Home / MAQOLALAR / MOTURIDIYLIK TAʼLIMOTINING BUXORODA TARAQQIY ETISHI

MOTURIDIYLIK TAʼLIMOTINING BUXORODA TARAQQIY ETISHI

Qadimdan ilm-maʼrifat markazlaridan biri boʻlgan Buxoro bugungi kunda ham islom olamida bebaho qoʻlyozma asarlar qoldirgan buyuk allomalari, goʻzal va betakror tarixiy obidalari bilan jahon ilm ahlining eʼtirofiga sazovor boʻlib kelmoqda. Tarixda “Qubbatul islom” deya nomlangan aynan shu tabarruk zaminda Abu Hafs Kabiyr Buxoriy, Imom Buxoriy, Ibrohim Saffor Buxoriy, Nuriddin Sobuniy Buxoriy, Muhammad ibn Abu Bakr Buxoriy va boshqa koʻplab islom bilimlari rivojiga ulkan hissa qoʻshgan allomalar yashab ijod qilishgan. Bunday buyuk zotlarning boy ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish borasida hozirda samarali ishlar olib borilmoqda. Ammo hanuzgacha ilm ahliga, xalqimizga nomlari tanish boʻlmagan, dunyo fondlarida oʻz tadqiqotchisini kutib yotgan allomalarimizning tarixiy, ilmiy merosini topish va tadqiq qilish ishlarini yanada rivojlantirish bugungi kun tadqiqotchilari oldida turgan dolzarb vazifadir.

Oʻrta asrlarda Buxoroda hanafiylik mazhabi va moturidiy kalom maktabining rivojlanishiga Buxorolik allomalar ham munosib hissa qoʻshishgan. Quyida Buxoro zaminidan yetishib chiqib, fiqh va kalom ilmlari sohasida ulkan ilmiy meros qoldirgan zabardast allomalar haqida toʻxtalamiz.

Maʼlumki, Moturidiy aqidasi va uning gʻoyalari uning vafotidan soʻng, shogirdlari va izdoshlari tomonidan keng yoyilgan. Bu oʻrinda buyuk mutakallim Abu Muin Nasafiyning xizmatlari beqiyos. Abu Muin Nasafiy Samarqand va Buxoroda taʼlim olib, keyin muayyan vaqt dars berish uchun ushbu shaharlarda yashagan. U zot Buxoroda boʻlgan vaqtda u kishidan Ibrohim Saffor Buxoriy va Nuriddin Sobuniy Buxoriylar kalom ilmidan taʼlim olishgan.[1]

Manbalarda Muhammad ibn Abu Bakr Imomzoda Buxoriy nomli alloma ham Buxoroda moturidiylik taʼlimotini tarqalishida hissa qoʻshgan olimlar qatorida zikr qilingan.

Ibrohim Saffor Buxoriy oʻz davrida zamondoshlari orasida hanafiy fiqhini yaxshi bilganligi uchun “Faqih”“Zohid” , “Ruknul islom” kabi unvonlarga sazovor boʻlgan. Mutakallimning hayoti va ilmiy-maʼnaviy merosi, xususan, kalom ilmiga oid taʼlimoti moturidiyya madrasasi asosida tadbiq etilgan.

Saffor Buxoriyning otasi, bobosi va katta bobolari ham hanafiy fiqh ilmi sohasida ulkan salohiyatga ega olimlardan boʻlishgan.[2]

Tabaqot kitoblarida Saffor Buxoriyni 460/1065 yilda Buxoroda tugʻilganligi qayd etilgan. Uning vafoti haqida aksar manbalarda 534/1139 sana zikr qilinadi. Alloma 74 yil umr koʻrib, rabiyʼul avval oyining 26-kunida Buxoroda vafot etgan.

Saffor Buxoriy otasi Ismoil ibn Abu Nasr (vaf.461/1069), Abu Hafs Umar ibn Mansur ibn Bazzoz (vaf.466/1074), Abu Muhammad Abdulaziz Kirmoniy, Abu Muhammad Fazl Karudiy va Abu Yaʼqub Sayyoriy kabi olimlardan taʼlim olgan.

Abdulkarim Samʼoniy (vaf. 562/1166), Abu Muhomid Qavomiddin Hammod ibn Ibrohim Saffor (vaf. 576/1180), Abulmafoxir Hasan ibn Mansur Oʻzgandiy Fargʻoniy (vaf. 592/1196) va Abu Abdulloh Nosiriddin Oʻshiylar Saffor Buxoriyning shogirdlari boʻlishgan.

Saffor Buxoriy kalom ilmiga oida “Talxisul adilla li qavoidi tavhid (Tavhid qoidalari haqida dalillarning qisqacha mazmuni)” va “Risola fil kalom” (Kalom ilmi haqida risola)” nomli asar yozib qoldirgan.

Mazkur asarlarining qoʻlyozma nusxalari hozirgi kunda Turkiya, Misr, Buyuk Britaniya, Germaniya, Bagʻdod, Madrid va Parij kitob fondlarida saqlanmoqda[3].

Saffor Buxoriyning asarlari ilm ahli tomonidan yuksak baholanib, hatto hozirgi kunda sharq va gʻarb sharqshunos, islomshunos va kalom ilmiga qiziquvchilar orasida katta obroʻ-eʼtiborga ega. Xususan, allomaning “Talxisul adilla” asari bir necha bor sharq va gʻarb kalomshunoslari tomonidan tadqiq etilgan.

2019 yil Gʻofur Gʻulom nashriyotida allomaning “Risola fil kalom” asari oʻzbek tiliga oʻgirilib nashr etildi. Allomaning kalom ilmiga oid mazkur ikki asarining elektron qoʻlyozma nusxasi hozirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qoʻlyozmalar fondida saqlanmoqda.

Nuriddin Sobuniy ham Buxoroda moturidiylik taʼlimotini keng yoyilishiga hissa qoʻshgan ulamolaridan biri boʻlib, uning toʻliq ismi Ahmad ibn Mahmud ibn Abu Bakr, kunyasi Abu Muhammad. Koʻpincha tabaqot kitoblarida uning ismiga “Imom” va “Nuriddin” laqablari qoʻshib aytiladi. Kalomga oid manbalarda esa uning ismini koʻp hollarda “Nuriddin Sobuniy” deb zikr qilishgan[4].

Sobuniyning hayoti haqida maʼlumotlar koʻp boʻlmasa-da, uning boy oilaga mansub boʻlib, sovun ishlab chiqarish hunari bilan shugʻullanganligi sababli bu oilaga “Sobuniy” nisbasi berilganligi manbalarda yozilgan. Sobuniy Abu Yusr Pazdaviy (vaf. 493/1099 y.), Alouddin Samarqandiy (vaf. 539/1144 y.), Alouddin Usmandiy (vaf. 552/1157 y.) va Ibrohim Saffor Buxoriy Hanafiy (vaf.534/1139 y.) kabi allomalar bilan zamondosh boʻlgan[5].

Nuriddin Sobuniyning asarlari koʻpchilik olimlar ixtilofda boʻlgan, kalomga tegishli masalalarni tushunarli, sodda tilda va yengil uslubda yozilganligi bilan ajralib turadi. Baʼzi olimlar oʻzlarining asarlarini yozishda Sobuniyning kitoblaridan naqllar, iboralar va dalillar keltirishgan. Manbalarda Nuriddin Sobuniy va shayx Rashididdin oʻrtasida ilmiy munozaralar boʻlib oʻtgani haqida maʼlumotlar mavjud. Bu shundan dalolat beradiki, Sobuniy fors tilini ham yaxshi bilgan[6].

Nuriddin Sobuniy kalom ilmini ustozi Abu Muin Nasafiydan uning “Tabsiratul adilla” asari asosida oʻrgangan[7].

Taniqli Ashʼariy olim Faxriddin Roziy Nuriddin sobuniy bilan kalom ilmi sohasida juda koʻp bor munozaralar olib borgan. Xususan, “Allohni koʻrish”, “takvin va mukavvan” va “Boqiylik” masalasida Roziy va Sobuniy uzoq bahslashgani manbalarda keltirilgan. Bundan koʻrinadiki, Roziy Sobuniyni oʻziga munosib raqib deb eʼtirof etgan va uni Abu Muin Nasafiyning shogirdi ekanini tan olgan. Hatto, unga qarata “Ey kishi! Men Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla” asarini oʻqib, tahqiq va tadqiq borasida undan afzali yoʻq ekaniga amin boʻldim” degan.[8]

Sobuniyning ilmiy ijodida moturidiylik qarashlari yetakchilik qiladi. U asarlarida turli chalkash va tortishuvli masalalarni ajoyib tushunarli tilda bayon qilgan boʻlib, Abu Mansur Moturidiy va Abu Muin Nasafiyning qarashlarini umumiy maʼnoda qabul qilib asoslashga harakat qilgan, moturidiylikning tizimli mazhab holiga kelishi uchun katta xizmat qilgan. Kalom ilmidan boshqa yoʻnalishda asar yozmagan boʻlsa-da, kitoblarining maʼlum bir qismi koʻp bora koʻchirilishini hisobga olsak, Sobuniyning olimlar orasida eʼtiborga ega boʻlganligi maʼlum boʻladi.

Nuriddin Sobuniy 1184 yil 30 may kuni (hijriy 580 yil safar oyining oʻn oltinchi kuni) asr namozidan soʻng, olamdan oʻtgan va Buxorodagi “yetti qozi” qabristoniga dafn etilgan[9].

Sobuniyning “Bidoya fi usulid din” “Boshlangʻich din asoslari”, “Kifoya fil hidoya” “Hidoya haqida muxtasar kitob” va “Al-muntaqo min ismatil anbiyo” “Gunohlardan holi boʻlish faqat paygʻambarlarga xos” nomli asarlari bizgacha yetib kelgan.

Sobuniyning mazkur asarlarinig ikkita elektron qoʻlyozma nusxasi Turkiyaning “Lalale” va Saudiya Arabistonidagi “Podshoh Abdulaziz” kutubxonasidan Markaz qoʻlyozmalar fondiga olib kelindi.

Uning asarlari bugungi kunda ham islomshunoslik yoʻnalishida kalom darslarida oʻqitilishi bilan alohida eʼtiborga sazovor boʻlib, kalom ilmining barcha masalalaridan xabardor boʻlishni istagan oʻquvchi uchun eng qulay manbalardan biri boʻlib xizmat qiladi.

Tarixda “Imomzoda” nomi bilan tanilgan Muhammad ibn Abu Bakr Buxoriy hanafiylik va moturidiylik taʼlimoti Buxoroda taraqqiy etishida xizmat qilgan allomalardan hisoblanadi. Alloma Buxoro markazidan 4 farsax (23 km) uzoqlikda joylashgan “Shargʻ” qishlogʻida hijriy 491, milodiy 1098 yilda tavallud topgan [10].

Alloma “Imomzoda”, “Shargʻiy”, “Jugʻiy”, “Jargʻiy”, “Ruknul islom”, “Voiz”, “Muftiy ahli Buxoro”, “Majdud din” va “Sadiydud din” kabi laqablar bilan laqablangan. U bir muddat Buxoroda muftiylik vazifasida ham faoliyat olib borib, fiqh, kalom, tasavvuf va adabiyot ilmlarida yetuk alloma boʻlgan [11].

Imomzoda Abul Fazl Zaranjariy (v.512), Abu Bakr Surxakatiy (v.518), Roziyyuddin Nishopuriy (v.585) va Xoja Yusuf Hamadoniy (v.535)lardan fiqh va kalom ilmlarini oʻrgangan.

Burhonul islom Zarnujiy (v.610), Shamsul aimma Kardariy (v.642), Jamoliddin Mahbubiy Buxoriy (v.630), Ahmad ibn Abdulmalik ibn Umar ibn Abdulaziz va Saʼduddin Muhammad ibn Muhammad Avfiylar Imomzodaning shogirdlari boʻlgan [12].

Imomzoda Buxoriy Mavarounnahrda Imom Moturidiydan keyin uning taʼlimotini tarqatgan va rivojlanishiga oʻzlarining hissasini qoʻshgan Abul Hasan Sirojiddin Ali Fargʻoniy Oʻshiy (v.575) va Nuriddin Sobuniy Buxoriy (v.580) bilan zamondosh boʻlgan.

Abu Muin Nasafiy (v.508), Ibrohim Saffor Buxoriy (v.534), Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiy (v.537), Abu Bakr Alouddin Samarqandiy (v.539), Abu Sano Mahmud Lomishiy (v.539) va Abul Fath Alouddin Usmandiy (v.552) kabi faqih va mutakallim allomalarni oʻzining shayxlari deb eʼtirof etgan[13].

Imomzoda Buxoriy Buxoroni Moʻgʻullar tomonidan bosib olingan dastlabki yillarda, yaʼni hijriy 573, milodiy 1177 yilda vafot etgan. Uning qabri va qayerda dafn etilgani toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar berilmagan.

Allomaning ilmiy merosiga oid uchta asar aniqlandi. Ular : “Shirʼatul islom”, “Uqudul aqoid” va “Gʻaroibul Qurʼon” asarlaridir. Turkiyalik olim Rajab Jiji Imomzodaning “Shurutus solat” nomli kitobi ham borligini qayd etgan.

“Shirʼatul islom” asarining qoʻlyozma nusxalari Turkiya, Saudiya Arabistoni, Falastin, Hindiston, Misr va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik” institutida toʻrtta nusxasi saqlanmoqda.

“Uqudul aqoid” kitobi nazmiy uslubda yozilgan boʻlib, uning qoʻlyozma nusxasi Turkiya, Misr, Saudiya Arabistoni, Suriya va Britaniya kitob fondlarida saqlanib kelmoqda. Manzumaning toʻliq nomi “Uqudul aqoid fi fununil favoid” “Foydali ilmlardagi eʼtiqod marjonlari” boʻlib, ushbu asar moturidiy aqidasi boʻyicha yozilgan manzumalar orasida eng uzuni va yozilish tarixiga koʻra ikkinchi oʻrinda turadi. Asar 770 baytdan iborat. Manzuma muallifi yashagan davr va shu davrda Buxorodagi diniy vaziyatdan kelib chiqib, 560 hijriy 1164-1165 yillarda Sirojiddin Oʻshiy (v.575)ning “Badʼul amoliy” manzumasidan 7-8 yil oldin yozilgan degan xulosaga kelindi.

Imomzodaning ushbu asari eʼtiqodiy masalalarga bagʻishlangan boʻlib, sodda va tushunarli tarzda nazmiy uslubda yozilgan. Asarda baʼzi aqidada adashgan mazhablar, falsafiy mushohada qiluvchilar, dahriylar, munajjimlar, bidʼatchi firqalardan boʻlmish jahmiylar, botiniylar, jabariylar, mushabbihachilar, rofiziylar, qadariylar va moʻtaziliylarga moturidiylik taʼlimoti asosida raddiyalar berilgan. Ushbu raddiyalar hozirgi kundagi aqidada adashgan baʼzi toifalarning botil daʼvolariga asosli raddiya boʻladi.

Asarning oltita elektron qoʻlyozma nusxalari hozirda Markaz qoʻlyozmalar fondida saqlanmoqda.

Xulosa qilib aytganda, yurtimizda hanafiylik mazhabi va moturidiylik aqidasi rivojida buxorolik allomalarning hissasi beqiyos boʻlgan. Mazkur allomalarimiz ilmiy meroslari sofdil, ixlosmand xalqimiz va yoshlarimiz turli yot oqimlar taʼsiriga tushib qolmasligida muhim manba boʻlib xizmat qiladi. Bugungi kunda islomshunos va tadqiqotchi olimlarimiz bor kuch-gʻayrati bilan mana shunday zabardast allomalarimiz hayoti va ilmiy merosini oʻrganib, xalqimizga tanitish yoʻlida tizimli tadqiqot ishlarini olib borishmoqda.

Tohir EVADULLAYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
_________________________________________________________________
[1] Ziyodov Sh. Abu Mansur Moturidiy va uning “Kitob at-Taʼvilot” asari. T.:, 2009. B.101; Oqilov S. Abul Muin Nasafiy ilmiy merosi va Moturidiya taʼlimoti. Monografiya. T.:, 2008. B.58.
[2] Muhammad ibn Abdulhay Laknaviy. Al-favoidul bahiyya fi tarojim al-hanafiyya. Qohira. 1906. B.7.
[3] Ibodullayev T. Ibrohim Saffor Buxoriy hayot va ilmiy merosi (Risola fil kalom).: T, 2019. B.67-71.
[4] Mustafo ibn Abdullo Qistantiniy Rumiy Hanafiy. Kashfuz zunun ʼan asomiyil kutub val funun. Darul kutubul ilmiyya. Bayrut.1992. J I. B.206; Bekir Topaloğlu, “Giriş”, Nureddin es-Sâbûnî, Mâturîdiyye Akâidi, trc. Bekir Topaloğlu, Dımeşk 1979, s.19.
[5] Oqilov S. Abul Muin Nasafiy ilmiy merosi va Moturidiya taʼlimoti. Monografiya. – ­­­­­­­­­T.: Muharrir, 2008. B.120; Akimkhanov A. İmâm Ebu Mansur el-Mâturîdî ve Ilmi kişiliĝi // ULUĞ BİR ÇİNAR İmâm Mâturîdî. Uluslararasi Sempozyum Tebliĝler Kitabi. 28-30 Nisan 2014 • Eskişehir. Yayina Hazirlayan: Ahmet Kartal. Istanbul. – S.735-741.
[6] Abu Barokot Nasafiy. Al-Eʼtimod fil eʼtiqod. Maktabat al-Fotih. №-3085. B.35.
[7] Bulut M. Al-muntaqo min ʼismat al-anbiyo. Dor ibn Hazm. Bayrut. 1990. B.11.
[8] Xulayf F. Munozarotu Faxriddin Roziy fi bilodi Movarounnahr. Bayrut. Dorush sharq. 1966. B.23-24.
[9] Qurashiy Abdulqodir. Javohirul mudiya fi tabaqotil hanafiya. Haydarobod.1/124. Ibn Qutlubgʻo. Toj at-Tarojim, Ashur afandi kutubxonasi №-244.B.4.
[10] Qurashiy Abdulqodir. Javohirul mudiya fi tabaqotil hanafiya. J. I. B. 370, Muhammad Usmon Doʻgʻon. Uqudul aqoid fi fununil favoid. Ammon. Dor al-Fath lid dirasa van nashr, 2018. B.16.
[11] Zirikliy Xayruddin. Al-Aʼlom. Bayrut. Dorul ilm lil malayin, J.VI. 1998. B. 54.
[12] Qurashiy Abdulqodir. Javohirul mudiya fi tabaqotil hanafiya. J.I. B.546, J. II. B. 362.
[13] Muhammad Usmon Doʻgʻon. Uqudul aqoid fi fununil favoid. Ammon. Dor al-Fath lid dirasa van nashr, 2018. B.23.

Check Also

OʻSMIR XULQ-ATVORI VA UNING IJTIMOIY-MAʼNAVIY HAYOT BILAN BOGʻLIQ DETERMINANTLARINI OʻRGANISH

Oʻsmir xulq atvori tushunchasini tahlil etish, uning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlarini  oʻrganish muhim masala hisoblanadi. Xulq-atvor, yaʼni …