Home / MAQOLALAR / AL-FIQH AL-AKBAR IMOM ABU HANIFAGA TЕGISHLI EMASMI?

AL-FIQH AL-AKBAR IMOM ABU HANIFAGA TЕGISHLI EMASMI?

Ahmad ibn Taymiyaning izdoshlari boʻlmish “salafiy”lar tarafdan ahli sunna val-jamoa aqidasida yozilgan mashhur matn al-Fiqh al-akbar asarini imom Aʼzam Abu Hanifaga tegishli emas degan iddao ilgari suriladi. Salafiy imom Alboniyga ayni shu mavzuda savol berishadi. U “imom Abu Hanifaning aqidaga doir hech qanday asari yoʻq” deb javob bergan (“Hidoyat va Nur” turkum koʻrsatuvlari. 52-son).

Umuman salafiylar orasida al-Fiqh al-akbar Abu Hanifaga mansub emas degan fikr keng tarqalgan. Ularga koʻra, Imom Abu Hanifa rahimahulloh hijriy birinchi asrning oxiri va ikkinchi asrning birinchi yarmida (80-150) yashab oʻtgan. Bu davrda hali kitob yozish anʼanasi yoʻlga qoʻyilmagan edi, demak al-Fiqh al-akbarning muallifi imom Abu Hanifa boʻlmagan.

Masalaning qiziq tarafi shuki, xozirgi salafiylarning bu fikri salafiylik asoschisi Ahmad ibn Tayyamiya va uning yaqin shogirdi Ibn Qayyim al-Javziyalarning fikriga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi. “Salafiylar” ulugʻi Shayh ul-islom Ibn Tayamiya “Darʼu taoruzil aql van naql” asarida al-Fiqh al-akbarning muallifi imom Abu Hanifa ekanligini, u kitob Abu Hanifaning shogirdlari orasida mashhur va keng yoyilganini aytib oʻtgan. Shuningdek, yana bir “salafiy” imom ibn Qayyim al-Javziya ham oʻzining “Ijtimo al-juyush al-islamiya” nomli asarida al-Fiqh al-akbar imom Abu Hanifaning asari deb aytib qoʻygan.

Bu ikkisdan tashqari boshqa eʼtiborli olimlar ham al-Fiqh al-akbarning muallifi imom Abu Hanifa rahimahulloh ekanligini aytib oʻtgan. Jumladan: alloma ibn Abulizz Aqidatu Tahoviyaning sharhida aytgan.

Shayh Vahbiy Gʻovajiy Mulla Ali Qori rahimahulloh tarafdan al-Fiqh al-akbarga yozilgan sharhni tahqiq qilarkan shunday degan: “al-Fiqh al-akbar imom Abu Hanifa rahimahullohning imlosi va taʼlifidir. Bu kitob Alloma Zohid Kavsariy tarafdan birinchi bor tahqiq qilib nashr etilgan. Men Madinai munavvaradagi “Orif Hikmat” kutubhonasida al-Fiqh al-akbarning juda yaxshi saqlangan qoʻlyozma nusxasini koʻrdim. Roviylari: Ali ibn Ahmad forisiy, u kishi Nasr ibn Yahyodan, u kishi Abu Muqotildan, u kishi Osim ibn Yusufdan, u kishi esa imom Abu Hanifa rahimahullohning oʻgʻli Hammoddan.

Hijriy 429 yili vafot topgan imom Abdulqohir Bagʻdodiy oʻzining “Usuli din” nomli asarida shunday degan: “Ahli sunna mutakallimlarining avvalgi faqihlari qatorida mazhab egalari imom Abu Hanifa va imom Shofeʼiyni tilga olish oʻrinli. Chunki imom Abu Hanifa qadariyalarga raddan bir kitob yozgan va uni al-Fiqh al-akbar” deb nomlagan. (Usuli din. Abdulqohir Bagʻdodiy. 38 — Bet).

Imom Abulmuzaffar Isfaroiniy ham “at-Tabsir fid-din” nomli asarida bu mavzuga toʻxtalib: “Abu Hanifa rahimahullohning al-Olim val-mutaallim” asari bilan “al-Fiqh al-akbar” asarlarida ahli bidʼat va mulhidlarga raddan ochiq-oydin hujjatlar bor. Bu kitoblarning rivoyati bizga ishonchli va moʻtamad sanadlar bilan Nasr ibn Yahyodan u esa Abu Hanifadan yetib kelgan” deb aytgan. (at-Tabsir fid-din. 113 — Bet).

Yuqoridagilardan xulosa qilib aytish mumkinki, “al-Fiqh al-akbar”ning imom Abu Hanifa rahimahullohga mansubligida shubha yoʻq. Bu kitob Imom Abu Hanifa rahimahullohning imlolari asosida, yaʼni u kishining aytib turishi shogirdlari esa qogʻozga tushirishi asosida yozilgan. Asarni muallifdan Hammod ibn Abu Hanifa, imom Abu Yusuf, Abu Mutiʼ Hakam ibn Abdulloh Balxiy, Abu Muqotil, Hafs ibn Muslim Samarqandiy kabi shogirdlari yozib olgan va boshqalarga rivoyat va kitobat orqali yetkazganlar.

Imom Abu Hanifa rahimahullohning nabirasi Ismoil ibn Hammod, Muhammad ibn Muqotil ar-Roziy, Muhammad ibn Samoa, Nasr ibn Yahyo al-Balxiy, Shaddod ibn Hakamlar esa sahih isnodlar bilan “al-Fiqh al-akbar”ni birinchi roviylaridan olib keyingi avlodga tarqatishgan va asar shu tarzda ishonchli roviylar silsilasi orqali shayh Abu Mansur al-Moturidiy rahimahullohgacha yetib kelgan va u kishi bu asarga sharh bitgan.

Botirjon TOJIBOYEV
Andijon shahar “Gʻishtli” jome masjid imomi

Check Also

ISLOMDA TAVFIQ MASALASI (2-qism)

Tavfiqning tavsifi haqida soʻzimizni davom ettirar ekanmiz, gunoh va yomon ishlardan saqlanish ham Alloh tavfiq …