON HAYITI XURSANDCHILIGIMIZ, SAXOVATIMIZ VA SHUKRONALIGIMIZ AJRI BAYRAMI

QURBON HAYITI XURSANDCHILIGIMIZ, SAXOVATIMIZ VA SHUKRONALIGIMIZ AJRI BAYRAMI

Avvalo, ulugʻ ayyom kunlariga yetkazgani uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar boʻlsin. Fazilatli kunlarda qodir Xudodan xalqimizga tinchlik-osoyishtalik, qut-baraka, omonlik tilab, butun dunyoda hamon ogʻir tashvish boʻlib turgan koronavirus kasalligi tezroq insoniyat boshidan arishini soʻrab duolar qilamiz.

Maʼlumki, bugungi sinovli kunlarda xalqimiz dunyo xalqlari boshiga kelgan ushbu kasallikka sabr-matonat, hamjihatlik bilan qarshi kurashmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 13 iyuldagi “Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan muhim vazifalar Qurbon hayitining yurtimizda karan­tin qoidalariga amal qilgan holda, oila davrasida koʻtarinki ruhda oʻtishiga asosiy omil boʻlmoqda.

Qutlugʻ ayyom kunlarida sabru qanoat, shukronalik, ruhiy poklanish, mehr va koʻmakka muhtojlarga yanada eʼtiborli boʻlish, savobli amallar qilish, millatlararo hamjihatlikni mustahkamlash, qoʻshnilar bilan ahillashishdek olijanob fazilatlarni har qachongidan ham yaqqol namoyon etish zarur.

Gap shu haqda borar ekan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda olib borilayotgan bagʻrikenglik, mintaqa xalqlari bilan yaqin birodarlik siyosati ham Allohga xush yoquvchi amallardan ekanini taʼkidlashdan masrurmiz.

Alloh taolo har bir ezgu amalga xayrli ajr ato etadi. Ulugʻ ayyom arafasida Prezidentimiz tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonuni imzolanib, yangi tahrirda qabul qilingani ham barchamizni xursand qildi.

Bu ulugʻ ish xalqimizning hamjihatlikda, birodarlik ruhida Oʻzbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishi bilan hayotimizga yangi mazmun baxsh etmoqda.

Ulugʻ ayyom kunlari davlatimiz rahbari tashabbusi bilan muqaddas yurtimizda yana bir tarixiy, juda ulugʻ va nihoyatda savobli tadbir — “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

Muqaddas dinimizda xalqlar va davlatlar oʻrtasida yaxshi niyatda elchilik qilish, yaʼni yaxshi amallarni, ezgu tashabbuslarni targʻib qilishning savobi nihoyatda ulugʻ ekani koʻp taʼkidlanadi. Shunday ekan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur konferensiya Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari, xalqlarini birlashtirish yoʻlida gʻoyat muhim qadam boʻlganini, bugun shu yoʻlda amaliy harakatlar boshlanganini ham mamnun boʻlib tilga olib turibmiz.

Hozirgi kunda butun dunyo ahli kabi biz ham koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq mushkul vaziyatni boshimizdan oʻtkazmoqdamiz. Karami keng Alloh taolo Qurʼoni karimda insonlarni masʼuliyatli sinov kunlarida sabrli va qanoatli boʻlishga daʼvat etib, “Albatta, qiyinchilik bilan birga yengillik ham bordir”, deya marhamat qiladi.

Qurbon hayiti zulhijja oyining 10-kuniga toʻgʻri kelishi eʼtiboridan, ushbu oy va uning birinchi oʻn kunligi fazilati juda ulugʻ ekani moʻtabar manbalarda bayon etilgan.

Alloh taolo Qurʼoni karimning “Fajr” surasida: “Tongga qasam. (Zulhijja oyidagi avvalgi) oʻn kechaga qasam. Juft va toqqa qasam”, deya marhamat qilgan.

“Juftga qasam”dagi “juft”dan murod zulhijja oyining oʻninchi kuni, “toq”dan murod esa toʻqqizinchi kunidir. Imom Nisoburiy aytadilar: “Alloh taoloning ushbu oʻn kechaga qasam ichishi, bu kunlarning nechogʻliq sharafli va ulugʻ kunlar ekaniga dalolat qiladi, unda dunyoviy va uxroviy manfaatlar borligini koʻrsatadi”.

Hazrati Paygʻambarimiz “Alloh uchun ibodat qilinishga zulhijjaning oʻn kunidan sevimliroq kunlar yoʻq. Uning har kunlik roʻzasi bir yillik roʻzaga, har tundagi ibodat Laylatul qadrdagi ibodatga tengdir”, deganlar.

Yana bir hadisi sharifda “Alloh taoloning nazdida ushbu oʻn kunda qilingan solih amaldan koʻra, mahbubroq va ulugʻroq kun yoʻq. Bu kunlarda tahlil, takbir va hamd-sanoni koʻpaytiringlar”, deb marhamat qilganlar.

Alloh taolo Qurʼoni karimning “Haj” surasi 34-oyatida qurbonlik qilishga buyurib, shunday marhamat qiladi: “Har bir ummatga, ularga chorva hayvonlarini rizq qilib bergan Alloh nomini zikr qilishlari uchun qurbonlik qilishni joriy etganmiz. Bas, ilohingiz yagona ilohdir, Ungagina boʻysuningiz! (Ey Muhammad), itoatli va tavozeʼlilarga xushxabar bering”.

Demak, Alloh yoʻlida qurbonlik qilish Yaratgan Robbimizga itoat va boʻysunishning dalolati.

Qurbonlik diniy ibodat boʻlishi bilan birga, uning axloqiy-ijtimoiy ahamiyati ham bisyordir. U ana shu xususiyati bilan islomdagi oʻzaro ijtimoiy yordamning goʻzal bir namunasi boʻlib kelmoqda.

Qurbon hayiti — xayr-ehson, saxovat, mehr-muruvvat bayrami. Unda qilinadigan qurbonliklar esa jamiyatda kishilar oʻrtasida tenglik, totuvlik kabi insoniy fazilatlar rivoj topishiga xizmat qiluvchi vositadir. Chunki qurbonlik goʻshtidan va undan tayyorlangan taomlardan bir-birlarimizga ehson qilishimiz qalblarimizni yumshatib, odamlar orasida mehr-muhabbat rishtalari yanada mustahkamroq bogʻlanishiga xizmat qiladi.

Shunday ekan, Qurbon hayiti kunlarida savob ishlarni koʻpaytirish, roʻza tutish, takbiri tashriq aytish, poklanish, chiroyli kiyimlar kiyish, xushboʻylanish, nafl ibodat, qurbonlik qilish, yaqinlariga hadyalar ulashish ayni savobli ishlardan boʻladi.

Bu yil Qurbon hayitini karantin talablaridan kelib chiqib, uyimizda, oilamiz bagʻrida oʻtkazamiz. Hayit kuni xonadonimizda ibodatlar qilamiz, nafl namozini ado etamiz. Imkoni borlar uyida qurbonlikni ado etadi, saxovatpesha kishilar esa oʻz xayriyalarini ulashadi.

Zero, ulugʻ allomalarimiz “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”, deganlar. Islomning shiori boʻlgan Qurbon hayitida xursandchiligimizni, saxovatimizni har qachongidan koʻra koʻproq namoyon qilishimiz zarur.

Duoyu iltijolarimizda tinchlik-xotirjamlik, tan-sihatlik va, albatta, katta muammo boʻlib turgan koronavirus kasali tezroq daf boʻlishini soʻraylik. Yaratgan Parvardigor butun dunyo xalqlariga tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni qabul qilsin. Muqaddas Vatanimizni fayzli makon, xalqimiz hayotini esa bundanda farovon aylasin.

Usmonxon ALIMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021-yil 20-iyul, №146(402)

Check Also

Tadqiqotini kutayotgan qoʻlyozmalar bisyor

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon …