Home / YANGILIKLAR / Insonparvarlikning yuksak namunasi

Insonparvarlikning yuksak namunasi

Kishilarga mehr-muruvvat koʻrsatish, bagʻrikenglik qilish hamda adashganlarni toʻgʻri yoʻlga boshlash, kechirish xalqimizning milliy anʼanalaridan hisoblanadi.

Keyingi yillarda davlatimiz rahbarining bevosita topshirigʻi va nazorati ostida “Mehr” operatsiyalari orqali xorijiy davlatlarda qiyin sharoitlarga tushib qolgan, xususan, urush oʻchoqlarida sarson-sargardon yurgan vatandoshlarimizga koʻmak berish, yurtimizga qaytarib, ularga munosib hayot tarzini yaratib berish borasida amalga oshirilayotgan olamshumul saʼy-harakatlar zamirida ham ana shunday yuksak insonparvarlik tamoyillari oʻz ifodasini topgan.

Muborak Ramazon oyining magʻfirat dahasida Prezidentimizning bevosita topshirigʻiga binoan, hamkor davlatlar koʻmagi bilan “Mehr-5” operatsiyasi amalga oshirildi. Suriya hududidagi urush olovi ketayotgan “qaynoq nuqtalar”ga borib qolib, «Al-Xol» lagerida uch yildan ortiq vaqt davomida ushlab turilgan 24 nafar ayol va 69 nafar bolaning mamla­katimizga qaytarilishi esa ­davlatimiz rahbarining ­xalqona hamda insonparvarlik siyosatidan dalolat beradi.

Ular mutaassiblik, terrorchilik yoʻliga kirgan turmush oʻrtoqlarining undovi bilan Suriyaga borgan va erlarini janglarda yoʻqotib, oʻzlari beva, farzandlari esa yetim qolgan. Yurtimizga ushbu olib kelinganlar orasida ham ­otasi, ham onasidan ayrilgan 7 nafar chin yetim bola ham bor.

Bu jabrdiydalar maxsus sanatoriyga joylashtirilib, tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordamlar koʻrsatilmoqda.

Mazkur fuqarolar oʻz xatosini tushunib yetib, tavba qilib, Prezidentimizdan, xalqimizdan kechirim soʻragan insonlardir. Ana shunday ­pushaymon boʻlganlargina ­Vatanga qaytarildi. Fikridan qaytmagan, tanlagan yoʻlini toʻgʻri deb bilganlar hali-hamon mojaroli hududlarda xoru zorlikda yuribdi. Ular musofir yurtlarda oʻzgalarning aldoviga ishonib, farzandlarini nafaqasiz, tarbiyasiz, qiyin sharoitlarda yashashga majbur qilgan vijdonsiz kishilardir.

Mehru muruvvatga tashna, moddiy-maʼnaviy koʻmakka muhtoj, ota-onasidan ayrilgan yetimlarga ikki karra koʻproq mehr ulashish dinimizning muhim koʻrsatmalaridandir.

Oylarning eng ulugʻi — Ramazonda yaxshilik, kechirimlilik, oʻzgalarga mehr-oqibat koʻrsatish, adovatni unutish kabi insoniy fazilatlar yana-da koʻproq namoyon boʻladi. Bu kabi ezgu amallarning ajri Ramazonda nihoyatda kattadir. Ana shu jihatdan qaraganda, “Mehr-5” tadbiri oʻz vaqtida tashkil etilgani bilan ahamiyatlidir. Chunonchi, hadisi sharifda:

“Odam bolasining har bir ezgu amaliga (Ramazon oyida) ortigʻi bilan mukofot beriladi. Bir yaxshilikka oʻn barobardan to yetti yuz barobargacha savob ato etiladi” (Imom Buxoriy rivoyati), deyilgan.

Alohida taʼkidlash kerakki, davlatimiz rahbarining bagʻrikenglikka asoslangan ushbu siyosati qanchadan-qancha oʻksik dillarga quvonch ulashib, munosib turmush tarziga qaytish imkoniyatini berdi. Ularga oʻz hayotini yangidan boshlashga, porloq kelajak yoʻlida shirin orzu-istaklarini amalga oshirishga sharoit yaratdi. Shu maʼnoda, “Mehr” adashganlarga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatishga yordam bermoqda. Bu yoʻl odamiylik, mehr-oqibat, yuksak insonparvarlik yoʻli, desak, adashmagan boʻlamiz. Oʻzbekiston ana shu toʻgʻri yoʻlni bugun butun dunyoga namoyon qilmoqda.

Zero, hazrat Alisher Navoiy bobomizning:

Kimki bir koʻngli buzugʻning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa, obod aylagay,

degan lutfida ham kishilarga yaxshiliklar ulashish, ularning koʻnglini shod qilishdek ulugʻ amallar ifoda etilgan.

Chindan ham, inson har doim oʻziga hamda yaqinlariga ezguliklarni sogʻinib yashaydi. Yaxshi kunlari koʻp boʻlishini, toʻylar qilib, farzandlari baxtu kamolini koʻrishni istaydi. Biroq shunday toifalar borki, kishilarni soxta chaqiriq hamda aldov yoʻli bilan tinch-totuv, xotirjam hayotidan mahrum qilib, ne bir sinov hamda sargardonliklarga duchor qilmoqda. “Hijrat qilish” umidida Yaqin Sharq mintaqalaridagi mojaroli hududlarga chiqib ketgan vatandoshlarimiz ana shunday ayanchli qismatni boshdan kechirmoqda.

Ming afsuski, bugungi kunda ham hijrat, jihod qilishga urinayotgan yoshlar oramizda uchrab turibdi. “Mehr” operatsiyasi doirasida yurtimizga olib kelinganlar taqdiri esa bizga katta saboq boʻlmogʻi lozim. Zotan, tinch-totuv hayotning qadriga yetish, ota-onalarimizning xizmatida boʻlib, duolarini olish hamda tugʻilib oʻsgan ona Vatanga sidqidildan mehnat qilish muqaddas dinimizning ham asosiy talablaridandir.

Alloh taolo Qurʼoni karimning “Ibrohim” surasi, 7-oyatida shunday marhamat qiladi:

«Yana Rabbingiz eʼlon qilgan (bu soʻzlar)ni eslangiz: «Qasamki, agar (bergan neʼmatlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yana-da) ziyoda qilurman. Bordiyu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir».

Oyati karimadagi ushbu daʼvat esa barchamizni hushyorlikka, ogohlikka chorlamogʻi lozim.

Shunday ekan, toʻgʻri yoʻldan adashmaylik, yurtimizdagi keng imkoniyatlar hamda shart-sharoitlardan unumli foydalanib, Alloh taologa shukrona keltiraylik.

Usmonxon ALIMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.
Manba: xs.uz

Check Also

Tadqiqotini kutayotgan qoʻlyozmalar bisyor

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon …