O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI IMOM BUXORIY XALQARO ILMIY-TADQIQOT MARKAZI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH TO‘GʻRISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 27 martdagi PQ-2855-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi to‘g‘risida nizom 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) direktoriga, zarur hollarda, Markaz tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan umumiy soni va ish haqi fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti bir oy muddatda Markazga yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish choralarini ko‘rsin.
3. Jismoniy va yuridik shaxslardan ularda saqlanayotgan islom diniga oid qadimiy, noyob qo‘lyozma asarlarni xarid qilish maqsadida Markazda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan maxsus jamg‘arma tashkil etilsin hamda xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning grantlari, shuningdek homiylik xayriyalari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar uni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
Markaz xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari qo‘llaniladi;
jismoniy va yuridik shaxslardan ularda saqlanayotgan islom diniga oid qadimiy, noyob qo‘lyozma asarlarni xarid qilish, shuningdek ularni baholash maqsadida Markazda sohaga oid malakali mutaxassislardan iborat ekspertlar guruhi tuziladi;
jismoniy va yuridik shaxslarda saqlanayotgan islom diniga oid qadimiy, noyob qo‘lyozma asarlar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Fanlar akademiyasi, Fan va texnologiyalar agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan Markaz bilan kelishgan holda belgilangan tartibda tasdiqlanadigan nizomga asosan xarid qilinadi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita jismoniy va yuridik shaxslarda saqlanayotgan islom diniga oid qadimiy, noyob qo‘lyozma asarlar xarid qilinishini ta’minlash uchun Markazning maxsus jamg‘armasiga xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning grantlari, shuningdek, homiylik xayriyalari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar mablag‘larining doimiy ravishda jalb qilinishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetini shakllantirishda Markazni saqlab turishga zarur mablag‘larni nazarda tutsin;
Markazga biriktirilgan 1 ta avtotransport vositasiga limit ajratsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017 yil 10 iyul,
483-son
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 iyuldagi 483-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi to‘g‘risidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) asosiy vazifalari va funksiyalarini, huquqlari va majburiyatlarini, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Markaz musulmon dunyosi buyuk mutafakkirlarining boy merosi, ularning jahon sivilizasiyasi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi va ilm-fan taraqqiyotida tutgan o‘rnini chuqur tadqiq etish va keng targ‘ib qilish, yosh avlodni millatlararo va dinlararo munosabatlarda bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, tinch-totuv hayotga intilish kabi islom dinining asl qadriyatlari va madaniyatini to‘g‘ri anglash va ularga sadoqat ruhida tarbiyalash, xalqaro miqyosdagi hamkorlik va o‘zaro muloqotni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan.
3. Markaz o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Markaz o‘z faoliyatini Islom hamkorlik tashkiloti, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ISESCO), O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Milliy kutubxonasi, Imom Buxoriy xalqaro markazi, xorijiy mamlakatlardagi islom tadqiqotlari ilmiy-tadqiqot markazlari bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
5. Markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘aznachilik hisobvaraqlariga, O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarida talab qilib olinadigan xorijiy valyutadagi depozit hisob raqamlariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega.
6. Markazning to‘liq nomi:
davlat (o‘zbek) tilida — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi.
rus tilida — Mejdunarodniy nauchno-issledovatel’skiy sentr Imama Buxari pri Kabinete Ministrov Respubliki Uzbekistan.
ingliz tilida — Imam Bukhari International Scientific Research Center under the Cabinet of Ministers of the Republic of Uzbekistan.
arab tilida — مركز الامام البخاري الدولي للبحوث العلمية لدى مجلس وزراء جمهورية أوزبكستا ن .
7. Markazning joylashgan joyi (pochta manzili): Samarqand viloyati, Payariq tumani, Xoja Ismoil qishlog‘i, 141306.
2-bob. Markazning asosiy vazifalari va funksiyalari
8. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
hadis ilmining rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan vatandoshimiz Imom Buxoriy va boshqa mutafakkirlarning ulkan ilmiy va diniy merosini o‘rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish orqali xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ushbu mavzularga doir ilmiy tadqiqotlarni tizimli tashkil etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
islom sivilizasiyasining umuminsoniy qadriyatlarini, jumladan xalqimiz ma’naviyati va madaniyati rivojida tutgan o‘rni va ahamiyatini o‘rganish, ularning ilmiy-nazariy va amaliy jihatlarini tadqiq etish;
jahonda yuz berayotgan globallashuv jarayonida dunyoda, mintaqa va mamlakatimiz hayotida islom dinining insonparvarlik mohiyatini, uning ma’rifiy-madaniy rolini va rivojlanish yo‘nalishlarini ilmiy asosda o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazish;
mamlakatimiz hamda xorijiy davlatlarning kutubxonalari va arxiv fondlarida saqlanayotgan buyuk allomalarimizning ijodiy merosiga oid hamda islom dunyosi uchun muhim ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan qo‘lyozma, toshbosma asarlarning elektron nusxalarini to‘plash va ularni kelajak avlodga yetkazish uchun tizimli ilmiy-tadqiqotlarni tashkil etish chora-tadbirlarini belgilash va amalga oshirish;
islom madaniyati va sivilizasiyasini ilmiy tadqiq etish sohasidagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan konferensiyalar, simpoziumlar, ko‘rgazmalar va ilmiy ma’ruzalar, seminar-treninglar, tanlovlar va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish;
islom diniga oid ilmiy, tarixiy-madaniy va ma’naviy-ma’rifiy meros salohiyatini, shu jumladan qo‘lyozmalar va arxiv fondlarida saqlanayotgan manbalarni hisobga olgan holda, chuqur o‘rganish va tadqiqot natijalari yuzasidan qomuslar, kataloglar, al’bomlar, ilmiy-ommabop hujjatli fil’mlar, axborot-resurs bazasini tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida, xususan Internetda e’lon qilishni tashkil etish;
Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ISESCO) va mazkur sohada xorijiy davlatlarda tashkil etilgan markazlar bilan islom tarixi, falsafasi, huquqi, manbashunosligi va madaniyati yuzasidan ilmiy loyihalar, xalqaro hamkorlikdagi tadqiqotlarni amalga oshirish va uning natijalarini nashr etish;
islom tarixi va madaniyati yo‘nalishidagi yangi tadqiqotlar natijalaridan ilmiy-madaniy jamoatchilikni keng xabardor etish hamda ularning kasbiy mahoratini oshirish bo‘yicha ilmiy-amaliy va metodik o‘qishlar tashkil etish;
«Jaholatga qarshi — ma’rifat» g‘oyasi asosida islom diniga nisbatan sodir etilayotgan asossiz xurujlarning oldini olish, shuningdek diniy aqidaparastlik, mutaassiblik, ekstremizm, missionerlik, soxta tariqatlar va jamoalarning maqsadlari, g‘oyaviy-aqidaviy negizlari, zamonaviy ko‘rinishlari va faoliyat usullarini o‘rganish va ularga qarshi kurashning ilmiy-ma’rifiy asoslarini ishlab chiqish hamda amaliyotda qo‘llash uchun tavsiya etish.
9. Markaz o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
islom dinining mohiyati va ilmlarini tarqatadi, barqaror dinlararo va millatlararo bag‘rikenglik, do‘stlik, ahillik, o‘zaro hurmat va hamfikrlilik qadriyatlarini keng ommaga yetkazishga ko‘maklashadi;
islom dunyosining buyuk muhandis va allomasi Imom Buxoriyning ilmiy-ma’naviy merosini, ijodiy faoliyati va shaxsiyati bilan bog‘liq ma’naviy-ma’rifiy merosini yoshlar orasida keng targ‘ib qiladi;
Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar olimlari ilmiy faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek davlat, nodavlat notijorat tashkilotlar, shu jumladan xayriya tashkilotlari bilan ilmiy-amaliy aloqalar o‘rnatadi va rivojlantiradi;
o‘rta asrlarda o‘tgan islom ulamolari va mutafakkirlarining hadisshunoslik, kalom (ilohiyot ilmi), fiqh (islom huquqi) va islom tarixi yo‘nalishlari bo‘yicha diniy-ma’naviy merosini yanada chuqurroq tadqiq etishga oid loyihalarni amalga oshiradi;
o‘rta asr musulmon olimlarining tabiiy va aniq fanlar yo‘nalishidagi ilmiy merosini, shuningdek matematika, astronomiya, mineralogiya, geografiya, falsafa, mantiq fanlariga oid asarlarini tadqiq etishga oid loyihalarni amalga oshiradi;
hadis to‘plamlarini ishlab chiqish, ko‘p jildlik islom qomusini yaratish, islom dunyosining madaniy atlasini, Markaz elektron kutubxonasini tashkil etishga oid loyihalarni amalga oshiradi;
islom dunyosining ma’naviy tarixi bo‘yicha va islom manbalarini tasnif qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshiradi;
islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlarda saqlanayotgan islomga oid nodir yodgorliklarni ommalashtirishga bag‘ishlangan loyihalarni amalga oshiradi;
boy madaniy va ma’naviy meros, dunyoviy hamda diniy ilmlar uyg‘un ravishda tadqiq etilishini tashkil qilish orqali uning natijalarini ta’lim-tarbiya jarayonida qo‘llash va keng jamoatchilikka yetkazishda tashkiliy-amaliy yordam ko‘rsatadi.
3-bob. Markazning huquqlari va majburiyatlari
10. Markaz o‘ziga yuklangan asosiy vazifalar va funksiyalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda va o‘z vakolatlari doirasida xorijiy tashkilotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish va o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida shartnomalar va boshqa hujjatlarni imzolash;
jahondagi nufuzli ilmiy-tadqiqot markazlari va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy, diniy-ma’naviy qadriyatlarni tadqiq etish yo‘nalishidagi tajribasini o‘rganish hamda xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatish va ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda yordam berish, ilmiy-tadqiqot ishlarini zamon talablari darajasida tashkil etish yuzasidan amaliy tavsiyalar berish asosida seminar-treninglar o‘tkazish;
vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlardan Markaz vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha ma’lumotlarni olish;
Imom Buxoriy va boshqa mutafakkirlarning faoliyatini o‘rganish bo‘yicha ilmiy va ekspert ishlarini amalga oshirish, dolzarb masalalarni ishlab chiqish uchun vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlardan, shu jumladan chet ellardan yuqori malakali mutaxassislarni shartnoma asosida ishga taklif etish;
Markazning byudjetdan tashqari mablag‘larini Markaz tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarni tashkil etishga yo‘naltirish;
ijtimoiy tashabbuslar bilan chiqish va ushbu masalada tegishli davlat organlariga takliflar kiritish;
o‘z faoliyati to‘g‘risida axborot tarqatish va belgilangan tartibda byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan matbaa va noshirlik faoliyatini amalga oshirish hamda mul’timediya mahsulotlarini chiqarish;
faoliyatiga aloqador bo‘lgan konferensiyalar, simpoziumlar, seminar-treninglar, ko‘chma majlislar tashkil qilish;
ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish maqsadida o‘z faoliyatini Markaz direktori tomonidan tasdiqlanadigan nizom asosida olib boradigan ilmiy kengash tuzish.
Markaz qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
11. Markaz quyidagilarga majbur:
o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishini ta’minlash;
o‘z faoliyati to‘g‘risida axborot bilan tanishish erkinligini ta’minlash;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli davlat organlariga o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobotlar taqdim etish.
Markazga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
4-bob. Markaz faoliyatini tashkil etish
12. Markaz faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va muvofiqlashtirish bo‘yicha Vasiylik kengashi Markaz faoliyatini muvofiqlashtiradi, unga yuklangan vazifalarni amalga oshirishga ko‘maklashadi hamda Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.
Quyidagilar Vasiylik kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:
boy madaniy va ma’naviy meros, dunyoviy hamda diniy ilmlarni uyg‘un ravishda tadqiq etish orqali uning natijalarini ta’lim-tarbiya jarayonida qo‘llash va keng jamoatchilikka yetkazishda tashkiliy-amaliy yordam ko‘rsatish;
jahondagi nufuzli ilmiy-tadqiqot markazlari va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy, diniy-ma’naviy qadriyatlarni tadqiq etish yo‘nalishidagi tajribasini o‘rganish hamda xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatish va ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda yordam berish, ilmiy-tadqiqot ishlarini zamon talablari darajasida tashkil etish yuzasidan amaliy tavsiyalar berish;
konseptual tadqiqotlar dasturlari hamda ilmiy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlash hamda homiylar mablag‘larini va tadqiqotlar jarayoniga chet ellardan soha mutaxassis olimlarini jalb etishda ko‘maklashish;
ilmiy-tadqiqot natijalari asosida ta’lim muassasalari o‘quv dasturlarini takomillashtirish, soha uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, ilmiy-tadqiqot olib borayotgan kadrlarning mahalliy va xorijiy mamlakatlardagi nufuzli ilmiy tadqiqot muassasalarida tajriba orttirishini va malaka oshirishini tashkil etish, yuqori natijaga erishgan va faol tadqiqotchilarni rag‘batlantirish chora-tadbirlarini ko‘rish.
Vasiylik kengashining majlisi Markazning rahbar organi hisoblanadi.
Majlis bir yilda kamida bir marta chaqiriladi. Markaz Vasiylik kengashi majlisining chaqirilishi hamda uning kun tartibi haqidagi ma’lumotlar majlis chaqiriladigan sanadan bir oy oldin e’lon qilinadi;
13. Vasiylik kengashining majlisi o‘z vakolatlari doirasida:
Markazning faoliyat dasturi va yillik rejalarini tasdiqlaydi;
qonun hujjatlariga va mazkur Nizomga muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
Vasiylik kengashining majlisi kengashning kamida to‘rtdan uch qismi hozir bo‘lgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Majlis qarori ishtirokchilarning yarmidan ko‘pining ovozi bilan qabul qilinadi.
14. Markazning kundalik faoliyatiga Markaz direktori rahbarlik qiladi. Markaz direktori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
15. Markaz direktorining bir nafar o‘rinbosari bo‘ladi. Markaz direktori bo‘lmagan taqdirda uning funksiyasini direktor o‘rinbosari bajaradi.
16. Direktor o‘z vakolatlari doirasida:
Markaz faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
Markaz nomidan buyruqlar chiqaradi, ishonchnomalar beradi;
Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi, taqdim etiladigan tahliliy materiallar va hujjatlarning to‘liqligi uchun shaxsan javob beradi;
tarkibiy bo‘limlar faoliyatini muvofiqlashtiradi, bo‘limlar xodimlari o‘rtasida funksional vazifalarni taqsimlaydi, yuklangan topshiriqlar bajarilishi uchun har bir xodimning javobgarligi darajasini belgilaydi;
belgilangan tartibda Markaz xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi va bekor qiladi;
Markaz xodimlarining lavozim maoshlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ustamalar belgilaydi;
Markaz faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi va Vasiylik kengashi majlisi muhokamasiga kiritadi.
Markaz direktori qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
5-bob. Markaz faoliyatini moliyalashtirish
17. Markaz o‘zining ko‘chmas va ko‘char mulkiga, pul mablag‘lariga, shu jumladan chet el valyutasidagi pul mablag‘lari, qimmatli qog‘ozlari va boshqa mol-mulkiga ega bo‘lishi mumkin.
18. Markaz faoliyati quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlardan tushgan ixtiyoriy badallar;
O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlarning jismoniy va yuridik shaxslaridan tushgan homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6-bob. Yakunlovchi qoida
19. Markazni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 iyuldagi 483-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
TUZILMASI
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining xodimlari (texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar bundan mustasno) soni — 34 nafar.
Ilmiy-texnik loyihalarni amalga oshirish uchun mutaxassislar va ilmiy xodimlar qo‘shimcha ravishda shartnoma asosida jalb etilishi mumkin.
* Texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar soni qonun hujjatlarida belgilangan me’yorlar asosida aniqlanadi».
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.11.2018 y., 09/18/956/2227-son)