Home / YANGILIKLAR / RAMAZON — maʼrifat va qadriyatlar qadr topgan oy

RAMAZON — maʼrifat va qadriyatlar qadr topgan oy

Yangilanayotgan Oʻzbekiston diyorida muborak Ramazon oyi tinchli, mehru oqibat, oʻzaro hamjihatlik, himmat va saxovat kabi anʼanalarimiz tobora mustahkam qaror topayotgan bir sharoitda, koʻtarinki ruh bilan kutib olindi. Prezidentimizning joriy yil 8 aprel kuni “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, Ramazon oyini milliy anʼana va qadriyatlarimiz ruhida, har tomonlama munosib oʻtkazish dasturi ishlab chiqildi.

Dasturga muvofiq, joylarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam boʻlgan insoniylik, maʼnaviy poklik, sabr-qanoat kabi fazilatlarni eʼzozlash, bugungi tinch va farovon hayotimizni qadrlash, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilish, ahil va hamjihat boʻlib yashashga daʼvat etadigan hamda yosh avlodni Vatanimizga muhabbat, azaliy anʼana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan targʻibot tadbirlarini oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu ishlar zamirida jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish gʻoyasi yotganini alohida taʼkidlash lozim.

Ayniqsa, yordamga muhtoj va ehtiyojmand insonlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, oilalar va mahallalarda mehr-oqibat, oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash bilan bogʻliq tashkiliy ishlar diqqat markazidadir.

Yurtimizda muqaddas Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish, ezgu amallarni ado etish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Oʻtgan yilgi Ramazon oyi pande­miya sharoitida, karantin talablari pallasida oʻtgani hammamizning yodimizda. Shunday qiyinchiliklarni ham davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi va metin intizom asosida yengib oʻtdik. Biroq hali xavf chekingani yoʻq, ehtiyot choralari ham bekor boʻlmadi. Shu bois, bu yil ham ushbu oyni karantin talablariga toʻliq rioya etgan holda oʻtkazishga majburmiz. Bu vaziyat barchamizdan hushyor va sergak boʻlish, masʼuliyatni yanada oshirishni talab etadi. Zero, Ramazon oyida masjidlarda taroveh, xatmi Qurʼon ibodatlari tashkil etilib, ularda koʻplab namozxonlar ishtirok etadi.

Shunga koʻra, barcha masjidlarda tozalik va obodonlashtirish, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etish va muqaddas Ramazon oyiga tayyorgarlik koʻrish ishlari oldindan jiddiy nazoratga olindi hamda joriy yilning 20 fevralidan 20 martiga qadar “Obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish” oyligi eʼlon qilindi. Qayd etish joizki, mazkur oylik davomida joylarda keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Xususan, mavjud qabristonlar, ziyoratgoh va masjidlarda obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish hamda binolarni toʻliq dezinfek­siya qilish tashkil etildi;

— imom-xatiblar tashabbusi asosida mahalla faollari, jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda 9 mingga yaqin mahalla va aholi yashash punktida, mahallalardagi yolgʻiz keksa, boquvchisini yoʻqotgan 6231 nafar fuqaro xonadonlarida hashar tadbirlari oʻtkazildi;

131 574 tup gul, mevali va manzarali daraxtlar ekildi, 335 ming metr ariq tozalandi;

OAV va internet orqali aholini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlariga targʻib etish yoʻnalishida muntazam chiqishlar qilindi.

Shu bilan birga, COVID-19 kasalligi tarqalishi boʻyicha mavjud holatni eʼtiborga olib:

sanitariya-gigiyena va dezinfek­siya talablariga qatʼiy rioya etish, bino xonalarini har kuni dezin­feksiya qilish, ularning kirish joylarini pirometrlar (kontaktsiz harorat oʻlchagich), antiseptik vositalar bilan jihozlash;

ijtimoiy masofalanishni (1,5­2 metr) saqlash, buning uchun hudud va ibodat joylariga maxsus belgi qoʻyish, taroveh namozlari uchun asosan, masjid hovlisi, ochiq hududlarda joylar tashkil etish, ibodat tugaganidan soʻng hududni tez fursatda tark etish;

fuqarolar masjid ichida va namoz asnosida tibbiy niqob taqqan holda boʻlishi va masjidga kirishda qoʻllarni dezinfeksiyalash vositasidan foydalanishini nazorat qilish;

diniy tashkilotlarda jamoaviy ibodatlarni amalga oshirishda 60 va undan katta yoshdagi fuqarolar hamda surunkali kasalligi mavjud shaxslarga ular tomonidan kunlik diniy tadbirlarni imkon qadar uy sharoitida amalga oshirish boʻyicha muntazam tushuntirish ishlarini olib borish;

jamoaviy ibodatlar tashrif buyuruvchilar tibbiy niqobda boʻlgan holda qatʼiy sanitariya-gigiyena qoidalari asosida oʻtkazilishi, shuningdek, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida shaxsiy masʼuliyatni oshirish yuzasidan targʻibot yoʻlga qoʻyildi.

Yurtimizda qadimdan Ramazon kechalari Qurʼoni karimni toʻliq xatm qilish chiroyli anʼanaga aylangan. Bu yil ham koʻplab jome masjidlarimizda xatmi Qurʼonlar tizimli davom etmoqda. Joriy Ramazon oyida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 2088 ta masjiddan 1373 tasida xatmi Qurʼon (Qurʼon kitobini toʻliq oʻqish) va 685 ta masjidda aholi talabi­ga koʻra, qisqa taroveh namozlari tashkil etilmoqda. Hozir taʼmirlash ishlari olib borilayotgani tufayli 30 ta masjidda taroveh namozlari ado etilmasligi maʼlum qilingan. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tavsiyasiga koʻra, ushbu tadbirlarga 2320 nafar qori jalb etildi.

Ramazon oyining ulugʻvorligi, alohida fazilatli tomoni shundaki, u saxovat oyi hamdir. Mehr-muruvvat, saxovat xalqimiz ardoqlagan, asrlar osha amal qilib kelayotgan azaliy qadriyatlarimizdan hisoblanadi. Saxovatli zotlar, ularning tarixda qoldirgan yaxshi nomlari, saxovatpeshalik bilan amalga oshirgan ishlari biz uchun, yoshlarimiz uchun ibratdir. Albatta, bundan xayr-saxovat faqat shu oyda qilinishi kerak, degan maʼno chiqmaydi. Yaʼni saxovat mavsumiy qadriyat emas. Biroq muqaddas kitoblarimizda Ramazonda qilinadigan har qanday xayrli amallar, jumladan, xayr-saxovatga ham boshqa oylardagidan bir necha hissa koʻproq ajr berilishi qayta-qayta taʼkidlanadi.

Buyuk alloma Alouddin Samarqandiy “Tuhfat ul-fuqaho” asarida: “Kishilarda Ramazon oyida savobli ishlarni har qachongidan-da koʻproq qilishga intilish ishtiyoqi yanada ortadi. Ayniqsa, davlatmand kishilar zakotlarini ham aynan Ramazonda ado etishlari ham shundan”, deydi.

Diyorimiz musulmonlariga qulay boʻlishi uchun Oʻzbekiston musulmonlari idorasi fatvo hayʼatining milodiy 2021 (hijriy 1442) yilgi zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdori boʻyicha qarori ham eʼlon qilindi. Qolaversa, bir oy davomida faqat yaxshi niyatda, yaxshi amalda boʻlgan kishilarning Ramazondan keyingi oylarda ham bunday yaxshiliklarni davom ettirishlari tabiiy.

Prezidentimizning yuqorida zikr etilgan qarorida Ramazon oyini oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish borasida tavsiyalar berilgan. Shunga koʻra, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, “Ziyo” media markazi bilan birgalikda “Hidoyat sari”, “Ziyo” koʻrsatuvlari va “Ramazon tuhfasi” eshittirishi efirga uzatilmoqda.

Ommaviy axborot vositalarida berilayotgan materiallar epidemiologik sharoitdan kelib chiqib, diniy-maʼrifiy ruhdagi, Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam boʻlgan ezgulik, muruvvat, ahillik va hamjihatlik gʻoyalari, dinimiz arkonlarini eʼzozlash, hozirgi tinch va osuda hayotimizning qadriga yetish, shukronalik fazilatlarini ulugʻlashga daʼvat etadigan suhbat va maʼruzalar shaklida tashkil etilmoqda.

Telekanallarda milliy qadriyatlarni ulugʻlash, yoshlarda vatanparvarlik tuygʻularini kuchaytirishga bagʻishlangan badiiy filmlar, muqaddas qadamjolar, tarixiy obidalarni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish yoʻlida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlarni yorituvchi hujjatli-publitsistik filmlar namoyishini tashkil etish masalasi esa ayni muddao boʻldi.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda diniy soha xodimlari tomonidan internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali Ramazon oyida saharlik, iftorliklarni xonadonlarda oila davrasida, hashamatsiz va kamtarona oʻtkazish, karantin qoidalariga rioya etish, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini sunʼiy ravishda oshirmaslik, turli bidʼat va xurofotlardan saqlanish, yot gʻoyalarga asosli raddiyalar berish, aholi salomatligini saqlash kabi mavzularda targʻibot ishlarini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Juma maʼruzalarida alohida mavzular berib borilmoqda.

Masjidlar imom-xatiblari hamda mahalla fuqarolar yigʻini faollari hamkorligida Saxovat, Muruvvat va Mehribonlik uylarida istiqomat qilayotganlar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari, nogiron, yolgʻiz keksalar, kam taʼminlangan oilalarga “Vaqf” xayriya jamoat fondi hisobidan hamda saxovatpesha insonlarni jalb qilgan holda moddiy yordam koʻrsatish ishlari boshlab yuborildi.

Umuman, amalga oshirilayotgan barcha ezgu ishlar Ramazon oyining diyorimizda yanada shukuhli va koʻtarinki ruhda oʻtishiga xizmat qilmoqda. Vatandoshlarimiz bugungi erkin ibodatlariga mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik, barqarorlik sabab boʻlayotganini chin dildan his etayotganlari tahsinga sazovor.

Muzaffar KOMILOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 15 aprel, №75 (331)

Check Also

Markazning navbatdagi mehmoni – Birlashgan Arab Amirliklaridan

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga BAA Sharja Amirligi Meros instituti Arxeologiya boshqarmasi Bosh direktori Iso …