Home / XALQARO YANGILIKLAR / “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzuidagi onlayn-seminarlar qizgʻin pallaga kirdi

“Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzuidagi onlayn-seminarlar qizgʻin pallaga kirdi

Avval xabar berilganidek, joriy yilning 6 iyul kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda oʻtkazib kelinayotgan “Zarafshon  vohasi tarixi va madaniyati” mavzusi doirasida qator ilmiy maʼruzalarni oʻzida mujassam etgan  onlayn-seminarning navbatdagisi boʻlib oʻtdi.

Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, yurtimizda ilm-fan yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan muassasalar, jumladan, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi arxeologiya instituti, Buxoro Davlat universiteti ilmiy xodimlari hamda xorijiy mamlakatlardagi tadqiqotchi olimlar ishtirok etdi.

Bu galgi seminarda Nyu-york universiteti huzuridagi Qadimgi dunyoni oʻrganish instituti professori Soren Starkning “Antik davr va oʻrta asrlar oʻrtasidagi Buxoro: Buxoro shahristonidagi yangi arxeologik tadqiqotlar” mavzuidagi maʼruzasi tinglandi.

Notiq oʻz maʼruzasida Buxoro vohasi arxeologik boy hudud ekanligini, biroq uning juda oz qismi arxeologik qazishmalar shaklida oʻrganilganligini, soʻnggi besh yil mobaynida esa hududni Antik davr, yaʼni milodiy davr boshlanishiga oid asrlardagi holatini tadqiq etish imkoniyatlari koʻproq yaratilayotganini eʼtirof etdi.

“Ajablanarlisi shundaki, zamonaviy voha ichkarisida va tashqarisida joylashgan barcha yirik joylardan eng kam qazilmalar shaklida oʻrganilgan hudud – bu voha markazining oʻzi, Buxoro shahri hisoblanadi. Shu sababli biz bugungi kunda mazkur hudud toʻgʻrisida Samarqand va Marvni oʻrganganimiz kabi koʻproq maʼlumot toʻplashga ahd qilganmiz”, dedi olim.

Maʼruzachi shuningdek, mavzu doirasidan kelib chiqib, Buxoro shahrining ichki topografiyasi, unda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar, mazkur tadqiqotlarning yoʻnalishlari hamda tadqiq ishlarining natijalari toʻgʻrisida gapirib, vohadagi shaharsozlik anʼanalari qadimdan mavjud boʻlganiga alohida eʼtibor qaratdi.

Seminar davomida Buxoro vohasi tarixiga oid, Buxoro shahrining hozirgi joylari bilan qiyoslangan qiziqarli maʼlumotlar keltirildi.

Voha har qancha oʻrgansa arziydigan, bu esa tarixning hali ochilmagan sahifalari nihoyatda bisyor ekanligidan kelib chiqib, hududni chuqurroq oʻrganishni maqsadga muvofiq deb bilaman va bu yoʻnalishda menga kamarbasta boʻlayotgan oʻzbekistonlik hamkasblarimga minnatdorlik bildiraman, deya notiq oʻz soʻzini yakunladi.

Seminar soʻngida olim tomonidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar qaytarildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Daloilul xayrot” va uning Markaziy Osiyodagi qoʻlyozmalari”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …