Home / MAQOLALAR / DINIY BAGʻRIKЕNGLIK VA MILLATLARARO TOTUVLIK – TINCHLIGIMIZ GAROVI

DINIY BAGʻRIKЕNGLIK VA MILLATLARARO TOTUVLIK – TINCHLIGIMIZ GAROVI

Mamlakatimizda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylashga, fuqarolarga oʻz eʼtiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga, ular oʻrtasida qadimiy mushtarak anʼanalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmokda.

Millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni taʼminlash uchun barcha huqukiy asoslar hamda zarur shart-sharoitlar yaratib berilgan. Jumladan, Konstitutsiyamizda “Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar”, deb belgilab qoʻyilgan.

Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan fuqarolar qaysi dinga mansubligidan qatʼi nazar, birgalikda, tinch va osoyishta sharoitda, yurtimiz ravnaqi uchun faoliyat yuritib kelmokda.

Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni imzolandi. Natijada yurtimizda vijdon erkinligiga doir huquqiy asoslar yanada takomillashdi.

Tarixdan maʼlumki, qaysi jamiyat hayotida diniy bagʻrikenglik tamoyillari oʻz ifodasini topsa, oʻsha jamiyatda oʻzaro hurmat va samimiyat barqaror boʻlib, insonlar tinch-osoyishta hayot kechiradi. Tinchliksiz taraqqiyot va farovonlik boʻlmagani kabi diniy bagʻrikengliksiz tinchlik mustahkam emas. Shu bois, insoniyat Yer yuzida hayot kechirishni boshlaganidan buyon bagʻrikenglik tamoyillariga amal qilib yashashga ehtiyoj sezadi.

Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston hududi qadim asrlardan xilma-xil din- larga eʼtiqod qiluvchi xalqlar yashagan oʻlkadir. Oʻzbekistonning jugʻrofiy nuqtai nazaridan muhim savdo yoʻllari chorrahasida joylashgani, koʻplab davlatlar bilan iqtisodiy aloqalar rivojlangani yerli xalqlarning diniy va maʼnaviy hayotiga, shuningdek, Movarounnahrdagi urf-odatlar ham oʻzga yurtlar madaniyati rivojiga salmoqli taʼsir koʻrsatgan. Bu esa oʻziga xos millatlararo hamjihatlik va diniy bagʻrikenglikni shakllantirishdagi asosiy omillardan biri boʻlib xizmat qilgan.

Diniy bagʻrikenglik namunalarini yurtimizda yashab oʻtgan buyuk ajdodlarimiz hayotida ham koʻplab koʻrishimiz mumkin. Jumladan, buyuk sarkarda Amir Temur bobomizning qoʻshini tarkibida yahudiy va yana boshqa dinga mansub askarlar ham xizmat qilgani yoki Soxibqironning bosh farzandi Mironshoh oʻsha paytdagi Fransiya, Ispaniya hamda Angliya kabi davlatlar bilan diplomatik aloqalar uchun masʼul etib tayinlangani fikrimiz tasdigʻidir.

Hindiston xalqi bugungi kungacha Zahiriddin Muhammad Bobur va uning av- lodlarini hurmat bilan yodga oladi. Sababi, boburiylar davlatni adolat hamda diniy bagʻrikenglik asosida boshqargan edi.

Muqaddas islom dinimizda ham “bagʻrikenglik” tushunchasi diniy istilohda “muruvvat” degan maʼnoni anglatib, keng maʼnoda chirkin narsalar va voqealar qarshisida goʻzallikni ustun qoʻyib, mehribonlik qilish hamda har bir voqelikka goʻzallik nuqtai nazaridan yondashish, eʼtiqod, madaniyat, anʼanalarga nisbatan hurmat va ehtirom bilan munosabatda boʻlish demakdir.

Boshqa dinlar singari islom dini ham azaldan insoniyatga asl muruvvatni, dindoshlariga, hatto gʻayridinlar (islomdan boshqa dinga eʼtiqod qiluvchilar)ga ham ehtirom hamda bagʻrikenglik bilan munosabatda boʻlishni oʻrgatib kelgan va kelmoqda. Maʼlumki, islom oʻzidan avvalgi samoviy dinlarni shunchaki hurmat qilish bilan cheklanmay, oʻsha din vakillariga cheksiz muruvvatlar koʻrsatgan. Ularning haq-huquqlarini shariat qonunlari bilan mustaxqamlab qoʻygan. Madaniyat va anʼanalariga ehtirom bilan qaragan. Asrlar davomida bu qoidalarga amal qilib yashagan musulmonlar bir-birlariga va hatto oralarida yashaydigan gʻayridinlarga, ahli zimmaga ham muruvvatning mislsiz namunalarini koʻrsatib, butun insoniyatga ibrat boʻlishdi. Chunki bu Alloh taoloning amri hamda Rasulining ummatga bergan koʻrsatmasi edi. Alloh taolo “Moida” surasida shunday marhamat qiladi: “Ey imon keltirganlar! Alloh uchun (toʻgʻrilikda) sobit turuvchi, odillik bilan guvohlik beruvchi boʻlingiz: biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni ularga nisbatan adolatsizlik qilishga undamasin!”

Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisda esa: “Kim ahli zimmaga biror zahmat yetkazsa, qiyomat kuni meni oʻzining dushmani sifatida koʻradi”, deb marhamat qilganlar. Aynan ana shu hadisni eʼtiborga olgan holda hazrati Umar roziyallohu anhu Amr ibn Os roziyallohu anhuni Misrni fath qilishga yuborayotib: “Ehtiyot boʻling! Yana Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni oʻzingizga dushman qilib qoʻymang”, deb ogohlantirgandilar.

Kurʼoni karimning bir necha oyatlarida millatlararo totuvlik, hamjihatlik, diniy bagʻrikenglik masalalari keng yoritilgan. Jumladan, “Oli Imron” surasida: “Ayting (Ey, Muhammad!): “Allohga, bizga nozil qilingan narsa (Qurʼon)ga va Ibrohim, Ismoil, Isʼhoq, Yaʼqub va (uning) avlodlariga nozil kilingan narsalarga, Muso va Iso hamda barcha paygʻambarlarga Parvardigorlari tomonidan berilgan narsa (vahiy)ga imon keltirdik. Ularning orasida birortasini (tasdiqlashda) farq qilmaymiz va biz Uning oʻzigagina boʻyin sunuvchilarmiz”, deya marhamat qilinadi.

Shu suraning oxirgi oyatida esa: “Ey, imon keltirganlar! Sabr qilingiz, bagʻrikeng boʻlingiz va (Alloh yoʻliga) taxt boʻlib turingiz va Allohdan qoʻrqingiz, zora (oxiratda) najot topsangiz!” deb amr qilingan. Kurʼoni karim oʻzidan oldingi muqaddas kitoblar Zabur, Tavrot, Injilni tan olishga, ahli kitoblarni, yaʼni boshqa din vakillarini hurmat qilishga chaqiradi. Odamlarni oʻzaro mehr-muhabbat, xamkorlikka chorlab, fitna, nifoq va nizo- larning xar qanday koʻrinishini yengib oʻtishga daʼvat etadi.

Muqaddas dinimiz tarixidan ham bagʻrikenglikning yuksak koʻrinishiga namuna boʻla oladigan misollarni koʻplab keltirish mumkin. Jumladan, Paygʻambar sallollohu alayhi vasallam Madinaga hijrat etganlaridan soʻng, u yerdagi yahudiylar bilan ahdnoma tuzib, tinch-totuv va jamiyat manfaati uchun hamkorlik asoslarini belgilab, unga amal qilib yashadilar. Shuningdek, Xaybar gʻazotida musulmonlarga oʻlja tushgan narsalar ichida Tavrotdan bir qancha sahifalar ham bor edi. Yahudiylar kelib, Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan oʻsha sahifalarni qaytarib berishni soʻradi. Paygʻambar alayhissalom ularni yahudiylarga qaytarib berishga amr qildilar. Zero, boshqa din vakillarining qadriyatlarini eʼzozlash islom dinining goʻzal ahloqlaridandir. Shuning uchun yahudiylar uchun muqaddas hisoblangan sa- hifalarga zarracha ziyon yetkazilmay oʻzlariga qaytarildi. Bu voqealar islomdagi diniy bagʻrikenglikning yorqin dalilidir.

Imom Voqidiy va Ibn Asokir Abdulloh ibn Abu Hudrad Aslamiydan rivoyat qilinadi: “Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bilan Jobiyaga keldik. U kishi axli zimmadan bir cholning taom tilanib yurganini koʻrib qolib, uning kimligini soʻradilar. “U ahli zimmadan, yoshi ulgʻayib, zaiflashib qolgan”, deyildi. Umar roziyallohu anhu uning zimmasidagi jizyani bekor qildilar. Keyin: “Undan jizya olib, zaiflashgan chogʻida taom tilantirib qoʻydingizmi?!” deb, Baytu-l-moldan oʻn dirham nafaqa joriy qildilar. Uning oilasi bor edi”.

Kurʼoni karim bizlarga taʼlim bergan yana bir muhim haqiqat, bu, boshqa din vakillari, yaʼni nasroniylar va yahudiylar ibodat qiladigan joylarga chu- qur ehtirom hamda hurmat bilan munosabatda boʻlmoqliqdir. Kurʼonning xabariga koʻra, ahli kitoblar ibodat qiladigan joylar, yaʼni monastirlar (rohiblar uzlatga chekinadigan ibodatxona), butxona (nasroniylar ibodatxonasi) va sinagogalar (yahudiylar ibodatxonasi) Alloh taoloning himoyasidadir. “Haj” surasida: “Agar Alloh odamlarning baʼzilarini baʼzilari bilan daf etib turmas ekan, albatta Alloh nomi koʻp zikr qilinadigan (rohiblarning) uzlatgohlari, (nasroniylarning) butxonalari, (yahudiylarning) ibodatxonalari va (musulmonlarning) masjidlari vayron qilingan boʻlur edi. Albatta, Alloh Oʻziga (diniga) yordam beradiganlarga yordam berur. Shubhasiz, Alloh kuchli va qudratlidir”, deyilgan.

Ushbu oyat har bir musulmonga ahli kitoblar ibodat qiladigan joylarni chu- qur hurmat va himoya qilish muhimligini ochiq-oydin koʻrsatib qoʻygan.

Dinlararo bagʻrikenglik gʻoyasi nafaqat dindorlarning, balki butun jamiyat aʼzolarining ezgulik yoʻlidagi hamkorligini nazarda tutadi hamda tinchlik va barqarorlikning muhim sharti hisoblanadi. Azal-azaldan yurtimizning yirik shaharlarida masjid, cherkov xamda sinagogalar oʻz ibodatchilariga emin-erkin xizmat koʻrsatib kelgani, tariximizning ogʻir sinovli damlarida xam diniy asosda hech qanday mojaro kelib chiqmaganligi xalqimizning dinlararo bagʻrikenglik borasida ulkan tajribaga ega ekanligidan dalolat beradi. Shu bois ham Oʻzbekistonda tom maʼnoda diniy bagʻrikenglikning yuksak anʼanalariga amal qilinayotgani jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda.

Yahudiylar jamoasining vakillaridan biri R. Beneman shu haqda toʻxtalar ekan, Buxoroda dastlabki sinagoga VIII asrdayoq qurilganini, boshqa din vakillari bilan bir qatorda oʻz dinlariga erkin eʼtiqod qilish uchun oʻsha paytdayoq yetarli shart-sharoit yaratib berilganini taʼkidlab, “Oʻrta asr Yevropasi va Vizantiya imperiyasida quvgʻin qilingan yahudiylik Markaziy Osiyoda boshqa dinlar bilan bir xil huquqqa ega edi”, deb yozadi.

Oʻzbek xalqining bagʻrikengligi, turli eʼtiqod va madaniyatlarga hurmat bilan qarashi millat hamda elat vakillari tomonidan chuqur samimiyat bilan eʼtirof etilmoqda. Hozirgi vaqtda yurtimizda 130 dan ortiq millat vakillari, 16 ta diniy konfessiya, 2200 dan ortiq diniy tashkilotlarning diniy bagʻrikenglik asoslariga rioya qilgan holda oʻzaro tinch-totuvlikda umrguzaronlik qilayotgani soʻzimizning yaqqol dalilidir.

Demak, jamiyatning rivojlanishi, tinchlik xamda osoyishtalik, totuvlik va hamjihatlik qaror topishi insonlarning oʻzaro mehr-oqibatli boʻlishi, kattalarni hurmat, kichiklarni izzat qilishi, qarindoshchilik hamda qoʻshnichilik haqlariga rioya etishi, oʻzga din vakillariga bagʻrikengligiga chambarchas bogʻliq. Zero, millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik va hamjihatlik fuqarolik jamiyati rivojlanishining asosiy mezonlaridan biri boʻlib, ushbu tamoyillar yurtimiz taraqqiyoti hamda tinchligining garovidir.

Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
direktori oʻrinbosari
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi
2021 yil 7 iyul, № 142 (7922)

Check Also

Islomda qoʻshnichilik haqlari va odoblari

Xalqimiz qadimdan yuksak qadriyat va urf-odatlariga sodiq millatdir. Shu sababli bu tabarruk zaminda insonlar bir …