Home / ALLOMALAR / MUHAMMAD IBN ISMOIL – BUYUK VA MUJTAHID IMOM (davomi)

MUHAMMAD IBN ISMOIL – BUYUK VA MUJTAHID IMOM (davomi)

(boshlanishi bu yerda) Darhaqiqat, Imom Buxoriy hadis, fiqh va aqida ilmida ustoz va shogirdlari va ulamolar orasida oʻziga xos oʻringa ega boʻlgan. Yaʼqub ibn Ibrohim Davraqiy va Naim ibn Hammodning aytishlaricha, Muhammad ibn Ismoil “bu ummatning tengi yoʻq faqihidir”. Imom Buxoriy qachon Basraga kelsa, Muhammad ibn Bashshor: “bugun shahrimizga faqihlarning sayyidi keldi”, deb qarshi olar edi. Abu Umar Ahmad ibn Nasr Xaffof esa, oʻz navbatida, “Muhammad ibn Ismoil, fiqhda Isʼhoq ibn Rohvayh va Ahmad ibn Hanbaldan yigirma marta kuchliroqdir”, deya eʼtirof etadi. Rajo ibn Murjiy Imom Buxoriyning fiqhiy ilmini “Imom Buxoriy fiqh ilmida boshqa olimlar oldida, erkaklarning ayollar oldidagi darajasidek baland hisoblanadi”,  deb yuqori baholaydi. Shuningdek, Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy: “Men Haramayn (Makka va Madina)da ham, Hijoz, Shom va Iroqda ham koʻpdan-koʻp ulamolarni koʻrdim, lekin ulardan birortasida ham Muhammad ibn Ismoildek mukammal ilmning jam boʻlganini koʻrmadim”, deb uning barcha ilmlardan xabardor ekanini taʼkidlab oʻtadi.

Imom Buxoriyning zamondoshlari va keyingi ulamolar uning fiqh ilmida tengsiz ekanligini va buyuk mujtahid imomlardan boʻlganini quyidagicha eʼtirof qiladilar[1]:

Bundor laqabi bilan mashhur boʻlgan Muhammad ibn Bashshor: “Bugun Basraga faqihlarning eng ulugʻi keldi”, “Muhammad ibn Ismoil bizning zamonamizda Alloh yaratgan eng buyuk fiqh olimidir” va “Dunyoda huffozlar toʻrtta, ular: Rayda – Abu Zurʼa, Nishopurda – Muslim ibn Hajjoj, Samarqandda – Abdulloh ibn Abdurrohman Dorimiy va Buxoroda – Ismoil Buxoriydir”, degan fikrni bildirgan.

Muhaddis Muslim ibn Hajjoj Buxoriyga: “Ustozlar ustozi, muhaddislar sayyidi, hadis illatlarining tabibi, ijozat bersangiz, oyoqlaringizdan oʻpsam” deydi.

Muhaddis Imom Dorimiy: “Bizning hadisga qoʻyadigan talabimiz Muhammadnikidek emas edi. U kishi biror hadisga nazar solsa, uni ipidan ignasigacha oʻrganar edi”, deb aytgan.

Yaʼqub ibn Ibrohim Davraqiy esa “Muhammad ibn Ismoil bu ummatning faqihidir”degan.

Abu Jaʼfar Musnidiy: “Zamonamizning hadis bilimdonlari uchta: Muhammad ibn Ismoil, Hoshid ibn Ismoil, Yahyo ibn Sahl”, degan.

Hokim Abu Ahmad: “U – sohilsiz dengizdir”, degan.

Solih ibn Muhammad: “Men hanuz, Muhammad ibn Ismoildan koʻra fahmliroq xurosonlikni koʻrganim yoʻq”, degan.

Abu Saʼid Hotim ibn Muhammad: “Hofiz Muso ibn Horun: “Agar butun islom ahli Buxoriydek bir kishini tayyorlamoq uchun yigʻilsalar ham bunga qodir boʻlolmaslar”, degan.

Salim ibn Mujohid: “Men oltmish yildan beri Muhammad ibn Ismoildan koʻra faqihroq va parhezkorroq kishini koʻrmadim” , degan.

Imom Buxoriy shaʼniga oʻz zamondoshlari, ustoz va shogirdlari va undan keyingi bir qancha ulamolar tomonidan aytilgan shu kabi eʼtiroflarni koʻplab keltirish mumkin. Zero, Ibn Hajar Asqaloniy aytganlaridek, “Keyingi davrda yashagan ulamolar tomonidan Buxoriy haqida bildirilgan va aytilgan maqtovlar keltirilsa, ularni yozishga varaqlar tugab, insonning bardoshi qolmaydi. U sohilsiz dengizdir”[2].

Zamondosh olimlarimizdan Doktor Nuriddin Itr bunday deydi: “Buxoriyning ilm maydoniga keladigan boʻlsak, u fiqh borasida koʻzga koʻringan va uni mukammal oʻrgangan imomlardan biri boʻlgan. Mashhur muhaddislardan boʻlsa-da, fiqhiy masalalarning yechimida fiqhiy mazhab imomlari darajasidagi mujtahid imomdek ish tutgan. Imom Buxoriy yoshligida Ibn Muborakning asarlarini oʻqib chiqqan edi. Ibn Muborak esa Abu Hanifaning xos shogirdlaridan biri boʻlgan. Keyinroq u – oʻzi xabar berib ketganidek, – oʻsmirlik pallasida hanafiylarning fiqhini oʻrganib chiqdi. Karobisiy vositasida Shofiʼiyning fiqhini oʻrgandi. Shuningdek, Molikning shogirdlaridan uning fiqhini oʻrganib chiqdi. Ana shu tarzda u ijtihod qilish yoʻllarini puxta va batamom oʻrganib chiqdi. Imom Buxoriy oʻzining mana shunday oʻtkir zehni va kuchli zakovati bilan mujtahidlarning yoʻlini tuta oldi. Uning “Al-Jomeʼ as-Sahih” asari mana shu gapning toʻgʻriligiga shahodatdir. Chunki, Imom Buxoriy bu asarda dalillardan hukmlarni chiqarib olgan, mazhablardan birortasiga taqlid qilmagan holda dalilga ergashgan. Biz uning fiqhi haqida olib borgan tadqiqotimiz ichida kelgan misollar uning mujtahidlar martabasiga yetgan bir mujtahid boʻlgan ekanini, ayrim mazhablar vakillari daʼvo qilganlaridek, qaysidir mazhabga taqlid qilgan emasligini koʻrsatadi”. [3]

Manbalar asosida Imom Buxoriyning fiqhiy mazhabi va mujtahidlik darajasi toʻgʻrisida keltirilgan ulamolarning fikr-mulohazalaridan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, Imom Buxoriy fiqh sohasida oʻzi mujtahid boʻlgan[4] va muhaddis toʻrt mazhabdan birida boʻlgan, deb xulosa chiqarish toʻgʻri fikr emas. Chunki, muhaddis yashagan davrda bu toʻrt mazhab hali mukammal shakllanib boʻlmagan edi. Imom Buxoriy va Imom Ahmad bir davrda yashagan, hadis ilmi borasida ular juda ham yaqin boʻlishgan. Muhaddis va allomalar hayoti oʻrganilganda ular oʻrtasidagi ilmiy-amaliy aloqalar, ijodiy munosabatlardagi yaqin hamkorlikka guvohi boʻlamiz. Fiqhiy mazhab imomlari Imom Buxoriy yoki uning otasi Ismoil bilan zamondosh boʻlgan. Imom Buxoriy barcha mazhab imomlarining asarlaridan, fiqhiy va aqidaviy qarashlaridan boxabar boʻlgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Imom Buxoriy oʻz davrining buyuk va mujtahid imomi boʻlgan.

Imom Buxoriyning asarlari faqat diniy ilmlar majmuasiga oid boʻlib qolmasdan, balki dunyoviy ilmlarga oid maʼlumotlarga ham boydir. Masalan, uning shoh asari “Al-Jomeʼ as-Sahih”da tarix, mantiq, fiqh, huquqshunoslik, tabobat va boshqa qator fanlarga oid koʻplab maʼlumotlarni uchratamiz. Albatta, bu buyuk Imom qatori boshqa allomalarimizning hayoti, ilmiy merosi va shaxsiyatini oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazish hozirgi jamiyatimiz ahlini, ayniqsa, yosh avlodni komil inson qilib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

[1] Shayx Abdussalom Muborakfuriy. Sirat al-Imom Buxoriy. Makka. Dar alamil favoid. 2002. J.1. B. 202. //Abdusattor. Imom Buxoriy. – Damashq. Darul qolam.2007. B.258.
[2] Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy. J. 2.  – Bayrut. Doru-l-maʼrifa, 1959. – B. 485.
[3] Nuriddin Itr. Imom Termiziy. U bilan “Al-Jomeʼ as-Sahih”ning oʻrtasidagi muvozanat. – B. 391.
[4] Abdusattor. Imom Buxoriy. – Damashq. Darul qolam.2007. B.249.
Barot AMONOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …