Home / YANGILIKLAR / KUCH-GʻAYRATIMIZNI YOSHLAR KAMOLOTI, ILM-MAʼRIFATIGA SAFARBAR ETAMIZ

KUCH-GʻAYRATIMIZNI YOSHLAR KAMOLOTI, ILM-MAʼRIFATIGA SAFARBAR ETAMIZ

Yosh ulgʻaygan sari kishining tafakkur tarzi ham, dunyoqarashi ham kengayib boraverar ekan. Ancha yillar oldin biror xushxabarni eshitsam, uni shundayligicha qabul qilardim. Endi esa hech bir yangilik, voqea-hodisa oddiy emas, balki ular zamirida hikmatlar borligini, Alloh taoloning inoyati, aziz insonlarning sharofati ekanini anglab yetyapman.

Matbuotda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 23-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz toʻrt yilligi munosabati bilan fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat va sanʼat sohalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmonini oʻqib, roʻyxatda kamina ham borligi tufayli koʻzlarimda yosh halqalandi.

Bu quvonch yoshlari ikki buyuk siymo tufayli paydo boʻldi. Birinchisi, buyuk muhaddis Imom Buxoriy rahmatullohi alayh boʻlsa, ikkinchisi, u ulugʻ zotning boy ilmiy merosini kelajak avlodga bezavol yetkazishga katta hissa qoʻshayotgan, alloma mangu qoʻnim topgan maskanni obod qilayotgan davlatimiz rahbaridir.

Oʻzbekistondan yana Imom Buxoriylar chiqishi uchun nima qilish kerak? Avvalo, yosh avlodni bilimli, maʼrifatli, odob-axloqli qilib voyaga yetkazish zarur. Buning uchun buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosi biz uchun muhim dasturulamal boʻlishi kerak.

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, ikkala orden ham buyuk muhaddis nomiga taʼsis etilgan: “Oliy Darajali Imom Buxoriy” hamda “Imom Buxoriy” ordeni. Bunday ordenning taʼsis etilishi muhaddislar sultoniga boʻlgan ehtiromning oliy namunasidir. Shu bilan birga, avlodlarimizdan yana Imom Buxoriylar chiqishi uchun shu yoʻlda fidokorona mehnat qilayotgan olimlar, ulamolarga beriladigan mukofotdir.

“Muhaddislar sultoni”, “Dunyo imomi”, “Rajulun Nabiy” kabi unvonlari bilan butun islom olamida katta shuhrat qozongan buyuk vatandoshimiz Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mugʻira Juafiy Buxoriyning shoh asari boʻlmish “al-­Jomeʼ as-­sahih” Qurʼoni karimdan keyingi eng ishonchli manba hisoblanadi.

Misrlik olimlar “Sahihi Buxoriy”ga nisbatan “Qurʼoni karimdan keyingi ikkinchi asosiy manba” degan iborani eshitsalar, gʻazablanadilar. Buning boisi soʻralganda: “Qurʼoni karim, shubhasiz, birinchi manba va ilohiy kalom. Lekin “Sahihi Buxoriy” bashariyat tomonidan bitilgan eng ishonchli asar. Shu bois, uni “Birinchidan keyingi birinchi manba” deyish maqsadga muvofiqdir”, deydilar.

“Sahihi Buxoriy” asari, xususan, uning 78-­kitobi, yaʼni “Odob kitobi” axborot xurujlari kuchaygan, har qadamda yot aqidalar, gʻoyalar, mafkuralarni media makon orqali yoshlarimiz ongu shuuriga singdirishga boʻlgan urinishlar har qachongidan koʻra kuchaygan bugungi davrda yana ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.

“Biz boy madaniyatimiz, shonli tariximiz, qadim qadriyatlarimizni, ajdodlarimizning bebaho maʼnaviy merosini qanday asrab qolishimiz mumkin?” degan savol har bir ota­-onani, murabbiyni qiynashi tabiiy. Bu savolga ulamolar: “Yoshlarning xulq­atvori, axloqini shakllantirish orqaligina ularni saqlab qolish mumkin” deyishgan.

“Sahihi Buxoriy”da kelgan hadislar 7563 ta boʻlib, birgina “Adab” kitobida odob­axloqqa oid 254 ta hadis jamlangan. Shu bilan birga, alloma 1200 dan ortiq hadisni oʻzida jamlagan “Al­adab al­mufrad” kitobini ham taʼlif etgan. Bir hadisda: “Mezonga qoʻyiladigan eng ogʻir narsa goʻzal xulqdir”, deyilgan.

Boshqa bir hadisda: “Har biringiz mutasaddisiz, har biringiz qoʻl ostingizdagilar uchun masʼulsiz. Har bir rahbar insonlar ustidan mutasaddidir va ular uchun masʼuldir. Er oʻz ahli ayoli va qoʻl ostidagilar ustidan mutasaddidir va ular uchun masʼuldir. Xotin erining uyida mutasaddidir va qoʻl ostidagilar uchun masʼuldir. Qul xojasining moliga mutasaddidir va uning uchun masʼuldir. Har biringiz qoʻl ostingizdagilar uchun masʼulsiz”, deb marhamat qilingan (“Sahihi Buxoriy”, 853-hadis).

Xulosa qilib aytganda, bugungi axborot xurujlari kuchaygan davrda yoshlarimizni turli yot gʻoyalardan asrashda buyuk ajdodlarimizning bebaho durdona asarlari bizga yaqin koʻmakchidir.

Prezidentimiz kamtarona xizmatlarimni yuksak eʼtirof etib, “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlaganlari bizga katta masʼuliyat yuklaydi. Bundan buyon ham ana shu yuksak mukofotga munosib boʻlib, yoshlar taʼlim­tarbiyasiga, moʻmin­musulmonlarning maʼrifati va maʼnaviyatini yanada yuksaltirishga bor kuch­gʻayratimni safarbar etaman.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Islomshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori,
“Imom Buxoriy” ordeni sohibi
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2025-yil 2-sentabr, №181(1507)

Check Also

“Sport – sogʻligimiz kafolati”

Joriy hafta shu shior ostida Samarqand viloyatida diniy soha vakillari oʻrtasida Oʻzbekiston davlat mustaqilligining 34-yilligiga …