Home / MAQOLALAR / “AL-JOMIʼ AS-SAHIH” – HAQIQAT KOʻZGUSI

“AL-JOMIʼ AS-SAHIH” – HAQIQAT KOʻZGUSI

Haq va botil chegaralarini yaratganlariga aniq ayon etgan behad mehribon, beadad rahmli zot boʻlmish Haq taologa mislsiz hamdu sanolar boʻlsin! Ul Yolgʻiz-Yagonaning omonatiga amin boʻlgan habibi, sevimli yoʻlboshchimiz Muhammad (s.a.v.) hazratlariga, ul zoti bobarakotning muqaddas ahli oilalariga, izzatli suhbatdoshlariga salom va salavotlar boʻlsin!

Insoniyat tarixidagi eng komil shaxs va yulboshchi boʻlmish sevimli Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) oʻgitlari, pand-nasihatlari, ogohlantirishlari xususida juda katta ishonchli ilmiy maʼlumot yiqqan va buning natijasida islom dini manbalari pokligi muhofazasidagi xizmatlari butun dunyoda eʼtirof etilgan vatandoshimiz Hazrat Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (r.a.) asarlarining har biri alohida tarixiy qimmatga ega. Bular orasida “Al-Jomiʼ as-Sahih” hadislar toʻplami insoniyat uchun maʼrifiy-axloqiy dastur boʻlib xizmat qiladi.

Toʻplamda keltirilgan eng ishonchli hadisi shariflardan Hazrati Paygʻambarimiz Rasuli akram (s.a.v.)ning yuksak insoniy fazilatlar egasi boʻlganliklari ayonlashadi. Ammo uzoq yillar jamiyatimizda ateizm baland mavqeʼ tutgan siyosiy tuzum hukmronligi davrida muqaddas islom dini va uning rahnamosi boʻlmish yorqin tarixiy siymo shaxsiyati va faoliyatiga noxolis baho berildi. Bu oʻsha davrda fan va jamiyat ijtimoiy tafakkurini boshqarib turgan yetakchi kommunistik mafkura talablaridan biri edi. Eng achinarli tomoni shundaki, Qurʼoni karim va hadisi shariflarning asl mazmunidan bexabar boʻlgan turli millatlarga mansub “olim”lar ham ushbu “siyosiy qolip”ga tushib, ilm-fanning notoʻgʻri yoʻnalishga tushib qolishiga sababchi boʻldilar. Fikrimizning isboti uchun bir misol keltirmoqchimiz. Chunki biz tilga olayotgan asar universitetlar filologiya yoʻnalishlari talabalarining zaruriy adabiyotlari qatorida boʻlib, undagi haqiqatga zid  fikrlardan har bir talaba imkoni darajasida xabardor boʻla oladi.

Ozarbayjonlik faylasuf olim Mirzo Fatali Oxundov kitobida soxta hadislardan birini keltirib, Hazrati Paygʻambarimiz Rasuli akram (s.a.v.)ning hayotlarida sodir boʻlgan bir hodisani muhokama etadi [4:113-122]. U Rasuli akram (s.a.v.)ning ammalarining qizi Zaynab binti Jahshga uylanishlaridan oldin goʻyoki sodir boʻlgan baʼzi voqealar haqida maʼlumot beradi. Oʻquvchi bu masalada toʻliq tasavvur hosil qilishi uchun asardan olingan parchani tarjimasiz keltirishni lozim topdik: “Pochemu sam prorok ne posledoval tochnomu smыslu stixa (Qurʼoni karimni nazarda tutmoqda – S.D.) o zatvornichestve, po kotoromu vsem pravovernыm povelevayetsya zakrыvat glaza pri vstreche s jenщinami, kogda on uvidel jenu Zeyda kupayuщyeysya? Naprotiv, on … razglyadel yeyo … i rasxvalil … gromoglasno, potom ustanovil sleduyuщyee uzakoneniye, priznavayemoye i sunnitami i shiitami v shariatskix knigax: “Yesli prorok uvidet kakuyu-nibud jenщinu i polyubit yeyo, to muj yeyo obyazan razvestis s neyu i ustupit yeyo proroku”. Vot do chego prostirayetsya pozor! Chto skajet drug i nedrug pri chtenii podobnogo uzakoneniya otnositelno vashego proroka …” [4:117]. Muallif kitobida keltirgan hadisining qaysi manbadan olinganligi haqida hech narsa demaydi. Bu fikrlarni tojik olimi M.Rajabov ham “Abduraxman Djami i tadjikskaya filosofiya XV veka” [5:148] nomli kitobida oʻzining ateistik nuqtai nazarini tasdiqlash maqsadida keltiradi.

Albatta, agar biror asar oʻz davri uchungina xizmat qilib, keyin tarixdan oʻchib ketsa, uning foyda-ziyonini muhokama etishning zarurati qolmaydi. Ammo koʻrinayotganidek, ancha katta jugʻrofiy hududga yoyilib, boshqa mualliflar noxolis fikrlarini isbotlash uchun ham zamin yaratib, mutafakkir allomalarimiz ijodlariga daxldor sohalarda hanuz oʻquvchilarni toʻgʻri eʼtiqoddan chalgʻitib turgan asarlarga bugun xolisona ilmiy baho berish maqsadga muvofiq koʻrinadi. Chunki bunday mazmundagi uydirmalar oʻsib kelayotgan yosh avlodni yana asoratga solishi, haqiqatan chalgʻitishi mumkin.

Keltirilgan parcha mazmunidan maʼlum boʻlayotganidek, M.F.Oxundov “Zaydning xotini” deganda Rasuli akram (s.a.v.)ning ammalari Umaymaning qizi Zaynab binti Jahshni nazarda tutmoqda. Bu voqea Qurʼoni karimga yozilgan qator tafsirlarda keltirilishicha, bunday sodir boʻlgan: “Paygʻambarimiz Zaynabni oʻzlarining asrab olgan oʻgʻillari Zayd ibn Xorisaga xotinlikka soʻrab sovchi boʻlib borganlarida u unamasdan: “Yo Rasullulloh, axir men Qurayshning eng oliy nasabli ayollaridan boʻlsam, Zayd esa kuni kecha ozod boʻlgan qul boʻlsa, qanday qilib u menga munosib boʻlsin”, deydi. Shunda paygʻambar alayhissalomga “Ahzob” surasining 36-oyati nozil boʻlgach, noiloj qolib, oʻz roziligini beradi va Zaydga nikohlanadi. Lekin Zayd bilan Zaynabning turmushi yaxshi boʻlmaydi. Chunki, Zaynab eriga nopisandlik bilan muomalada boʻlar va mudom unga oʻzining oliynasabligini pesh qilaverar edi. Oxir-oqibat, Zayd paygʻambarning oldiga Zaynab haqida shikoyat qilib kelib, u bilan ortiq yashay olmasligini aytadi. Darvoqeʼ, bu orada Alloh taolo tomonidan paygʻambar alayhissalomga vahiy kelgan boʻlib, unda Zayd Zaynab bilan ajrashib ketishlari va paygʻambar Zaynabga uylanishlari haqida xabar berilgan edi. Lekin paygʻambar alayhissalom odamlarning “Muhammad oʻzi asrab olgan oʻgʻlining xotiniga uylandi”, deb taʼna qilishlaridan choʻchib, bu vahiyni oshkor qilmay kelardilar. Shuning uchun ham Zayd xotini bilan ajrashmoqchi ekanini bildirganida unga sabr qilishni maslahat beradilar. “Ahzob” surasining 37-38-oyatlarida Alloh taolo oʻz paygʻambariga mana shu  ishi uchun tanbeh beradi. Shuning uchun paygʻambar alayhissalom bu ayolga uylanadilar” [1:307].

M.F. Axundov asarida ushbu voqeaga taalluqli boʻlib, Paygʻambarimiz alayhissalomga nisbat berilgan “Agar paygʻambar biror ayolni koʻrsa va sevib qolsa, uning eri u bilan ajrashmogʻi lozim”, degan hadisning yolgʻon, uydirma ekanligini Hazrati Imom Buxoriy (r.a.) asarlarining oʻziyoq inkorga oʻrin qoldirmay tasdiqlaydi. Shu qabilidagi masalalar yechimida, ayniqsa “Al-Jomiʼ as-Sahih” asarining tarixiy-ilmiy qimmati yaqqol namoyon boʻladi. Alloma ushbu asarida Rasululloh (s.a.v.) hadisi shariflarini mazmuniga koʻra kitoblar va boblarga boʻlib keltirar ekan, ularning sahihligi darajasini hadis ilmi qoidalariga muvofiq roviylarning sanadini aniq keltirish bilan tasdiqlashni maqsad qiladi.[1]

Asarda xabar berilishicha, Muhammad rasululloh (s.a.v.) nihoyatda xushxulq, hayo bobida hatto xotin-qizlardan ham ustun boʻlganlar: “Masruq bunday deydilar: “Abdulloh ibn Amr Muoviya birlan Koʻfaga kelganida huzuriga kirdik. Shunda u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni eslab: “Ul zot badxulq ham, shaloqsoʻz ham emas edilar”, dedi. Keyin yana: “”Oralaringizda eng yaxshingiz – xulqi yaxshingizdir!” degan edilar, dedi.”.

Rasululloh (s.a.v.) inson ayniqsa oʻz koʻzini va tilini harom qilingan, makruh narsalardan ehtiyotlashi lozimligini qayta-qayta taʼkidlaganlar. Jumladan, “Ibn Abbos rivoyat qiladilar: … Koʻzning zinosi – (oʻzga ayolga) qaramoqdur, tilning zinosi ersa (oʻzga ayolni orzulab) gapirmoqdur”. Yana bir hadis bunday keltiriladi: “Abu Hurayra rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “… Birov ruxsatingsiz uyingga moʻralasa-yu, tosh otib koʻzini chiqarsang, gunohkor boʻlmagʻaysan!” dedilar”.

Rasuli akram (s.a.v.)ning zavjai muhtaramalari Oisha onamiz (r.a.)dan ham paygʻambarning bu sohadagi fazilatlari haqida koʻp hadislar rivoyat qilinadi. Chunonchi, ularning aytishlaricha: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam … ayollar bayʼatini ogʻzaki (qoʻl olmay) qabul qilar edilar. Janob Rasulullohning muborak qoʻllari oʻz ayollaridan boʻlak birorta begona ayolning qoʻliga tegmagandur!”.

“Abu Saʼid al-Xudriy rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichkaridagi bokira qizdan ham hayoliroq edilar, agarda koʻzlari biror makruh narsaga tushsa, (uyalganlarini) yuzlaridan bilib olar edik.” Faylasuf Axundov sharhlagan “hadis”ning yolgʻon va uydirma ekanligini dunyo muhaddis va islomshunos olimlari tomonidan tan olingan “Al-Jomiʼ as-Sahih”dagi ushbu hujjatning oʻziyoq tasdiqlaydi. Soxta hadis raddi uchun moʻtabar asardan yana bir hujjat keltiramiz. Rasuli akram (s.a.v.) oʻzlari ilmlariga amal qilib, xuddi shunday chiroyli amal qilishni barcha moʻminlardan talab qilar edilar. Jumladan, quyidagi voqea eʼtiborlidir: “Ibn Abbos (r.a.) rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qurbon hayiti kuni Fazl ibn Abbosni ulovlariga mingashtirib oldilar. Fazl chiroyli yigit edi. Janob Rasululloh ulovlarini toʻxtatib odamlarga fatvo ayta boshladilar. Shunda Xasʼam qabilasidan boʻlgan bir goʻzal ayol  janob Rasulullohdan bir masala xususida fatvo soʻradi. Fazl uning husniga mahliyo boʻlib termulib qoldi. Janob Rasululloh oʻgirilib Fazlning ayolga termulib turganini koʻrdilar-da, orqalariga qoʻllarini uzatib, Fazlning jagʻidan ushlab yuzini boshqa tarafga qaratib qoʻydilar.”.

Hazrati sevimli Paygʻambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayo, ibo bobida nihoyatda rashkli edilar: “Abdulloh ibn Masʼud (r.a.) rivoyat qilishlaricha,  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: Alloh taolodan koʻra rashkliroq zot yoʻqdur, shul boisdan ham ul fahsh ishlarni manʼ qildi…”.

“Al-Jomiʼ as-Sahih”da keltirilgan ushbu maʼlumotlar Hazrati Rasuli akram (s.a.v.)ning komil husni xulqlariga oid manbasi koʻrsatilmagan va turli darajadagi soxta, toʻqilgan “hadis”larni batamom rad etadi. Zero, Muhammad amin – ishonchli, deya taʼriflan­­gan Paygʻambarimiz oʻzlari tashviq etgan islom diniga eng avvalo oʻzlari bekamu koʻst amal qiluvchilardan edilar. Bu isbot talab qilmas darajadagi haqiqat Imom Buxoriy hazratlarining (r.a.) barcha asarlarida tilga olinadi. Qurʼoni karimning “Nur” surasi 30-oyati karimasida bu borada ul zoti bobarakotga bunday koʻrsatma berilgan: “(Ey Muhammad), moʻminlarga ay­ting, koʻzlarini (nomahram ayollarga tikishdan) toʻs­sinlar va avratlarini (haromdan saqlasinlar)! Mana shu ular uchun eng toza (yoʻldir). Albatta, Alloh ular qilayotgan hunarlardan xabardordir.” Hazrati Rasuli akram (s.a.v.)ning ushbu ilohiy buyruqqa umr boʻyi amal qilganliklarini yuqorida keltirganimiz kabi yuzlab hadislar, tarixiy asarlardagi yuzlab maʼlumotlar bilan isbotlab berish mumkin. Ammo buning raddini kim isbotlab bera oladi?!

Imom Buxoriy hazratlarining “Al-Adab al-Mufrad” asarida Rasuli akram (s.a.v.)ning Yaratgandan xulqlarining goʻzal boʻlishini soʻraganliklari Abdulloh ibn Amr (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilganlarida koʻpincha: “Allohim! Men sendan sihat-salomatlikni, iffatni, omonatni, husni xulqni va qadarga rozi boʻlishni soʻrayman”, der edilar”. Afiflik – har bir odam uchun lozim boʻlgan, uning sharafini koʻtaradigan xislatdir. Rasuli akram (s.a.v.) iffatda hammaga oʻrnak boʻlgan boʻlsalar-da, Haq taolodan iffat soʻrab koʻp duo qilganlar.

Haq taolo oʻz Rasuli haqidagi mukammal taʼrifni Qurʼoni karimning Qalam surasi 4-oyati karimasida Oʻzi marhamat qilgan: “Va albatta, sen ulkan xulqdasan.”

Islom dini, maʼlum boʻlganidek, insoniyatni faqat yaxshilikka undovchi, toʻgʻri, pok yoʻlga hidoyat etuvchi dindir.  Uni tashviq etgan sevimli Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning maqsadlari ham bashar farzandlari uchun toʻgʻrilikka xizmat qiluvchi, xuddi oʻzlari singari pok va begʻubor boʻlgan.

Albatta, ul tabarruk zotga behuda tosh otish shabkoʻr siyosiy maddohlarning past niyatlarini amalga oshirishlari uchun oʻylab topilgan bir vosita edi. Islom dini insonlarni toat-ibodatga buyurar ekan, bu ularning maʼnaviy poklanishlari uchun nihoyatda katta ahamiyatga ega boʻlgan mashgʻulotlardan biridir. Qurʼoni karimning “Ahzob” surasi 73-oyati karimasida “Alloh … moʻmin va moʻminalarning tavba-tazarrularini qabul qilib (gunohlarini magʻfirat qilish uchun Odam bolalariga islom shariatidagi toat-ibodatlarni) yukladi”, deb yozilgan. Demak, Hazrati Muhammad Mustafo (s.a.v.) ham inson farzandining gunohlardan, illatlardan uzoq boʻlishi uchun tinmay zimmalaridagi yuksak vazifani ado etganlar. Ul zoti muborak moʻminlarning fazilatlarini kamolga yetkazish uchun kurrai zaminga tushgan ilohiy inoyat edilar.

Muxtasar soʻz shundan iboratki, avvalo, soʻz yuritilgan masala muhokamasi aslo “eski gapni qoʻzgʻab”, fitnaga eshik ochish maʼnosida tushunilmasligi lozim. Ilm-fan taraqqiyoti tarixga oid har qanday maʼlumotning toʻgʻri, mukammal, haqqoniy boʻlishi va unga qoʻyilgan oxirgi nuqta albatta haq soʻzdan iborat boʻlishini talab etadi. Bu talabga rioya etish uchun esa Vatanimiz maʼnaviy xazinasidagi imkoniyat nihoyatda katta.

Ikkinchidan, biz taʼlim tizimimiz oʻquv jarayonlarida hamon foydalanib turgan oʻtgan asrda yaratilgan bir qator ilmiy adabiyotlardagi bahsli masalalarga islomiy madaniyat bilan xolisona ilmiy munosabat bildirib, tuzatishlar kiritib qoʻymogʻimiz ham maqsadga muvofiq.

Uchinchidan, donishmand bobokalonimiz Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy hazratlarining (r.a.) “Al-Jomiʼ as-Sahih” asari dunyo-da faol istifoda etilayotgan bir necha xorijiy tillarga tarjima qilinib, nashr ettirilmogʻi lozim. Alhamdulillahi robbil-olamiyn!

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
  1. Qurʼoni karim. – T.: ”Choʻlpon”, 1992. Tarjimon va izohlar muallifi Alouddin Mansur.
  2. Qurʼoni karim. – T.: ”Maʼnaviyat”, 2002. Tarjimon, sharhlar va izohlar muallifi Shayx Abdulaziz Mansur.
  3. Abu Abdulloh ibn Ismoil al-Buxoriy. “Hadis. Al-Jomiʼ as-Sahih”. 4,3,2,1 jildlar. – T.: Qomuslar bosh tahririyati. 1992-1997.
  4. Mirzo Fatali Axundov. Izbrannыye filosofskiye proizvedeniya. – M., 1962.
  5. Rajabov M. Abduraxman Djami i tadjikskaya filosofiya XU veka. – Dushanbe,1968.
  6. Salohiy D. Hurriyat harorati. – T.: “Fan” nashriyoti, 2007.
  7. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Odoblar xazinasi. Imom Buxoriy “Al-Adab al-Mufrad” kitobining sharhi. 2-juz. – T.: “HILOL-NASHR”, 2017.
[1] Quyida keltiriladigan barcha hadisi shariflar matnlari Abu Abdulloh ibn Ismoil al-Buxoriy Hazratlari (r.a.)ning Toshkentda “Qomuslar bosh tahririyati” nashriyotida 1992-1997-yillarda chop etilgan “Hadis. Al-Jomiʼ as-Sahih” asarining 4,3,2,1- jildlaridan aynan koʻchirilgan.
Dilorom SALOHIY
filologiya fanlari doktori,
Samarqand davlat universiteti mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi professori

Check Also

ISLOMDA TAVFIQ MASALASI (2-qism)

Tavfiqning tavsifi haqida soʻzimizni davom ettirar ekanmiz, gunoh va yomon ishlardan saqlanish ham Alloh tavfiq …