Home / YANGILIKLAR / Hadis ilmi maktabida ijodiy imtihon jarayonlari boshlandi

Hadis ilmi maktabida ijodiy imtihon jarayonlari boshlandi

Mamlakatimizda anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan oliy oʻquv yurtlariga qabul imtihonlari doirasida 2021 yil 23 iyul kuni Hadis ilmi maktabida 2021-2022 oʻquv yili uchun “Hadis va mustalahul hadis” va “Arab tili” fanlari boʻyicha ijodiy imtihonlari boshlandi. Erta tongdan abituriyentlar, imtihonda qatnashadigan professor-oʻqituvchilar va maktab jamoasi ishtirokida tadbir boʻlib oʻtdi, deya xabar bermoqda Hadis ilmi maktabi Axborot xizmati.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari, Xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari Homidjon Ishmatbekov ishtirok etdi.

Hadis ilmi maktabi rektori Olimxon Yusupov tadbirni kirish soʻzi bilan ochib, qabul imtihonlariga tayyorgarlik jarayonlari, imtihonlarda abituriyentlarga yaratilgan sharoitlar haqida maʼlumot berib oʻtdi.

Tadbirda ishtirok etgan Muzaffar Komilov, Homidjon Ishmatbekovlar Hadis ilmi maktabining tashkil etilish maqsad va vazifalariga alohida toʻxtalib oʻtib, kelajakda mazkur dargohdan buyuk allomalarimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi ulamolar yetishib chiqishi uchun ezgu tilaklar bildirib oʻtildi. Qabul imtihonlarini yuqori saviyada tashkil etish, imtihonlarni shaffof, ochiq va oshkora oʻtkazilishini taʼminlash, abituriyentlarning eng bilimlilarini saralab olish asosiy maqsad ekani alohida taʼkidlab oʻtildi.

Shuningdek, Din ishlari boʻyicha qoʻmita Diniy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan ishlash boʻlimi boshligʻi B.Rustamov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Taʼlim va ilmiy-tadqiqot boʻlimi mudiri S.Sherxonovlar tomonidan ijodiy imtihon va test sinovlari uchun tayyorlangan qabul materiallari, ijodiy imtihonlarni oʻtkazish tartibi, baholash mezonlari haqida maʼlumotlar berib oʻtildi.

 

Eslatib oʻtamiz, Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun “Oʻzbekiston tarixi” fani boʻyicha test sinovlari ertaga 24 iyul kuni boʻlib oʻtadi.

Manba: religions.uz

Check Also

Tadqiqotini kutayotgan qoʻlyozmalar bisyor

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon …