Home / YANGILIKLAR / Markaziy Osiyo – umumiy kelajak uchun umumiy maʼnaviy-ilmiy asos

Markaziy Osiyo – umumiy kelajak uchun umumiy maʼnaviy-ilmiy asos

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – yangi davr ostonasida” nomli tahliliy maqolasi mintaqada kechayotgan siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy jarayonlar chuqur ilmiy tahlil qilingani, strategik vazifalar aniq belgilab berilgani bilan ahamiyatlidir.

Mazkur maqolani katta qiziqish bilan oʻrganib chiqqan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi unda ilgari surilgan gʻoya va tashabbuslarni toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi. Maqolada asosiy eʼtibor Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro ishonch, yaxshi qoʻshnilik, madaniy yaqinlik va strategik sheriklik tamoyillarining mustahkamlanishiga qaratilgani bu jarayonning uzoq muddatli va barqaror ekanidan dalolat beradi.

Mintaqaviy jipslashuv tarixiy imkoniyat

Prezident taʼkidlaganidek, Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida uzoq yillar mobaynida muzlatib qoʻyilgan masalalar hal qilinishi, chegaralarning huquqiy jihatdan rasmiylashtirilishi hamda yangi iqtisodiy va energetik hamkorlik loyihalarining yoʻlga qoʻyilishi butun mintaqa taraqqiyoti uchun tarixiy burilish nuqtasi hisoblanadi.

Markazimiz nuqtayi nazaridan, bu jarayonlar xalqlar oʻrtasida maʼnaviy yaqinlashuvni, umumiy qadriyatlar va tarixiy merosga hurmat-eʼtiborni mustahkamlash, yosh avlod ongida mintaqaviy birdamlik tuygʻusini shakllantirishga xizmat qiladi.

Maʼnaviy omillar ustuvor diqqat-eʼtiborda

Maqolada mintaqaviy hamkorlikning nafaqat iqtisodiy va siyosiy, balki madaniy-gumanitar jihatlari ham alohida qayd etilgan. Bu Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ilmiy-maʼrifiy faoliyati bilan har tomonlama uygʻundir.

Mintaqaviy hamkorlikda eʼtibor qaratiladigan xalqlar oʻrtasidagi yaqinlikni yanada mustahkamlash, umumiy tarixiy xotirani asrash, maʼnaviy merosni birgalikda oʻrganish va targʻib qilish kabi vazifalar Markazimiz ijtimoiy-ilmiy faoliyatining negizini tashkil etadi. Shu maʼnoda, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan mintaqaviy madaniy almashuvni kengaytirish, ilm-fan va taʼlim sohalarida qoʻshma tashabbuslarni kuchaytirish takliflari Markazimiz uchun ham dolzarb yoʻnalish hisoblanadi.

Umumiy kelajak umumiy masʼuliyat

Maqolada taʼkidlanganidek, Markaziy Osiyo ulkan demografik salohiyatga ega hudud hisoblanadi. Yoshlar uchun bilim, tajriba va maʼrifat maydonlarini kengaytirish ehtiyoji Markazimiz oldidagi masʼuliyatni yanada oshiradi. Yosh tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlash, ular uchun ilmiy maktab shakllantirish va maʼnaviy barqarorlikni mustahkamlash – bugungi ustuvor vazifalarimiz.

Al-hissa

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi mazkur maqolada ilgari surilgan tashabbuslarni Markaziy Osiyoning barqarorligi, totuvligi va umumiy taraqqiyotiga xizmat qiluvchi tarixiy yoʻnalish sifatida qabul qiladi. Mintaqaviy jipslashuvning kuchayishi xalqlarimizning mushtarak maʼnaviy ildizlariga tayangan holda yanada yuksak marralarni zabt etishiga zamin yaratadi.

Biz Prezidentimiz tomonidan belgilangan maqsad va gʻoyalarning amalda roʻyobga chiqishiga ilmiy-maʼrifiy yoʻnalishda hissa qoʻshishni davom ettiraveramiz.

Otabek Muhammadiyev,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy
xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Check Also

Oʻzbekistondagi millatlararo totuvlik tajribasi – xalqaro eʼtiborda

Shu kunlarda Islom dunyosining nufuzli Islamicity.org xalqaro internet platformasida Markaz direktorining oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha …