Home / XALQARO YANGILIKLAR / Afgʻonistondan munosabat: Oʻzbekiston diniy-maʼrifiy ilmlar sohasida dunyoning yetakchi markazlaridan biriga aylanmoqda

Afgʻonistondan munosabat: Oʻzbekiston diniy-maʼrifiy ilmlar sohasida dunyoning yetakchi markazlaridan biriga aylanmoqda

Afgʻoniston Ulamolar kengashi raisining islom taʼlimoti boʻyicha oʻrinbosari Muhammad Orif Malikyor “Dunyo” AA muxbiriga Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan yutuqlar haqidagi fikr-mulohazalarini izhor qildi.

“Joriy yil mart oyida Afgʻoniston Haj va din ishlari vaziri Muhammad Qosim Halimiy rahbarligidagi delegatsiya bilan doʻst va birodar Oʻzbekistonga safar qilganimizni mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman, – dedi M.Malikyor. – Safar doirasida biz Samarqand shahrida oʻtkazilgan Imom Buxoriy merosining oʻziga xos xususiyatlari va bugungi kundagi tarbiyaviy ahamiyatiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etish sharafiga muyassar boʻldik. Anjumanda turli mamlakatlardan taniqli diniy ulomalardan tashkil topgan delegatsiyalar qatnashdi.

Xalqaro konferensiya ishtirokchilari Imom Buxoriy merosining oʻziga xos xususiyatlari, ushbu bebaho boylik va qadriyatning bugungi kundagi ahamiyati haqida har tomonlama mukammal tayyorlangan ilmiy yondashuvlarini taqdim etdi.

Maʼruzachilar Imom Buxoriyning “Sahihul-Buxoriy” asari va unga yozilgan sharhlar butun dunyo boʻylab mutolaa qilinayotganiga alohida eʼtiborni qaratdi. Ular buyuk muhaddis olimning barcha asarlarini chop etish zarurligini taʼkidladi.

Anjuman doirasida, biz, afgʻonistonlik mehmonlar Samarqand viloyatida joylashgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan yaqindan tanishib, u yerda olib borilayotgan keng qamrovli ishlarga guvoh boʻldik.

Termiz shahriga safarimiz chogʻida esa Imom Termiziy majmuasi va xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan tanishdik.

Oʻzbekistondagi ulkan oʻzgarishlar va yangilanish jarayoni bilan yaqindan tanishib, ulugʻ oʻzbek ulamolari qoʻnim topgan muqaddas maskanlarni ziyorat qilib, mamlakat diniy-maʼrifiy ilmlar sohasida dunyoning yetakchi markazlaridan biriga aylanayotganiga ishonch hosil qildik.

Oʻzbekiston hukumati tomonidan olib borilayotgan saʼy-harakatlar va koʻrilayotgan chora-tadbirlar tarixda oʻtgan buyuk ajdodlar merosini yosh avlodga yetkazishda muhim oʻrin tutishiga hech shubha yoʻq. Ushbu savobli amallar kelajak uchun kiritilayotgan ulkan sarmoya hisoblanadi. Bunda Imom Buxoriy va Imom Termiziy markazlarining roli beqiyos hisoblanadi.

Hadis ilmi maktabi menda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, ushbu maskanda tahsil olayotgan yoshlarning iqtidori va ularga taʼlim berayotgan ustozlarning malakasi tahsinga sazovor. Markazda Misrning al-Azhar universiteti vakillari va Oʻzbekistonning yetakchi diniy muassasalarini tugatgan mutaxassislar faoliyat olib borayotgani bizni juda quvontirdi. 

Toshkent shahrida yangi bunyod etilayogan Islom sivilizatsiyasi markazi bilan ham yaqindan tanishdik. Mamlakatingizda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, ayniqsa, diniy-maʼrifiy va ilmiy sohalardagi izchil islohotlar va erishilayotgan yutuqlar Oʻzbekistonning dunyodagi mavqeini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, biz Oʻzbekistondan bir olam taassurot bilan qaytdik.

Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston rahbariyati, ayniqsa, oʻz xalqining taqdiri va kelajagi uchun hormay-tolmay xizmat qilayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz. U kishining Oʻzbekiston xalqining azaliy orzu-niyatlarini roʻyobga chiqarishdagi xizmatlari juda katta. Biz doʻst xalqning orzulari roʻyobga chiqayotganiga guvoh boʻldik.

Soʻzimning yakunida Oʻzbekiston Prezidenti va hukumatiga olib borayotgan bunyodkorlik ishlarida yangi muvaffaqiyatlar tilab, Yaratgandan ularni oʻzi qoʻllab-quvvatlashini soʻrab qolaman”.

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …