Home / YANGILIKLAR / Ar-Riyodda oʻtkazilgan Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni hukumatlararo komissiyasining IV yigʻilishida aniq kelishuvlarga erishildi

Ar-Riyodda oʻtkazilgan Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni hukumatlararo komissiyasining IV yigʻilishida aniq kelishuvlarga erishildi

Kecha Ar-Riyod shahrida Oʻzbekiston Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamda Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih raisligida Savdo, iqtisodiyot, investitsiyalar, texnika, madaniyat, sport va yoshlar masalalari boʻyicha Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni Podshohligi oʻrtasidagi hukumatlararo komissiyaning IV yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi maʼlum qilishicha, uchrashuvda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari, shuningdek, Saudiya Arabistonining yirik kompaniya va sanoat xoldinglari rahbarlari qatnashdi.

Yigʻilish kun tartibi bilan ikki tomonlama investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnik, transport va logistika, madaniy-gumanitar hamkorlikning keng koʻlamli masalalari qamrab olindi.

Delegatsiyalar rahbarlari ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik, tizimli va koʻp qirrali sheriklikni faollashtirishning jadal surʼatlarini taʼkidladilar. Bunga turli darajadagi masalalarni tahlil etish va hal qilishda oʻzaro anglashuvning yuqori darajasi, shuningdek, ikki mamlakat vazirlik va idoralarining oʻzaro manfaatli hamkorlikni izchil kengaytirish borasidagi muvofiqlashtirilgan harakatlari hisobiga erishildi.

Shu bilan birga, uzoq muddatli iqtisodiy sheriklikning barqaror mexanizmlarini yaratish zaruriyati tilga olindi. Bu ayniqsa, koronavirus pandemiyasi taʼsirida jahon iqtisodiyotida saqlanayotgan salbiy tendensiyalar roʻy berayotgan bir paytda muhimdir.

Energetika, kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, turizm, mehmonxona biznesi, transport va logistika kabi tarmoqlarda ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlikning muhim ishga solinmagan imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi. Sogʻliqni saqlash, kimyo va farmatsevtika sanoati sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha ham kelishuvga erishildi.

Alohida tartibda oʻzaro savdo masalalari koʻtarildi va uni faollashtirish boʻyicha istiqbolli chora-tadbirlar koʻrib chiqildi. Shu nuqtai nazardan, tomonlar Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi savdo aylanmasining oʻsishi uchun sanoat kooperatsiyasining yangi qoʻshma loyihalari katalizator boʻla olishini taʼkidlab, bu yoʻnalishda birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Moliya sohasida sheriklikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, muloqot davomida Saudiya Arabistoni taraqqiyot jamgʻarmasi (SATJ) bilan hamkorlikda erishilgan yutuqlarga toʻxtalib oʻtildi. Xususan, joriy yil boshidan buyon Jamgʻarma tomonidan umumiy qiymati 300 mln dollarga teng 10ta loyiha moliyalashtirildi. Bu boradagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollarini ijobiy baholab, tomonlar Saudiya Arabistoni investorlari va moliya institutlari orasidan Oʻzbekistonda loyihalarni amalga oshirish uchun yangi sheriklarni jalb etishda hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Yigʻilish davomida Islom taraqqiyot banki koʻmagida Oʻzbekistonda Iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilishi haqida soʻz bordi. Uning vazifalariga xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini oshirish hamda iqtisodiyotning turli sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali yangi ish oʻrinlari yaratish kiradi.

Shuningdek, tadbir davomida madaniy-gumanitar sohasidagi hamkorlikning ayrim masalalari muhokama qilindi. Jumladan, Oʻzbekistonda Milliy sogʻliqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va tarkibiga tibbiy-diagnostika, taʼlim va tadqiqot obyektlari kiruvchi tibbiy klasterlarni yaratish boʻyicha Saudiya Arabistoni tibbiyotining yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik qilish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish va oʻzaro turistik oqimlarni koʻpaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan Podshoh Faysal nomidagi tadqiqotlar va islomshunoslik markazi oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va boshqa bir qator masalalar koʻrib chiqildi.

Yigʻilish yakunlari boʻyicha energetika, qishloq xoʻjaligi va standartlashtirish sohasida qator ikki tomonlama hujjatlar, shuningdek, koʻp qirrali Oʻzbekiston – Saudiya Arabistoni hamkorligini oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini aks ettiruvchi yakuniy bayonnoma imzolandi.

Check Also

Tadqiqotini kutayotgan qoʻlyozmalar bisyor

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon …