Home / MAQOLALAR / OHOD HADISLARNING AQIDA VA FIQH ILMLARIDA ROLI

OHOD HADISLARNING AQIDA VA FIQH ILMLARIDA ROLI

Ohod hadislar va ularning hujjat boʻlish-boʻlmasligiga aloqador bahsli masalalar musulmonlar orasida turlicha shaklu shamoilda namoyon boʻlib turgan. Fiqhiy masalalarda ohod hadisning hujjatligi masalasi deyarli oʻrtaga tashlanmaydi. Ohod hadislar fiqhiy masalalarda boʻlganidek baʼzi shartlar va hukmdagi farqlarga koʻra aqidaviy masalalarda ham hujjat boʻlishi haqiqatga yaqinroq boʻlishiga qaramay, bu mavzu koʻp bahsli munozaralarga sabab boʻlgan.

Ohod hadislar masalasida ulamolar yakdil boʻlgan tomonlari ham, ixtilof qilgan tomonlari ham bor. Doktor Diyab Sulaymular ittifoq qilgan tomonlarni quyidagicha zikr qilgan:

Paygʻambarlarning xabari ilmni ifodalaydi.

Musulmonlar ohod xabarni qabul qilsa, u ham ilmni ifodalaydi.

Musulmonlar ohod xabar taqozosiga amal qilishga hamfikr boʻlsalar, hamfikr boʻlishda unga tayansalar bu xabar ilmni ifodalaydi. Zero, bu ummat faqat sahih xabarlarga tayanib ish koʻradi. Chunki musulmonlar zalolat ustida birlashmaydilar.

Adolatli boʻlmagan yolgʻiz roviyning xabari ilmni ifodalamaydi.[1]

Ohod hadislar bilan aqidaviy masalalarni sobit qilish borasida ulamolar orasida ixtilof bor. Yaʼni ular ohod xabar yaqin (aniq ilm)ni ifodalash yoki ifodalamasligida hamfikr boʻlmagan. Imom Ibn Hazm Andalusiy bu ixtilofni naql qilib quyidagilarni yozadi:

“Bir nafar adolatli roviy biror xabar beradigan boʻlsa, uning xabari ilmni ifoda qilish-qilmasligida ulamolar ixtilof qilgan”[2].

Shunga koʻra, ulamolar bu masalada uch guruhga boʻlinishgan:

Birinchi guruh: ular fikricha, ohod xabar mutlaqo ilmni ifodalamaydi. Bu – koʻpchilik usulul-efiqh ulamolari va mutakallimlar mazhabi. Shuningdek, uch imom Abu Hanifa, Molik, Shofeiy hamda hanbaliy mazhabi muhaqqiqlarining ham qarashi shudir. Ular nazdida ohod xabar amalni vojib qiladi, ammo ilmni ifodalamaydi. Qoʻshimcha belgilar boʻladimi yoki yoʻqmi, barobardir. Imom Ibn Uqayl, Ibn Javziydan, shofeiylarning Navaviy, Abu Bakr Boqilloniy, Abu Homid Isfaroiniy, Ibn Burhon, Faxriddin Roziy, Omidiy, Imomul Haramayn, Ibn Hojib, Subkiy, Bayzoviy, Abul Husayn Basriy kabi koʻpchilik ulamolaridan ham shu fikr naql qilingan. Shayxul islom Zakariyo Ansoriy ham shu fikrni qoʻllab-quvvatlagan[3].

Ikkinchi guruh: ular fikricha, ohod xabar mutlaqo ilmni ifodalamaydi. Bu – Ahmad, Dovud Zohiriy, Horis Muhosibiy, Karobisiy va koʻpchilik muhaddislar mazhabi. Salaflarning aksariga ham shu fikr nisbat berilgan. Hozirgi davrda shayx Ahmad Shokir, Nosiruddin Alboniy kabilar ham shu fikrni ilgari surgan. Shavkoniy bunday degan: “Ahmad ibn Hanbal: “Albatta, ohod xabar yolgʻiz oʻzi ilmni ifodalaydi”, degan. Ibn Hazm buni “Al-ihkom”da Dovud Zohiriy, Husayn ibn Ali Karobisiy, Horis Muhosibiydan naql qilgan va biz ham shu fikrdamiz degan. Uni Ibn Xuvayz Mindod Molik ibn Anasdan hikoya qilgan va shu fikrni ixtiyor qilib, bu masalani uzoq bayon qilgan. Qaffol Shoshiy ham ohod xabar ochiq ilmni vojib qiladi, degani rivoyat qilingan”[4].

Ibn Saloh: “(Ohod xabarlardan) Buxoriy va Muslimda kelganlari yaqinni ifodalaydi. Nazariy ilm ham uni inkor qilgan kishilarga xilof ravishda u bilan voqe boʻladi. Ular shuni hujjat qilishadiki, ohod xabar aslida faqat zonni (aniq ilm darajasiga yetmagan ilmni) ifodalaydi. Musulmonlar uni qabul qilishgan. Chunki zonnga amal qilish ularga vojibdir. Zonn xatoga olib borishi ham mumkin”, degan. Ibn Saloh soʻzini davom ettirib shunday deydi: “Men avvallari shu fikrga moyil boʻlib, uni kuchli deb hisoblab yurgan edim. Keyinroq menga ayon boʻldiki, oʻzimiz ilgari tanlagan yoʻl toʻgʻriroq ekan. Chunki xatodan maʼsum zotdan sodir boʻlgan zon xatoga olib bormaydi. Musulmonlar yakdil fikrda boʻlsalar, xatoga yoʻl qoʻyishdan himoyalangandirlar”[5].

Ibn Qozi Jabal: “Hanbaliylar mazhabi shuki, musulmonlar tomonidan qabul qilingan ohod xabarlar din asoslarini sobit qilishga yaraydi. Qozi Abu Yaʼlo buni “Muqaddamatul muharrar”da, shayx Taqiyuddin oʻzining “Aqida”sida zikr qilgan”, deb yozadi[6].

Uchinchi guruh: ular fikricha, ohod xabarning barcha qoʻshimcha belgilari mavjud boʻlsa, u ilmni ifodalaydi. Ikki “Sahih”da kelgan hadislar bunga misoldir. Chunki musulmonlar ularni qabul qilishgan. Ibn Saloh, shuningdek shofeiy mazhabining Abu Isʼhoq Isfaroiniy, Abu Homid Isfaroiniy, Qozi Abu Toyyib, Abu Isʼhoq Sheroziy kabi ulamolari, hanafiylardan Saraxsiy, molikiylardan Qozi Abdul Vahhob, hanbaliylardan Abu Yaʼlo, Abul Xattob va Ibn Zogʻuniy, ashʼariylardan Ibn Favrak kabi koʻpchilik ahli imlar shu fikrda boʻlishgan. Salaflar tutgan yoʻl shuki, musulmonlar qabul qilgan hadis qatʼiydir[7].

Shavkoniy: “Ohod hadislar oʻzi mustaqil ravishda ilmni ifoda qilmaydigan xabardir. Umuman ifodalamaydimi yoki qoʻshimcha tashqi belgilar vositasida ifodalaydimi, barobardir. Binobarin, mutavotir xabar bilan ohod xabar oʻrtasida hech qanday vosita yoʻq va bu koʻpchilikning fikridir”, degan[8].

Ulamolarning bu masaladagi qarashlaridan ayon boʻladiki, quyidagi shartlar topilgan qoʻshimcha belgilari bor ohod hadislar ilmni ifodalaydi:

Din asoslarini emas, juzʼiy aqidaviy masalalarni sobit qilishi. Demak, u kishini kofir yoki moʻminga chiqarishda asos boʻlmaydi.

Qurʼoni karimda umumiy kelgan va ohod xabarlar uni batafsil yoritib kelgan aqidaviy masalalarni sobit qilishi.

Aqlga ham, fitratga ham qarshi boʻlmasligi.

Dinning tasdiqlab qoʻyilgan qoidalaridan hech biriga zid kelmasligi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, eʼtiqod masalalari qatʼiy va mutavotir xabarlar bilan sobit boʻlganidek, ohod xabarlar bilan ham sobit boʻladi. Ammo hukm jihatidan ikkisining orasida farq boʻladi. Qurʼoni karimda qatʼiy sobit boʻlgan va hadisi shariflarda mutavotir ravishda kelgan eʼtiqod masalalarini inkor qilgan shaxs kofir boʻladi.
Ohod hadislar ila sobit boʻlgan eʼtiqodiy masalalarni rad qilgan odam esa kofir boʻlib, Islomdan chiqib ketmaydi, balki fosiq boʻladi. Yuqorida zikr qilinganidek, avvalgi oʻtgan ulamolarning koʻpchiligi: “Ohod xabarlar aqiydaviy va fiqhiy masalarda birdek hujjat sifatida qabul qilinadi, ularning koʻpi ilmi yaqiynni ifoda etadi”, deganlar.

A.Neʼmatov
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
[1]Doktor Diyab Sulaym. Ohod xabar va uning qanchalik hujjatligi, Dorul hudaa nashriyoti, 43-44-betlar.
[2]Al-ihkom fi adillatil ahkom, 2-jild, 48-bet.
[3] Doktor Yusuf Qarazoviy. Hadisi sharif maʼrifat va madaniyat manbasi sifatida, 91-93-betlar. Shuningdek, qarang: Tadribur roviy sharhu taqribin Nabaviy, 1-jild, 132-bet; Sharhun Navaviy ala sahihi Muslim, 1-jild, 20-bet; Omidiy. Al-ihkom, 41-bet; Al-Mustasfo, 1-jild, 142-bet; Favotihur rohamut sharhi musallamus subut, 2-jild, 123-bet; Doktor Shaʼbon Muhammad Ismoil. Dirosotun havlal Qurʼani vas sunnati, 293-294-bet. 
[4] Irshodul fuhul, 48-bet. Halabiy nashriyoti. Qarang: Doktor Yusuf Qarazoviy. Hadisi sharif maʼrifat va madaniyat manbasi sifatida, 91-93-betlar.
[5] Muqaddimatu Ibn Saloh. Doktor Oysha Abdurahim tahqiqi bilan, Dorul kutub nashriyoti, 14-bet.
[6]Al-musvadda li oli taymiya, 247-248.
[7]Qarang: Doktor Yusuf Qarazoviy. Hadisi sharif maʼrifat va madaniyat manbasi sifatida, 91-93-betlar.
[8]Irshodul fuhul, 48-bet. Halabiy nashriyoti.

Check Also

OʻSMIR XULQ-ATVORI VA UNING IJTIMOIY-MAʼNAVIY HAYOT BILAN BOGʻLIQ DETERMINANTLARINI OʻRGANISH

Oʻsmir xulq atvori tushunchasini tahlil etish, uning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlarini  oʻrganish muhim masala hisoblanadi. Xulq-atvor, yaʼni …