Home / YANGILIKLAR / Ubaydulla Uvatov nomi Gʻuzordagi maktab va koʻchalarga berildi

Ubaydulla Uvatov nomi Gʻuzordagi maktab va koʻchalarga berildi

Gʻuzor tumanidagi 1-umumtaʼlim maktabida taniqli olim, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov tavalludining 81 yilligi munosabati bilan “Inson xotira bilan tirik, qadr bilan barhayot” mavzusida xotira kechasi va maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

“Qashqadaryo” nashrining xabar berishicha, viloyat va tuman hokimligi vakillari, ilm-fan, madaniyat va sanʼat namoyandalari, sektor rahbarlari, nuroniylar, ustozning yaqinlari, shogirdlari, maktab oʻqituvchi va oʻquvchi yoshlari ishtirok etgan tadbirda Ubaydulla Uvatovning hayoti va ilmiy-pedagogik faoliyati, ilmiy tadqiqotlari haqida maʼlumot berildi.

Ubaydulla Uvatov 1940 yil 23 fevralda Gʻuzor tumani Pachkamar QFY Chuchuk ota qishlogʻida tavallud topgan. U yurtimiz allomalari ilmiy-maʼnaviy meʼrosini oʻrganish va jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan 200 dan ortiq maqola, 50 ga yaqin kitob hamda risolalar nashr ettirgan va koʻplab shogirdlar tayyorlagan.
Olimning xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib qadrlanib, “Mehnat shuhrati” ordeni, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan. Ubaydulla Uvatov 2017 yildan 2020 yilgacha Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga rahbarlik qilib keldi.
Tadbirda olimning doʻstlari, shogirdlari va yaqinlari soʻzga chiqib, Ubaydulla Uvvatovning ilm yoʻlidagi mashaqqatli mehnati, boy hayotiy tajribasi, qimmatli ilmiy tadqiqotlari, yoshlar kamolotiga qoʻshgan ulkan hissasini eʼtirof etishdi.
Tadbirda tuman hokimi Bekzod Suyunov ham soʻzga chiqib, Prezident administratsiyasi topshirigʻiga koʻra olim tahsil olgan 1-umumtaʼlim maktabi hamda Amir Temur mahallasidagi Elhaqi va Buyuk karvon yoʻli mahallasidagi Chorvadorlar koʻchalariga Ubaydulla Uvatov nomi berilganini maʼlum qildi.
Tuman hokimligi axborot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, shu kuni 1-umumtaʼlim maktabining qoʻshimcha 360 oʻrinli oʻquv binosi ham foydalanishga topshirildi.
Mazkur bino 360 oʻringa moʻljallangan boʻlib, unda oʻquv xonalari bilan birga multimedia va laboratoriyalar hamda kutubxona mavjud.

Manba: muslim.uz

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …