Home / MAQOLALAR / QURʼONNI QALBGA JO AYLASHNING HALOVATI

QURʼONNI QALBGA JO AYLASHNING HALOVATI

Qurʼon  Alloh taoloning kalomi, insoniyat uchun hidoyat va rahmat manbaidir. Inson hayotda Yaratganning roziligiga erishish uchun koʻplab xayrli va savobli ishlarni amalga oshirishga intiladi. Savobi eng ulugʻ amallardan biri Qurʼonni oʻrganish, maʼnolarini tadabbur qilib, hayotga tatbiq etishdir. Kalomi sharifni ixlos ila oʻqish qalbni xotirjam qiladi. Qurʼon tilovat qiluvchini hidoyatga boshlaydi, solih amallar qilishiga sababchi boʻladi. Haq taolo aytadi: “Albatta, bu Qurʼon eng toʻgʻri yoʻlga hidoyat etur va ezgu ishlarni qiladigan moʻminlarga katta mukofot borligi (haqida) bashorat berur” (Isro surasi, 9-oyat).

Shunday ekan, qalbni Musʼhafga oshno qilish, maʼnolarini oʻrganish va boshqalarga oʻrgatish oʻziga xos ulugʻ fazilatdir. Chunki Qurʼonni oʻqigan, oʻzgalarga oʻrgatgan kishi Alloh taoloning rahmatiga erishadi. Rasululloh  sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Sizlarning eng yaxshilaringiz Qurʼonni oʻrgangan va uni boshqalarga oʻrgatganlaringizdir” (Imom Buxoriy rivoyati). Koʻrinib turganidek, hadisda Qurʼonni oʻrgangan va boshqalarga oʻrgatganlar madh etilmoqda. Demak, Kalomi Sharifni oʻrganib, unga amal qilish, oʻzgalarga taʼlim berish moʻminlar orasida eng yaxshi nom qozonish uchun sabab boʻlar ekan.

Qurʼon oʻrganishni boshlagan insondan yuksak sabr-matonat talab qilinadi. Bunday sifatni shakllantirgan insonda esa boshqa fazilatlar ham vujudga kelib mustahkamlanadi. Natijada u komil inson boʻlib yetishadi. Baʼzan inson hayotda molu dunyosi, mansabi, obroʻ-eʼtibori bilan farqlanadi. Aslida bu narsalar faqatgina shu dunyoda asqotadi, xolos. Agar u mol-davlatini xayrli ishlarga sarflasa va Qurʼonni oʻrganib, uni qalbiga jo aylasa, unday inson koʻpgina fazilatlar sohibiga aylanadi. Jamiyat uning mavqeini oshiradi, odamlarning hurmat-eʼtibori oshadi.  

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qiladilar: “Ichida Qurʼondan biron narsa boʻlmagan kishining qalbi xaroba uy kabidir” (Termiziy, Dorimiy, Ahmad, Hokim, Bayhaqiy va Tabaroniy rivoyati).

 Qalb – iymon, Qurʼon tilovati, xayr-saxovat, zikr kabi ibodatlar bilan obod boʻladi. Agar banda qalbini obod qiluvchi amallardan yiroq boʻlsa, ichki dunyosi  xarobaga aylanadi. Hadisda qalb xaroba uyga oʻxshatilgan. Bunday uyda yashagan inson hayotida fayz-baraka ham boʻlmaydi.

Qurʼonni oʻqib, unga amal qilgan inson ulugʻ darajalarga koʻtarilishi xususida Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Qiyomat kuni Qurʼon sohibiga: “Oʻqi va koʻtaril, dunyoda qanday oʻqigan boʻlsang, shunday oʻqi. Oxirgi oyatni oʻqigan joying (jannatdagi) manziling boʻladi”, deb aytiladi. (Abu Dovud,Termiziy, Ibn Moja, Ibn Hibbon rivoyati. Hadis sanadi hasan-sahih).

Bu hadis bizga kishi Qurʼondan qancha koʻp yodlasa, martabasi shuncha yuqori boʻlishidan xabar bermoqda.

Baʼzi insonlar bir umr hayot tashvishlari bilan ovora boʻlib, yoshi bir joyga borib qolganda qandaydir bir sabab ila oʻzini isloh qilishga tushib qoladi. Ibodatlar, ehsonlar qiladi. Shu bilan birga, Qurʼonni oʻrganishga qattiq kirishadi. Tabiiyki, bu yoshda uni oʻrganish nisbatan mashaqqatlidir. Shu xayrli amalda qiyinchilikka duchor boʻlganlarga quyidagi hadis xushxabar boʻladi. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Qurʼonni mohirona tilovat qiladigan qori elchi, yozuvchi, oʻta yaxshi farishtalar bilan bir maqomdadir. Qurʼon oʻqiganda tili tutiladigan qoriga ikki hissa koʻp savob beriladi” ( Buxoriy, Muslim, Sunan sohiblari, Ahmad, Ibn Hibbon rivoyat qilgan).

Shariatda moʻmin banda imoni bilan qadrli. Lekin imon keltirsa-yu Alloh taoloning kitobini oʻqimasa, uning qadri pasayadi. Shuning uchun hadislarda Qurʼon oʻqimaydigan odam xurmoga oʻxshatilgan. Uning mazasi zoʻr boʻlgani bilan hidi yoʻq. Bundan chiqdi, Qurʼon oʻqimaslik, moʻmin inson uchun kamchilik sanalar ekan. Hozir hamma ham Qurʼon oʻqimaydi, maʼnosini tushunmaydi. Oqibatda musulmon boʻlgani uchun emas, musulmon boʻla turib, Qurʼonni oʻqib-oʻrganmagani uchun boshiga har xil savdolar tushadi[1].

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga moyil boʻlib turadi. Savob ish qilganda, qalbi orom oladi, taskin topadi. Gunoh-maʼsiyat esa qalbni qoraytiradi, koʻngilni hijil qiladi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Temirga suv tegsa, zanglaydi. Xuddi shunga oʻxshab qalblarni ham zang bosadi”, dedilar. Shunda: “Yo Rasululloh, uning jilosi nima?” deb soʻraldi. U zot: “Oʻlimni koʻp eslash, Qurʼon oʻqish”, deya marhamat qildilar”. Hadis mazmuniga koʻra, Qurʼon tilovati qalbdagi zanglarni ketkazar ekan. Uni oʻqiguvchining qalbi yayraydi, koʻngli huzurlanadi. Moʻmin banda qiroatdan bir dunyo maʼnaviy ozuqa oladi. Shu yoʻsin qalbni qoplagan zanglar asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga manbalarda “Qurʼon qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo”, deb bejiz aytilmagan.

Maʼlumki, temirga ishlov berib turilmasa, koʻp oʻtmay zanglaydi. Xuddi shunga oʻxshab, Qurʼon oʻqilmasa, dilni ham zang bosishini bilib oldik. Hamisha Qurʼon oʻqib yuradigan insonning qalbi musaffo boʻladi. Binobarin, Qurʼonni qalbiga jo aylagan inson doimo yaxshilik yoʻlida boʻladi.

[1] Qurʼon qalblar shifosi. Ziyovuddin Rahim B-9.
Mashrab XIDIROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

OʻSMIR XULQ-ATVORI VA UNING IJTIMOIY-MAʼNAVIY HAYOT BILAN BOGʻLIQ DETERMINANTLARINI OʻRGANISH

Oʻsmir xulq atvori tushunchasini tahlil etish, uning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlarini  oʻrganish muhim masala hisoblanadi. Xulq-atvor, yaʼni …