Home / YANGILIKLAR / RAMAZON SAXOVAT, SABR VA DUO OYIDIR

RAMAZON SAXOVAT, SABR VA DUO OYIDIR

Bismillahir Rohmanir Rohim. Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu. Alloh taboraka va taologa beadad hamdu sanolar, Hazrati Paygʻambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga behisob salavotu salomlar boʻlsin!

Butun dunyo moʻmin-musulmonlari intiqib kutadigan Ramazoni sharif oyi ham kirib kelmoqda. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va oʻz nomimdan, Siz, azizlarni fazilatli Ramazon oyi bilan chin qalbdan, samimiy muborakbod etamiz.

Har yili yurtdoshlarimiz ushbu oyni koʻtarinki kayfiyat, oʻzgacha shukuh va alohida tayyorgarlik ila qarshi oladilar. Allohga shukrki, bu yil yurtimiz masjidlarida taroveh namozlarini oʻqiymiz, 1 370 dan ortiq jomelarda xatmi Qurʼonlar qilamiz, Ramazon oyi sharofati bilan butun dunyoga tashvish boʻlib turgan koronavirus kasalligi bartaraf boʻlishini Haq taboraka va taolodan soʻraymiz.

Shu oʻrinda barchamiz yaxshi tushunishimiz kerakki, butun dunyoda koronavirus xastaligi avj olyapti. Hukumatimiz tomonidan xalqimiz sogʻligʻini asrash yoʻlida jiddiy saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Biz ham taroveh namozlarida tibbiy niqob taqish, oraliq masofani saqlash, qoʻl berib koʻrishmaslik kabi karantin tartib-qoidalariga qatʼiy rioya qilishimiz zarur boʻladi. Kimki oʻzida kasallik alomatlarini sezsa, taroveh namozini ado etish uchun jamoatga qatnashmasligini soʻraymiz. Zero, dinimizda oʻziga ham, oʻzgalarga ham zarar berish yoʻq.

Mohi Rahmonda ado etiladigan solih amallar evaziga moʻmin-musulmonlar juda katta ajr-savoblarga erishadilar. Ramazon oyida Alloh taoloning rahmat va magʻfirati boʻladi, ibodatlar va savobli amallar koʻpaytiriladi. Saxovatpesha, qoʻli ochiq insonlarimiz nogironlar, yolgʻiz keksalar, boquvchisini yoʻqotgan kishilar hamda kam taʼminlangan oilalarga mehr-muruvvat ulashadilar. Bemorlar holidan xabar olib, koʻngillarini koʻtaradilar.

Ramazon — Qurʼon oyidir. Alloh taoloning kalomi aynan shu oyda nozil boʻlgan. Haq taolo Oʻzining muqaddas kitobida bunday deydi: “Ramazon oyi — odamlar uchun hidoyat manbai va toʻgʻri yoʻl hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qurʼon nozil qilingan oydir” (“Baqara” surasi, 185-oyat).

Ramazon — saxovat oyidir. Bu oyda qilingan xayru ehsonlarga Alloh taolo ulkan ajr-savoblarni beradi. Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu muborak oyda boshqa oylarga qaraganda yanada saxiyroq boʻlib ketardilar. Shuning uchun ham qadimdan musulmonlar Ramazon kirganda saxovatliroq boʻlishga odatlanganlar. Davlatmand kishilar zakotlarini aynan Ramazonda ado etishgan. Bu oyning barakasidan har bir uy bahramand boʻlib, moʻminlar qalbiga shodlik kiradi.

Shu sababli bu muborak oyda har birimiz yon-atrofimizda yordamga muhtoj kishilar boʻlsa, qoʻlimizdan kelgancha ularga yaxshilik qilib qolsak, ayni muddao boʻladi.

Ramazon — sabr oyidir. Bu yil ham sabrimizni ikki hissa oshirishga toʻgʻri keladi. Biri roʻza tutish bilan bogʻliq mashaqqat boʻlsa, ikkinchisi pandemiya sabab yuzaga kelgan mushkulotlardir. Bu bilan Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Sabrning mukofoti — jannatdir”, degan bashoratlariga doxil boʻlamiz, insha Alloh.

Ramazon — duo oyidir. Har bir musulmon duolar ijobat boʻladigan mana shu kunlarda koʻp-koʻp duo qilishi kerak. Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Roʻzadorning duosi qaytarilmaydi””, deganlar.

Biz nuroniy otaxonu onaxonlarimizdan soʻraymizki, ushbu muborak kunlarda yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, dasturxonimizga qut-baraka tilab, Alloh taologa duo qilsinlar. Rasuli Akram alayhissalom Ramazon oyida moʻmin kishining rizqi ziyoda boʻlishi, xonadoni fayzu barakaga toʻlishi haqida: “”Bu oyda Alloh moʻminning rizqini koʻpaytiradi”, deb marhamat qilganlar.

Mana shunday fazilatli oyda roʻzalarimiz qabul, ibodatlarimiz maqbul va duo-yu iltijolarimiz mustajob boʻlishini Haq taboraka va taolodan soʻraymiz.

Kuni kecha muhtaram Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Unda xalqimizga xos boʻlgan mehr-oqibat va shukronalik tuygʻularini yanada yuksaltirishga alohida urgʻu berildi.

Allohga shukrki, soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy sohadagi keng koʻlamli islohotlar, yangidan ochilayotgan masjid-madrasalar, qayta chiroy ochayotgan qadamjolar moʻmin-musulmonlarni cheksiz mamnun etmoqda.

Oʻtgan qisqa vaqt ichida Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro markazlari, Xalqaro islom akademiyasi, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasining tashkil etilgani nafaqat yurtdoshlarimizni, balki xorijlik birodarlarimizni ham cheksiz mamnun etdi.

Butun dunyo Oʻzbekistonda diniy sohada olib borilayotgan islohotlarning katta samara berishiga, bu aziz diyorning yana ilm-maʼrifat markazi boʻlishiga koʻz tikmoqda. Taʼkidlash joizki, barcha islohotlardan koʻzlangan maqsad — Vatanimizni yanada obod etish, xalqimiz farovonligini taʼminlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash va yoshlarni komil inson etib tarbiyalashdir.

Mana shunday ulugʻvor maqsadlar yoʻlida barchamiz bir tanu bir jon boʻlib, Prezidentimiz atrofida birlashib, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz kerak. Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni bugungi kun tahdidlaridan, turli yot gʻoya va qarashlardan asrashimiz lozimdir.

Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Roʻza tutgan kishining uyqusi ibodat, sukut saqlashi Allohga tasbeh, qilgan amalining savobi koʻpaytirib beriladi, duolari ijobat va gunohlari kechiriladi”, deb marhamat qilganlar. Moʻtabar manbalarda Ramazon oyida qilingan ezgu va xayrli ishlarning savobi yetmish daraja koʻtarilishi bayon etilgan.

Ushbu hadisi sharifda roʻzadorning duosi ijobat, deyildi. Shuning uchun ham bu qutlugʻ oyda chin qalbdan, astoydil dunyo va oxirat saodatini soʻrab duolar qilishimiz kerak boʻladi.

Biz Parvardigori olamning rahmat va magʻfirati joʻsh urib, yer yuziga ilohiy nurlar yogʻiladigan oy arafasida turibmiz. Ushbu oyni gʻanimat bilib, yurtimiz tinchligi, rizqimiz toʻkinligi, koronavirus kasalligiga chalinganlar tezroq shifo topishlarini Haq taolodan soʻraylik.

Alloh taboraka va taolo ezgu maqsadlarimiz, yaxshi niyat va ulkan rejalarimizni roʻyobga chiqarsin!

Ona Vatanimiz yanada obod, xalqimiz hayoti hamisha farovon boʻlsin!

Barchamizga fazilatli Ramazon oyi muborak boʻlsin!

Usmonxon ALIMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi
raisi, muftiy
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 10 aprel, №72 (328)

Check Also

Markaz rahbari – Samarqanddagi yirik anjumanda

Bugun, 3-may kuni Samarqanddagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Turkiyadagi Egey universiteti …