Home / MAQOLALAR / DUNYOVIYLIK — DINSIZLIK EMAS

DUNYOVIYLIK — DINSIZLIK EMAS

Bugungi kunda turli mutaassib kuchlar tomonidan diniylik va dunyoviylik nisbati buzib talqin qilinib, davlatga oid dunyoviy ishlardan dinni ajratish axloqsiz jamiyat qurishga olib kelishi haqidagi noxolis daʼvolar tobora koʻproq yangramoqda.

Musulmonlarning dunyoviy davlatda yashashi ilmiy isbot talab qilmaydi. Nafaqat Gʻarbiy Yevropa, Amerika yoki Avstraliyadagi aholining ozchiligini tashkil qiluvchi musulmonlar, aholisining mutlaq koʻpchiligi musulmonlardan iborat Turkiya, Oʻzbekiston tajribasi ham shundan dalolat beradi. Vijdon erkinligi xalqaro miqyosda barcha demokratik tizimlarda kafolatlangan va inson huquqlariga oid xalqaro deklaratsiyada belgilab qoʻyilgan muhim huquq hisoblanadi. Demokratik nazariya, bir tomondan, dinni undan siyosiy maqsadlarda foydalanishga urinishlardan saqlaydi, boshqa tomondan esa, uni mutaassiblik va jaholatda ayblashlardan himoya qiladi.

Dunyoviylik tushunchasini diniylik bilan mutlaq qarama-qarshi qoʻyish toʻgʻri emas. Ular dunyo va inson hayotining mohiyatiga turlicha qarash usullaridir. Dunyoviylik tushunchasida diniy tashkilotlarni siyosiy tashkilotlardan ajratish va diniylikni barcha uchun asos qilib olmaslik tamoyili turadi. Dindorlik esa, qalbga bogʻliq hissiyot. Uni barchaga majburiy singdirish hech qaysi diniy tamoyilga toʻgʻri kelmaydi. Dunyoviy taraqqiyot yoʻlini tutgan davlatlarda garchi din davlatdan ajratilgan boʻlsa-da, jamiyatdan ajralmagan. Bugungi kun voqeligi shuni koʻrsatyaptiki, dunyoviy va diniy qadriyatlar muvozanati buzilgan jamiyatlarda ijtimoiy taraqqiyot masalasida jiddiy muammolar kelib chiqmoqda.

Islom dinida dunyoviylikka dinga yot tushuncha sifatida qaralmaydi. Islom dinining muqaddas manbalari — Qurʼoni karim va Sunnada ham dunyoviylik tamoyillari asosini koʻrishimiz mumkin. Qurʼoni karimdagi “Dinda (dinga) zoʻrlash yoʻq” (Baqara, 256) oyatida dunyoviylikning eng muhim asoslaridan biri mujassam boʻlgan. Unga koʻra, diniy hayot tarzini majburlab singdirish mumkin emas. Ushbu oyatning soʻnggi nozil boʻlgan oyatlardan ekani ham alohida eʼtiborga molik.

Diniylik va dunyoviylik haqida soʻz borganda, davlatchilik mavzusini ham nazardan chetda qoldirish mumkin emas. Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom Madinaga koʻchib oʻtganlarida tuzilgan tarixiy hujjat — Madina sahifasida (zamonaviy tilda Madina konstitutsiyasi) dunyoviy davlatchilikning muhim jihatlarini koʻrish mumkin. Ushbu sahifa Madinadagi turli ijtimoiy guruhlarning oʻzaro tinch-totuv yashashini taʼminlashga qaratilgan edi. Sahifada eski urf-odat va anʼanalar eʼtirof etildi, barcha toifalarning dini, kelib chiqishidan qatʼi nazar, tengligi koʻrsatib oʻtildi, ichki va tashqi xavfsizlik hamda hamkorlik masalalari qayd etildi. Shu bilan birga, siyosiy tashkilotning tamomila yangi koʻrinishdagi tamoyillari ishlab chiqildi: tashqi dushmanga qarshi birdamlikda harakatlanish va jamoaning (shahar aholisining) barcha vakillarini birdek himoya qilish, har qanday jinoyatchini yakkalab qoʻyish, yaʼni uning urugʻ va qabilasi himoyasidan ajratilishi tufayli qabilalararo nizolarga barham berilishi, barcha aholi yagona xalq (ummat) deb qaralishi va hokazo.

Sahifada fuqarolik, yaʼni bir davlatning teng huquqli va toʻlaqonli aʼzosi boʻlish imkoniyati ham yoritilgan edi. Yaʼni dini, qabilasi, urugʻidan qatʼi nazar, bir davlat hokimiyati ostida fuqarolik taʼminlanishi, ularning barchasi oʻz dinini saqlagan holda bir jamiyatga birlashishi Sahifaning 1, 2, 25-35 va boshqa bandlarida qayd etildi. Mazkur hujjatda musulmonlar va boshqa din vakillari oʻrtasidagi munosabat fuqarolik tamoyili asosida barpo etilishi koʻzda tutilgan. Natijada turli diniy, siyosiy qarashlarga ega insonlarning bir davlat hokimiyati ostida teng huquqli boʻlib yashashi Madina sahifasida kafolatlandi.

Islom dini taʼlimotida davlat siyosiy tuzilmasining muayyan shakli koʻrsatilmagan boʻlib, faqatgina umumiy tamoyillar belgilangan. Ulamolar bu tamoyillar 4 ta ekanini aytadi: tenglik, erkinlik, adolat va mashvarat. Ushbu tamoyillar oʻrnatilsa, davlat qanday shaklga ega ekanidan qatʼi nazar, u islom diniga muvofiq keladi. Davlat boshqaruvi tizimi oʻz diniy qiyofasidan dunyoviylikka yuz tutishi 4 xalifa davrida namoyon boʻla boshlagan edi. Ana shu davrning oʻzidayoq davlat axloqiy-diniy darchali dunyoviy tus kasb eta boshladi. Fors va rumliklardan oʻzlashtirilgan tajriba sifatida devonlar tuzildi, davlatda vazifalar taqsimoti amalga oshirildi. Bu devonlar, asosan, dunyoviy maqsadlar yuzasidan barpo etilgan edi: pochta, qoʻshin, muhrdorlik, ishchilar devonlari…

Bugungi kunda ayrim buzgʻunchi kuchlar tomonidan zamonaviy dunyoviy qonunchilik asosida hayot kechirish musulmonlar uchun maqbul emasligi haqida soxta daʼvolar tarqatilmoqda. Vaholanki, dunyoviy qonunlar haqida yetuk islom ulamolarining fikrlarini quyidagicha umumlashtirish mumkin: zamonaviy jamiyatlarning oʻz manfaatlarini koʻzlab chiqargan qoidalari garchi shariatdan olinmagan boʻlsa-da, lekin shariatga zid kelmasa, ular ham shariatga muvofiq hisoblanaveradi. Inson tabiatiga xos boʻlgan ayrim tamoyillar borki, ular faqat bir holatdagina oʻzgarishi mumkin, qachonki fitrat buzilsa. Erkinlik, adolat, tenglik, rahmdillik, zoʻravonlikni yomon koʻrish, zulmni rad etish zamon va makon oʻzgarishi bilan ham oʻzgarmaydigan tamoyillardir. Mana shu tamoyillar asosida jamiyatda bir-biridan farqlanuvchi qonunlar ishlab chiqilgan. Har bir jamiyat muayyan bir davrda oʻzining sharoiti va imkoniga qarab yuqoridagi tamoyillarga zid kelmaydigan qonunlarni ishlab chiqishi mumkin. Ammo hozirgi kunda diniy davlat qurishni daʼvo qilayotganlar dindagi oʻzgarmas tushunchalar va oʻzgaruvchan tushunchalarni farqlamay aralashtirib yuborishi oqibatida odamlar nazarida islom dini taraqqiyotni ortga tortuvchi, oʻtgan asrlarga qaytaruvchi qoloqlik dini sifatida gavdalanmoqda. Bu esa, islomning taraqqiyparvar mohiyatini tushunib yetmaslikdandir.

Yuqoridagilardan koʻrinadiki, islom dinida dunyoviylikka dinsizlik sifatida baho berilmagan. Dunyoviy ishlar shaxs va jamiyat manfaatini koʻzlar ekan, ular din taʼlimotlarida doim qoʻllab-quvvatlangan. Din dunyoviy ishlarning maʼnaviy jihatlarini tartibga solib turgan. Umuman, demokratik tizimlarning konstitutsion normalarida davlat va din oʻrtasidagi munosabatlar masalasidagi ikki jihat yaqqol ajralib turadi. Birinchi navbatda, din jamiyatda insonparvarlik ruhiyatining shakllanishida yuksak maʼnaviyat bulogʻi, beqiyos axloqiy tarbiya manbai, insonlarni halollik, poklik kabi fazilatlarga undovchi qadriyat sifatida eʼtirof etiladi. Qolaversa, dindan gʻarazli maqsadlarda foydalanish, dinni niqob qilib siyosatga aralashish, hokimiyatga intilish kabi holatlar man etiladi.

Oʻzbekiston tanlagan taraqqiyot yoʻli — dunyoviy demokratik yoʻl. Din axloqiy tarbiya sohasida muhim ahamiyatga ega. Xalqimiz diniy eʼtiqodni chuqur hurmat qilgan holda, dunyoviy taraqqiyot yoʻlidan ildam bormoqda. Shu oʻrinda siyosiy maqsadlar yoʻlida dindan niqob sifatida foydalanish, diniy davlat barpo etishga boʻlgan har qanday koʻrinishdagi harakat dunyoviy qadriyatlarga asoslangan konstitutsiyamiz va amaldagi qonunlarimizga zid ekanini taʼkidlab oʻtish lozim.

Ibrohim USMONOV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 3 iyul, № 135 (391)

Check Also

MUQADDAS DINIMIZDA OʻTGANLARNI XOTIRLASH VA TIRIKLARNI QADRLASH HAQIDA

Islom dini insonlarni odob-axloq, yaxshilik va ezgulikka chorlaydi. Shu bois, unda oʻtganlarni xotirlash, ularning haqiga …