Oʻn birinchi dars. Ibodat qilish va masjidlardagi odob.
Ey oʻgʻlim! Rabbingning ibodatini oʻtkazib yuborma. Zero U oʻz kitobida aytadi:
﴿وَمَا خَلَقْتُ الْجِنَّ وَالْإِنْسَ إِلَّا لِيَعْبُدُونِ﴾ مَا أُرِيدُ مِنْهُمْ مِنْ رِزْقٍ وَمَا أُرِيدُ أَنْ يُطْعِمُونِ﴾إِنَّ اللَّهَ هُوَ الرَّزَّاقُ ذُو الْقُوَّةِ الْمَتِينُ﴾
“Men jinlar va insonlarni faqat Oʻzimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim”. “Men ulardan biror rizq istamasman va ular Meni taomlantirishini ham istamasman”. “Zero, Allohning oʻzi Razzoq (rizq beruvchi), quvvatli va Matin (qudratli)dir”.[1]
Ey oʻgʻlim! Farz namozlarini oʻz vaqtida jamoat bilan ado etishga intil. Uning vaqti yaqinlashsa, tahoratga shoshil. Yoʻlingda birortaga ozor yetkazma. Suv ishlatganingda isrof qilma. Namoz vaqti kirib muazzin azon aytganda qiblaga yuzlanib sunnatlarni oʻqigin. Soʻng, xotirjamlik va viqor bilan oʻtir. Iqomat aytilgach ixlos bilan, eʼtiborli boʻlib jamoat namozini ado et. Namozda turgan paytingda Rabbingga munojot qiluvchi va Uning huzurida turuvchi ekaningni unutma. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz namoz oʻqish uchun tursa, u Rabbisiga munojot qiladi. Shunday ekan, qanday munojot qilayotganiga eʼtibor bersin”[2], dedilar. Namoz oʻqiyotganingda tashvishli fikrlarni oʻylashdan yoki kulimsirab turishdan oʻzingni saqla. Qalbingni Allohning munojotidan boshqa narsaga mashgʻul qilma.
Ey oʻgʻlim! Farz namozidan forigʻ boʻlgach, sunnatlarini ham oʻqib qoʻy. Soʻng bilgan duolaring bilan Allohdan iltijo qilib, gunohlaringni kechirishi, yoʻlingni ochishini soʻra. Albatta, Alloh duolarni qabul qiluvchi Zot.
Ey oʻgʻlim! Agar masjidda oʻtirmoqchi boʻlsang, imkon qadar tahoratli holda boʻl. Zero, masjidlar Allohning uyi. Rabbingning uyiga ibodatga tayyor boʻlmay kirishing odobdan emas.
Ey oʻgʻlim! Musulmon ommasi tolibi ilmga hurmat nazari bilan qaraydi. U tarafidan sodir boʻladigan har bir mayda ishga ham eʼtibor beradilar. Shuning uchun odamlarning gapi sen haqingda boʻlmasin. Masjid ichida ovozingni balandlatma. Oddiy xalq tarafidan bu ishning sodir etilishi xunuk hisoblansa, tolibi ilmning harakati undan ham yomonroqdir. Rabbingning uyida birorta doʻsting bilan xusumatlashib tortishma. Ibodat qilish uchun kelgan har bir musulmonga chiroyli muomala koʻrsat. Masjidga otlanayotgan namozxon sunnatga muvofiq kiyinib, oʻzini har tomonlama poklab, tozalanib borishi kerak.
Ey oʻgʻlim! Masjidga ketayotganda odob va tavoze bilan qadam tashlash, salom beruvchilarning salomiga alik olish, yoʻlda musulmonlarga xalal beruvchi tosh, shox-shabba, tikan va boshqa narsalarni chetga olib qoʻyish ham zarur vazifalardandir. Masjidga ertaroq, shoshilmay, viqor bilan yurib borish ham masjidga borishning odoblaridandir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlar namozga ertaroq borishning qanday savobi borligini bilganlarida masjidga qarab kimoʻzarga yugurgan boʻlardilar, xufton va bomdod namozining savobini bilganlarida masjidga emaklab boʻlsa ham borardilar”, dedilar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Namozga takbiri iqomat aytilayotgan boʻlsa, yugurib-hovliqib kelmanglar, balki vazminlik bilan ohista yurib kelinglar. Yetgan joyingizdan (jamoatga qoʻshilib) oʻqiyvering, yetolmaganingizni toʻldirib oʻqib oling”[3], dedilar.
Ey oʻgʻlim! Oddiy odam masjidga kirsa, sendan odob va kamtarlikni oʻrgansin, yomon xulqni emas. Nasihating va koʻrsatmalaring uni toʻgʻri yoʻlga boshlasin.
Ey oʻgʻlim! Allohning uyida yomon odob sababidan ilmning mavqeini tushirma. Odamlarning gap-soʻzlarini doʻstlaring tarafga burib qoʻyma. Biror namozxonda oʻzing yoqtirmaydigan ishni koʻrsang, unga yaxshilik va muloyimlik bilan muomala qil. Uni birorta sharʼiy masalaga yoʻllab qoʻyishni istasang, qoʻpollik bilan gapirma. Dinni chuqur oʻrganishdan bezdirma. Zero, Alloh taolo:
﴿وَاللَّهُ يَهْدِي مَنْ يَشَاءُ إِلَى صِرَاطٍ مُسْتَقِيمٍ﴾
“Alloh oʻzi xohlagan kishilarni toʻgʻri yoʻlga boshlar”[4], degan.