Toshkent Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga hozirlik koʻrmoqda. Sammit arafasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – yangi davr ostonasida” maqolasi eʼlon qilindi.
Biz oʻtgan yillar davomida mintaqada koʻp evrilishlarning guvohi boʻldik. Oʻz davrida Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, “Turkiston – umumiy uyimiz”, “Markaziy Osiyo hamkorligi” tashkiloti va yana bir qancha tuzilmalarga asos solindi. Ularning biri negizida ikkinchisi paydo boʻlaverdi, goʻyo mintaqa rivojlanishning yangi pallasiga kirgandek. Oxirgisi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YevrAzES) bilan birlashdi va shu bilan mintaqamizdagi “tashkilotchilik” yakuniga yetdi.
Natija haqida esa soʻzlashga arzigulik hech gap yoʻq. Davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar qanday boʻlgan esa, shundayligicha qolib ketaverdi. Deylik, suv-energetika muammolari qurolli mojaro haqidagi gaplar ovoza boʻlishiga qadar keskinlashdi. Chegaralar delimitatsiyasi va demarkatsiyasi borasida ham biror siljish kuzatilmadi. Sammitlarda oʻzaro ishonch va manfaatdorlik haqida jar solinsa-da, bu “ishonch va manfaatdorlik”ning aslida qanday ekanini yillar davomidagi yopiq chegaralar yaqqol koʻrsatib turdi.
Ochigʻini aytganda, mintaqadagi million-million xalqlarning hayoti va taqdiri davlat tepasida boʻlgan sanoqli shaxslarning koʻngliga, kayfiyatiga, doim murakkab boʻlib kelgan oʻzaro munosabatlariga, noodil va sergʻaraz ambitsiyalariga qaram edi. Vaholanki, hammamiz ham chegaradoshmiz, azal-azaldan bordi-keldi qilganmiz. Mustaqillik yillarida ham ezgu asriy anʼanalarga sodiq qolib, qiz olib, qiz berdik. Lekin mustaqil boʻlib, shu toʻylardan keyin bir-birimizni yoʻqlashimiz, bir-birimiz bilan diydorlashishimiz nihoyatda qiyinlashib ketdi.
Suv haqida gapiradigan boʻlsak, “buyuk ogʻa”lik otidan tushgan boʻlsa-da, faqat egarda oʻtirganini tan olmaydigan “xayrixoh vositachilar” bizga kelganda Oʻzbekiston tomon boʻlib, qoʻshnimizga borsa, uning tarafiga oʻtib, orani buzishdan nariga oʻtmadi. “Xolis tahlilchilar” bir kun bizni, bir kun qoʻshnimizni yoqlab maqola yozaverdi. Buning oʻyinligi koʻrinib turgan boʻlsa-da, davlat tepasidagi siyosat odamlari mamlakatlararo muammolarni shaxsiy adovatga aylantiraverdi.
Qoʻshnilar oʻrtasidagi munosabatlar haqida gap ketganda, “eng yomoni nima?” deb soʻrashsa, eskilar “teskari qarash”, “koʻrmaganga olish” deb javob bergan. Xalqlarimiz bir-biri bilan ming yillar davomida doʻstlashib kelgan, oʻz vaqtida bir mayizni qirqqa boʻlib yegan, lekin Markaziy Osiyo siyosat maydonida “dona suruvchilar”ning shaxsiy munosabatlarga asoslangan yoʻli va qadamlari bu birdamlikni barbod qilgan edi hisobi.
Mutlaqo yangi yondashuv Maslahat uchrashuvlari formati yoʻlga qoʻyilgan 2017-yildan boshlandi. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Prezidentlar birinchi marta tashqi vositachilarsiz tizimli va muntazam muloqot qilishga kirishdi. Shu tariqa ishonchga, ochiqlikka, umumiy manfaatlarni anglash va qadrlashga asoslangan yangicha siyosiy tafakkur qaror topdi. Shu davrdan boshlab eskidan qolgan bir qator kelishmovchiliklarni bartaraf etish va ishonchsizlikdan haqiqiy hamkorlikka oʻtishga erishildi.
Prezident maqolasida taʼkidlanganidek, yangi bosqichning eng muhim yutuqlaridan biri chegara masalalari uzil-kesil hal etilganidir. Yaqin-yaqingacha imkonsiz tuyulgan bu muammoning yechimi bugun kundalik voqelikka aylandi, oʻshanda bizni ajratib turgan chegaralar endi doʻstlik va hamkorlik robitalari boʻlib xizmat qilyapti. Mana, aytaylik, 2023-yil sentyabr oyidan boshlab, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston fuqarolari chegaradan ID-kartalar asosida oʻtyapti. 10-yil oldin buni tasavvur qilish emas, xayolga ham keltira olmas edik. Hozir davlat chegaralarining barchasi huquqiy jihatdan rasmiylashtirilgan, oʻnlab yillar davomida keskinlik manbai boʻlib kelgan barcha masala va muammolarga nuqta qoʻyilgan.
Qoʻshnilik – xavf emas, balki imkoniyat ekanini, bir tomonning muvaffaqiyati barchaning umumiy yutugʻi boʻlishini bilardik, lekin tan olishni istamas edik. Endi bu oʻtmishga aylandi.
Bugun komil ishonch bilan aytish mumkinki, Markaziy Osiyo birlashdi va birdamlashdi. Endi orqavarotdan gapirish emas, yuzma-yuz muloqot qilish, bir-birining tagiga suv quyish emas, bir-biriga yelkadosh boʻlish tendensiyasi mustahkamlanyapti. Eng ogʻriqli muammolar, taʼkidlanganidek, hal etildi. Endi dolzarb strategik vazifalarni belgilash va birgalikda amalga oshirish pallasi kirdi. Bunday vazifalar sirasiga, masalan, “Markaziy Osiyo – yangi davr ostonasida” maqolasida qayd etilganidek, erishilgan kelishuvlarni fuqarolar va biznes uchun aniq natija va qulayliklarga aylantirish kiradi. Negaki, Markaziy Osiyo qarorlar shunchaki hujjat sifatida emas, balki mintaqa mamlakatlarida barqaror rivojlanishni taʼminlash va odamlarning kundalik hayotini yaxshilash uchun qabul qilinadigan, imkoniyatlardan birgalikda foydalaniladigan umumiy makonga aylanishi kerak. Bu iqtisodiy ahamiyatga molik yoʻnalish.
Bu yogʻiga sanasak, transport kommunikatsiyalari, oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, elektr energetikasi, uglevodorod zaxiralari, mineral oʻgʻitlar, oʻsimliklar mikrobiologiyasi, yuqori texnologiyalar, avtomobilsozlik kabi bir-biridan muhim sohalar maydonga chiqaveradi. Qaysidir davlatda talab-ehtiyoj, yana qaysisidadir taklif bor. Demak, biz bir-birimizni toʻldiramiz. Talablarimiz yo takliflarimiz bir xil boʻlib qolsa-chi?! Bu yana ham yaxshi. Negaki, tashqi bozorga yoʻllarni birgalikda takomillashtiramiz va hamkorlikda diversifikatsiya qilamiz. Muhimi shuki, Markaziy Osiyo bugun adovat va xufya raqiblik hamma uchun zarar ekanidan, hamkorlik va hamjihatlik avvalo oʻzimiz uchun foydaliligidan kelib chiqib ish koʻryapti.
Buni ilgari bilardik, afsuski, amal qilmasdik…
Globalizatsiyaning ijobiy jihatlari bilan birga salbiy tomonlari ham bor. Geosiyosiy va geoiqtisodiy kurashlar, ekologik boʻhronlar, energetika muammolari, pandemiyalar xavfi kabi tahdidlar bizdan yanada jips va hamjihat boʻlishni talab qilyapti. Chunki bu tahdidlarning birortasiga qarshi yakka holda kurashib boʻlmaydi. Bu esa xavfsizlik yoʻnalishidir.
Yirik davlatlarning, har xil bloklar va shularga oʻxshash tuzilmalarning geosiyosiy kurashlari baʼzan ularga mutlaqo aloqasi boʻlmagan mintaqalarda tashvish uygʻotishi sir emas – ular yo oʻz domiga tortadi, yo oʻz muxolifiga qarshi pozitsiyani egallashga majburlaydi. Bu – eng yengili. Ayrim hollarda baʼzi davlatlar shunchaki ularning yoʻlida uchrab qolgani uchun “aybdor” boʻlib qolishi hech gap emas. Geoiqtisodiy kurashlar toʻgʻrisida ham shunday fikr bildirish mumkin. Bunday tahdidlar fikran birlashgan, siyosiy, iqtisodiy va gumanitar jihatdan jipslashgan mamlakatlarga taʼsir oʻtkaza olmaydi. Har holda, koʻpchilik – oʻz nomi bilan koʻpchilik.
“Markaziy Osiyo – yangi davr ostonasida” maqolasida Maslahat uchrashuvi formatining ahamiyati, bugungacha amalga oshirilgan ishlar, oldimizda turgan vazifalar – barcha-barchasi batafsil sarhisob qilingan va tahlil etilgan. Shu bois soʻzni muxtasar qilsak. Xalqimiz “qoʻshning tinch – sen tinch” deydi. Yana ota-bobolarimiz aytib ketganki, “uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qoʻshni yaxshi”.
Kaminaga esa, Imom Buxoriy nomidagi muassasa rahbari sifatida mavzuga doir hadis keltirishga ijozat bersangiz.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Menga Jabroil qoʻshniga yaxshilik qilishni (hadeb) buyuraverganidan uni merosxoʻr ham qilib qoʻyarmikan, deb oʻylab qoldim”, dedilar”(Oltin silsila. Sahihul Buxoriy, 7-juz. – Toshkent: Hilol-nashr, 2018. — B. 425.).
Yaʼni, muqaddas dinimizda qoʻshniga shu qadar ulugʻ maqom berilganki, unga salkam merosxoʻrdek (jigardek) qarash kerak.
Yana bir rivoyatda esa boshqa fikr uchun asos bor.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan boʻlsa, qoʻshnisiga ozor bermasin! Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan boʻlsa, mehmonini ikrom qilsin! Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan boʻlsa, yaxshi gap aytsin yo jim tursin!”(Oltin silsila. Sahihul Buxoriy, 7-juz. – Toshkent: Hilol-nashr, 2018. — B. 427.).
Islom qoʻshniga ozor berishni keskin qoralaydi.
Binobarin, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi butun xalqimiz bilan birga Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining poytaxtimizda boʻlajak uchrashuvi toʻgʻrisidagi fikriga toʻliq qoʻshiladi. Toshkent sammiti barqaror va farovon Markaziy Osiyoni birgalikda barpo etishda yangi muhim bosqichni boshlab beradi!
Davlat rahbarlarining Toshkentdagi uchrashuvi biz boshlagan yoʻlning davomi sifatida mamlakatlarimizning oʻzaro anglashuv va sheriklik ruhiga sodiqligini tasdiqlashi, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishda tub burilish yasashi kerak.
Albatta shunday boʻlgʻusidir.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






