Home / ALLOMALAR / XILOF ILMI ASOSCHISI

XILOF ILMI ASOSCHISI

Islom olamida katta nufuzga ega boʻlgan, ayniqsa, faqihlar tabaqasida oʻz faoliyati bilan dong taratgan Abu Zayd Ubaydulloh ibn Umar ibn Iso Dabusiy 978 yili Samarqand va Buxoro oraligʻidagi Dabusiya shahrida tavallud topgan. U oʻz faoliyati davomida koʻplab asarlar yozib, fiqh ilmining rivojiga katta hissa qoʻshgan.

Abu Zayd Dabusiy fiqh ilmini ikki buyuk faqih – Abu Bakr Muhammad ibn Fazl Buxoriy va Abu Bakr Jassosning shogirdi boʻlgan Abu Jaʼfar ibn Abdulloh Ustrushaniydan oʻrganib, fiqh, usulul fiqh (huquq nazariyasi), xilof, jadal va tasavvuf ilmlari boʻyicha iqtidorli olim darajasiga koʻtarilgan.

Manbalarda Abu Zayd Dabusiyning fiqhda ustozlar silsilasi orqali Imom Abu Hanifaga borib taqalishi quyidagicha koʻrsatilgan:

“U (Abu Zayd Dabusiy) fiqh ilmini Shayxulimom Abu Jaʼfar Ustrushaniydan, u Shayxulimom Abu Bakr Muhammad ibn Fazldan, u ustoz Imom Abdulloh Sayyidmutiydan, u Abu Hafs Sagʻirdan, u otasi Imomul Kabirdan, u Muhammad (Shayboniy)dan, u Abu Hanifadan oʻrgangan”[1].

Alloma Qoraxoniylar davrida Ustrushaniydan soʻng Buxoro qozisi etib tayinlangan. Manbalarda uni Buxoroning yirik “yetti qozi”sidan biri sifatida zikr qilishadi. Bu haqda Abdulkarim Samʼoniy oʻz kitobida: “Qozi Abu Zayd Abdulloh ibn Umar Dabusiy sohibi “Al-asror”, dalil bilan gapiruvchi, nazarlari oʻtkir va har bir masalaga asosli javob beruvchi zot edilar. Samarqand va Buxoroning yirik olimlari bilan munozara qilardilar”[2], deb keltiradi.

Abu Zayd “Taʼsisun nazar” (“Qarashlarni asoslash”), “Taqvimul adilla fiy usulil fiqh” (“Usulul fiqhdagi dalillarni toʻgʻrilash”), “Kitobul asror fil usul val furuʼ” (“Fiqh ilmi asoslari va tarmoqlari sirlari haqida kitob”), “Al-amadul aqso” (“Eng olis maqsad”), “Xizonatul huda” (“Hidoyat xazinasi”), “Sharhul jomiʼil kabir” (“Jomiʼul kabirning sharhi”), “Al-anvor fiy usulil fiqh” (“Fiqh asoslarini ochuvchi nurlar”), “An-nuzum fil fatovo” (“Fatvolardagi tartib-qoidalar”), “Tajnisud Dabusiy” (“Dabusiyning tartib va tasnifi”), “At-taʼliqa” (“Hoshiya”) kabi qimmatli asarlarni yozgan. Ammo ularning hammasi bizgacha yetib kelmagan.

Mazkur oʻnta asardan toʻrttasining qoʻlyozma nusxalari turli kutubxonalarda mavjud boʻlib, ulardan baʼzilari qisman, birinchi va ikkinchisi mukammal holda nashr etilgan. Keyingi olti kitob manbalarda zikr etilgan boʻlsa ham bugungacha saqlanib qolmagan deb hisoblanadi.

Allomaning koʻplab asarlari aynan fiqhga oiddir. O.Qoriyev oʻz kitobida tarixchi Fuad Sezginning allomaning fiqhga oid yetti asari borligi haqida aytganligini keltirib oʻtgan[3].

Olimning ayniqsa “usulul fiqh” boʻyicha yozgan “Taqvimul adilla” asari mashhurdir. Manbalarda uning ushbu asari bu sohada Movarounnahrda yaratilgan va bizgacha yetib kelgan eng qadimiy asar ekanligi aytiladi. Shu sababli uni islom qonunshunosligi va usulul fiqh fanining Movarounnahrdagi asoschisi, deyish mumkin. Ushbu asarni Faxrulislom Bazdaviy sharhlagan.

“Taqvimul adilla” kitobida qiyos metodining imkoniyatlari, unga tegishli barcha muhim va murakkab atamalar va qonun-qoidalar izohlab berilgan. Ibn Xaldun olimning xizmatlarini bunday taʼriflagan: “Hanafiy imomlaridan Abu Zayd Dabusiy qiyos boʻyicha barchadan koʻra keng koʻlamli asarlar yozdi, qiyosga tegishli boʻlgan barcha bahs-munozaralarga yakun yasadi. Shu yoʻsinda usulul fiqh ilmi mukammal darajaga koʻtarilib, unga tegishli masalalar oʻz yechimini topdi, qoidalari tartibga keltirildi”.

Abu Zayd Dabusiy ahli sunna mazhablari orasidagi ixtilofli masalalarni tartibga solib, ilmiy uslubda oʻrgangan. Uning “Taʼsisun nazar” asarida mazhablarning muammolarni hal qilishdagi yondashuv prinsiplarini yoritib berilgan. Shu sababli Abu Zayd Dabusiy islom huquqshunosligida “Ilmul xilof” deb atalgan yangi fanning asoschisi hisoblanadi[4].

Xilof ilmida sharʼiy dalillarni keltirish, shubhalarni daf qilish va xilofga sabab boʻlgan dalillarni solishtirib koʻrish oʻrganiladi.

“Al-fiqhul muqorin” (Qiyosiy huquqshunoslik) yoki “Ilmul xilof” (Xilof ilmi) ‒ bu islomiy fiqhiy ilmlardan biridir. Unda faqihlarning muayyan fiqhiy masalalarning hukmlari borasidagi dalillari, tushunishlari va qiyoslashlariga koʻra ixtiloflari haqida bahs yuritiladi.

Uning istilohiy maʼnosi quyidagicha keladi:

عِلْمٌ يَبْحَثُ فِي تَعَارُضِ الآرَاءِ الشَّرْعِيَّةِ وَكَيْفِيَّةِ الاسْتِدْلَالِ وَدَفْعِ الشُّبَهِ.

Xilof ilmi ‒ sharʼiy fikrlardagi tafovutlar, muhokama va natijalarning holati va shubhalarni daf qilish haqida bahs yuritadigan ilm[5].

Sharʼiy dalillardan chiqarilgan fiqhiy masalalarda xilof koʻp boʻladi. Chunki mujtahidlarning manbalari va uslublari hamda nazarlari turlichadir. Shuning uchun bu kabi xiloflarning boʻlishi oddiy hol[6].

Ammo eʼtibor berishimiz kerakki, xilof deganda, ulamolar bir-birini tamoman qoralagan, degan fikrdan yiroq boʻlishimiz kerak. Xilof faqatgina biror bir masalaga yechim topishda mujdahidlar tomonidan olingan sharʼiy dalillarning turlichaligida boʻlgan. Bir mujtahid olim biror masala boʻyicha hukm chiqarishda biror dalilni kuchliroq sanagan boʻlsa, boshqasi aynan shu masalaga boshqa bir dalilni kuchliroq sanagan. Shu sababli bitta hukm borasida mazhablar oʻrtasida farqli yondashuvlar paydo boʻlgan.

Masalan, Abu Hanifa va Imom Shofeʼiy oʻlimtikning terisini oshlash bilan u pok boʻlishiga ittifoq qilgan. Ammo Abu Hanifa choʻchqaning terisini, Imom Shofeʼiy esa it va choʻchqaning terisini oshlasa ham pok boʻlmasligiga hukm chiqargan.

Abu Zayd Dabusiyning “Taʼsisun nazar”, “Kitobut taʼliyqa” asarlari ushbu sohada yozilgan nodir kitoblar hisoblanadi. “Taʼsisun nazar”da Hanafiy mazhabi asoschilari Abu Hanifa, Imom Abu Yusuf, Imom Muhammad Shayboniy va boshqalarning qarashlari keltirilib, ixtilofga sabab boʻlgan masalalar yechimi yoritib berilgan. Ushbu asar Mustafo Muhammad Qobboniy Dimashqiy tomonidan tadqiq qilingan va alohida kitob qilib nashr etilgan.

Shu tariqa alloma fiqh ilmi rivojiga salmoqli hissa qoʻshib, islom ilmlari orasida yangi bir yoʻnalishga asos solgan. Abu Zayd Dabusiy 430/1039 yili 63 yoshida Buxoroda vafot etgan va “Chor Bakr” qabristoniga, Imom Abu Bakr ibn Tarxon qabri yoniga dafn etilgan.

[1] Mustafo Muhammad Baqqoniy Dimashqiy. Taʼsisun nazar va yaliyhi risalatu Imom Abul Hasan Karxiy fiy usul. Dor ibn Zaydun. ‒ Bayrut, 2015. ‒ B.7.
[2] Abdulkarim Samʼoniy. Al-Ansob. Abdulgʻafur Razzoq Buxoriy, Komiljon Rahimov tarjimasi. Toshkent – 2017. –B.112.
[3] O.A.Qoriyev. Fargʻona fiqh maktabi va Burhoniddin Margʻinoniy. T:.“Fan”, 2009. –B.28.
[4] Sadriddin Salim Buxoriy. Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari. “Durdona”, 2012. – B.75.
[5] https://terminologyenc.com/ar/browse/term/75267.  شرح وترجمة مصطلح: علم الخلاف – موسوعة المصطلحات والقواميس
[6] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Fiqhiy yoʻnalishlar va kitoblar. ‒T.: SHARQ nashriyoti, 2011. ‒ B.170.
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …