Home / XALQARO YANGILIKLAR / HAMKORLIK MASALALARI MUHOKAMASI

HAMKORLIK MASALALARI MUHOKAMASI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti oʻrtasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish doirasida 25 may kuni Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan onlayn uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, “Eurosoft-DecorIT LLC” axborot texnologiyalari tashkiloti, Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti vakillari va diplomatlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchixonasi muvaqqat vakili Suhrob Vaseyev ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabat barcha sohalarda, jumladan, ilmiy-maʼrifiy yoʻnalishda ham izchil rivojlanib borayotganini qayd etdi.

Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti direktori professor Fariza Muhammad Sham ushbu muassasaning tashkil etilishi, ilmiy jamoasi,  faoliyati haqida soʻzladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaz direktori Shovosil Ziyodov Markaz faoliyati va ilmiy xodimlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida muxtasar maʼlumot berdi.

Tadbirda “Malayziya qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan Movarounnahr olimlarining hayoti va ilmiy merosiga oid asarlar” mavzusida qoʻshma onlayn vebinar, seminar va konferensiyalar oʻtkazish, elektron kitoblar, qoʻlyozmalar almashuvini yoʻlga qoʻyish, Malayziya Islom sivilizatsiyasi institutining onlayn kutubxonasiga kiritish uchun Markazning elektron maʼlumotlar bazasida saqlanayotgan islomshunoslik boʻyicha kitoblarning elektron nusxasini taqdim etish, malayziyalik islomshunos olimlarni Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasiga jalb qilish, Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti akademik jurnallarida Markaz tadqiqotchilari ilmiy maqolalarini nashr etish va Markazning “Imom Buxoriy saboqlari” jurnalida malayziyalik tadqiqotchilar maqolalarini chop etishni yoʻlga qoʻyish, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalarini tayyorlashda professor-oʻqituvchilarni jalb qilgan holda qoʻshma ilmiy-texnik tadqiqotlar oʻtkazish bilan bogʻliq koʻplab masalalar muhokama qilindi.

31 may kuni hamkorlikda “Islom sanʼati koʻrgazmasi”ni tashkil etishga kelishib olindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari Buxoro viloyatida oʻtdi

Avval xabar berganimizdek, ayni paytda joylarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etilmoqda. Oʻtayotgan …