Home / MAQOLALAR / Dinda terror yoʻq – Islom qoʻporuvchilik dini emas!

Dinda terror yoʻq – Islom qoʻporuvchilik dini emas!

OGOHLIK – DAVR TALABI 

Bugun biz shunday davrda yashayapmizki “falon kishi koinotda yashash uchun joy buyurtma qilibdi, falon kompaniya u nomdagi eng yuqori texnologiyalarga ega mahsulotini taqdimot qilibdi, bunisi quyosh nuri bilan harakatlanadigan uchar mashina ishlab chiqibdi”, desa hech kim ajablanmay qoʻydi.

Lekin dunyoning falon mamlakatida terrorchilik xuruji kuzatilibdi desa, yer yuzidagi yetti milliarddan ziyod odam yuragini hovuchlaydigan boʻlib qoldi. Eng yomoni, sayyoramiz aholisining aksariyati terrorni hali-hanuz din bilan yonma-yon ishlatmoqda.

Qoʻli qonga botgan, na dini, na millati, na vijdoni bor razil kimsalar – terrorchilar oʻldirsa ham, qaysidir joyni portlatsa ham, qayoqqadir oʻt qoʻysa ham eng ulugʻ kalima – “Allohu akbar”ni talaffuz qilayotgani dindan bexabar kishilarning ana shunday xulosaga kelishiga sabab boʻlayotgandir. Xoʻsh, aslida ham shundaymi?

ISLOM – TINCHLIK DINI

Bugun koʻpchilik oʻylaganidek, Islom qoʻporuvchilik dini emas, balki tinchlik dinidir. Dinimiz tinchlik, xotirjamlik, huzur-halovat, sulh va omonlik kabi maʼnolarni anglatadi. Bu nomni Alloh taoloning Oʻzi tanlagan. Zotan, Buyuk Rabbimizning goʻzal ismlaridan biri ham “As-salom”dir.

“Islom” soʻzi “itoat va boʻysunish”, “ixlos va turli ofatlardan salomat boʻlish” hamda “sulh va omonlik” degan maʼnolarni bildiradi. Bu dinni Paygʻambarning oʻzlari tanlagan emas, balki uni Alloh taolo ixtiyor qilgan. Islom, bu – Alloh yagona deb eʼtiqod qilib, unga boʻysunmoqlik va butun qalb bilan unga ixlos qilmoqlik demakdir.

Bu din shundayki, hatto boshqa dinlarni ham inkor etuvchi shaxslarga nisbatan shirinsuxanlik bilan chiroyli muomala qilishga undaydi. Muso va Horun alayhimassalomga oʻzini Xudoman, deb daʼvo qilgan Firʼavnga ham Alloh taolo yumshoq va muloyim soʻz bilan gapirishga buyurdi: (Ey, Muso!) Sen oʻzing va birodaring (Horun) Mening oyatlarimni (odamlarga) olib boringiz va Meni zikr qilishda sustlik qilmangiz! Ikkingiz Firʼavnning oldiga boringiz, chunki u(“Men – xudoman”), deb haddidan oshdi. Bas, unga yumshoq soʻz aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki (halok qilishimdan) qoʻrqsa” (Toho surasi, 44-oyat).

Va holbuki, Xudoyi taolo qodir edi Muso alayhissalomga: “Ey, Muso, Firʼavnni oldiga borganingizda asongizni ushlang, ajdahoga aylanib Firʼavnni yutib yuborsin” deyishlikka. Lekin Xudoyi taolo Oʻzining eng ulugʻ paygʻambarlaridan biri boʻlgan, Alloh taolo bilan vositasiz gaplashgan, Qurʼoni Karimda u kishining nomlari 136 marta zikr etilgan, alohida bir Muqaddas kitob nozil qilingan, sevimli paygʻambarlaridan bittalari boʻlgan boʻlsalar-da shirin soʻz va muloyimlik ila munosabat qilishni amr-farmon qiladi.

Islom terrorni, fasod va buzgʻunchilikni butunlay qoralaydi, laʼnatlaydi. Alloh taolo Qurʼoni karimda Yer yuzida buzgʻunchilik qilmaslikni buyurib: “Alloh esa, fasodni (buzgʻunchilikni) yoqtirmaydi” (Baqara surasi, 205-oyat), shu suraning 60-oyatida esa: “Allohning rizqidan yeb-ichingiz, Yer yuzida buzgʻunchilik qilmangiz!”deb marhamat qilgan.

Moida surasining 32-oyatida esa: “Biror jonni oʻldirmagan yoki Yerda (buzgʻunchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni oʻldirgan odam xuddi hamma odamlarni oʻldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (oʻlimdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir”, deb marhamat qilingan.

Mufassirlarning taʼkidlashlaricha, aslida ushbu oyat hukmi Isroil avlodiga qarata aytilgan boʻlsa-da, biroq u barcha musulmonlar uchun ham tegishlidir. Oyatning taqozo etishiga koʻra, Yer yuzida fitna-fasod, buzgʻunchilik, qotillik, qoʻporuvchilik, qaroqchilik kabi razil ishlarni qilgan kimsalar qilmishlariga yarasha jazoga tortilishi kerak.

Hadisi shariflarda: “Kim bir ahdlashgan jonni oʻldirsa, jannatning hidini ham hidlay olmaydi. Albatta, uning hidi qirq yillik masofadan kelib turadi” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati); “Haqiqiy musulmon uning qoʻlidan va tilidan boshqa musulmonga ozor yetmaydigan kishidir” (Imom Buxoriy rivoyati), deyilgan.

TЕRRORIZM DIN BILAN ALOQADOR EMAS

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining 72-sessiyasida: “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassami ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etadi”, deya taʼkidlagan edilar.

Mana shu takliflardan kelib chiqib BMT Xavfsizlik Kengashi 2017 yil 21 dekabr kuni “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasini qabul qildi. Ushbu hujjatga koʻra, terrorizm, zoʻravon ekstremizm hech bir din, millat va sivilizatsiya bilan aloqador emas va bogʻliq holda talqin qilinmasligi kerak.

“Terror” atamasi paydo boʻlganiga chorak asrdan oshdi. Terror dastidan ming-minglab begunoh odamlar halok boʻlmoqda, millionlab zamindoshlarimiz oʻz uyidan, vatanidan chiqishga majbur boʻlib, sarson sargardon yuribdi. Minglab bolalar taʼlim olish u yoqda tursin, uysiz boshpanasiz, baʼzilar hatto yaqinlarisiz yolgʻizlikda, nochor hayot kechirmoqda. Bu esa terrorizm, ekstremizmning achchiq mevasidir.

 

EKSTRЕMIZM – INSONIYAT DUSHMANI

“Ekstremizm” tushunchasi Qurʼoni karim oyatlari va hadisi shariflarda qayta-qayta kelgan “gʻuluv”, “tugʻyon”, “haddan oshish” kabi soʻzlar bilan hamohang boʻlib, dinimiz taʼlimotida ularning barchasi qattiq qoralangan. Masalan, Qurʼoni karimda Alloh taolo bandalarini gʻuluvdan qaytarib, bunday marhamat qiladi: “Ey ahli kitoblar! (Isoni ilohiylashtirib) diningizda haddan oshib ketmangiz! Alloh (shaʼni)ga esa faqat haq (gap)ni aytingiz!..” (Niso surasi, 171-oyat). Boshqa oyati karimada: “Ayting: “Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va koʻplarni adashtirgan hamda toʻgʻri yoʻldan chalgʻiganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!” (Moida surasi, 77-oyat), deb zikr qilingan.

Muqaddas dinimizda yakka-yu yolgʻiz Alloh taologa ibodat qilishga buyurilib, birdamlikka chaqiriladi. Dinda gʻuluvga ketish, haddan oshishdan qaytarilishning sababi, bu omillar ixtilofga, guruhbozlikka olib keladi. Vaholanki, oyatda:: “Ular (mushriklar) dinlarini boʻlib yuborib, (turli) firqalarga ajralgandirlar. Har bir firqa (odamlari) oʻz nazdilaridagi narsa (aqida) bilan shoddirlar” (Rum surasi, 32-oyat), deb marhamat qilingan.

Dinda gʻuluvga ketishning oqibatlari juda yomon. Avvalo, bu aqidaning buzilishiga olib keladi. Tarixda paydo boʻlgan ravofiz, xavorij, muʼtazila va boshqa toifalarning yuzaga kelishi, asosan, dinda gʻuluvga ketishning oqibatidir. Gʻuluv mashaqqat boʻlgani bois odamlar toʻgʻri yoʻldan ozib, dindan nafratlanib, bezib qoladilar. Oxir-oqibat shariatda buyurilgan amallarni bajarishdan qoniqish hosil qilmay, oʻz-oʻziga mashaqqat tugʻdiradigan yangi bidʼat amallarni oʻylab topishi va dinni mashaqqatdan iborat qilib koʻrsatishga sabab boʻladilar. Bu esa Islom dinining moʻtadillik va yengillikka chaqiruvchi, mashaqqat va qiyinchiliklarni bartaraf etishga asoslangan taʼlimotlariga ziddir. Zero, yengillik, Islomning asosiy shiorlaridan biridir. Imom Buxoriy rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Osonlashtiring, aslo qiyinldashtirmang. Bashorat bering, hech ham nafratlantirmang”, deyilgan.

Islom dini fasodga qarshi kurashib, oshkora va botiniy fitnalardan qaytargan. Alloh taolo Aʼrof surasining 56-oyatida: “Va isloh qilingandan keyin Yer yuzida fasod qilmang va Undan qoʻrqib tamaʼ ila duo qiling. Albatta, Allohning rahmati yaxshilik qiluvchilarga yaqindir”, deb marhamat qiladi.

Mufassirlar ushbu oyat tafsirida “arz”, yaʼni “yer” soʻzi, arab qoidalariga koʻra, alif-lom bilan kelgani uchun muayyan bir joyga – Madina shahriga dalolat qiladi, deyishadi. Shunda oyatning mazmuni “Madina shahri isloh qilinganidan keyin u yerda fasod ishlarni qilmang” boʻladi. Madina yer yuzidagi kichkina shahar. Mana shu joyda ham fasod qilmaslikka buyurilyapti. Modomiki, kichik shaharda fasodga chek qoʻyilmas ekan, xuddi uchqun butun boshli oʻrmonning kulini koʻkka sovurganidek, fasod ishlar – ekstremizm, terrorizm ham yer yuzini vayron qiladi.

Hozirgi kunda ayrim davlatlarda gʻuluvga ketgan, qoʻli qonga botgan bir qancha ekstremistik guruhlar faoliyat olib borayotgani barchani birdek tashvishga solmoqda. Gʻarb mamlakatlarining baʼzi ommaviy axborot vositalari ushbu ekstremistik guruhlarning qoʻporuvchilik harakatlarini Islom dini bilan bogʻlashga urinmoqdalar. Vaholanki, Islom dini ekstremizmni, terrorizmni qattiq qoralaydi, laʼnatlaydi. Dinimiz ekstremizmga qarshi kurashni oʻn besh asr oldin boshlab yuborgan. Islom moʻtadil ekani uning har qanday ekstremizmga, xunrezlikka qarshi ekanligining yaqqol isbotidir.

Turli ekstremistik oqimlar taʼsiriga tushib qolgan kimsalarning gumrohligi shundaki, koʻr koʻrni qorongʻida topibdi deganiday, ular faqat oʻzlariga oʻxshash kishilarning gaplariga ishonishadi. Samimiy nasihat qilib, toʻgʻri yoʻlni koʻrsatgan olimlar u yoqda tursin, baʼzan ayrimlari ota-onasi, akasini ham tan olishmaydi. Bular haqida Qurʼoni karimda: “Parvardigorining oyatlari bilan nasihat qilinganidan soʻng, ulardan yuz oʻgirgan kimsadan koʻra kim ham zolimroqdir?! Albatta, Biz (unday) jinoyatchilardan (dunyo va oxiratda) intiqom oluvchidirmiz” (Sajda surasi, 22-oyat), deb marhamat qilingan.

Shukrki, bagʻrikeng yurtda yashayapmiz. Mamlakatimizda shonli sanalar, bayramlar munosabati bilan adashib turli ekstremistik oqimlar taʼsiriga tushib qolib ozodlikdan mahrum etilgan, ayni paytda qilmishiga chin pushaymon boʻlib, butunlay tuzalish yoʻliga oʻtgan fuqarolarni afv etish toʻgʻrisida muhtaram Prezidentimizning farmonlari eʼlon qilinyapti.

Oilasi bagʻriga qaytayotgan bunday fuqarolar bilan kayvonilar, hoji otalar ishtirokida suhbatlar oʻtkazib, ularga dinimizning asl mohiyatini tushuntirishga harakat qilyapmiz.

Ibn Abbos roziyallohu anhumo muazzam Kaʼba devoriga suyanib bunday deganlar: “Ey Kaʼba! Allohning nazdida hurmating baland. Lekin agar seni yetti marta buzib vayron qilganimda ham bir musulmonga ozor berganimchalik yomon ish qilmagan boʻlar edim”.

Vidolashuv hajida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, qoningiz, molingiz va obroʻyingiz bir-biringizga xuddi bugungi kunday, shu shaharday va shu oyday haromdir” (Imom Muslim rivoyati), deb marhamat qilganlar.

Ibn Hajar Asqaloniy ushbu hadis sharhida: “Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam musulmonlarni ardoqli, ulugʻligi, azizligi, hurmati ayon boʻlgan narsalar: Qurbon hayiti, Makka shahri va muharram oyi kabi oʻzaro mollarini, jonlarini va obroʻlarni hurmat qilishga daʼvat qildilar”, degan.

Xoʻsh, endi doʻppini yechib qoʻyib, oʻylab koʻraylik. Hatto qushning ham ini buzilishiga qarshi boʻlgan, er-xotinning janjallashishiga olib boradigan barcha yoʻllarga oʻzining qatʼiy hukmlari bilan chora koʻrib qoʻygan Islomni qanday qilib terrorizm, ekstremizm bilan chogʻishtirish mumkin?

XULOSA

Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi 10 yilda terrorizm, ekstremizm oqibatida jahon iqtisodiyotiga 583 trillion AQSH dollari miqdorida zarar yetkazilgan. Keyingi 15 yilda terrorchilik harakatlari natijasida 91 ming begunoh inson halok boʻlgan. Ularning aksariyati yosh bolalar, ayollar va qariyalardir.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tuzilgan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasi dunyo jamoatchiligini bezovta qilayotgan terrorizm, ekstremizm, zoʻravonlik, murosasizlik kabi bugungi kunning oʻtkir muammolariga yechim sifatida ilm-maʼrifat, oʻzgalarga adolatli va bagʻrikeng yondashuv hamda tinchlikparvar siyosatni targʻib qiladi.

Bugun kuch ishlatish, bosib olishdan koʻra koʻproq tinchlikparvar siyosat har jihatdan samarali boʻlmoqda. Ana shu tajriba orqali radikal guruhlar faoliyatining 7 foizi qurolli aralashuv natijasida toʻxtatilgan boʻlsa, ularning 40 foizi tinch yoʻl bilan – siyosiy muzokaralar oʻtkazish vositasida barham topgan. Zotan, dunyo boʻylab ekstremistik tashkilotlarning 38 yillik faoliyati tahlillari shuni koʻrsatmoqda.

Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari
Manba: muslim.uz

Check Also

OʻSMIR XULQ-ATVORI VA UNING IJTIMOIY-MAʼNAVIY HAYOT BILAN BOGʻLIQ DETERMINANTLARINI OʻRGANISH

Oʻsmir xulq atvori tushunchasini tahlil etish, uning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlarini  oʻrganish muhim masala hisoblanadi. Xulq-atvor, yaʼni …