Home / YANGILIKLAR / Yoshlar – BMT va Oʻzbekiston nigohida…

Yoshlar – BMT va Oʻzbekiston nigohida…

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning  joriy yilning 31 mart kunida bergan rasmiy maʼlumot va xabarlarida qayd etilganiday, Oʻzbekiston tashabbusi bilan “Yoshlarning huquqlari boʻyicha doʻstlar guruhi” tashkil etildi.

BMT Bosh kotibining yoshlar bilan ishlash boʻyicha vakili Djayatma Vikramanayake Oʻzbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yoshlar huquqlari boʻyicha doʻstlar guruhi”ning taqdimotida ishtirok etdi.  Ushbu xalqaro loyiha doirasida sayyoramizdagi yoshlarning huquqlarini ilgari surish va ularning imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda dunyoda deyarli 2 milliard yoshlar yashamoqda – bu insoniyat tarixidagi eng katta avlod.  Dunyoning ayrim mamlakatlarida yoshlar aholining 70 foizini tashkil qiladi.

Shu bilan birga hozirgi inqirozdan oldin nashr etilgan BMT maʼlumotlariga koʻra, dunyodagi har beshta yoshlardan biri oʻqimaydi, kasbiy tayyorgarlikdan oʻtmaydi va ishsiz.  Toʻrt kishidan biri toʻqnashuvda yashaydi.

Pandemiya vaziyatni yanada ogʻirlashtirdi: maktab oʻquvchilarining kamida uchdan bir qismi taʼlim olish imkoniyatidan mahrum qilindi, yarim milliardga yaqin oʻquvchi maktabga bormadi.  “Bir qatlam avlod ofatga duch kelmoqda, – deya ogohlantirdi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish yaqinda qilgan chiqishida.  Shu bilan birga ekstremistik guruhlar ijtimoiy tarmoqlarda faollashib, nafratni yoyib, yoshlarni oʻz saflariga qoʻshilishga undashmoqda.

“Yoshlar huquqlari boʻyicha doʻstlar guruhi”ning asosiy maqsadi – yoshlar siyosati tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro huquqiy hujjatni ishlab chiqish boʻyicha saʼy-harakatlarni ragʻbatlantirishdir.  

Xabarimiz bor, BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yoshlar huquqlari toʻgʻrisida”gi Konvensiyani qabul qilishni taklif qildi.  Ushbu tashabbus xalqaro hamjamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.  Bugungi kunga qadar oʻnlab mamlakatlar guruhga qoʻshilishdi, jumladan Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya davlatlari.

“Yosh avlodning jamoat hayotidagi roli oʻsib borayotganiga qaramay, ularning ishtiroki koʻpincha oʻzlarining kelajagi uchun muhim boʻlgan qarorlar va jarayonlarga bevosita taʼsir oʻtkazish bilan emas, balki faqat maslahatlashuvlar bilan cheklanadi”, – deya taʼkidladi Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov.

Elchi janoblari “Doʻstlar guruhi” yoshlar oʻrtasidagi muloqotni kuchaytirishda, yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro huquqiy hujjatning ahamiyati toʻgʻrisida munozaralarni targʻib qilishda muhim rol oʻynashligini taʼkidlab, boshqa mamlakatlarni ham guruhga qoʻshilishga daʼvat etdi.

Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari
Manba: muslim.uz

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …