Home / MAQOLALAR / Ramazon roʻzasining mukofoti

Ramazon roʻzasining mukofoti

Bugun butun musulmon olamida, jumladan yurtimizda ham oʻn ikki oyning sultoni Ramazoni sharif oʻzining fayzi va barakoti ila mehmon boʻlib turibdi. Ramazon yer va osmonlar ziynatlanadigan, qalblarni yumshatib goʻzallashtiradigan bir oy. Jannat eshiklari ochilib, jahannam eshiklari berkitilgan hamda savoblar behisob beriladigan oydir.

Paygʻambar (a.s) shunday marhamat qiladilar: “Agar insonlar Ramazon oyidagi mukofotlar, savoblar, neʼmatlar va rahmatlar koʻpligini bilsalar edi, Ramazonning yil boʻyi davom etishini xohllagan boʻlar edilar”.

Hadisi qudsiyda esa Alloh taolo marhamat qilib: “Roʻza men uchundir va uning mukofotini Oʻzim beraman” deydi. Moʻmin kishi uchun yaratan Robbisini rozi etib, Undan mukofot olishdan koʻra oliy saodat boʻlmasa kerak.

Ramazon roʻzasining mukofoti jannatdir. Roʻzadorlar Allohning marhamati bilan jannatning Rayyon nomli eshigidan jannatga kiradilar.

Bu oyning soʻnggi oʻn kunligida “Qadr kechasi” boʻlib, Alloh taolo bu kechaning fazlini ming oyga tenglashtirdi, yaʼni “Qadr kechasi”da qilingan ibodatning savobi ming oy davomida qilingan ibodatdan afzal, deb xabar beradi. Bu kecha oyati karimda qoʻyidagi mazmunda bayon etiladi:“ Qadr kechasi” ming oydan yaxshiroqdir. U kechada farishtalar va ruh (Jabroil Parvardigorlarining izni bilan yil davomida qilinadigan) barcha ishlar (rejasi) bilan (yerga) tusharlar. U (kecha) to tong otguncha salomatlikdir”. Yuqoridagi oyat bashoratlarga qaraganda “Qadr kechasi”da kelgusi yilning shu kechasiga qadar yuz beradigan barcha ishlar oʻlchab, hisoblanib qoʻyilar ekan. Ilohiy kitob – Qurʼoni karim ham Ramazon oyining “Laylatul Qadr” kechasida Lavhul – mahfuzdan birinchi osmonga toʻla-toʻkis tushirilgan. Islomshunos olimlarning aytishlaricha “Tavrot” Muso (a.s.)ga Ramazon oyining oltinchi kuni nozil etilgan. Shuningdek Iso (a.s.)ga “Injil” hamda Ibrohim (a.s.) ilohiy (sahifalar) ham shu muborak oyda nozil qilingan.

Qadr kechasining odobi gʻusl-yuvinish, toza-ozoda kiyimlarni kiyib, Qadr kechasini bedorlikda, ibodatda oilasi, mahalla, qavm-qarindoshlar bilan yurtdoshlar hamda yurtimiz haqiga duoi xayrlar qilish. Paygʻambarimiz (a.s.) hadislarida “Kimki, “Laylatul-Qadr” kechasida chin ixlos va iymon bilan Alloh uchun bedor boʻlsa, oʻtgan jamiki gunohlardan magʻfirat qilinur”, deb marhamat qilganlar.

Ramazon oyi soʻnggida ulugʻ amallardan biri – fitr sadaqasidir. Fitr Ramazon oyi oxirida kundalik ehtiyojdan ortiq moli bor kishi berishi vojib boʻlgan sadaqadir. Fitr sadaqasi tutgan roʻzalarimizdagi xatolar hamda beva-bechora, yetim, kambagʻallarning qalbiga xursandchilik ulashish, kishilar orasida mehr-oqibatni yoyishdir. Shuningdek, saxovatpesha kishilarimiz Allohning ularga bergan neʼmatlaridan xayr-ehson qilishlari, muhtoj odamlarga, faqir-miskinlarga yordam qoʻlini choʻzmoqlari darkor. Islom dini kishilarni dini, millatidan qatʼiy nazar bir-birlarini oʻzaro izzat-hurmat, yaxshilik qilishga undaydi. Niso surasida “Allohga ibodat qiling va unga hech narsani sherik qilmang! Ota-onalarga, shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qoʻshni-yu, begona, yoningizdagi hamrohingiz, yoʻlovchi (musofir) ga va qoʻl ostingizdagilarga ham yaxshilik qiling” (36-oyat) deyilgan.

Shubhasiz Ramazon oyining soʻnggida qutlugʻ Ramazon hayiti bayrami bordir. Iyd – arabda soʻz boʻlib, u “qaytish, ziyorat qilish” maʼnolarini anglatadi. Buning sababi bu kunlar har yili qayta-qayta kelgani va oʻzi bilan birgalikda juda koʻp xursandchilik, surur va shodlik keltirgani uchun ham “Iyd” deb aytilgan. Endilikda bu soʻz bayram, shod-xurramlik kunlarini bildiradi. Bu faraxbaxsh kunlarda guruh-guruh boʻlib fotihaga borish, bayramni azaga aylantirish nojoiz amaldir.

Hayit kunining odobi – hayit nomozidan ilgari choʻmilib – poklanib, toza kiyinish, xushbuy atirlardan foydalanish, ozgina shirinlik isteʼmol qilib hayit nomozini ado etish. Soʻngra albatta turli hadyalar bilan avvalo, ota-onani ziyorat qilish, bolalarga shirinliklar ulashib, yoru-doʻst, qarindoshlarni yoʻqlash, arazlarni unutib ginador bilan yarashish. Ayollarimiz esa hayit arafasidan boshlab hovli – uy, koʻchalarni ozoda tutmoqlari, hayit kuni bayram dasturxonini chiroyli bezamoqlari mustahabdir.

Kenjabek Soliyev
Chust tumani “Gʻoyib Eronlar” masjidi imom xatibi

Check Also

OʻZBEKISTONDAGI MILLIY MADANIY MARKAZLARNING  IJTIMOIY-SIYOSIY ASOSLARI

Milliy madaniy markazlar Oʻzbekistonda yashovchi turli millat va elat vakillarining milliy madaniy ehtiyojlarini qondirishga, urf-odat, …