Home / NEWS / YANGI OʻZBEKISTONDAGI DINIY-MAʼRIFIY ISLOHOTLAR MISRNING NUFUZLI NASHRI NIGOHIDA

YANGI OʻZBEKISTONDAGI DINIY-MAʼRIFIY ISLOHOTLAR MISRNING NUFUZLI NASHRI NIGOHIDA

Kuni kecha Misrning yetakchi nashrlaridan biri “Savtul-Azhar” (Al-Azhar ovozi) gazetasi “Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyatli formulasi” nomli maqolani eʼlon qildi.

Maqolada Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari Sh.Islomovning ulamolar yurti boʻlmish Oʻzbekistonda Prezident tashabbuslari bilan diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarga bagʻishlangan fikrlari batafsil yoritilgan.

Jumladan, unda Yangi Oʻzbekistonda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish hamda diniy vaziyat barqarorligini taʼminlash borasida erishilayotgan muvaffaqiyatning asosiy omillari haqida soʻz boradi. “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi konsepsiyaning qabul qilingani ushbu sohadagi islohotlarning yangi sifat bosqichini boshlab bergani koʻrsatib oʻtilgan.

Oʻzbekiston Prezidentining diniy sohada qabul qilinadigan har qanday normativ-huquqiy hujjatni shoshma-shosharlikka berilmasdan, oʻzbek xalqining manfaatlaridan kelib chiqib qabul qilish boʻyicha tashabbuslariga yuqori baho berilgan.

Muallifning fikricha, diniy sohada barqaror siyosatning tayyor modelini chetdan import qilib boʻlmaydi. Albatta, bu borada xalqaro tajriba muhim ahamiyatga ega. Lekin har qanday tajriba milliy-diniy qadriyatlarni hurmat qiladigan, Oʻzbekistonning koʻp millatli va koʻp konfessiyali sharoitini hisobga oladigan, eng asosiysi, milliy manfaatlarga mos boʻlishi oʻta muhim.

Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Preziden­ta xalqaro maydonda islomning ezgulik, ilm-maʼrifat va bagʻrikenglikka asoslangan taʼlimotini ochib berish, ekstremizm, terrorizm va islomofobiyaga qarshi kurashishga qaratilgan global gʻoya va tashabbuslarni ilgari surmoqda. Jumladan, 2016-yilning 18-oktyabrida Toshkentda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasi yigʻilishida Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklifi bildirildi.

2017-yilda Birlashgan Millatlar Tashki­loti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etib, davlatimiz rahbari xalqaro maydonda islom diniga nisbatan kuzatilayotgan bir yoqlama salbiy munosabatga “Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etadi”, deya oʻzining qatʼiy pozitsiyasini ifoda etdi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotida Oʻzbekiston Prezidenti jahon hamjamiyatiga Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish loyihasi haqida soʻzladi. Darhaqiqat, Islom sivilizatsiyasi markazi oʻz gʻoyasi va ahamiyatiga koʻra betakror loyiha boʻlib, islom dinining ilmiy-maʼnaviy boyligi, bunyodkorlik salohiyatini namoyish etishga qaratilgan.

Bugungi murakkab va tahlikali davrda zamonaviy tahdidlarga qarshi tura oladigan, chuqur bilim va keng dunyoqarashga ega mutaxassislarni tayyorlash vazifasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ana shu maqsadda Oʻzbekistonda diniy taʼlim muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirishga eʼtibor qaratilmoqda. 2025-yilda Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi qayta taʼsis etildi, Diniy-maʼrifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti tashkil etildi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Vazirlar Mahkamasi boʻysunuviga oʻtkazildi. Buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik gʻoyalarini ilmiy asosda oʻrganish maqsadida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi ish boshladi. Maqolada bunday bunyodkorlik va maʼrifiy oʻzgarishlardan koʻzlangan asosiy maqsad buyuk oʻtmishni hozirgi kun bilan bogʻlash orqali xalqimizning maʼnaviy salohiyatini oshirish, yoshlarni zamonaviy fikrlaydigan, buyuk ajdodlariga har jihatdan munosib avlod etib tarbiyalash ekani qayd etilgan.

Shuningdek, maqolada 2025-yil 29-30-aprel kunlari Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan qadimiy Samarqand shahrida moturidiylik aqidaviy maktabi asoschisi Imom Moturidiyning ilmiy merosini oʻrganishga bagʻishlab oʻtkazilgan xalqaro konferensiya dunyo ulamolari eʼtirofiga sazovor boʻlgani taʼkidlangan. “Moturidiylik — bagʻrikenglik, moʻtadillik va maʼrifat taʼlimoti” mavzusidagi ushbu xalqaro konferensiyada dunyoning 26 mamlakatidan 70 dan ziyod ulamo, xalqaro islom tashkilotlari rahbarlari, moturidiyshunos olimlar qatnashdi. Anjumanda Misr vaqf ishlari vaziri Shayx Usoma Azhariy, Misr diyori muftiysi Shayx Nazir Ayyad va “Al-Azhar” nufuzli ulamolar hayʼati aʼzosi Shayx Ali Jumaning ishtirok etgani konferensiya nufuzini yanada koʻtarishga xizmat qildi.

Xulosaviy fikr sifatida maqolada diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar Oʻzbekiston fuqarolarining vijdon erkinligi huquqini taʼminlash, yoshlarni yot gʻoyalar taʼsiridan himoya qilish, din asoslarini chuqur tushunadigan malakali kadrlar tayyorlashga zamin yaratib, jamiyatda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini saqlashga xizmat qilayotgani qayd etilgan.

OʻzA
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2025 yil 23 may, №104(1430)

Check Also

“UZBEKISTAN – THE LAND OF TOLERANCE”

An educational event under this theme was held at the Imam Bukhari International Scientific Research …